Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Shahzod BO‘RIYEV: «O‘yinlarni futzal emas, baletga qiziqadigan hakamlar boshqaryapti»

Shahzod BO‘RIYEV: «O‘yinlarni futzal emas, baletga qiziqadigan hakamlar boshqaryapti»

Baho:
+ | -

Professional futzaldagi faoliyati mobaynida ikki karra O‘zbekiston chempioni, to‘rt marotaba mamlakat kubogi sohibi, «Ardus» klubi tarkibida Osiyo vise-chempioni bo‘lgan Shahzod Bo‘riyev kutilmaganda katta sportdan ketishga qaror qildi. U futzaldagi faoliyatini yakunlab, o‘zini umuman boshqa sohada sinab ko‘rishni afzal bildi. Uning futzaldagi so‘nggi jamoasi «Metallurg» klubi bo‘lib qoladi. Shahzod joriy mavsumda aynan bekobodliklar sardori sifatida jamoadoshlarini maydonga boshlab tushayotgandi. Biz shu mavzu yuzasidan Shahzod Bo‘riyevdan intervyu oldik.

- Shahzod, futzaldan ketibsiz, deb eshitdik. Shu rostmi?

- Ha, bu ma’lumotni tasdiqlayman. Gohida shunday kutilmagan qarorlar ham qabul qilib turish kerak ekan (kuladi).

- Nima uchun bunday qarorga keldingiz? Hali biroz erta emasmidi?

- Yo‘q. O‘ylaymanki, o‘zim uchun eng qulay paytni tanladim. Ya’ni, nafaqat ish faoliyatimda, balki hayotimda ham o‘zgarish qilish davri yetgandi. Albatta, bu qarorga oila azolarim bilan maslahatlashgan holda keldim.

- Bu qarorga kelish oson bo‘lmagandir?

- Albatta. Shuncha vaqt shug‘ullangan sevimli mashg‘ulotingizni, ta’bir joiz bo‘lsa, kasbingizni to‘xtatish juda ham qiyin bo‘larkan.

- Bu masalada murabbiylar bilan gaplashdingizmi?

- Qarorimni «Metallurg» klubi bosh murabbiyi Nikolay Odushevga aytdim. Sevimli jamoamga aylangan «Ardus» klubi murabbiylari esa bundan bexabarlar.

- Odushev qanday maslahat berdi?

- Yaqinda yangi oila qurganim uchun to‘g‘ri tushundi va shu nuqtai nazardan meni qo‘llab-quvvatladi. Kelgusi ishlarimda omad tiladi. Agar aldab yoki bahona qilib boshqa jamoaga o‘tib ketsam, qattiq xafa bo‘lishini aytdi.

- Endi qaysi sohada ishlamoqchisiz?

- Ishlab chiqarish sohasida o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman. Aynan shu yo‘nalishda bilim va ko‘nikmaga egaman, deb o‘ylayman.

- Futzalda nima topdingiz-u, nima yo‘qotdingiz?

- Bu savolga ikki xil javob berishim mumkin. Birinchisi, futzalga kelgan paytim o‘z sohamni tashlaganim. Bundan afsuslanaman. Balki, o‘shanda futzalga o‘tmaganimda hozircha tadbirkorlik sohasida ancha o‘sishga erishgan bo‘larmidim? Ikkinchisi, futzal orqali qiyomatli do‘stlar orttirdim. Umuman olganda, topganlarim ko‘proq bo‘ldi. Ikki bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. To‘rt marotaba mamlakat kubogini qo‘lga kiritdik. «Ardus» jamoasi bilan birga klublar o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar Ligasi vise-chempioniga aylandim. Albatta, bu yutuqlardan xursandman. Yoshim ulg‘ayganda afsuslanmaydigan natijalarga erishdim.

- Terma jamoada o‘ynash ham nasib qildi...

- Xuddi shunday. Lekin terma jamoadagi o‘yinlarim bilan maqtana olmayman. Uchta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urganman. Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati saralash o‘yinlarida terma jamoa libosini kiygan edim.

-  Eng sovrindor klubimiz «Ardus» O‘zbekiston chempionatida notekis o‘yin ko‘rsatyapti. Buning sabablarini nimalarda ko‘ryapsiz?

