Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Rossiyaga kelishga jur’at qilolmagan 10 legioner

Rossiyaga kelishga jur’at qilolmagan 10 legioner

Baho:
+ | -

Bugun biz axborot asrida yashayapmiz. Ertalab - ko‘zimizni ochishga ulgurmayoq eng so‘nggi xabarlarni o‘qiymiz. Qishda - transferlar kompaniyasi avjiga chiqqan pallada esa bu ayniqsa, o‘ta avjiga chiqadi: qaysidir futbolchi bilan muzokaralar olib borilyapti, boshqa birovi bilan esa kelishuvga imzo chekilibdi, yana kimdir ketishga yoki kelishga ulguribdi. Murabbiy bilan achchiqlashib olganlar qancha... Ikki oycha ahvol shu.

Rossiya premyer-ligasidagi bir qancha taniqli klublar haqiqatan ham qishki transferlar davomida bir qator futbolchilarni o‘z saflariga chorlashga intilishdi. Ammo taklif qilinganlarning aksariyat ko‘pchiligi UYEFA koeffisiyenti bo‘yicha top-5talikka kirmagan chempionatda ishtirok etish imkonidan foydalanmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Memfis DEPAY (Gollandiya, 23 yoshda)

Qayerdan qayerga: «MYU»-«Lion»

Nomzod: «Spartak»

Qizil-oqlarning qanotlarida gollandiyalik juftlik - Kvinsi Promes va Memfis Depaylarning to‘p surishi Rossiya chempionatida qanday o‘ziga xoslikni yaratishini tasavvur qilishning o‘zi kishini to‘lqinlantirib yuboradi. Shunday ekan, «Manchester Yunayted»ning 23 yoshli vingeri «Spartak»ni anchayin kuchga to‘ldirib yuborishi haqida ortiqcha gap-so‘zlarga hojat ham yo‘q. Biroq qadrdon do‘sti Promesning har qancha iltimoslariga va sovg‘a sifatida taqdim etilgan «Spartak»ning 7-raqamli libosiga qaramay, Depay qo‘shni Fran-siyaga ko‘chib o‘tishni ma’qul deb bildi. «Lion» «qizil iblis»larning zahiradagi o‘yinchisiga 16 mln. yevro to‘ladi. Memfis hozirgacha Liga-1da 6ta o‘yinda ishtirok etdi va  gol urishga ham ulgurdi.

Devi PRYOPPER (Gollandiya, 25 yoshda)

Qayerdan qayerga: PSVda qoldi

Nomzod: «Zenit»

PSVning hujumkor yarim himoyachisi «Zenit» markazida muhim pozisiyani egallashi kutilgandi, lekin golland tomoni mavsum o‘rtasida - Eyndxoven klubi chempionlik uchun kurashayotgan muhim pallada yetakchi futbolchisini sotishni istamadi. Aniqroq qilib aytganda, PSV rahbariyati yorqin xavbek bilan xayrlashishga qarshi bo‘lmadi-yu, 25 mln. yevro miqdoridagi qo‘shimcha to‘lov piterliklarni xursand qilmagani aniq. Bunga hayron bo‘lishning ham hojati yo‘q - axir, 25 yoshli futbolchining asl bahosi transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, 9 mln. yevroni tashkil qiladi, xolos. «Zenit» esa 14 mln. taklif qildi.  Joriy yil qishidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga qaramay, PSV texnik direktori Marsel Brands Rossiya klubi bilan muzokaralar yozda davom etishiga ishonadi:

- «Zenit»dan taklif kelib tushishi bilanoq, biz Devini qishda sotmasligimizni ma’lum qildik. Ammo muzokaralarga yozda qaytishimiz mumkin. Aytgancha, Pryopperning o‘zi ham transfer masalasi bo‘yicha kelishuvlar mavsum o‘rtasida emas, yozda o‘tkazilishi tarafdori.

