Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Boburjon AKBAROV: «Ikki-uch yil shunchaki, «rahmat»ga o‘ynadim»

Boburjon AKBAROV: «Ikki-uch yil shunchaki, «rahmat»ga o‘ynadim»

Baho:
+ | -

O‘zbekistonlik himoyachi Boburjon Akbarov faoliyatini xorijda davom ettiradi. 2016 yil oliy ligada «Andijon» sharafini himoya qilgan futbolchi o‘tgan hafta Malayziya premyer-ligasi vakili bo‘lgan «Kuala-Lumpur» klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Ma’lumot uchun, Akbarov o‘tgan mavsum oliy ligada 24ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta sariq kartochka ishlab olgan, «Andijon» esa chempionat yakunida oliy ligani tark etgandi. Birinchi ligada o‘ynashni o‘ziga ep ko‘rmagan himoyachi Malayziya klubidan tushgan taklifga rozilik berdi. E’tiborga molik jihati shundaki, u hatto, jamoa murabbiylari ko‘rigidan o‘tmasdan yangi klubi bilan bitim tuzdi. Kelishuv bandlarida hamkorlik muddatini yana uzaytirish ham keltirilgan. Buning uchun «Kuala-Lumpur» mavsum yakunlariga ko‘ra, superligaga qaytishi kerak. O‘tgan yili ushbu jamoa Malayziya premyer-ligasida 5-o‘rinni egallagandi. Ayni payt klub shu oyning oxirgi o‘n kunligida boshlanadigan yangi chempionatga tayyorgarlik ko‘ryapti. Biz navbatdagi mashg‘ulotdan so‘ng Boburjon Akbarov bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Boburjon, suhbatimiz avvalida ushbu transferning amalga oshishi haqida ma’lumot bersangiz. Malayziya klubiga o‘tishingiz qanday ro‘y berdi?

- Mazkur kelishuv dekabr oyida, kutilmagan holatda amalga oshdi. Malayziyaliklar menga qiziqish bildirib, jamoaga taklif qilishdi. Hatto yo‘l chiptalarimgacha jo‘natib, kelishimni so‘rashdi. Men esa o‘ylab ham o‘tirmay taklifni qabul qildim.

- Ular siz haqingizda qayerdan ma’lumot olishdi? O‘yinlaringizni kuzatishganmi?

- Internetga videoroligimni joylashtirganman. Shu orqali ko‘rib, qiziqib qolishgan ekan.

- Jamoa ko‘rigida bo‘ldingizmi? Murabbiylar sizni sinab ko‘rishdimi?

- Yo‘q. Bilasizmi, ko‘rik uchun hech qayerga va hech qaysi klubga bormayman. Odatim shunday. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiy ko‘rikdan o‘tib, hammasi joyida bo‘lsa, shartnoma imzolashimni aytdim.

- Malayziyaliklar bunga osonlikcha rozi bo‘lishdimi?

- Albatta. Aks holda, kelisholmasdik. Murabbiylar ko‘rigidan o‘tish uchun boshqa davlatga borish futbolchiga to‘g‘ri kelmasa kerak. Boz ustiga, qiziqish birinchi liga jamoasidan tushsa. Har holda, men shunday deb o‘ylayman. Balki, fikrimga qarshi chiqadiganlar topilar.

- Shartnoma qancha muddatga imzolandi?

- «Kuala-Lumpur» bilan bir yilga mo‘ljallangan bitim tuzdim. Shu yilning 31 dekabr kuni kelishuv o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar jamoa superligaga chiqsa, kelishuv muddatini uzaytirishimiz ham mumkin.

- Yangi jamoangiz bilan tanishishga ulgurdingizmi?

- Bilasizmi, bu yerda meni iliq kutib olishdi. Hamma ochiqko‘ngil, bir so‘z bilan aytganda, yaxshi insonlar ekan. Jamoamda ham xuddi shunday holat hukmron. Muhitga juda tez moslashdim. Kelganimga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Lekin o‘zimni bu yerda begonadek his qilmayapman. Hozir xuddi aka-ukalardekmiz.

- Jamoada sizdan boshqa legionerlar bormi?

- Ha, yana ikki nafar argentinalik futbolchilar o‘ynashadi.

- Ular qaysi pozisiyada to‘p surishadi?

- Yarim himoya chizig‘ida.

- Bosh murabbiy mahalliy mutaxassis ekanmi? U bilan suhbatlashib oldingizmi? Sizga qanday talablar qo‘ydi?

- Murabbiyimiz malayziyalik. Aynan uning taklifi bilan kelganman, o‘zaro munosabatlarimiz a’lo darajada. O‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushyapman. Fikri yomon emas. O‘z o‘rnida menga bildirilgan ishonchni oqlashga astoydil intilaman. Bu mamlakatdagilar o‘zbek futboli haqida yaxshi tushunchaga ega bo‘lishini istayman. Albatta, himoyachilarga qo‘yiladigan talab aniq: darvozabonga ko‘maklashish va imkon qadar «quruq» o‘yin o‘tkazish.

