Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

JCH-2026. O‘zbekiston baxtiyor 8ta jamoa ichiga kiradimi?

JCH-2026. O‘zbekiston baxtiyor 8ta jamoa ichiga kiradimi?

Baho:
+ | -

FIFA o‘z yo‘lidan qaytmay, 2026 yilgi jahon chempionatidan e’tiboran turnir ishtirokchilari soni oshirilishini rasman e’lon qildi.

Demak, o‘sha musobaqaga 48ta jamoa boradi. Hozirgi rejaga asosan, ular 16ta guruhga bo‘linadi - 3tadan jamoa. Guruhlarda 1-2-o‘rinlarni egallagan termalar esa 1|16 final raundiga o‘tib, kurashni davom ettirishadi. Aytgancha, avvalroq guruh bosqichidagi o‘yinlarda durang qayd etilsa, penaltilar seriyasiga murojaat etilishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi. Lekin bu aniq emas.

Anig‘i shuki,  o‘yinlar soni 64tadan 80taga ko‘payadi. Ayni payt JCH-2026 yo‘llanmalarining qanday taqsimlanishi haqida yakuniy qaror qabul qilinmagan. Bu masala FIFA Kongressining keyingi yig‘ilishi, ya’ni 9 may kuni Bahraynda muhokamaga qo‘yiladi. Ammo xorij matbuoti taxminiga ko‘ra, taqsimot quyidagicha ko‘rinish oladi: UYEFA (Evropa) - 16ta o‘rin, AFK (Afrika) - 9ta o‘rin, OFK (Osiyo|Avstraliya) - 8ta o‘rin, KONMEBOL (Janubiy Amerika) - 6,5ta o‘rin, KONKAKAF (SHimoliy va Markaziy Amerika) - 6,5ta o‘rin, OkFK (Okeaniya) - 1ta o‘rin va mezbon - 1ta o‘rin. Umuman, JCH-2026 mezbonlik huquqi uchun Kanada, Meksika, AQSH, Kolumbiya, Avstraliya|YAngi Zelandiya, Marokash, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiya mamlakatlari da’vogar hisoblanmoqda.

Mezbon davlat nomi 2020 yilning may oyida e’lon qilinadi. Shuningdek, Xitoy va Hindistonning qo‘shma arizasi xususida ham gap bor, ammo bu ma’lumot hali rasman tasdiqlanmadi. Bilasiz, 2022 yilgi JCH Qatar, ya’ni Osiyo hududida tashkillashtiriladi. Shuni inobatga olsak, 4 yildan keyingi turnir yana «sariq qit’a»ga topshirilishi ehtimoli ancha past.

Osiyo shunday katta hududki...

Bugun OFKga nasib etadigan 8ta (ayrim manbalarda 8,5ta bo‘lishi ta’kidlanyapti) o‘rin uchun qit’amizda saralash bahslari qanday shaklda tashkil etilishi mumkinligi xususida va O‘zbekiston termasining undagi ishtiroki bo‘yicha o‘z taxminlarimizni bayon etamiz. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, ayni payt OFK tarkibida jami 47ta futbol assosiasiyasi bor. Ulardan birgina Shimoliy Mariana orollari hozircha FIFA a’zoligiga qabul qilinmagan. Vaholanki, bu davlat jamoasi AQSH Olimpiya qo‘mitasi tizimiga kiritilgan.

Osiyo qit’asiga jahon chempionati mezbonlik huquqi faqatgina XXI asrga kelib, shunda ham, Janubiy Koreya|YAponiya juftligiga berilgandi. Qit’amizdagi navbatdagi mundial esa 2022 yili o‘tkazilishi barchaga ma’lum. Tan olaylik, bu 44 579 000 kilomert|kvadratga cho‘zilgan (bunga Avstraliya qo‘shilmagan) va 4 164 252 000  kishi istiqomat qiladigan shunday ulkan hudud uchun juda oz. Boz ustiga, hududi bo‘yicha Osiyoga kiruvchi Qozog‘iston, Isroil va Kipr kabi ayrim mamlakatlar bugun UYEFAning to‘laqonli a’zosi. Mayli, mavzudan chalg‘imaylikda, OFKga beriladigan kvotalar taqdiri qay tariqa hal etilishi mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

Saralash qanday boshlanadi?