- Hozir «Ardus» jamoasida avlodlar almashinuvi davri ketyapti. Tarkib to‘laligicha yosh futzalchilardan iborat. Xose Mariya Mendez shu orqali O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini shakllantirmoqda. Tabiiyki, yosh futzalchilarga tajriba yetishmayapti. Ishonchim komil, bu jamoa kelasi yili chempion bo‘ladi.

- Chempionatdagi raqobat haqida nima deya olasiz?

- Raqobatbardosh jamoalar ko‘payib boryapti. Lekin ko‘p hollarda bu o‘sishga saviyasi past hakamlar xalal berib qo‘ymoqda. O‘yinlarni futzal emas, baletga qiziqadigan hakamlar boshqarishyapti. Bu galgi chempionatda deyarli teng kuchga ega 4ta jamoa sovrinli o‘rinlar uchun kurashyapti.

- Demak, O‘zbekiston chempionatida futzal hakamligi unchalik yaxshi emas?

- Futzalda faqat nafas olish va yugurish mumkin. Hakamlar oldida hatto gaplashish ham mumkin emas. «Shu bola men haqimda gapiryapti-yov», deb sariq yoki qizil kartochka ko‘rsatadi.

- Chempionatning o‘tkazilish formati haqida nima deya olasiz? Boisi, shunday paytlar ham bo‘ldiki, ertalabki soat 10:00da ham o‘yinlar o‘tkazildi.

- Fikringizga qo‘shilaman. Soat 10:00da boshlangan o‘yinlarda o‘zim ham bir necha marotaba maydonga tushganman. Uchrashuvga borish uchun ertalab soat 7da uyqudan turish kerak. Bu vaqtda hali organizm chala uyquda bo‘ladi. Balki, vaqti kelib bu masalaning yechimini ham topishar.

- Terma jamoamiz bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez bilan ishladingiz. Ispaniyalik mutaxassis qanday murabbiy, hayotda qanaqa inson?

- Bunday murabbiyni umrimda ko‘rmaganman. Qo‘yib bersa, 24 soat mashg‘ulot o‘tkazadi. O‘z ishini juda ham yaxshi ko‘radi. Mashg‘ulotlarda borini berib ishlaydi. Tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Hayotda jiddiy inson, juda kam kuladi. Terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish orqali qanday darajadagi murabbiy ekanligini amalda isbotlab qo‘ydi.

- Kelajakda balki murabbiylik sohasida o‘zingizni sinab ko‘rarsiz?

- Yosh bolalar bilan ishlashim mumkin. Lekin kattalarga murabbiylik qila olmayman. Ehtirosga berilib ketadigan odatim bor. Himoyachi bo‘lganim uchunmi, qiziqqon xarakterga egaman.

- Futzalga qay tariqa qiziqib qolgansiz? Nima uchun futbolchi bo‘lmagansiz?

- O‘zi faoliyatimni katta futbolda boshlaganman. Lekin jiddiy jarohat sabab futboldan ketishimga to‘g‘ri kelgan. Tizzamdan olgan jarohat tufayli bir yarim yil mobaynida to‘p tepmadim. Bu orada soliq sohasida ish boshladim. Keyin do‘stimning taklifi bilan havaskor futzal jamoasida o‘zimni sinab ko‘rdim. O‘yinlarni kuzatib yurgan murabbiylar o‘sha jamoadan men va do‘stim Farhod Abdumavlonovni «Ardus» klubiga taklif qilishdi.  Futzaldagi faoliyatim aynan shundan so‘ng boshlangan.

- Qaysi futbol jamoasida o‘ynagansiz?

- Toshkentning «Chilonzor» klubida to‘p surganman. 2001-2006 yillar oralig‘ida Prokofyev Boris Andreevich qo‘l ostida o‘ynaganman. O‘sha jamoadan men va Akbar To‘rayev hozirgacha professional sportdamiz. Qolganlar o‘z faoliyatlarini allaqachon yakunlab bo‘lishdi. Endi bu ro‘yxatdan men ham chiqsam, faqat Akbarning o‘zi qoladi (kuladi). To‘rayevni «Olmaliq»qa o‘tdi, deb eshitdim. Unga omad tilayman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:59, 25.01.2017.
O'qildi: 5096 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.