«Barselona» klubi 19 yoshli yarim himoyachi Mark Bernal bilan shartnomani 2031 yilga qadar uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, yangi kelishuvda futbolchining tovon puli 500 million yevro miqdorida saqlab qolinadi.
Ayni paytda tomonlar barcha asosiy shartlar bo‘yicha kelishib olgan. Endi faqat hujjatlarni rasman imzolash va shartnoma uzaytirilganini e’lon qilish qolgan.
Klub va futbolchi vakillari marosimni o‘tkazish uchun qulay sanani belgilash ustida ishlamoqda. Kelishuv shu haftaning o‘zida rasmiylashtirilishi mumkin.
Qayd etilishicha, shartnoma imzolash marosimi «Barselona»ning seshanba kuni Chempionlar ligasida «Galatasaroy»ga qarshi o‘yini va shanba kuni La Liga doirasida «Betis» bilan uchrashuvi oralig‘ida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Marosimda klub prezidenti Joan Laporta, vise-prezident Rafa Yuste, sport direktori Deku hamda koordinator Boyan Krkich ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar har ikki tomonning ijobiy munosabati tufayli tez sur’atlarda kechgan.
«Barselona» ushbu kelishuv orqali yarim himoyadagi eng istiqbolli yosh futbolchilaridan birining kelajagini uzoq muddatga klub bilan bog‘lashni maqsad qilgan.