Maykl OLUNGA (Keniya, 22 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Yurgorden»-«Guychjou Chjichen»

Nomzod: SSKA

Maykl-Olunga nomi 2016 yilning qishida Yevropaga ma’lum bo‘ldi - o‘shanda futbolchi Arsen Vengerga vidoyemurojaat qilib, uni «Arsenal» safiga olishni so‘ragandi. Hujumchi Londondan javob olmadi, ammo tez kunda Shvesiyada paydo bo‘ldi va qisqa vaqt ichida «Yurgorden»ning eng yaxshi bombardiriga aylandi. SSKA mana bir necha yildirki Skandinaviya zaminida iqtidorli forvardlarni izlayapti va qishki transfer bu boradagi harakatlarga nuqta qo‘ymadi. «Natija ko‘rsatuvchi muhandis» nomi ostida tanish bo‘lgan keniyalik bilan o‘tgan yilning noyabrida «Betis», «Lokeren», «Bryugge» va «Malmyo», yanvarda esa afrikalik uchun kurashga «Galatasaray», «Guychjou Chjichen» va SSKA ham qo‘shildi. Yevropadagi top-ligalarning birida o‘ynash istagi yuqori bo‘lishiga qaramay, Olunga Xitoydan kelgan taklifni qabul qildi.

- «Guychjou Chjichen» Rossiya jamoasidan farqli ravishda, futbolchi uchun yaxshiroq bo‘lgan taklif bilan chiqdi. «Yurgorden» rahbariyati ham mazkur kelishuvdan ko‘proq ishlab olishni maqsad qilgandi. Shu bois, ikkinchi variant tanlandi. «Armiyachilar» taklif qilgan mablag‘ to‘g‘risida esa gapirmaslikni ma’qul deb bilaman, xitoyliklar taklifidan esa bosh tortib bo‘lmasdi, - deydi keniyalikning agenti.

Kristian BASSOGOG (Kamerun, 21 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Olborg» - «Xenan Szyanye»

Nomzod: «Lokomotiv»

«Lokomotiv» qishki transfer oynasi yopilishiga sanoqli daqiqalar qolganida jamoa hujum chizig‘ini kuchaytirishga harakat qildi. Natijada, dedlayn nihoyasida «Krasnodar»dan Ari ijaraga olindi. Shuningdek, «temir-yo‘lchilar» Kristian Bassogog - sirli kamerunlik bilan ham kelishishga intilishdi, aynan u Afrika kubogi g‘olibi bo‘lgandi. Daniya OAVlari ma’lumotlariga qaraganda, moskvaliklar «Olborg»ga afrikalik uchun 5 mln. yevro taklif qilishgan. KAN-2017ning eng yaxshi o‘yinchisi esa Rossiya variantini chetga surib, Xitoy yo‘nalishini tanlashni ma’qul deb bildi.

- Xitoyliklar futbolchining asl narxidan ancha yuqori mablag‘ to‘lashdi. Bassogogning agenti bo‘lsam-da buni ayta olaman. Ishonchim komil, u «Lokomotiv» uchun munosib emas. «Temiryo‘lchilar» Kristian ular safiga qo‘shilmagani uchun xursand bo‘lishlari kerak. Uning yoshi endigina 21da va hozirdanoq futboldan ko‘ra pulni afzal bilgan kishidan Rossiya futboli naf ko‘rmasdi, - dedi kamerunlik manfaatlarini himoya qiluvchi Dmitriy Selyuk.

Stiven KOLKER (Angliya, 25 yoshda)

Qayerdan qayerga: KPRda qoldi

Nomzod: «Lokomotiv»

Ingliz himoyachisining «Loko» tarkibiga o‘tish ehtimolini haqiqiy komediya tarixi deyish mumkin. «Temiryo‘lchilar» «Tottenxem» tarbiyalanuvchisi borasida KPR bilan yangi yil arafasidayoq kelishuvga erishishgandi, biroq qizil-ko‘klar rahbariyati futbolchining og‘ir xarakterini hisobga olmagan ekan. Dastlab, masala futbolchini ijaraga olish to‘g‘risida edi, ammo keyinroq Kolker va uning vakillari kelishuvni qayta ko‘rishni istab qolishdi va 3,5 yillik to‘liq shartnomaga rozi ekanliklarini bildirishdi. Bundan tashqari, yangi kelishuvda Stiven haftasiga 100000 funt miqdordagi maoshni olish istagidaligini aytdi. Balki, Kolker aql bovar qilmas talabni qo‘yarkan, Rossiyani Xitoy bilan adashtirib yuborgandir. Inglizning mast bo‘lib olib Londonda ko‘rsatgan ho‘naridan so‘ng esa, «Lokomotiv» bu mavzudagi har qanday gap-so‘zlarga nuqta qo‘ydi. Zero, Garri O`Konnor misolida bir marta og‘zi kuygan «Loko»ning qarorini tushunsa bo‘ladi.

