Bu futbolchi rossiyaliklarning Xalkni unutishlariga sababchi bo‘ldi. Sankt-Peterburgga kelgach, tez orada mahalliy muxlislar mehrini qozona olgan Juliano yaqinda Championat.com saytiga intervyu berib, «Zenit»dagi faoliyati, jamoadoshlari hamda bevosita futbolga bog‘liq savollarga javob qaytardi.
- Xalk «Zenit»da tarjimon xizmatidan foydalanardi. Siz esa...
- Bunga ehtiyoj sezmayapman. Ingliz, ispan va hattoki, rus tilida ham gaplasha olaman.
- Sizni Xalk bilan solishtiraverishlari joningizga tegmadimi?
- Chindan ham o‘xshatishadi, vaholanki, biz mutlaqo boshqa-boshqa odamlarmiz. Ikkimiz ham bir narsani yaxshi uddalayotganimiz uchun solishtirishsa kerak. Men - braziliyalikman, faoliyatim omadli boshlandi, 7-raqamda to‘p suraman, hammasiga sabab shu. Bundan aslo xavotir olmayman, aksincha, yoqadi. Xalk jamoada barchaga namuna edi. Umuman, braziliyalik futbolchi bo‘lish ajoyib. Qaysi mamlakatga borma, o‘sha yerda vatandoshlaringga duch kelasan.
- Rossiya va Braziliya futboli o‘rtasida katta farq bormi?
- Bizning yurtda texnikaga katta urg‘u beriladi, Rossiyada esa ko‘pincha himoyadan to‘p surishadi. Mudofaada besh futbolchi o‘ynaydi.
- Braziliyada shunday taktik sxemani qo‘llaydigan nechta jamoa bor?
- Bunaqasi yo‘q. Hattoki, turnir jadvalining so‘nggi pog‘onalarida borayotgan klub ham yetakchilarga qarshi bahslarda ochiq futbol namoyish etadi. Taktika bobida Rossiya oldinda. Qolaversa, RFPLda jismoniy tayyorgarlik maromida bo‘lishi shart. Ernanini biroz vazn to‘plashga chaqirishimning sababi ham shunda.
- RFPLda faoliyat yuritish Braziliya termasidan chaqiruv olishda qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- «Zenit»ga kelib, bitta uchrashuv o‘tkazdim va meni milliy jamoaga chaqirishdi. Albatta, bunga Rossiyadagi dastlabki o‘yinim emas, balki «Gremio»dagi faoliyatim sabab bo‘ldi. Ishonchim komilki, «Zenit»da muvaffaqiyatli to‘p sursam, termaga jalb etishadi. Orzum - ayni payt uyimga aylangan mamlakatda o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish.
- «Dnepr»da o‘ynayotganingizda, Luchesku sizni «Shaxtyor»da ko‘rishni xohlagan ekan...
- Rostini aytsam, bundan bexabarman. Shaxsan taklif olmagandim.
- Vitsel «Zenit»ni qanday tark etdi?
- Chat orqali xayrlashdi. «Vatsap»da alohida guruhimiz bor, unda legionerlar o‘zaro fikr almashishadi. Vitsel aynan o‘sha yerga yozdi. Biz unga omad tiladik. Aksel shunday qarorga kelibdimi, demak o‘zi uchun to‘g‘ri tanlovni qabul qilgan. U ajoyib yigit.
- Sizga «Yuventus» va Xitoy chempionatidan taklif tushsa, grand klubni tanlarmidingiz yoki pul muhimroqmi?
- Bu savolga javob berish qiyin. Har bir kishi o‘zi qaror qabul qiladi. Har kimning o‘ziga yarasha qarashlari bor. Har bir futbolchi ham yuksak saviyada o‘yin ko‘rsatib, ham ko‘p pul topishni istaydi. Xitoyliklar yirik miqdorda maosh to‘lashayotgan ekan, buning hayratlanarli yeri yo‘q. Chin yurtida to‘rt yil ko‘ngildagidek to‘p surish orqali oilangning yorqin kelajagiga asos solishing mumkin. Boshqa tomondan, top-klub, sovrin, YECHL va terma jamoani ham unutmaslik darkor. Mazkur holatda kishi ichki tuyg‘ulari bilan kurashadi. Shaxsan o‘zim nimani tanlashimni bilmayman.
- Faoliyatingizdagi eng yaxshi o‘yin qaysi?
- «Makkabi»-«Zenit»-3:4. 75-daqiqada 0:3 hisobida yutqazayotgandik. Vaziyatni o‘zimiz uchun ijobiy tomonga o‘zgartirishimizga hech kim ishonmagandi. Hattoki, biz - futbolchilar ruhiy tushkunlikka tushib qolgandik. Ammo baribir, holatni o‘zgartirib, yakunda g‘alaba qozondik. Bunaqasi hali-veri kuzatilmasa kerak. Men «Zenit» emas, umuman, futbolni nazarda tutyapman. Isroilda kechgan bahsda gol urib, uchta samarali uzatma muallifiga aylandim. Bu hayotimdagi eng yaxshi uchrashuv bo‘ldi.
- Shundan so‘ng Krasnodarda ro‘y bergan voqea - yuqoridagi g‘alabaga o‘ziga xos kompensasiyamidi?
- Ehtimol. 86-daqiqada ham g‘alaba qozonayotgandik. Qolgan soniyalarda esa raqib ikkita to‘p kiritib, vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi. O‘shanda urilgan golning qiymati yuqori edi. Futbol aynan shunday voqealar tufayli ham yuksak qadrlanadi. Ba’zan bizga, ba’zan raqibga omad kuladi.
- Taqdirga ishonasizmi?
- O‘z ishimga ishonaman. Albatta, omadning borligi ham rost, ammo u aynan mehnat qilganlarga hamroh bo‘ladi.
- Rossiyalik sobiq futbolchi Yuriy Gavrilov bir safar «Gol urishdan ko‘ra, samarali uzatma berish ko‘proq zavq ulashadi», degandi. Shu fikrga qo‘shilasizmi?
- Yo‘q. O‘ylashimcha, bunda ikki xil quvonch bor. Mening uzatmamdan so‘ng gol urishsa, ham jamoa, ham to‘p kiritgan sherigim uchun xursand bo‘laman. Uning muvaffaqiyatini bajonidil birga nishonlayman. Biroq o‘zing darvozani ishg‘ol qilganda boshqa narsani his etasan. Gol - futbolning yuqori cho‘qqisi. Xullas, to‘p kiritishning qadri baribir, balandroq.
- Ba’zan o‘ta chiroyli pas muallifiga aylangan holda, oddiy gol urishga to‘g‘ri keladi...
- Gollarning xunugi bo‘lmaydi. Muhimi, to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tsin. Shaxsan menga chiroyli uzatma berishdan ko‘ra, oddiy gol urish ahamiyatliroq.