- Hozir qayerda yashayapsiz? Alohida xonadon ajratishdimi?

- Uy va mashina berishdi. Sharoitlar a’lo darajada.

- Siz istiqomat qilayotgan joy jamoa stadioni va bazasiga yaqinmi?

- Poytaxt - Kuala-Lumpur markazida yashayapman. Har taraflama qulay. Stadionga ham, bazaga ham bir zumda yetib olaman.

- Til masalasida qiynalmayapsizmi?

- Ochig‘ini aytaman, inglizchani unchalik yaxshi bilmayman. Shunday bo‘lsada, bir amallab gaplashyapman, fikrimni tushuntira olyapman. Umuman olganda, millionlar o‘yinining tili bir (kuladi). Futbolda ko‘p ishlatiladigan terminlardan xabardorman. Yil o‘rtalarigacha o‘rganib ketarman.

- Jamoa mashg‘ulotlari qay tarzda davom etyapti?

- Klub bilan rasman shartnoma imzolamagunimcha o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmadim.

- Adashmasam, bugun (suhbat 5 yanvar kuni uyushtirilgan - muallif) ilk bor yangi jamoangiz safida maydonga tushdingiz?

- Xuddi shunday. O‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik, murabbiylar meni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirishdi. Hammasi yaxshi o‘tdi.

- Jamoalarning saviyasi qanday?

- Malayziya superligasi va premyer-ligasi jamoalari o‘rtasidagi tafovut deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Far-qi yo‘q, desam ham bo‘laveradi. Bu mening shaxsiy kuzatuvim. Lekin oliy ligamizdan saviyasi baland emas, albatta.

- «Andijon» bilan shartnomangiz yakunlanganmidi?

- Ha, bitim muddati 31 noyabr kuni o‘z kuchini yo‘qotgan edi. Shu bois, «Kuala-Lumpur»ga erkin agent maqomida ko‘chib o‘tdim.

- Yangi jamoangizda nechanchi raqamni tanladingiz? Umuman, bu jihatga alohida e’tibor qaratasizmi?

- Men uchun buning unchalik farqi yo‘q. Alohida raqam tanlamayman va klub ma’murlariga talab qo‘ymayman. «Kuala-Lumpur»da 12-raqamda to‘p suradigan bo‘ldim.

- «12» darvozabonlarga xos raqam-ku?

- Bu yerda ketma-ketlik birdan o‘ttizgacha ekan, aynan 12-raqamli libos bo‘shligini aytishdi. Bilmadim, menga shunisi ma’qul keldi. Agar hamma raqamiga munosib o‘yin ko‘rsatganida, dunyoni yulduz futbolchilar bosib ketardi.

- Jamoangiz oldiga qanday vazifa qo‘yilyapti?

- Shu mavsumning o‘zidayoq superligaga chiqish. Klubning niyati jiddiy bo‘lgani uchun ham bu taklifga rozilik bildirdim. Maqsadga erishish yo‘lida qo‘limdan kelgancha yordam berishga tayyorman.

- Chempionat o‘yinlari qachondan boshlanadi?

- Premyer-liga 20 yanvardan start oladi. Ungacha o‘z bazamizda mavsumga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

- Malayziya klublarida o‘ynayotgan hamda ko‘rikda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik futbolchilar bilan ko‘rishmadingizmi?

- Gaplashib turamiz, lekin hali ko‘rishganim yuq. Keyingi bir yilni shu mamlakatda o‘tkazaman. Hali diydorlashish uchun yetarlicha vaqt bo‘ladi. Bilishimcha, joriy yil Malayziya chempionatida 10 nafarga yaqin o‘zbekistonlik futbolchilar o‘ynashadi. Bu biz uchun ham yaxshi.

- Malayziyaga yo‘l olayotgan futbolchilarimiz birinchi o‘ringa moliyaviy manfaatni qo‘yishyaptimi? Shaxsan siz bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Har bir futbolchi faoliyatida bir marotaba bo‘lsada xorij klubida to‘p surishni istaydi. Moliyaviy holatga kelsak, futbolning umri qisqa bo‘ladi. Shaxsan men 2-3 yil mamlakatimiz jamoalarida deyarli «rahmat»ga o‘ynadim. Boshqalar uchun javob bermayman, lekin shunday holatga tushganim rost. Bundan aziyat chekkan faqat men emasligimni bilaman. Futbolchilarning barcha qatori oilasi bor. Biz ham yaxshi sharoitda yashashni xohlaymiz.

- «Andijon»ning o‘tgan mavsum uchun futbolchilardan qarzi bormi?

