Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

"Qirol Kazu" yoki 50 yoshli «bolakay»

"Qirol Kazu" yoki 50 yoshli «bolakay»

Baho:
+ | -

Kazuyoshi Miura haqida hech eshitganmisiz? Eshitmagan bo‘lsangiz, ism-familiyasidan yapon ekanligini anglagandirsiz. Xullas, Yaponiyaning ushbu fuqarosi 49 yoshda va hamon futbol o‘ynamoqda. O‘ynaganda ham, faxriylarni ramziy ma’noda qo‘llab-quvvatlaydigan qandaydir havaskorlar ligasida emas, balki professional darajada. E’tibor bering, u shu yoshida Yaponiya ikkinchi divizionining bosh yulduzi va goh-gohida jamoasi natijasiga bevosita ta’sir o‘tkazyapti. Deylik, Miura avvalgi mavsum 11 marta boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 2ta golga mualliflik qildi. Asosiysi, «Yokogama» klubi yanvar oyida «qarimas» Kazu bilan o‘rtadagi shartnomani yana bir yilga uzaytirdi. Demakki, yaqin orada professional futbol 50 yoshli o‘yinchini ko‘radi. Xo‘sh, Miura nafaqa yoshida o‘g‘li tengi baquvvat yigitlar davrasida binoyidek to‘p surishni qanday uddalayapti?

Kazuyoshi MIURA (49 yosh)

U hamon professional futbolchi

*** 15 yoshida futbolchi bo‘lish maqsadida Braziliyaga borgan.

*** 27 yoshida Italiya «A» seriyasida o‘ynovchi yaponiyalik birinchi futbolchi bo‘lgan.

*** 45 yoshida futzal bo‘yicha jahon chempionatida Yaponiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan.

*** 49 yoshida Yaponiya ikkinchi divizionida gol urdi.

15 yoshda Braziliyaga qochish

Yapon futbolining o‘tgan asrdagi holatiga havas qilib bo‘lmasdi - juda ayanchli manzara. Mamlakatda hattoki, yaxlit tizimga solingan liga ham, birorta professional klub ham yo‘q edi. Faqat yarimhavaskor jamoalarni o‘z ichiga olgan shubhali chempionat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda nisbatan iqtidorli futbolchilar banklar xodimlari, talabalar hamda boshqa ishchilar qatori oddiygina to‘p surishardi. Yaponiya termasi esa Olimpiada-68da bronza medalini qo‘lga kiritganidan so‘ng «yo‘qolib» qolgan va Osiyo miqyosida ham kuchli sanalmasdi. Shunday ekan, tabiiy iqtidor bilan siylangan Kazuyoshi Miura uyda qolsa, futbolda hech vaqoga erisholmasligini vaqtida yaxshi tushungan. Xullas, Kazu 16 yoshni qarshilashidan 2 oycha oldin maktabdagi tahsilni tashlab, mamlakatdan chiqib ketishga jazm etadi. U shunchaki, akasi bilan San-Paulu tomon uchadigan samolyotga o‘tiradi. Aytish joiz, Miura o‘z vatanini tashlab, quyoshli Braziliyaga ko‘chib o‘tish qarorini mohiyatni to‘liq anglagan holda qabul qilgandi. Gap shundaki, o‘sha vaqt otasini noqonuniy giyohvand moddalar aylanmasiga daxldorlikda ayblab, qamoqqa olishgandi. Demakki, Kazu faqatgina futbol faoliyatini yo‘lga qo‘yish ilinji emas, balki oilaviy isnoddan qochish uchun ham uzoq Janubiy Amerikaga yo‘l olgan. Braziliyada Miuraga munisipal futbol federasiyasi rahbari yordam beradi. O‘sha mutasaddi o‘smir yigitning begona o‘lkada kamroq azob tortishini istab, uni «Juventus» akademiyasiga joylab qo‘yadi. Bu San-Pauluda italiyalik muhojirlar tomonidan tuzilgan oddiygina klubga qarashli dargoh edi. Akademiyada infratuzilma masalasida barchasiga chidash mumkin edi, biroq kechasi yotoqxonada burgalar azob berardi, ko‘chada esa bezorilarning to‘polonlari sira tinmasdi. To‘g‘ri, bu holat Kazuni deyarli bezovta qilmasdi. Chunonchi, uning uchun asosiy muammo boshqa edi - atrofidagi yigitlarning sovuq munosabatlari. Yaponiyalik futbolchilar qoloq sinf vakillari sanalishardi. Deylik, ular taktika bo‘yicha tushunchaga ega emasdilar, hisob. Qisqasi, Miura har kuni qisiq ko‘zlari sabab, qo‘pol hazillarni eshitardi. Oddiy aytganda, mahalliy bolalar yaponni rosa kalaka ostiga olishardi. «Kazu bu yerda avvaliga rosa qiynalgan. Bolalar uning Yaponiyadan olib kelgan ko‘plab qadrli buyumlarini ham o‘g‘irlab olishgan, - deya hikoya qiladi murabbiylaridan biri Ozuvaudu. - Akademiya joylashgan rayonda kambag‘al oilalar juda ko‘p edi, shuning uchun o‘g‘irliklar hech kimni ortiqcha hayratlantirmasdi...».

