Ko‘pchilik sport turlarida bo‘lgani kabi, futbolda ham bir sportchining raqib yoki ashaddiy raqobatchi bo‘lgan jamoa safiga o‘tishi muxlislar o‘rtasida noroziliklarni keltirib chiqaradi. Ammo bunday holatlarning hammasi ham uzoq davom etadigan nafratni paydo qiladi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi. Masalan, Luis Enrike «Real» uchun u darajadagi figura emasdi va shuning uchun uning «Barselona» safidan o‘rin olishi nisbatan oson kechgan. «Zenit»ning sobiq o‘yinchisi Dzyubaga nisbatan ham «Spartak» muxlislarining qarashlari yomonmas. Ammo Ispaniya va Rossiyadagi yuqorida nomlari keltirilgan klublar tarixiga nazar solarkanmiz, bundayin o‘tishlar har doim ham oson kechmaganini, aksincha, o‘yinchilar hamda fanatlar o‘rtasida qator mojarolarni keltirib chiqarganini ko‘ramiz.
2017 yil. «Vest Xem» fanatlari - Payetga qarshi
Fransuz «Vest Xem» sharafini himoya qilar, ammo klub rasmiylarining fikricha futbolchi bu yumushni chin yurakdan amalga oshirmasdi, xuddi don Korleon kabi. Ammo fransuzlarning 25 million funti ham fanatlarning ko‘nglini yumshata olmadi. Payet esa London klubida to‘p surish uning uchun bu darajada sharaf emasligini va «Marsel» chempionlik loyihasining bir qismiga aylanishni istashini aytib olovga yog‘ quyganday bo‘ldi. Bu futbolchi avvallari aksini ta’kidlaganini yodga oladigan bo‘lsak, Payet o‘shanda chin dildan gapirmagani ma’lum bo‘ladi. MYU yoki «Chelsi»ga o‘tishning imkoni yo‘qligi ma’lum bo‘lgach, futbolchi aksincha «sayray» boshladi. Endi London klubi fransuz familiyalik futbolchisini 60dan 25 funtgacha arzonlashtirgan holda almashtirishga tayyor.
Dimitri esa ekkanini o‘rmoqda: «sotqin»ning dong‘ini doston qiladigan qo‘shiqlar mikrofonlar orqali kuylanmoqda. «Vest Xem» o‘yingohidagi kattakon surati oldida esa polisiyachi navbatchilik qilishga majbur - vandallardan har narsani kutish mumkin-da. Dimitrining liboslari kuydirib yuborilgan holatlar ham uchrayapti- «Ilon» - aynan mana shu ramz Payetning fanatlar o‘rtasidagi taniqlilik belgisiga aylangan.
2016 yil. «Borussiya» D fanat- lari - Mario Gyotsega qarshi
Kichik ukaning dushmanlar sharafini himoya qilish uchun ketishi - har qanday imperiyadagi fuqarolar urushi uchun odatiy hol. Keyin uyga qaytish, biroq na ishda va na hayotda tinim bor. Gyotse ham unchalik quvonch bilan kutib olinmagan Dortmundga qaytgach, jihon birinchiligi finalida g‘alaba to‘pi muallifiga aylangan futibolchiday o‘ynolmayapti. Vaske hatto Tuxel mazkur transferga qarshi bo‘lgani to‘g‘risida gapirganday bo‘ldi ham - u fanatlar mazkur o‘tishni qanchalik yomon kutib olishlarini sezgan ekan. Ammo har qanday holatda ham, «Borussiya» fanatlarida klub tarbiyalanuvchisiga qarata hushtak chalish uchun ikki muhim sabab bor.
Birinchidan, futbolchi ikki o‘rtada tuzilgan shartnomaga asosan 2016 yil oxirigacha ishlab berishga va’da qilgan bo‘lsa-da, «Bavariya»ga o‘tib ketdi. Ikkinchidan, Myunxenda o‘ynab ketolmagach, xorijdan bo‘lgan boshqa takliflarni qabul qilishga jur’at etolmadi va qadrdon jamoasiga qaytishga ahd qildi, muxlislardan qo‘llab-quvvatlash kutgani ham ayon. Gyotse doimo aqlli yigit bo‘lib kelgan, u hamon yosh va aslo ahmoq emas, biroq Mariro va «Borussiya» fanatlarini yarashtirib qo‘yish unga ham oson bo‘lmasa kerak. Darvoqe, Levandovski masalasiga kelsak, unga nisbatan qarashlar u qadar salbiy emas - u harqalay begona (polshalik), Xummels esa butunlay boshqa masala: u «Bavariya» tarbiyalanuvchisi. Shunday bo‘lgach, Gyotse «sotqin»lar orasida birinchi o‘rinda.