- Boshqalarni bilmaymanu, lekin mendan klub rahbariyatining qarzi bor, albatta. Qilgan mehnatimga yarasha haq olganim yo‘q. Shunday bo‘lsada, men bunga roziman. Chunki Andijon farzandiman, shunchaki, o‘z vazifamni bajardim. Qolgani klubning ishi va ularning vijdoniga havola. Hamma narsaning javobi bo‘ladi.

- Necha oylik maosh va qancha o‘yinga mukofot pullarini berishmagan?

- Menimcha, buni aytmaganim ma’-qul. Sababi, o‘zim tug‘ilib o‘sgan shaharning bosh jamoasini yomonlashni istamayman. Mayli, halol mehnatim uchun maoshimni berishmasa ham boshqa viloyatdan, boshqa yurtdan kelganlarga haqini to‘lab qo‘yishsa, shunga xursand bo‘lardim. Negaki, ular «Andijon»ni yomon taassurotlar bilan tark etmasliklari kerak.

- «Andijon» birinchi ligaga tushib ketdi. Bunday salbiy natijaning qayd etilishiga qanday omillar sabab bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?

- Andijonda har yili murabbiy va futbolchilar almashinuvi kuzatildi. Eng katta sabablardan biri shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Agar bir murabbiyga kamida 2-3 yil ishlash imkoniyati berilsa, o‘sha mutaxassis jamoa o‘zagini mahalliy futbolchilar evaziga shakllantirsa, albatta, buning natijasi ko‘rinadi. O‘tgan yilgi mavsum «Andijon»da ikki xil jamoa o‘ynadi. Birinchi davradagi o‘yinchilarning aksariyati jamoadan ketishdi. Hal qiluvchi bosqichda safimizga yangi futbolchilar kelib qo‘shilishdi. Bir-birimizga ko‘nikib ketishimiz uchun yetarlicha vaqt bo‘lmadi. O‘yinimizni topib olgunimizcha chempionat yakuniga yetib qoldi. Natijada «Andijon» elitani tark etdi. Buning uchun futbolchilar nomidan jamoamizning jonkuyar muxlislaridan uzr so‘rayman.

- Boburjon, Malayziya birinchi ligasidagi stadionlar, maydonlar chimining holati yaxshimi?

- Hali hamma arenalar bilan tanishishga ulgurmadim. Lekin o‘zim ko‘rganlarim hamda internetga joylashtirilgan suratlardan xulosa qiladigan bo‘lsam, stadion va maydonlarning holati a’lo darajada.

- O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar orasida ham farq sezildimi?

- Mashg‘ulotlar chempionat boshlanishiga oz fursat qolgani uchun men kutgan darajada kuchli bo‘lmayapti. Shuning uchun, hozirdan bir narsa deya olmayman.

- Milliy jamoamizning JCH-2018 3-saralash bosqichidagi o‘yin-lari, mundialga chiqish imkoniyatlari haqida qanday fikrdasiz?

- O‘zbekiston termasi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga ishonaman. Futbolchilardagi harakatlarni ko‘rib, shunday fikr bildiryapman. Yigitlar oxirigacha kurashishyapti. Eron va Janubiy Koreya bilan o‘yinda raqibdan aslo qolishmadilar. Har ikki uchrashuvda omad tufayli mag‘lubiyatga uchrashdi, deb o‘ylayman. Qolaversa, jamoalar orasidagi farq bir ochkoni tashkil etyapti. Hali Janubiy Koreya termasi Toshkentga keladi. O‘shanda ulardan mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyati bo‘ladi. JCH-2014 saralashida ham Eronga o‘z maydonimizda imkoniyatni boy berib, Tehronda 100 ming muxlis qarshisida raqibni mag‘lub etgandik. Imkoniyatlar o‘z qo‘limizda va hali vaziyatni ijobiy tomonga o‘nglab olishimizga ishonaman.

- Futboldagi faoliyatingiz qay tarzda boshlangan? Ilk qadamlar, murabbiylaringiz haqida ham ma’lumot bering. Bu «Andijon» muxlislari va gazetamiz o‘quvchilari uchun qiziq.

- Hamma qatori bolaligimda to‘p tepib ulg‘ayganman. Oliy ligada o‘ynashimga esa Baxtiyor Ashurmatov sababchi bo‘lganlar. U kishi murabbiyligida oliy ligada debyut qilganman. Bunga qadar asosan 1-liga jamoalari, «Nasaf» o‘rinbosarlari tarkibida faoliyat yuritganman. Yoshligimda aynan Baxtiyor akaga havas qilganman. Himoyachi pozisiyasini tanlashim ham shundan. Fursatdan foydalanib, ustozimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, murabbiylik faoliyatlarida omad va zafarlar tilayman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:55, 21.01.2017.
O'qildi: 7934 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.