Ko‘plab talqinlarga ko‘ra basketbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan Maykl Jordan 17 fevral kuni 59 yoshni qarshi oldi. Hujumkor himoyachi pozisiyasida o‘ynagan amerikalik 1980—1990 yillarda butun dunyoda NBA (Milliy basketbol assosiasiyasi) va basketbolning ommalashishida muhim rol o‘ynaganini barcha birdek e’tirof etadi. Jordan ikki karra Olimpiada chempioni va 6 karradan NBA chempioni, NBA finallarining eng yaxshi o‘yinchisi hisoblanadi.
Jordan, Lebron Jeyms bilan birga bir mavsumda Olimpiya chempioni, NBA chempioni va mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan ikki basketbolchining biridir. Maykl o‘zining o‘yin uslubidan tashqari, xarizmasi bilan muxlislar qalbidan joy olgan. Umuman olganda, Maykl Jordanni bemalol «basketbol Ronaldusi/Messisi» deb atash mumkin.
Bundan 18 yil oldin faoliyatini yakunlagan Air Jordan haqida gap ketganda uning aql bovar qilmas darajada ko‘p bo‘lgan pullari ham yodga olinadi. Forbes va dunyoning bir qator nomdor reytinglarida (sportchilar orasida) har doim birinchi o‘rinda qayd etib kelingani uchun unga tarixidagi eng boy sportchi maqomi berilgan. Quyida aynan Jordan barpo etgan biznes imperiya va uning qanday (hashamatli) hayot kechirishi haqida so‘z yuritiladi.
Olti karra NBA chempioni istagan narsasini o‘ziga ravo ko‘rishi mumkin
Faoliyatini yakunlaganidan keyin Jordan biznes bilan shug‘ullana boshlagan va bu sohada ham parvozlarni amalga oshirgan.
Milliarder va sayyoraning eng boy sportchisining boyligi 1,6 milliard dollarga baholanadi. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 2,2 milliard dollarga yaqin edi, ammo «korona inqiroz» bunga o‘z ta’sirlarini o‘tkazdi. Alohida qayd etish kerak bo‘lgan jihat, Maykl milliardlik dovondan basketboldagi faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘tgan. NBA’dagi 19 yil davomida (ikkita tanaffus bilan jami 4 mavsumda) u 86,7 million dollar ishlab olgan, bu hozirgi sof boyligining atigi 5,4 foizini tashkil qiladi. Shunday ekan, Jordan nafaqat afsonaviy basketbolchi, balki muvaffaqiyatli biznesmen hamdir.
Hozirgacha Mayklning eng muvaffaqiyatli sarmoyasi NBA’ning «Sharlotta Hornets» klubini sotib olishi bo‘lgan. Afsonaviy basketbolchi jamoaga jami 625 million dollar sarmoya kiritgan. Ammo asosiy ulush qo‘lga kiritilganidan 9 yil o‘tib, «Hornets»ning qiymati bir necha barobar oshdi va hozirda, taxminan, 1,6 milliard dollarni tashkil etmoqda. 2020 yil sentyabr oyida Jordan Nyu-York investorlariga klubning 20 foiz ulushini sotib, taxminan, 300 million dollar ishlab topdi va shu bilan birga «Hornets»ning majoritar egasi bo‘lib qoldi.
Ammo «Hornets» Jordanga tegishli yagona sport jamoasi emas. 2020 yilda u avtopoygachi Denni Hemlin bilan NASCAR oliy divizionida ishtirok etadigan 23XIRacing poyga jamoasiga asos solgan. O‘tgan yili seriyada debyut qilgan jamoa hozirda, taxminan, 150 million dollarga baholanmoqda. Bundan tashqari, Maykl «Mayami Marlins» beysbol klubining ham 1 foiz ulushiga egalik qiladi. Klubning qiymati 1,12 milliard dollarga baholangan.
Maykl, shuningdek, bir qator sportga yaqin sohalarga ham investisiyalar kiritgan. Masalan, Sportradar statistik portaliga va qiymati 320 million dollar bo‘lgan Team Liquid kibersport franshizasiga egalik qiluvchi aXiomatic’ga.
Sport bilan bog‘liq bo‘lmagan investisiyalar ham talaygina. Muzik quloqchinlari va Gigster autsorsing platformasi. Bulardan tashqari Maykl o‘z avtosaloniga ega va shaxsiy brendi ostida beshta restoranni yuritadigan kompaniya bilan hamkorlik qiladi.
Sobiq basketbolchi ko‘chmas mulkka ham 30 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Uning butun mamlakat bo‘ylab beshta koshonasi mavjud: ikkitasi Shimoliy Karolinada joylashgan. «Hornets»ga yaqin bo‘lgan hudud, Florida, shuningdek, Illinoys va Yutada esa bittadan.
Bundan tashqari Jordanda bir nechta yirik reklama shartnomalari ham mavjud: Coca-Cola, McDonald’s, Chevrolet, Gatorade, Upper Deck va boshqa yirik brendlar bilan. Lekin Mayklga eng ko‘p foydani, albatta, Nike bilan tuzilgan shartnoma olib keladi. 2021 yilda u kompaniyadan 150 million dollarga yaqin, hamkorlikning butun davri davomida (1984 yildan beri) esa 1,3 milliard dollar olgan. Mayklning shaxsiy brendi – Air Jordan’ning daromadi ham bu ko‘rsatkichning o‘sishiga qarab, o‘sib boraveradi. O‘tgan moliyaviy yilda basketbolchining shaxsiy brendi daromadi 31 foizga o‘sdi va 4,7 milliard dollarni tashkil etdi. Jordan brendning hammuallifi sifatida bu summadan o‘ziga yarasha katta foiz oladi.
Jordanning shaxsiy hayoti ham o‘z maromida. Maykl 2013 yilda kubalik model Ivett Priyeto bilan turmush qurgan va shu kungacha u bilan yashab kelmoqda. Priyeto (42) Jordandan 16 yoshga kichik, ammo bu oilaviy totuvlikka xalaqit bermaydi. Juftlikning ikki farzandi bor — egizaklar Viktoriya va Izabel, ular yaqinda 8 yoshga to‘ladi. Jordanning avvalgi nikohidan ham uch farzandi bor. U 2006 yilda Xuanita Vana bilan ajrashgan va ajrim uchun unga 168 million dollar tovon to‘lagan (o‘sha payt uchun tarixdagi eng katta tovon puli). U o‘z navbatida farzandlarini merossiz qoldirmagan, albatta. Hozir Jeffri, Markus va Jasmin Jordan Brand’da faoliyat yuritadi.
Umuman olganda, Jordan boylik orttirib, shu bilan birga hayotdan zavq olib yashamoqda. Milliardlab dollar, biznes, hashamatga to‘la turmush tarzi va oila. Millionlarning kumiriga yana nima tilash mumkin? Uning yorqin basketbolchilik faoliyati o‘tmishda qolgan, ammo bu Mayklni parvoz qilishdan to‘xtata olmagan. U o‘z ishini bajarishda davom etmoqda.