JCH-2026 saralashi startiga qadar OFK tarkibida nechta terma jamoa bo‘lishi haqida 100 foiz ishonch bilan gapirish noo‘rin. Har holda, mustaqil davlatlar soni u qadar oshmasa kerak. Lekin Osiyo futboli oliy tashkiloti Fiji va Yangi Zelandiya (Okeaniya) yoki Qozog‘iston (hozir UYEFA a’zosi) kabi mamlakatlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shunday ulkan hududda jahon chempionati saralashini tashkil etish va uni bir tekisda olib borish OFK uchun katta muammo ekanligini aytsak, ko‘pchilik bunga qo‘shilmas, balki. Chunonchi, Osiyodagi terma jamoalar saviyasi o‘rtasida hali-hamon osmon va yerchalik farq bor. Hattoki, ayrim mamlakatlarda futbol birinchi raqamli sport turi ham sanalmaydi. Deylik, Pokiston, Hindiston va Bangladeshda kriket ommaviylik masalasida futboldan ancha oldinda.

1-variant. 46ta jamoa 8ta guruhga bo‘lingan holda (har birida 5ta yoki 6ta) ikki davrali tizimda kurash olib borishi mumkin. Bunda guruh g‘olibi har bir jamoaning 8-10ta o‘yini natijasiga ko‘ra, aniqlanadi. Yakunda faqat guruh g‘olibigina mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Endi OFK a’zolarini  shartli ravishda 8ta guruhga bo‘lib chiqamiz:

«A» guruhi - Yaponiya, KXDR, Falastin, Maldiv, Xitoy Taypeyi

«B» guruhi - Janubiy Koreya, Livan, Tailand, Bangladesh, Butan

«C» guruhi - Eron, Bahrayn, Tojikiston, Malayziya, Yaman, Kambodja

«D» guruhi: O‘zbekiston, Iroq, Ummon, Singapur, Hindiston, Mo‘g‘uliston

«E» guruhi - BAA, Quvayt, Qirg‘iziston, Guam, Shri-Lanka, Bruney

«F» guruhi - Qatar, Saudiya Arabistoni, Gonkong, Afg‘oniston, Turkmaniston, Makao

«G» guruhi - Avstraliya, Suriya, Indoneziya, Filippin, Laos, Pokiston

«H» guruhi - Xitoy, Iordaniya, Vyetnam, Myanma, Sharqiy Timor, Nepal

Bir qarashda, bunday formatdagi kurashda qit’a futboli grandlariga ancha oson bo‘ladi. Harqalay, ko‘pchilik shunday o‘ylashi tayin. Ammo e’tiborga olish kerakki, Tailand, Gonkong, Livan termalari kabi o‘rtamiyonalar yana 7-8 yildan so‘ng talab darajasida kuchayib, istalgan jamoaga qarshi munosib raqobat taqdim etishlari mumkin. Iroq, Quvayt va Iordaniya kabi jamoalar esa  bunday guruhlarda bemalol 1-o‘ringa da’vogarlik qilishlari hech gap emas. Endi shu formulada jamoalarning safar o‘yinlariga borishlari va keyingi tur o‘yiniga qaytishlari holatini ko‘rib chiqamiz. Axir xalqimizda «Yo‘l azobi -  go‘r azobi» degan purma’no maqol bor. Misol uchun, Toshkent va Singapur orasidagi masofa 5639 kilometrga teng. Oddiy aytganda, u yerga borish uchun samolyotda 7 soatu 8 daqiqa uchish talab etiladi. Keyin Singapurdan Ummon poytaxti - Maskatga uchiladigan bo‘lsa, bu 5507 kilometr masofa yoxud 6 soatu 58 daqiqalik parvoz demakdir. Xullas, jami 11146 kilometr masofani bosib o‘tish  uchun 14 soatu 6 daqiqa ketadi! Bunga o‘xshash holatlar chamasi 6 kun ichida ketma-ket 2ta o‘yinni safarda o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelsa kuzatiladi. Shundan ham, Osiyo jamoalarining osmonda parvoz qilishning o‘ziga katta kuch va vaqt sarflashlarini anglash mumkin.