2015 yil. «Marsel» fanatlari - Matye Valbuenga qarshi
Valbeun «Lion»ga - «Marsel»ning ashaddiy raqibi safiga o‘tishi bilan (aytgancha, u Moskvaga kelguniga qadar ham bu jamoa sharafini himoya qilgandi) sobiq jamoasi muxlislari unga qarshi «ov»ni boshlab yuborishdi. Bu o‘tishni hech kim kechirmadi - Valbuenning qo‘g‘irchog‘ini ikki «Olimpik» o‘yinida osib qo‘yishgani yetmaganiday, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida bahsni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi: Matyega qarata shishalar, yelim stakanlar, umuman cho‘ntakda nima topilsa bari otildi.
«Marsel» tarkibida o‘tkazilgan 8 yil o‘z so‘zini aytgandi - Valbuen mahalliy muxlislarning o‘z futbolchisiga aylangan, u raqiblar safidan o‘rin olgach esa, qoni qaynoq janubliklar qahr otiga minishgandi. Matye «Lion» fanatlaridan himoya istamoqda, gollar kirityapti, sobiq klubiga qarshi o‘yinlarda aniq to‘p uzatmoqda ham. Dastlab,«Marsel» fanatlari bu mojaroda oldinda borayotgan edilar, Valbuenni aeroport to‘xtash joyida kaltaklashga ham urinishlar bo‘lgandi, ammo fransuz bunday harakatlarga nisbatan maydonda munosib javob qaytarmoqda.
2011 yil. «Liverpul» fanatlari - Fernando Torresga qarshi
APLning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lgan ispaniyalik hujumchi sha’niga shu darajada ko‘p la’natlar yog‘dirilardiki, hatto ins-jinslarga ishonmaydigan muxlislar ham uning o‘yinidagi o‘zgarishlarni sezmay qolishmasdi. Aslida, futbol tarixidagi eng qimmat hujumchi jonini jabborga berib o‘ynashni xohlardi. Londonga qanot qoqib uchishga intilar, buning uchun kuch va iqtidorini ayamasdi. Ammo Torresga «Chelsi» tarkibida Drogba kabi o‘yinchi bo‘lish nasib qilmadi. Bu transferni bemalol omadsiz deb atash ham mumkin. Orqaga esa yo‘l yo‘q, axir «Liverpul»da uning liboslarini xuddi o‘tgan asrlarda ins-jinslarga ishongan odamlar alvasti kirib olgan kiyimlarni yoqishganday ayovsiz kulga aylantirishgandi-da.
Shu tariqa Torres Liverpul futboli inkvizisiyasiga aylantirildi, fanatlar tomonidan «sotqin»ga chiqarilgan futbol afsonalaridan biri bo‘lib qoldi. Ispaniyalikning o‘zi esa shaxsiga nisbatan bildirilayotgan salbiy fikrlarni, hushtaklarni tushunmas, o‘zini vaziyat qurboni sanardi. Hozirda ham Torres «qizillar» xo‘jayinlari yillar davomida uni aldab kelishganini, tarkibni kuchaytirishni ko‘pkutganini va sovrinlar uchun kurashga kirishish orzusida yashaganini aytadi.Fanatlar bo‘lsa uning o‘zini oqlashlarini eshitishadida, «Chelsi»ga o‘tish... «Liverpul»ga sadoqat ramzi ekanligini esiga solishadi. Axir futbolchi hech bo‘lmasa «Manchester Yunayted»ga o‘tishi mumkin edi-ku. Temir logika. Bir so‘z bilan aytganda, ispaniyalik hech qachon fanatlarni tushunmaydi, muxlislar - uning yechimini.
2011 yil. «Shalke» fanatlari - Manuel Noyerga qarshi
Hamon «Bavariya» «Shalke»ga qarshi mehmonda maydonga tushganida va to‘p Mayerga oshirilganida hushtaklar chalina boshlanadi. Nemislar - pragmatik xalq, ular nimani buyurishsa - o‘shani bajarishadi, kun tartibini va tartibni yoqtirishadi. Ammo his-tuyg‘usiz emaslar. Manuelning «Bavariya» foydasiga qilgan erkin tanlovini ular hamon kechirisholmayapti, kechirisholmasa ham kerak. Agarda golkiper «Real» yoki «Manchester Yunayted»ga yo‘l olganida, balki hech kim hech narsa demagan bo‘larmidi? Ammo rur futboli tarbiyalanuvchisi Myunxenni tanlaganida - shu darajada bosim kuchayib ketdiki, uni ta’riflashga so‘z ojiz.
