Ayni damda mamlakatimiz futboli taraqqiyotdan to‘xtab qolganday taassurot qoldirmoqda. Fikrimizcha, bu - vaqtinchalik holat. Chetdan qaraganda, shunday. Aslida esa futbolimiz bag‘rida taraqqiyotning yangi bosqichi ko‘z yormoqda. Sadoqatli muxlislarning yodlarida bo‘lsa, gazetamizning 2011 yilgi 1-sonida «Yangi futbol erasi» nomli maqola e’lon qilgandik. O‘sha chiqishda jahon futbolining kelajakdagi rivojlanish mezonlariga to‘xtalib, Vadim Abramov jamlagan terma jamoamiz Osiyo kubogi-2011dagi ishtiroki bilan mamlakatimizda millionlar o‘yiniga yangi havo olib kirishi mumkinligini ta’kidlagandik. Chunki Vadim Karlenovich shakllantirgan o‘yin uslubi bizni shunday mulohaza yuritishga undagandi. Deylik, Osiyo kubogi-2011ga qadar futbolchilarimizning bir qator arab jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushib, ulardan cho‘chimay to‘p surishgani muxlislarga ishonch va zavq bag‘ishlagandi. Boshqacha aytganda, Vadim Abramovning sa’y-harakatlari bois, futbolimiz arab jamoalari oldida xavfsirash tuyg‘usidan qutulgandi.
Orada bir muddat shunday yorug‘ davr bo‘ldiki, unda Osiyoning eng kuchli jamoalari ham futbolimizdagi o‘ziga xos uyg‘onishdan xavotirlana boshlashdi. Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi «Bunyodkor» hattoki, yulduzlarsiz ham yapon va koreys klublari bilan tengma-teng to‘p surdi. Afsuski, keyinchalik shu uyg‘oq ruh birdan yo‘qolib qoldi. Natijada futbolimiz yana depsinish ko‘chasi sari qadam bosdi. Jamoalar tarkibi o‘zgarmadi, murabbiylar ham. Hammasi avvalgidek saqlangandi. Faqat ruhiyatda o‘zgarish kuzatildi. Bunga esa moliyaviy muammolar salbiy ta’sir o‘tkazdi. Aksariyat murabbiylar va futbolchilar izlanmay qo‘yishdi. Ichki futbol muhitimizda esa kelishilgan o‘yinlar ovozasi kuchaydi. Balki shuning uchundir depsinishning ilk oqibati o‘laroq, bosh jamoamizga JCH-2014 yo‘llanmasi nasib etmadi. Butun bir muxlislar armiyasining yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashi, yuqori darajadagi urinishlar besamar ketdi. Depsinishga ko‘nikkan ruhdan xalqaro uchrashuvlar chog‘i quyosh kabi porlashni o‘tinib so‘radik. Futbolchilar ham qaysidir ma’noda muxlislarni tushunishdi. Biroq na ishqibozlar va na futbolchilar istagi ro‘yobga chiqdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, biz yo‘qlik maydonida g‘alaba shodiyonasini kutdik. O‘zimizda sahrodagi sarob holatini his qilsakda, umidsizlanmadik.
Umidsizlik pardasi futbolimiz ustiga yopilgan damlar... Muxlislarning o‘sha palladagi ruhiy holatlarini tasvirlash mushkul. Ong zanjirlagan arslon - til birdan qafasni buzdi, ijtimoiy tarmoqlar yovvoyi o‘kiriklar bilan to‘lib-toshdi. Nazarimizda, hozirga kelib, bu jarayon asta-sekin tarixga aylanmoqda.
Taxmin qilish mumkinki, endi yangi futbol erasining ikkinchi bosqichi bilan yuzlashmoqdamiz. Chunonchi, futbolchilarimiz real voqelikni tan olishmoqda va o‘z kuchlariga ishonadigan iste’dodlar Xitoy super-ligasida o‘ynash orzusi bilan yashashmoqda. Biz uzoq vaqt davomida yosh iqtidorlar ongu-shuuriga yevrofutbolda o‘ynash chinakam chegara ekanini singdirdik. Yigitlarimiz ham shu chegarani zabt etish mas’uliyati bilan ulg‘ayishdi. Aniqrog‘i, shu mas’uliyat zalvori ostida ezilishdi. Bugun futbolimizda boshqacha kayfiyat hukmron. Odil Ahmedov Xitoy futbolini hayratlantirish ishtiyoqida yonmoqda. Umuman, futbolimiz ikki qadam olg‘a bosish uchun bir qadam ortga chekingandek. Ochiq e’tirof etilmasada, bizdagi futbol muhitida yosh iste’dodlar hozircha yevroarena me’yorlari darajasiga ko‘tarilolmasliklari ko‘pchilikka ayon haqiqatdir. Hozirgi dolzarb vazifa - Xitoy super-ligasi saviyasidan ortda qolmaslik. Ishonchimiz komilki, kelajakda futbolchilarimizga Xitoy klublaridan taklif olish ham mushkulotga aylanib boradi. To‘g‘ri, hozir ayrim yigitlarimizni Malayziya chempionatidan bo‘layotgan chorlovlar qutqarmoqda. Lekin bu jarayon ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Malayziya futbolidagi ruh Xitoyda ancha avval kuzatilganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Demak, kun keladi va Malayziyada ham tabiiy ravishda kuchlilar saralanadi. Futbol shu zayl rivojlanaveradi va u bilan baravar qadam tashlash aslo oson kechmaydi.
