Murabbiylik maktabiga shiddat bilan kirib kelgan Tyago Motta kutilganidek, tezda ko‘tarilishga erishdi.
«Bolonya»ni CHLga olib chiqqan braziliyalik/italiyalik mutaxassis yangi mavsumni «Yuventus» rulida boshlaydi. Aytish o‘rinli, kelishgan qomatli Tyago «Bolonya»da kanadalik nufuzli shaxslarning moddiy ta’minoti tufayli ham qisqa muddatda yaqqol ko‘zga tashlandi.
Nyu-York mafiyasiga aloqadorlik. Bolonya shahri klubi bundan 10 yilcha muqaddam tug‘ma milliarder, «Monreal» asoschisi Juzeppe Saputo tasarrufiga o‘tgandi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning otasi Emanuele Sisiliyada, pishloqpazlar oilasida tug‘ilgan va keyinchalik Kvebek shahriga ko‘chib ketgan. Katta Saputo tez orada Shimoliy Amerikadagi pisseriylar uchun mosarella ishlab chiqaradigan zavod ochadi. Kanadaga olis o‘lkadan borgan pishloqpaz bunday yirik biznesga qayerdan kapital topgan? Bu savolga Kanada polisiyasi hujjatlaridan javob topish mumkin. Garchi Lino boboning o‘zi mafiya bilan aloqadorligini qat’iy inkor etsada, prokurorlar barchasini isbotlab qo‘yishgan. Xullas, katta Saputo Italiya-Amerika mafiyasi asoschilaridan biri sanalgan Jozef Bonanno yordamida AQSH sut mahsulotlari bozorida nazoratni o‘z qo‘liga olgandi. Don Bonanno «Bolonya» sohibi otasining uyiga ham tashrif buyurgan.
Hozirda «Saputo» xalqaro kompaniyasi kapitali 7,5 mlrd. yevroga baholanmoqda. Uning mahsulotlari dunyoning barcha burchaklarida birdek xaridorgir. Aytishlaricha, katta Saputo orada don Bonannoni bandit Marlon Brandoning tutingan otasi maqomidan forig‘ etish uchun «nafaqaga chiqqan» mafiozga 210 ming dollar jo‘natgan. Mavzuga aloqasi yo‘q mazkur chekinish «Bolonya» naqadar badavlat va yirik aloqalarga ega kimsalar izmida ekanligini tasdiqlaydi. Jumladan, transferlar byudjeti ham klub sohibi e’tiboridan chetda emas. Mana, sut mahsulotlari kompaniyasi merosxo‘ri sanalgan Juzeppe Saputo o‘ziga yoqadigan jamoa shakllantirish uchun 41 yoshli Mottaga ulkan miqdorda mablag‘ ajratdi. O‘zi futbolsevar Joiga Kanada klubi kamlik qilgach, u «A» seriya jamoasini xarid qilgandi. Biroq Sinisha Mixaylovich xastalik ortidan «Bolonya»da shiddatli parvozni ta’minlay olmadi va ko‘p o‘tmay, yorug‘ dunyo bilan vidolashdi. Motta esa 2022 yilning sentyabrida klub boshqaruvini qo‘lga oldi.
Byelsa, Anchelotti va Mourinyo prinsiplari asosida... «Bolonya»ning 2-7-2 taktik chizmasi qayerdan paydo bo‘ldi? Tago bu uslubda qanotlarga alohida yondashadi. Ya’ni 4 nafar futbolchi ikki qanotda to‘p suradi, qolganlar markaziy chiziq bo‘ylab harakatlanishadi. Navqiron murabbiy uslubi bo‘yicha darvozabon ham maydon o‘yinchilari qatoridadir. Qolaversa, ikki nafar himoyachi va 3 nafar xavbek vazifalari tayin bo‘lsa, yagona markaziy hujumchiga maydonning barcha hududlari bo‘ylab harakatlanish huquqi berilgan. Asosiysi, 2-7-2 chizmasi o‘yinning fazalarida 4-3-3, 4-1-4-1 yoki 4-5-1 ko‘rinishinini olishi mumkin. Tyago uchun futbolchilarga o‘z mahoratini erkin namoyish etish imkoniyatini yaratish juda muhim. Motta bu borada shogirdlarining ijodiy o‘yiniga aslo xalal bermaydigan, lekin har biriga aniq vazifa belgilaydigan Karlo Anchelottini namuna sifatida ko‘rsatadi. Ushbu taktik chizmada «Bolonya» futbolchilari ortiqcha yuklama ostida toliqib qolishmaydimi? Italiyalik murabbiy mavsum davomida berilgan bu kabi savollarga har safar xotirjam javob qaytardi: «Hozircha shikoyat yo‘q. Bordiyu, ish hajmi bo‘yicha e’tiroz tushsa, barchasini qayta ko‘rib chiqamiz».
Aslida Motta murabbiylik faoliyatining ilk bosqichida Marselo Byelsa g‘oyalaridan ilhom olgan. Xususan, argentinalik qo‘l ostida o‘ynagan «Lids»ga tartib-intizom namunasi sifatida qaragan. Braziliyalik/italiyalik yosh mutaxassis shuningdek, Joze Mourinyo tomonidan shaklantirgan «Inter» va Yoaxim Lyov boshqargan Germaniya milliy jamoasining ishonchli himoyasidan ibratli jihatlarni o‘zlashtirganini yashirmaydi.