Albert RIYERA (Ispaniya, 34 yoshda)

Qayerdan qayerga: erkin agent

Nomzod: «Tom»

Kolkerning «Lokomotiv»ga transfer masalasining yo‘qqa chiqqani kishida kulgu uyg‘otsa, Riyera-«Tom» tarixi o‘ta qayg‘uli va g‘amgindir. Taniqli ispaniyalik - u o‘z davrida «Espanyol», «Bordo», «Man. Siti», «Liverpul», «Olimpiakos», «Galatasaray» va «Udineze» sharafini himoya qilgandi, Valeriy Petrakov jamoasiga qo‘shilish istagidaligini bildirdi. «Bundayin taniqli futbolchi karyerasi nihoyasida bo‘lsa-da, premyer-ligada jon saqlab qolish umidini uzgan klubda nima yo‘qotgan ekan?», - deb so‘rarsiz, balki. Javobi oddiy - issiqqon Riyera uchun Sibir begona o‘lka emasdi. Hamma gap shundaki, 34 yoshli yarim himoyachi rossiyalik qizga uylangan, nikoh marosimi esa Omskda o‘tkazilgandi. Riyera «Tom»ga oliyda qolishga qanchalik yordami tegish-tegmasligini bilmadig-u, tajribali ispan futbolchisining xizmatlari qishda 17 futbolchisidan ayrilgan jamoaga kor kelishi aniq edi. Alal-oqibat, Turkiyaning ikki karra chempioni va Ispaniya termasi safida Konfederasiyalar kubogida bronza medallarini qo‘lga kiritgan Albert Riyeraga Rossiyada to‘p surish nasib qilmadi. Kambag‘al «Tom»ga tarkibiga yangi futbolchilarni jalb qilish taqiqlab qo‘yilgandi.

Aryen ROBBEN (Gollandiya, 32 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Bavariya» bilan shartnoma imzoladi

Nomzod: «Zenit»

Robben va «Zenit» - Rossiya qishki transfer oynasining bosh ertagi. «Bavariya»ning yetakchi «qaroqchi-chol»laridan birining Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tishga rozilik bildirganiga ko‘k-oq-yashillarning eng sadoqatli muxlislari - shunda ham kuchli ruhiy preparatlar ta’sirida ishonishi mumkin edi, xolos. Robben darajasidagi o‘yinchi - «Bavariya»ning oltin asri timsollaridan biriga Mirche Luchesku ham halaqit qilmas edi, ammo gollandda «Zenit»ga transfer qilinishiga rozi bo‘lishga undovchi biror sabab topilmadi. Aryenni Rossiyaga faqat bir yo‘l bilan jalb qilish mumkin edi xolos - futbolchining shartnoma bo‘yicha shaxsiy talablarini qondirish. To‘g‘ri, gollandilik Bavariyani tark etishga rozilik bildirganidan so‘ng, Xitoyning xohlagan bir klubi Piter klubidan kattaroq mablag‘ berishga rozi bo‘lardi. Alal-oqibatda, Robben «Bavariya» bilan shartnomasini 2018 yilgacha cho‘zdirib oldi, bundesligada ajo-yib o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda, Chempionlar Ligasi doirasida «Arsenal» darvozasiga takrorlanmas to‘p ham kiritdi.