Miura tuban chuqurlikka tushib qolmaslik uchun duch kelgan ishga qo‘l uradi: yaponiyalik sayyohlarga gid (yo‘lboshlovchi) vazifasini bajaradi, do‘konda sotuvchilik qiladi, mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. «Ha, dastlabki 3 yilda uyimizni rosa qo‘msaganim bois, Braziliyadan tezroq ketishni xohlaganman, - tan olgandi Kazuyoshi. - Biroq keyinchalik atrofimdagi yigitlarga qarab, fikrimni o‘zgartirdim. Ular mutlaqo qashshoq oilalarda yashashlari va hech narsaga ega emasliklariga qaramay, ko‘chalarda kuchli ishtiyoq hamda zavq bilan futbol o‘ynashardi. Ya’ni hech narsadan nolimasdilar. Shunda inson o‘zini ayamay ishlashi va ozgina qiyinchilik oldida taslim bo‘lmasligi zarurligini teran tushundim». Kazu shunday kayfiyat ta’sirida qishloq xo‘jaligiga moslashgan rayon - Jauga ko‘chib o‘tadi. U yerda asosan shakarqamish, qahva va paxta yetishtirilardi. Jauda yoz kunlari havo harorati ko‘pincha chamasi 40 daraja issiq bo‘lsada, hudud ayniqsa, yosh o‘yinchilar uchun qulay sanalardi. Misol uchun, deyarli o‘sha vaqtda keyinchalik «Barselona» safida o‘ynagan Sonni Anderson va Edmilson kabi futbolchilar aynan Jauda toblanishgan. Kuzoyoshi ham nihoyat, shu yerda «ochiladi». Xususan, havaskorlar o‘rtasidagi turnirlardan birida taqdir taqozosiga ko‘ra, hal qiluvchi penaltini aynan yapon yigiti amalga oshiradi. Miuraning goli muhim natijani ta’minlaydi va u shu-shu millati hamda tashqi qiyofasi sabab, yangraydigan kamsitishlardan xalos bo‘ladi. Qolaversa, ko‘p o‘tmay, «Santos» yoshlar jamoasidan taklif oladi. To‘g‘ri, u Pelening sobiq jamoasida uzoq qololmaydi: atigi 2ta o‘yindan keyin «Santos» murabbiylari shartnoma bekor qilinganini aytishadi. Ularga yapon yigitining nuqul boshini ko‘tarmay o‘ynashi ma’qul kelmagandi. Darhaqiqat, Kazu o‘yin payti negadir talab etilganidek, jamoadoshlari emas, balki o‘z oyoqlariga qarab yugurardi. Oxir-oqibat, Miura noiloj Jauga qaytadi va e’tiborlisi, faoliyatini tezda yana izga soladi. Kattalar o‘rtasidagi chempionat doirasida «Korintians» darvozasiga g‘alaba golini urib, hisob 3:2 bo‘lishini ta’minlaganidan keyin esa «Kuritiba» klubidan shartnoma tuzish haqida aniq taklif oladi. Oradan yana bir yil o‘tib, yapon futbolchisi  «Santos»ning ikkinchi chorlovini ham qabul qiladi. Miuraning mashhur jamoadagi takroriy urinishi ancha omadli boshlanadi - 11ta o‘yinda 3ta gol. Lekin shu vaqtda Yaponiyadan bo‘lgan qo‘ng‘iroq barchasini o‘zgartirib yuboradi. Chunonchi, «kunchiqar yurt»da professional futbolni yo‘lga qo‘ya boshlagandilar va Kazudan yordam berishini qattiq iltimos qilishadi. Qahramonimiz esa garchi futbolda endi ishi yurishayotgan bo‘lsada, darhol jonajon yurtiga oshiqadi. Bunda uning vatanga muhabbati ham katta rol o‘ynagani tayin. Xullas, Miura notanish maktab o‘quvchisidan butun yapon futboli umidiga aylanish yo‘lida begona o‘lkada 8 yil ter to‘kadi.