Darvozabonning qo‘g‘irchog‘i ko‘prikka osib qo‘yildi. Uning shaxsiga yozilgan eng yumshoq banner esa «SOTQIN». Hatto hozir ham «Shalke» fanatlari Noyerni uchratib qolishsa avrar-astarini chiqarib so‘kishdan o‘zlarini tiyisholmaydi. Bu esa bahaybat Manuelga aslo yoqmaydi, ammo «salom»ga yarasha «alik» olsa mojarolardan boshi chiqmaydi-da. O‘yin davomida shaxsiga nisbatan yangrayotgan hushtaklarni esa darvozabon oddiy holday qabul qiladi - axir u yoshligidan «Shalke» fanati. Qiziq holat - Noyer «Bavariya»ga o‘tganidan xursand, ammo fanat sifatida muxlislarni tushunarmikan?!
2009 yil. «Zenit» fanatlari - Vladimir Bistrovga qarshi
«U odam edimi?» Bu savolni mashhur banner yordamida berishdi, aynan unda «Uzuklar hukmdori» qahramoni Gollum Bistrov timsolida tasvirlangan va «Spartak»ning «romb»asini ushlab olgancha mashhur bo‘lgan ibora «Mening jozibadorim» so‘zlarini takrorlardi. Hamma gap shundaki, Bistrov dastlab Moskvaga yo‘l olarkan beshikdalik chog‘idayoq «Spartak» muxlisi bo‘lganini takrorladi, keyin esa, hech narsa bo‘lmaganday qaytishga qaror qilib «Zenit» muxlislarining qonini qaynatib yubordi. Darvoqe,Vladimir o‘sha bannerdagi Gollumda haqiqatda nima ifolanganligini anglayolmadi - unga banner yoqdi, hatto sovg‘a qilishlarini so‘radi - fanatlar esa futbolchidagi qat’iyatsizlikni qattiq qoralashdi, javob sifatida esa o‘yinchining hech narsani anglatmaydigan kulgusini olishdi.
Aslida, Bistrov Sankt-peterburglik muxlislarning Moskva klubiga nisbatan o‘z qarashlari borligini juda yaxshi biladi. Hatto ular RF poytaxtida bir bor bo‘lmagan insonni ham «moskvalik» deb atashga tayyorlar. «Zenit» bilan bog‘liq biror masalada qarashlari to‘g‘ri kelmay qolsa esa uni «Spartak» fanatiga chiqarib qo‘yishlari hech gap emas. Biroq mazkur tushunmovchilikdagi muammo yanada nozik - Karpin Fedunga nisbatan bosim o‘tkazishganini va Bistrovni «Zenit»ga qo‘yib yuborishga majbur qilganini gap orasida aytib yubordi. Mazkur transfer esa o‘yinchiga qo‘l keldi, ammo raqibni kuchsizlantirib yubordi - chempionlik maqomini Vladimir «Spartak»dan qaytganidan so‘ng yutib oldi. Vladimirga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar vaqt o‘tgan sayin unutilgani rost. Zero, u Peterburg futboli afsonasining bosh figurasi emas. Biroq «Smena» va «Zenit» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Bistrovni dunyo darajasida yorqin qabul qilishgani hanuz tushunarsiz.
2009 yil. MYU va MS fanatlari - Tevesga qarshi
Manchesterda faqat «Manchester Yunayted» fanatlarigina Tevesni «Manchester Siti»ga o‘tib ketgani va ayriliq uchun faqat sobiq klubi aybdor deb aytgani uchun yomon ko‘rishadi, deb o‘ylaysizmi? Xato qilasiz, Karlitos bu borada kam uchraydigan effektni yaratdi - Manchesterning har ikki klubi muxlislarining qarashlarida bir xillik kuzatildi. Ular hamkorlikda axlat tashuvchi yuk mashinasiga buyurtma berishdi va unga Teves futbolkalarini tashlashni taklif qilishdi. «Qizil iblislar»ning argentinalikka nisbatan eski hisob-kitoblari bor, «moviy oy» vakillarini esa futbolchi 2011 yilda Chempionlar Ligasi doirasida «Bavariya»ga qarshi bahsda maydonga chiqishdan bosh tortgani qahrlantirib yuborgan.