2-variant. 46ta jamoa reytingdagi mavqesiga asosan ikki guruhga ajratiladi. Ya’ni xuddi JCH-2018 saralashidagi tizim kabi. Lekin saralash bosqichlari soni 3ta bo‘ladi, xolos. Birinchi raundda qit’aning autsayder jamoalari (12ta) 6ta juftlikda o‘zaro kurash olib borishadi va g‘oliblar keyingi bosqichga o‘tishadi. To‘g‘rirog‘i, 6ta g‘olib qolgan 34ta jamoa qatoriga  qo‘shiladi. Xullas, birinchi raunddan so‘ng 40ta jamoa qoladi va ular ham qur’a asosida juftliklarga ajratiladi. Shu tariqa «uy-safar» tizimidagi o‘yinlar orqali 20ta kuchli jamoa saralanadi. Yakuniy, uchinchi raundda esa 5ta jamoaga ega 4ta guruh shakllantiriladi  va ikki davrali tizimda kurash davom ettiriladi. Xullas, shu holatda guruh g‘olibini aniqlash uchun jamoalar 8 martadan maydonga tushishadi. Tushunarliki, final bosqichiga saviyali, musobaqalarni tashkil etishda professional talablarga amal qiluvchi  20ta jamoa yo‘l oladi. Ayni payt Afrikada xuddi shunga o‘xshash uch bosqichli saralash timizi qo‘llanilyapti. Bizningcha, aynan shu variant qit’amizda futbolni yangi darajaga ko‘tarish uchun eng maqbul yo‘l sanalsa kerak.

Jamoalarning bosqichma-bos-qich yo‘li (taxmin)

Birinchi bosqich juftliklari (shartli): Hindiston - Mo‘g‘uliston, Butan - Makao, Yaman - Bruney, Kambodja - Shri-Lanka, Xitoy Taypeyi - Pokiston, Sharqiy Timor - Nepal

Ikkinchi bosqich juftliklari (shartli):Eron - Hindiston, Yaponiya - Laos, Janubiy Koreya - Afg‘o-niston, O‘zbekiston - Malayziya, BAA - Xitoy Taypeyi, Qatar -  Indoneziya, Ummon - Singapur, Iordaniya - Kambodja, Xitoy - Turkmaniston, Avs-traliya - Bangladesh, Saudiya Arabistoni - Guam, Bahrayn - Butan, Iroq -  Myanma, Falastin - Suriya, Livan - Yaman, Quvayt - Sharqiy Timor, Filippin - Qirg‘iziston, Maldiv - Tailand, Vyetnam - KXDR, Tojikiston - Gonkong

Uchinchi bosqich guruhlari (shartli)

«A» guruhi - Eron, Avstraliya, Ummon, Xitoy, Quvayt

«B» guruhi - Yaponiya, BAA, Iordaniya, Suriya, Tailand

«C» guruhi - J.Koreya, Qatar, Iroq, Livan, Qirg‘iziston

«D» guruhi - O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, KXDR, Gonkong

Har bir guruhda dastlabki 2ta pog‘onani egallagan jamoalar jahon chempionatiga yo‘l olishadi. Bordiyu, yana 0,5ta yo‘llanma masalasi tug‘ilsa, unda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 2ta 3-o‘rin sohibi o‘rtasida «pley-off» o‘yinlari tashkillash mumkin. O‘zingiz e’tibor bering, bunday holatda ko‘pchilik o‘ylaganidek, jahon chempionatiga chiqishimiz osonlashadimi? Yo‘q, albatta. Lekin fakt shuki, 8ta o‘rin qit’amiz uchun - katta yutuq. Zero, Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya termalari kabi mundialning doimiy ishtirokchilari yoniga yangi, maqsadlari ulkan jamoalar qo‘shilishadi.