Osiyoda eng yaxshi

Yaponiyada haqiqiy professional liga tuzish ishlari faqat 90-yillar startida boshlanadi. Bu bilan sobiq futbolchi Saburo Kavabuchi astoydil shug‘ullanadi. U 80-yillarda butun Germaniyani aynalib chiqib, u yerdagi menejment asoslarini obdon o‘rgangandi. Xullas, Kavabuchi o‘z yurtiga qaytgach, yapon futbolidagi inqilobning bosh tashabbuskori sifatida gavdalanadi. U nemis yurtida ko‘rganlaridan kelib chiqib, faol marketingni Yaponiya ligasi taraqqiyotidagi asosiy shart o‘rnida qabul qiladi. Shu tariqa mahalliy klublar Ziko, Gari Lineker va JCH-90 yulduzi Toto Skillachi kabi mashhurlar bilan shartnoma tuzishadi. Lekin yangi liganing bosh qahramoni maqomi Kazu Miuraga beriladi, baribir. Braziliyada toblangan yigit shunga yarasha, Tokioning «Verdi Kavasaki»sida ishonchli o‘ynaydi. «Aslida biz yana ko‘plab dongdor xorijliklarni Yaponiyaga chorlashimiz mumkin edi, biroq liganing chinakamiga ommalashishi uchun mahalliy muxlislar qalbidan joy olishga qodir mahalliy ijrochiga ega bo‘lish talab etilardi. Miura aynan biz izlagan futbolchi ekanligiga shubha qilgan emasdik», - degandi keyinchalik Saburo Kavabuchi. Darhaqiqat, Kazu milliy chempionatga ko‘p narsa olib kiradi. Ya’ni brazilcha texnikaga tayanib, ko‘p gol urishdan tashqari, ularni ehtiroslarga to‘la holda nishonlashni ham o‘z o‘rniga qo‘yadi. Qahramonimizning xatti-harakatlari konservativ qarashlarga ega ko‘plab yaponlarga g‘alati ko‘ringani ham rost. Zero, u har safar qo‘llarini yoyguncha muxlislarni faol bo‘lishga undar, belini qimirlatgancha sambaga xos harakatlarni namoyish etardi. Aytishlaricha, brazilcha ushbu raqs 1993 yili Tokio tungi klublarida g‘oyat ommalashgan ekan - aynan Kazu sabab. Umuman olganda, Miura Yaponiyada 4 yil davomida 45ta  gol uradi va 1993 yil yakunlariga ko‘ra, butun Osiyoning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olinadi. Bu uning faoliyatidagi eng muhim e’tirofdir. 1994 yili esa Kazu Italiyaga yo‘l oladi hamda «A» seriyasida o‘ynagan birinchi yapon bo‘ladi.