Karlos keng jamoatchilik oldidagi chiqishdan so‘ng tinchlandi deb o‘ylasangiz esa xato qilasiz. Oradan yarim yil o‘tgach, chempionlik maqomi nishonlanayotganida u ser Aleks Fergyusonga quyidagi yozuvni yubordi: «Qabringda tinch yot, Fergi». Bu bilan Teves Fergyuson qachonlardir aytgan bir iborani hammaning yodiga solib qo‘ymoqchi bo‘lgandi: «Teves «shaharliklar» tarkibida chempion bo‘lgunicha men u dunyoga yo‘l olaman». Futbolchining mazkur xurmacha qilig‘i uchun «Manchester Siti» rasmiy ravishda uzr so‘radi, ammo shundan so‘ng Karlos o‘zini juda ham yaxshi ko‘rishmaydigan klubda yana bir mavsum to‘p surdi va endi Manchesterga oyog‘i tortmasa ham kerak - «Yunayted» fanatlarining uni ko‘rgani ko‘zlari yo‘q. Bu sizga Ouen emas, Maykl MYUga o‘tishga qaror qilganidan so‘ng qadrdon Liverpulida hushtaklarga sabab bo‘lsa ham, ish oyoqda tepkilashgacha borib yetmasligi aniq.
2000 yil. «Barselona» fanatlari - Luish Figuga qarshi
Yaqinda «Barselona» akademiyasi murabbiylari bilan bog‘liq mojaro yuz berdi. Hammasiga murabbiylarning «Real» afsonaviy futbolchisi Raul bilan birga suratga tushishni taqiqlab qo‘yishgani sabab bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, kataloniyaliklar uchun ashaddiy raqib o‘yinchisi bilan tushilgan surat ham obro‘lariga berilgan zarba ekan, biroq bu «Barselona» bosslariga Figuni «Real»ga million pesetga berib yuborishlariga to‘sqinlik qilolmadi. Blaugranslar sardori esa shunday deb bayonot berdi: «Real»ga o‘tmayman. Fanatlar ko‘zlariga qanday qarayman axir?» Ammo o‘tdi - pul va sovrinlar uchun o‘tdi.
Figuning aytishicha, bu voqea allaqachon tarixga aylangan, shunchaki u Barselonada kam bo‘ladi, xolos. Futbolchi tarafiga qarata esa fanatlar el-klasiko davomida faqatgina turli buyumlar otibgina qolmasdan, hatto cho‘chqa boshini ham irg‘itishdi, duch kelib qolganida imkon qadar obro‘sizlantirishga intilishdi. Yevro-2004 finali davomida (o‘shanda greklar sensasion darajada g‘alaba qozonishgandi) Figuning oldiga aynan «Barselona» fanati yugurib keldi va unga «la’nat»ni topshirdi. Luish hamon kataloniyaliklar uni qadrlashmaganini, «Real»ga o‘tishida pul asosiy faktor bo‘lganini ta’kidlaydi va Madridga «Barselona»dan hozir ham o‘tgan bo‘lishini aytadi. Qilmishidan afsus chekmaydigan «sotqin» bundan keyin ham fanatlarning jahlini chiqaraveradi.
Yuqorida to‘xtalgan voqealarni - futbolchiga nisbatan bo‘lgan muhabbat bir lahzada nafratga aylanish hodisalarini nima bir-biriga yaqinlashtirmoqda? To‘g‘ri, shunday o‘yinchilar ham borki, ularning qaysi klubga o‘tishi bilan muxlislarning ishi yo‘q - xohlashsa «Real»ga yoki «Barsenlona»ga o‘tmaydimi. Lekin biz yuqorida nomlarini keltirgan futbolchilarni fanatlar o‘zlaricha sevishardi. Ularning har birini o‘zlari uchun aziz va qadrdon, hatto oilasi a’zolari deb bilishardi. O‘z arzandalarini alqashar, ular bilan maqtanishardi. Shunday ekan, fanatlarning fikricha, bu futbolchilarning boshqa klublarga o‘tib ketishi «sotqinlik» emasmi?! Demak, kimni eng ko‘p sevishgan bo‘lsa aynan o‘shalar nafratga loyiq ekanlar-da?