Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Yaroslav Krushelniskiy: «Faoliyatimni rasman yakunladim, endi navbat murabbiylikka»

Yaroslav Krushelniskiy: «Faoliyatimni rasman yakunladim, endi navbat murabbiylikka»

Baho:
+ | -

Tajribali himoyachi Yaroslav Krushelniskiy 1983 yil 16 mart kuni G‘uzor shahrida dunyoga kelgan. Katta futboldagi 16 yillik faoliyati mobaynida ko‘plab klublar sharafini himoya qildi.

2000 yili «Kimyogar»da o‘ynay boshlagan Krushelniskiy turli yillarda «Akademiya», «Paxtakor», «Nasaf», «Navbahor», «Andijon», «Qizilqum», «SHo‘rtan» jamoalarida to‘p surdi. Qahramonimiz legioner maqomida ham maydonga tushgan. U Rossiyaning «Rotor», Malayziyaning «Felda Yunayted», Eronning «Mes» klublarida o‘ynadi. Yaroslavning so‘nggi jamoasi Toshkentning «Oq-tepa»si bo‘ldi.

Bir yil mobaynida maydondan chetda qolgan futbolchi yakuniy qarorga keldi: professional faoliyatiga yakun yasadi. Ta’kidlash joiz, Krushelniskiy O‘zbekiston yoshlar termasi (U-20) tarkibida jahon chempionati final bosqichida o‘ynagan. Yodingizda bo‘lsa, vakillarimiz Argentina, Ispaniya, Mali jamoalariga qarshi kechgan guruh uchrashuvlarida yaxshi taassurot qoldirishgan edi. Suhbatdoshimiz milliy termamiz safida ham 4ta o‘yin o‘tkazgan. Biz tajribali himoyachi bilan uchrashib, undan eksklyuziv intervyu oldik.

- Yaroslav, «Oq-tepa»dan ketgach, nimalar bilan band bo‘ldingiz?

- Tayinli hech narsa qilmadim. Shunchaki, hordiq chiqardim, asosiy vaqtimni oila a’zolarimga bag‘ishladim. Qizim hali juda yosh. Farzand tarbiyasi bilan shug‘ullandim (kuladi). Futbolchilik faoliyatim davomida oilamga juda kam vaqt ajratar edim. Hozir esa bo‘sh vaqtim keragidan ham ko‘p.

- Bir yil kichik muddat emas. Futbolni sog‘ina boshlagandirsiz?

- Juda-juda. Bir narsa etmayotgandek tuyulaveradi. Lekin hamon sport formasidaman. Haftaning har yakshanbasi do‘stlarim bilan mini-futbol o‘ynab turamiz.

- Faoliyatingizni rasman yakunladingizmi?

- Ha, shunday desa ham bo‘ladi. Lekin bu haqda aytish oson emas. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, baribir, kuni kelib butsalarimni mixga ilishim kerak edi. O‘sha kun etib keldi. Inson o‘z vaqtida to‘xtab, qaror chiqarishni ham bilishi kerak. Yoshlarga navbat berish, yo‘lni bo‘shatish fursati etib kelganligini anglab etdim. Ammo futboldan butunlay ketish niyatim yo‘q. Faoliyatimni murabbiylik sohasida davom ettirishni xohlayman. Hozir oldimda turgan asosiy vazifa ham shu. Bu haqda avvalgi intervyularimda ham aytganman. O‘zimni futboldan boshqa sohada tasavvur qilolmayman.

- Faoliyatingizdagi so‘nggi jamoa «Oq-tepa» bo‘ldi. Bu klubdan ketishingizga sabab nima? Shartnomangiz yakunlanganmidi?

- Yo‘q. Hammasi risoladagidek ketayotgandi, lekin mavsum boshida oyog‘imni shikastlab oldim. Jarohat men o‘ylagandan ham jiddiy ekan. Natijada jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldim. Operasiyadan keyingi tiklanish jarayoni yaxshi o‘tdi. Afsuski, etarli sport formamni tiklab ololmadim. Tizzamdagi og‘riq maydonda to‘laqonli o‘ynash imkonini bermasdi. Aynan mana shu jarohat sabab butsalarimni mixga ilishga qaror qildim.

- Ortga nazar tashlab, futbolchilik faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingizmi?