Tabiiyki, mamlakatimiz futboli ham taraqqiyotdan ortda qolishni istamaydi. Qolaversa, Prezidentimizning turli soha vakillari bilan uchrashib, xalqimizni islohotlar sari boshlayotgani sportimiz mutasaddilarini ham befarq qoldirmasligi aniq. Mana, Milliy olimpiya qo‘mitasi boshqaruvida tarkibiy o‘zgarishlar yuz berdi. O‘ylaymizki, bu islohotlar borasidagi dastlabki qadamdir. Hali o‘zgarishlar jarayoni shunday avj nuqtaga ko‘tariladiki, muxlislar beixtiyor futbolimizdagi yangi nafas bilan bir-birlarini tabriklashadi, qutlashadi. O‘zbekiston sportini xususan, futbolimizni yana yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishining asosiy sharti sohadagi moliyaviy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish bilan chambarchas bog‘liq. MOQ Mirabror Usmonov rahbarligida 2016 yilni zafarli yakunladi. Aniqqi, MOQ boshqaruvining yangi tarkibi bundanda yuksak natijalarni ko‘zlaydi va barchasini amalda isbotlashga qodir. Endi hamma gap futbolimizning ham boks va kurash kabi xalqaro e’tirofini ta’minlashda. Muxlislar o‘zgarishlar jarayonini diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Ayrim klublarga katta miqdordagi moliyaviy mablag‘ jalb etilishi haqida turli gap-so‘zlar tarqayotgani ham bejiz emas. Klublar moliyaviy ta’minotini mustahkamlashning avvalgi usullari eskirdi. Axir qo‘ldan berganga qush to‘ymas. Klublarimizning yurtimiz va xorijdagi yirik sarmoyadorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlarini hayotning o‘zi talab qilmoqda. Oliy liga saviyasini oliy darajaga ko‘tarish uchun shu kabi moliyaviy-iqtisodiy islohotlar zarurdir.
Nima uchun bugun yurtimizda «Chelsi» muxlislari ko‘p? Qachonki, Roman Abramovich jahon futboli yulduzlarini Londonda jamlamagunicha bu jamoa u qadar mashhur hisoblanmasdi. Yillar o‘tishi bilan «Chelsi»ga, uning o‘yiniga xohishmandlar soni oshdi. Yarim hazil, yarim chin tariqasida aytish mumkinki, avvalgi maqolamizda aynan «aristokratlar» ko‘nglini avaylab, mulohazalarimizni andak andisha bilan yozdik, yoritdik. O‘zaro muloqotlar chog‘i «Chelsi»ning «Tottenxem»dan mag‘lubiyatga uchrashining bir necha jihatlarini aniq dalillagan bo‘lsakda, maqolamizda bu mavzuga hushyor yondashdik. Hozircha shunday bo‘lgani ma’qul. Har holda, «Chelsi» ayni payt futbol dunyosidagi cheksizlikdir va bu hol klub xo‘jayinining moliyaviy-iqtisodiy islohotlari bilan aloqador. Albatta, yurtimiz futbolida bu jarayon birdan boshlanmaydi va avj olmaydi. Hozircha muxlislar Eron termasi boshqaruvidagi nizolar va o‘zgarishlardan umidvorlar. Ammo Karlush Keyrushning iste’fosi jamoaga qay darajada salbiy ta’sir o‘tkazishini taxmin qilish qiyin. Zero, xorijlik murabbiyning iste’fosi futbolchilardagi vatanparvarlik tuyg‘usini jo‘sh urdirib yuborishi mumkin. Shu bois, yetakchi klublarimizning mavsumoldi yig‘inlariga ko‘proq umid bog‘laylik. Yetakchi jamoalarimiz kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishlari haqidagi xushxabarlar esa shu umidvorlik tuyg‘usini dadillantiradi. Milliy termamiz a’zolarining o‘sha o‘rtoqlik uchrashuvlarida zarur darajada toblanishlari chinakam umidvorlikdir.