Xulosa o‘rnida

Umuman, O‘zbekiston termasida JCHning doimiy ishtirokchisiga aylanish imkoniyati paydo bo‘lyapti - xuddi o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi kichik mundiallardagi kabi. Vaholanki bu turnirlarda 48ta emas, 24tagina jamoa ishtirok etadi. Lekin unutmaslik kerak, nafaqat bizning jamoa, balki Iordaniya, BAA va Saudiya Arabistoni, boringki, KXDR kabi termalar ham xuddi shunday imkoniyat hosil qilishadi. O‘z navbatida, Osiyoning JCHlardagi doimiy vakillari - Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya va Eron terma jamoalarining buyog‘iga biror muammoga uchrashlari mushkul. Ya’ni ular o‘zlarini okeandagi kit kabi his qilishlari hech gap emas. Shu ma’noda aytsak, OFKga berilajak 8ta (yoki 8,5ta) yo‘llamaning teng yarmi kimlarga nasib etishi tayinday. Lekin qolgan jamoalardagi o‘sish dinamikasini ham e’tiborga olish kerak. Bordiyu, yetakchilar o‘z mavqelarini saqlab qolgan taqdirda ham, boshqa terma jamoalarga 4ta yo‘llanma qolyapti. Futbolimizning ayni holati va grandlar kuchini o‘zaro taqqoslasak, jamoamizning kuchli to‘rttalikka kirishi ancha mushkul masala. Shuni nazarda tutsak, JCH-2026 yo‘lida dastlabki 8talikdan joy olishni ko‘zlasak ham bo‘laveradi. Demakki, hozirgi mavqemizni zinhor va zinhor pasaytirmasligimiz lozim. Chunonchi, JCHga chiqish uchun haqiqiy imkoniyat tug‘ilgach, deylik, Saudiya Arabistonida ish qizigandan qiziydi. Arablar shundoq ham raqobatbardosh chempionatga egalar. Misol uchun, chamasi 6ta klub muntazam ravishda terma jamoani munosib futbolchilar bilan ta’minlaydi. BAAda esa Qatardan farqli ravishda,  terma jamoaga nomzodlarni mahalliy futbolchilar qatoridan izlamoqdalar va bu borada ancha-muncha ishlar bajarildi. Osiyo kubogi-2015dagi 3-o‘rin qilingan mashaqqatli mehnatning ilk samarasidir. Endi BAA futboli shu yo‘ldagi izlanishlarni yanada kuchaytirsa kerak. Qatarga kelsak, u yerda yangi sikl uchun ham xorijlik yosh legionerlarga fuqarolik berish davom etishi mumkin. Chunki oldinda JCH-2022 turibdi. Qatarliklarda JCH-2026da mezbonlik shukuhini davom ettirish rejasi borligi tabiiy, albatta. Xitoyliklarning ham shu yo‘ldan borib, terma jamoaga katta mablag‘ evaziga legoinerlar chorlamasliklariga hech qanday kafolat yo‘q. Qolaversa, Chin yurti chempionatida amalga oshirilayotgan hozirgi ishlar keyingi 10 yil ichida milliy jamoani Osiyoda kuchli sakkiztalik orasiga ko‘tarish uchun yetib ortsa kerak.

Demoqchimizki, top-8ga kirish imkoniyati tufayli bo‘shashib qolmasligimiz  kerak. Zero, Iroq va Iordaniya termalari ham otni qamchilashlari turgan gap. Ha, yo‘llanmalar sonining oshishi sabab, futbolga munosabat o‘zgarishi aniq. Chunki terma jamoamiz garchi hamon JCHga chiqolmagan bo‘lsa-da, so‘nggi sikllarda «pley-off»ga yetib bordi. Ya’ni endilikda grand termalar ham milliy jamoamiz bilan jiddiy hisoblashishga majburlar. Ular kerak bo‘lsa, o‘yin kunigayu, hakamgacha e’tibor berishyapti. Xullas, shu darajani ushlab qolish  va yanada oldinga intilish uchun bizdan ishlarga yangicha yondashish talab etiladi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerak, JCH-2018 saralashi boshlanishidan oldin O‘zbekiston terma jamoasi OFK reytingida 4-o‘rinda edi (Avstraliya - 10-o‘rin, Tailand - 23-o‘rin, Suriya - 25-o‘rin).

Tushunarliki, endi oltilik emas, sakkizlikka kirgan terma jamoa ham JCHga chiqadi va bu borada raqobat oshishi tabiiy. Yana Tailand, Suriya va Ummon kabi jamoalarga ham hurmat bilan qarash kerak. Shuncha gapga oxirida asosiy qo‘shimcha: aslida mundial yo‘llanmasi uchun oxirigacha chinakamiga kurashsak, hech qanday islohotlar ham, boshqalarning xatosini kutish ham, arifmetik hisob-kitoblar ham kerak bo‘lmaydi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:46, 25.01.2017.
O'qildi: 16444 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.