«Jenoa»dagi yomon mavsum

Aslida Miuraning Italiyaga ko‘chib o‘tishi katta tijorat strategiyasiga bog‘liq edi. Bunga birinchi navbatda, «Jenoa» emas, yaponiyalik top-menejerlar qiziqib qarashgani ham ayni haqiqat. O‘z o‘rnida, bir qator muhim faktlarga e’tibor qaratish lozim: Italiya klubi Kazu transferiga bir chaqa sarflagan emas, zero, uni tekin ijara kelishuvi asosida olgan; futbolchining maoshini Yevropa bozoriga kirib borishni o‘ylagan yaponiyalik homiylar to‘lashgan; Fuji Television kompaniyasi «Jenoa» o‘yinlari translyasiya huquqini qo‘lga kiritgan. Biroq yapon futbolchisi «Milan»ga qarshi kechgan birinchi o‘yindayoq ko‘ngilsizlikka duch keladi. Miura shafqat bilmas Franko Barezining qudratli tirsagi zarbasini o‘zida sinab ko‘radi, ammo tabiatan yengilmaslik xarakteri darhol chetga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Vaholanki, ko‘zi qorung‘ulashib, boshi aylanayotgan, yuzidan qon tomchilayotgan edi. U shu holatda ham chidaydi va tanuffusgacha maydonda qoladi. Keyin shifokorlar unda miya chayqalishi yuz berganidan tashqari, burni singaniyu, bosh suyaklari biroz siljiganini aniqlashadi. Kazu shu jiddiy jarohat sababmi, Italiya futboliga moslasholmaydi. Jurnalistlar Miuraga «sokin jentlmen» laqabini berib, uni quyidagicha ta’riflashadi: «Mashg‘ulotlarda «er tishlab» ishlaydi, hammasini to‘g‘ri bajarishga katta kuch sarflaydi, ammo shunchaki, uddalolmaydi. Chunki taktik uquvi past, tezligi va jismoniy kuchi ham yetarli emas». Qisqasi, Kazu «A» seriyasida bittagina ishi bilan esda qoladi - «Jenoa»ning prinsipial raqibi «Sampdoriya» darvozasiga gol uradi. Umuman olganda, mavsum-1994|1995da 3 nafar bosh murabbiy qo‘l ostida shug‘ullangan Turin jamoasi yakunda ikkinchi divizionga tushib ketadi, Miura esa afsuslangancha Yaponiyaga qaytadi.

Milliy jamoadagi dahshat

Statistikaga qarasak, Miuraning Yaponiya termasidagi faoliyati ancha omadli chiqqan - 89ta o‘yinda 55ta gol. Biroq aslida u milliy jamoada dramatik dahshatga duch kelgan. Zero, ajoyib statistik raqamlari jozibasini jahon chempionatlariga bog‘liq 2tagina holat butunlay buzib yuboradi. Birinchisi. 1993 yili Yaponiya termasi o‘z tarixida ilk marta mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin kelgandi. «Kunchiqar yurt» vakillaridan buning uchun saralash bosqichining oxirgi o‘yinida Iroq termasini yutish talab etilardi. Miura hisobni ochadi, yaponlar final hushtagi yangrashiga sanoqli soniyalar qolganida ham, 2:1 ko‘rinishida oldinda boradilar. Biroq iroqliklar shu lahzada burchak to‘pi tepib, hisobni tenglashtirishadi va Yaponiya termasi JCH-94dan chetda qoladi. Bu o‘yin tarixga «Doxadagi jon talvasasi» sifatida kirgan. Ikkinchisi. Yaponlar keyinchalik JCH-98 yo‘llanmasini yutishadi, baribir. Miura esa hattoki, terma jamoasining saralash bosqichidagi bosh to‘purari bo‘ladi. Xullas, Kazu murabbiylar va yosh o‘yinchilar bilan janjallashib qolguniga qadar hammasi yaxshi ketayotgandi. Ammo yakunda yoqimsiz mojaro yuz beradi va qahramonimizni tarkibdan chetlashtirishadi. Yaponlarning Fransiya-98 mundiali guruh raundida 3ta o‘yinni ham boy berib, hattoki, Yamayka termasidan ham ortda qolishganida, ushbu yo‘qotishning ta’siri katta edi, albatta. Milliy jamoadagi alamli sarguzasht Miuraning Xorvatiyaga ketishi bilan xotima topadi. U Zagreb «Dinamo»si safiga qo‘shilgandi. «Shunchaki, barchasini boshqa mamlakatda noldan boshlashga qaror qildim. Chunonchi, ko‘chaga xotirjam chiqishni xohlardim. Boshqacha aytganda, bizda noshud avlod shakllangani xususidagi bema’ni e’tirozlarni eshitish jonimga tekkandi, - deya izohlagandi Kazu Yanoniyadan ikkinchi marta «qochishi»ni . - O‘ylaymanki, faoliyatimning bunchalik uzoqqa cho‘zilganida Xorvatiyada 8 oy yashaganim ta’siri katta. O‘yindan rohatlanishni aynan Zagrebda o‘rgandim».