- Albatta, ha. O‘tgan davr mobaynida o‘z ishining haqiqiy professionallari bilan ishlashimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘rinda ham futbolchilarni, ham murabbiylarni nazarda tutyapman.

- Faoliyatingizdagi eng yorqin onlarni eslay olasizmi?

- Birinchi galda O‘zbekiston chempionati oliy ligasidagi debyutimni yodga olishni joiz deb topdim. Men uchun tarixiy voqea 2000 yili oliy liga doirasidagi «Kimyogar»-«Traktor» uchrashuvida sodir bo‘lgandi. Keyin O‘zbekiston yoshlar termasi tarkibida jahon chempionati final bosqichidagi ishtirokimni ham alohida esga olaman. 2002 yili «Paxtakor» safida mamlakat chempioni bo‘ldim, kubok sohibiga aylandim. 2011 yili «SHo‘rtan» tarkibida OFK kubogida ishtirok etganimni ham faoliyatimdagi yorqin lahzalar qatoriga qo‘shaman.

- Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati - alohida mavzu. Haqiqatan kichik mundialga juda kuchli tarkib bilan borilgandi. Taassurotlar ham o‘zgacha bo‘lgandi, shunday emasmi?

- Fikringizga yuz foiz qo‘shilaman. O‘shanda O‘zbekiston yoshlar termasi futbolimiz tarixida ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olgan edi. Boz ustiga, dastlabki ishtirokdayoq ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘lgandik. Guruhda dunyoning ko‘zga ko‘ringan termalari - Ispaniya, Argentina, Maliga qarshi maydonga tushganmiz. Bu jamoalar tarkibidagi yulduz futbolchilarni muxlislarga tanishtirish shart emas. Andres Inestaning o‘zini eslash kifoya. To‘g‘ri, biz guruhning uchala o‘yinida ham nomdor raqiblarga imkoniyatni boy berdik. Lekin bundan uyalmaymiz, chunki o‘sha uchrashuvlarda raqiblarga bir to‘p farqi bilan yutqazganmiz.

- Bizning tarkibimiz ham chakki emasdi...

- Ha, albatta. O‘shanda Ignatiy Nesterov, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmaev, Eldor Magdeev, Islom Inomov, Kamoliddin Tojiev, Shavkat Raimqulov kabi futbolchilar o‘ynashgandi. Juda kuchli jamoa shakllangandi. Bugungi kunda Nesterov, Geynrix, Bikmaev hamon milliy terma safida to‘p surishyapti.

- Yaroslav, keling, endi biroz ortga qaytamiz-da, bolalik yillaringizni esga olamiz. Nima uchun boshqa sport turini emas, aynan futbolni tanlagansiz?

- Bilasizmi, «Paxtakor» stadioni yonida yashardim. Tabiiyki, bosh­qa sport turini tanlashga imkoniyat ham, hojat ham qolmagandi. 1991 yili do‘stlarim bilan «Paxtakor» stadionidagi o‘yinni tomosha qi-lish uchun borganmiz. Aniq eslayman, o‘shanda «Paxtakor»-«Spartak» (Moskva) uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. O‘sha bahsdan so‘ng futbolga bo‘lgan mehrim oshib ketdi. Tom ma’noda, millionlar o‘yini kasaliga aylandim. Futboldagi dastlabki qadamlarni ham «Paxtakor» klubiga qarashli bolalar va o‘smirlar sport maktabida qo‘ydim. Birinchi murabbiyim - Sayfiddin Ermatov. Shuningdek, ilk saboqlarni bugungi kunda «Paxtakor» akademiyasida direktor lavozimida ishlab kelayotgan Valeriy Borodavkindan o‘rganganman.

- Faoliyatingiz mobaynida xorij klublarida to‘p surish baxti nasib etdi. Shu o‘rinda ayting-chi, Malayziya chempionatiga qanday borib qoldingiz?

- 2013 yilni G‘uzorning «SHo‘rtan» jamoasi safida o‘tkazdim. O‘sha mavsum yakunlanganidan so‘ng Malayziyaning «Felda Yunayted» klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladim, ungacha ikki hafta mobaynida mashg‘ulotlarda ishtirok etdim. Harakatlarimdan qoniqish hosil qilgan malayziyaliklar men bilan shartnoma imzolashgandi. O‘sha 2013 yilda «Felda Yunayted» Malayziya superligasida ishtirok etib, 12ta jamoa orasida 11-o‘rin bilan cheklangandi. Natijada jamoa quyi ligaga tushib ketgan.