Stevan YOVETICH (CHernogoriya, 27 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Inter» - «Sevilya»

Nomzod: «Spartak»

Rossiya birinchiligi yetakchisi transfer oynasi davomida kutilmaganda faollik ko‘rsatdi. Ba’zida, Moskva jamoasi vakillarida klubning bosh aksioneri tomonidan tarkibni kuchaytirishga ajratilgan 25 mln. yevroni sarflash xohishi o‘ta yuqoriday tuyuldi. Qizil-oqlarning bu harakatlarida Italiya futboli vakillari asosiy o‘rin tutgani ham tushunarli - murabbiylik kursisida aynan shu yurtlik inson o‘tiribdi. ITASportPress ma’lumotlariga qaraganda, qizil-oqlar chernogoriyalik futbolchi uchun - u joriy mavsumda «A» seriyada bor-yo‘g‘i 67 daqiqa to‘p surgan bo‘lsa-da, 15 mln. yevro sarf qilishga tayyor edilar. Yovetichning o‘ziga esa «Spartak» yiliga 3,5 mln. yevro oylik to‘lashga tayyor edi. Moskvaliklarning bu darajadagi saxiyliklariga qaramay, Stevan Italiyadagi faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. «Inter» esa «Fiorentina», «Sampdoriya» va «Djenoa»dan tushgan takliflarni ham rad etib, 27 yoshli futbolchini «Sevilya»ga ijaraga berib yubordi.

Emmanuel EMENIKE (Nigeriya, 29 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Fenerbaxchi»da qoldi

Nomzodlar: «Spartak», «Rubin», «Lokomotiv»

Emenike - aynan u o‘tgan qishda Rossiya transfer oynasining eng talabgor futbolchilaridan biri bo‘ldi. Barcha ma’lumotlar Turkiya OAVlaridan tarqatilgan bo‘lsa-da, «Spartak»ning sobiq eks-forvardining karyerasi so‘nggi oylarda qay tariqa davom etayotganiga nazar solib, bu xabarlarda jon borligiga amin bo‘lamiz. Nima bo‘lganida ham, bir narsa aniq - Emenike Turkiyadan, jumladan, Dik Advokatdan (oxirgi paytlarda ular o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi emas) qochib ketmoqchi edi. Boshqa savol: nigeriyalik yuqorida nomlari keltirilgan klublarga qanchalik kerak edi? «Spartak» va «Lokomotiv» haqiqatda bu hujumchiga astoydil qiziqishdi, shu bois, Emenikening bu jamoalardan biri tarkibiga qo‘shilish ehtimoli anchayin yuqori edi. «Rubin» masalasiga kelsak, Qozon klubi inqiroz davrida xarajatga tayyor turgan kam sonli klublardan biri. Nima bo‘lganida ham, o‘ta kuchli va tezkor forvard Rossiyaning hech bir klubiga o‘tmadi, uning «Faner»  bilan shartnomasi esa yozda nihoyasiga yetadi.

Andrea RANOKKYA (Italiya, 28 yoshda)

Qayerdan qayerga: «Inter» - «Xall Siti»

Nomzod: «Zenit»

«Zenit» Italiya termasi a’zosini sotib olishga astoydil urindi. Italiya OAVlari xabarlariga qaraganda, piterliklar himoyachi uchun 8 mln. yevro to‘lashga ham tayyor edilar - bu Ranokkyaning bozor bahosidan bir necha million ko‘p (transfermartk ma’lumotlariga ko‘ra, bu futbolchining narxi - 6 mln. yevro). Ammo xuddi Yovetich bilan bo‘lgani kabi, Andrea ham «A» seriyasidagi faoliyatini davom ettirish istagidaligini aytdi, biroq «Xall Siti» bilan yarim yillik ijara shartnomasini imzolab, o‘yin amaliyoti uchun Angliyaga yo‘l oldi. «Zenit» esa italiyalikning qaroridan unchalik xafa ham bo‘lmadi, axir klub rahbariyati «Chelsi» bilan Branislav Ivanovich to‘g‘risida kelishuvga erishdi-da. Buning ustiga, serbiyalik himoyachi uchun Sankt-Peterburg jamoasi bir tiyin ham to‘lamadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:51, 16.03.2017.
O'qildi: 16614 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.