Mini-futbol bo‘yicha JCH ishtirokchisi

Miura oxirgi marta JCH-2010ga borish yo‘lida jiddiy ishlashga ahd qiladi. Vaholanki, bu vaqtda 43 yoshni urib qo‘ygandi. Shunga qaramay, murabbiylarga o‘zini tartibga solishga tayyorligi va JARda jamoaga yordam bera olishini rasmiy ravishda bildiradi. Biroq mutasaddilar uning gaplarini e’tiborsiz qoldirishadi. Taqdirning hukmiga qarangki, Miuraning azaliy orzusi yana 2 yildan so‘ng mutlaqo kutilmagan tarafdan amalga oshadi. 45 yoshli faxriy Yaponiya termasi tarkibida jahon chempionatiga boradi, baribir. Bitta farqli tomoni shuki, futzal mundialiga. Chunonchi, Miura Braziliyada ushbu sport turi bilan ham oz-moz shug‘ullangan va ajo-yib dribling mahoratiyu, to‘pni nazorat qilish salohiyatini saqlab qolgandi. Yaponlar o‘sha chempionatda guruhda chiqishadi, biroq ilk «pley-off» raundida Ukraina termasiga yutqazishadi. Miuraga garchi birorta gol urish nasib etmagan bo‘lsada, u chinakam baxtiyorlikni tuygandi: «Bunday taklif olganimdan g‘ururlanaman. Zero, ishtiyoqim juda baland. Yana futzalning odatiy futboldan keskin farqlanishini ham unutmaslik kerak. Axir sen futbolning bitta yo‘nalishida yaxshi o‘ynasang, boshqasida ham muvaffaqiyat qozonishingga hech kim kafolat bermaydi-ku»

50 yoshgacha o‘ynash siri

Kazu deyarli har kuni 3 mahal mashg‘ulot o‘taydi. Umumiy hisobda aytsak, kuniga chamasi 5 soat vaqtini o‘z formasini saqlab turish uchun sarflaydi. Tartibi ancha oddiy: erta azonda - 4 kilometr masofaga yugurish, keyin jamoa bilan standart futbol mashg‘uloti va kechqurun trenajyor zalida ish. Tanasidagi yog‘ miqdorining kamligi (10 foizdan oshmaydi)ni esa qat’iy ovqatlanish tartibi hisobiga ushlab turadi. Kazu har kuni maxsus diyetolog nazoratida: uning o‘zi ertalab kun bo‘yi iste’mol qiladigan barcha yeguliklarini suratga olib, o‘sha mutaxassisga yuboradi. Mabodo «menyu»si o‘zgaradigan bo‘lsa, avvalo, diyetologni xabardor qiladi. «Ha, ovqatlanish tartibiga qat’iy yondashaman va asosan oqsilga boy taomlar yeyishga harakat qilaman. Aksincha, yog‘li va o‘ta tuzlangan yeguliklardan tiyilaman», - deydi Miuraning o‘zi bu masalada. Lekin eng muhimi - psixologiya. «Hamon futbolga nisbatan mehrim baland. Axir o‘zing yoqtirmaydigan mashg‘ulot bilan bunchalik uzoq vaqt shug‘ullanishing mumkin emas, - ishonchi komil Kazuning. - Mana, o‘z ishimni rohatlanib bajaryapman va mayda-chuyda jihatlarni jiddiy qabul qilmayman. Xullas, ishdan zavq olishning inson yoshiga mutlaqo daxli yo‘q». U shuningdek, o‘z yoshiga ideal tarzda yondashadi: «Ha, deyarli 50 yoshga to‘ldim. Biroq 50 raqami - bu 100ning yarmi. Men hali bolakayman».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:16, 14.02.2017.
O'qildi: 7077 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.