«Bolonya» tarkibidagi ijrochilar saviya bobida zaifroq bo‘lishgani uchun Motta o‘ta abjir va chaqqon darvozabonga ehtiyoj sezardi. Polshalik Lukash Skorupski har qanday vazifani uddalaydigan kiper bo‘lib chiqdi - murabbiy orzusidagi ijrochi. To‘g‘ri, u «seyv»lari soni bilan ortiqcha maqtanolmaydi. Lekin himoya chizig‘ida o‘rnatilgan keng blok «Bolonya»ga nihoyat, kuchli beshlikka kirish imkonini berdi. Yakunda «A» seriya turnir jadvalining 5-pog‘onasi «Bolonya»ga yangi formatda o‘tadigan CHL yo‘llanmasini tortiq etdi. Shu tariqa Motta kamtarin klub bilan boshini tik tutgan holda mag‘rur xayrlashdi. E’timolki, Tyagoning jamoasiga yakunlangan mavsum «Napoli»da ichki muammolar yuzaga kelgani, «Roma» murabbiy masalasida uzoq ikkilangani va «Lasio»ga barqarorlik yetishmagani ham qo‘l kelgandir. Shunisi faktki, «Bolonya» xuddi «Fiorentina» kabi yuqori pressingdan foydalanib, butun chempionat masofasida sifatli futbol namoyish etdi. Bu esa Motta nomdor jamoalarda ham muvaffaqiyatli ish yurita olish qobiliyatiga egaligidan dalolat.
Vazifalar va o‘yin falsafasini to‘g‘ri tushuntirish mohiyati. Motta bisotida himoyadan hujumga o‘tish masalasida 3 xil variant bor - chuqur, o‘rtacha va yuqori uslub. Alohida aytish kerak, «Bolonya» yakunlangan mavsum to‘p nazorati bo‘yicha «A» seriyada faqat «Napoli»dan orqada qoldi. Lekin Tyago «Brayton»da to‘p nazoratini yuksak darajaga olib chiqqan Roberto de Zerbi uslubiga havas qilmaydi. Uning jamoasi chuqur uslubda darvozabon ham maydon o‘yinchisi vazifasini ado etadigan 4-2-5 chizmasiga tayanadi. Bunda himoyachilardan biri tayanch hududiga ko‘chadi. Shunday o‘yin manzarasi «Manchester Siti»da ham ko‘zga tashlanishini aytish kerak. O‘rtacha sur’atda to‘p surish uslubida esa Motta shogirdlari raqib jamoa salohiyatini inobatga olgan holda, 4-3-3 yoki 3-2-5 chizmasi bo‘yicha harakatlanishadi. Yuqori sur’atga asoslangan uslubga kelsak, bunisi Xabi Alonso «Bayer»da yo‘lga qo‘ygan chinakam «fishka» chizmaga o‘xshash. Umuman, 2-7-2 chizmasida o‘ng va chap qanotdan joy olgan juftliklar shiddatli harakat bilan raqiblarni jalb etadi, natijada maydon markazidagi yettilik uchun bo‘sh hududlar ochiladi. Shu asnoda samarali hujumlar tashkillash uchun qulay vaziyatlar yuzaga keladi.
Braziliya futboli ishlanmalari. Tyago Motta San-Pauluda tavallud topganini alohida ta’kidlash joiz. Uning braziliyalik mutaxassislarning foydali ishlanmalaridan foydalanishi ham bejiz emas. Masalan, «Fluminense» murabbiyi Dinis ishiga katta qiziqish bilan qaraydi. Yosh murabbiyning yangi mavsumni qayerda boshlashi uzoq vaqt muhokama qilingani ham bor gap. Jumladan, Italiya mafiyasiga tanish «Napoli» prezidenti Aurelio de Laurentisning Rimda Tyago bilan naq 6 soat muloqotda bo‘lgani aytildi. Biroq Motta yakunda kinoprodyuserning «Napoli» boshqaruvini qo‘lga olish xususidagi taklifini rad etdi. Shunda de Laurentis og‘zidan gullab, Motta allaqachon safar tadorikida ekanligini aytib qo‘ydi. Keyinchalik shijoatli murabbiyni «Bavariya» va «MYU» kabi klublar bilan «bog‘lashdi». Ayniqsa, Mottaning «Old Trafford»da ish boshlashi ehtimoli baland ekanligi aytildi. Biroq Manchester klubi yangi sohibi Jim Retkliff yakunda niderlandiyalik Erik ten Xagni o‘z o‘rnida qoldirishni ma’qul topdi. Vaholanki, Tyagoning o‘yin falsafasi «MYU»ga ancha mos kelishi taxmin qilingan edi. Oxir-oqibat, «Barselona» va «Inter» safida CHL g‘olibiga aylangan istiqbolli murabbiy Massimiliano Allegri bilan mojaroli tarzda orani ochiq qilgan «Yuventus»ni tanladi. Endi uning Turinda o‘z falsafasini qanday tatbiq etishini kuzatish qoldi...
Sodiq SOBIR tayyorladi.