Yaponiyada o‘tayotgan Aichi–Nagoya–2026 Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etishda davom etmoqda. 20-oktyabr, seshanba kungi natijalarga ko‘ra, hamyurtlarimiz 11 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza — jami 33 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar para yengil atletika, para suzish, para pauyerlifting, para velotrek, para dzyudo va para tayekvondo yo‘nalishlarida sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Bir qator sportchilar rekord natijalarni ham qayd etdi. Aqidaxon Axtamova para pauyerlifting bo‘yicha 55 kg vazn toifasida 128 kg toshni ko‘tarib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Madina Muxtorova yadro uloqtirishda 9,10 metr natija bilan Osiyo rekordini yangiladi. Navruza Axmatova esa shu yo‘nalishda 10,02 metr natija qayd etib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi.
Para velotrek bahslarida Boymurod Yavkochev oltin, Azimbek Abdullayev kumush medalga sazovor bo‘ldi. Para dzyudo bo‘yicha Muhammad Abduqulov va Turg‘un Abdiyev o‘rtasidagi finalda esa oltin medal Muhammad Abduqulovga, kumush medal Turg‘un Abdiyevga nasib etdi.