- Malayziyadagi ishtirokingiz qoniqarli bo‘ldimi?

- 2014 yilgi mavsumda «Felda Yunayted» muddatidan avval, aniqrog‘i, chempionat yakunlanishiga bir tur qolganida, superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, so‘nggi turlarni juda muvaffaqiyatli o‘tkazgandik. Asosiy raqiblarimiz - «Johor Dorul Ta’zim», «Pulau Pinang», «Polis», «Universitet TM», «Perlis» kabi sovrinli o‘rinlar uchun kurashgan klublarni mag‘lubiyatga uchratgandik. Umumiy hisobda 50 ochko jamg‘arib, superliga yo‘llanmasiga ega chiqqandik. Xuddi bizda bo‘lgani kabi Malayziya kubogi bellashuvlarida superliga va premer-liga klublari aralash holda ishtirok etishadi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytishim kerak, «Felda Yunayted» Malayziya futbol assosiasiyasi kubogida finalgacha etib kelgandi. «Paxang» klubiga qarshi kechgan hal qiluvchi uchrashuvda so‘nggi 10 daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazib yuborib, 1:2 hisobida juda alamli tarzda yutqazgandik. Shunga qaramay, jamoamiz rahbariyati 2014 yilgi ishtirokimizdan to‘liq qoniqish hosil qilgandi.

- Malayziya chempionatining quyi ligasi saviyasi haqida qanday fikrdasiz?

- Malayziyada yaxshi mavsumni o‘tkazdim. Garchi shu bir yillik faoliyatim davomida birinchi ligada to‘p surgan bo‘lsam-da, saviya jihatidan bizning oliy ligadan qolishmasdi. Gaplarim hazil emas. Keskinlik va shiddat borasida kerak bo‘lsa, oliy ligamiz bilan ham raqobatlasha oladi.

- Suhbatimiz avvalida bir yil futboldan yiroqda bo‘ldim, dedingiz. Bo‘sh vaqtda oliy liga o‘yinlarini kuzatib bordingizmi? Taassurotlaringiz qanday?

- Biz futbolda ayni kuchga to‘lgan paytlar stadionlarning holati yaxshi emasdi. Maydon chimi haqida gapirmasa ham bo‘laveradi. Bugunga kelib vaziyat ancha yaxshilangan. Bu esa futbolning o‘sishiga xizmat qiladi. Men faqat oliy liga haqida gapiryapman. Quyi diviziondagi sharoitlardan xabarim yo‘q. Har holda yaxshi bo‘lmasa kerak. Elitadagi eng katta kamchilik esa - muxlislarning o‘yinlarga tashrifi. Bu haqda kuyunchaklik bilan gapirilyapti-yu, lekin foyda bo‘lmayapti. Stadionlarda tomoshabinlar soni yildan-yilga kamaymoqda. Jamoalar o‘rtasidagi raqobat ham avvalgidek kuchli emas. To‘g‘ri, bu yil «Buxoro», «Qizilqum», «Metallurg» kabi klublar medallar uchun kurash olib borishdi. Lekin yakunda baribir, oldindan kutilgan jamoalar sovrindorlar safidan joy olishdi. Birgina «Paxtakor» chempionga xos o‘yin ko‘rsatmadi: «sherlar» mavsumni 5-o‘rinda yakunlashga majbur bo‘lishdi. Bu yilgi chempionat to‘purariga aylangan «Lokomotiv» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov va «Paxtakor» yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipovning o‘yinlarini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Oliy liga debyutanti hisoblangan «Obod» ko‘rsatgan o‘yinlar ham shaxsan menga ma’qul keldi. Klub tarkibidagi yosh hujumchi Shohruz Norxonov boshqa jamoadoshlaridan yaqqol ajralib turdi. Oliy ligada ilk mavsum o‘ynayotganiga qaramay, to‘purarlik mahoratini namoyish etdi. Buning natijasida «Obod» oliy ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. Agar tarkibini ham saqlab qolsa, ushbu jamoaning kelasi mavsumni yuqori saviyada o‘tkazishiga ishonaman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 15:15, 19.01.2017.
O'qildi: 6193 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.