Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Fransis Kone yoki 4 nafar futbolchi xaloskori haqida

Fransis Kone yoki 4 nafar futbolchi xaloskori haqida

Baho:
+ | -

Futbol ko‘pgina qahramonlarni biladi. Klubga hayotlarini baxshida etgan faxriylar; o‘yinning so‘nggi daqiqasigacha o‘z darvozasi dahlsizligini saqlash uchun jon fido qilgan darvozabonlar... Ularning barchasi bizning kumirlarimizdir. Ammo shundaylar ham borki, bu futbolchilar yana bir qancha fazilatlari bilan ajralib turishadi. Togo terma jamoasi va Chexiyaning «Slovasko» klubi o‘yinchisi  Fransis Kone - aynan shundaylardan. Futboldagi sakkiz yillik faoliyati davomida u to‘rt nafar hamkasbining hayotini saqlab qolgan. Uning shiori: «Birorta yomon narsa sodir bo‘lsa aslo qochma». Bundan bir necha hafta avval yuz bergan voqeani esa u uzoq vaqt yodida saqlab qolishi aniq, zero buni unutib bo‘larmidi?

«Slovasko» Pragada «Bogemians 1905» jamoasiga qarshi maydonga tushgandi. Kone to‘pni raqib jarima maydonchasiga yo‘llash uchun o‘qday oldinga otilgan pallada mehmonlar jamoasi sardori Daniel Krch bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun hujumchi ortidan yugura boshlagan, darvozabon Martin Berkoves esa oshirilishi kutilayotgan to‘pni ushlashga hozirlik ko‘rayotgandi. Kutilmaganda himoyachi va darvozabon o‘zaro to‘qnashib ketishdi. Butun o‘yingoh jiddiy ko‘ngilsizlik yuz berganini anglab sukutga cho‘mdi. O‘sha lahzalarda  Konening o‘zi ham gazonga qulagandi, ammo futbolchi himoyachidan farqli ravishda posbon qimirlamay yotganini ko‘rgach, darhol o‘rnidan turdi.

- Darvozabon yo hushidan ketgan, yoki bo‘lmasa bundan-da yomon voqea yuz bergandi. Darhol oyog‘imni uning ko‘kragiga - chap qo‘lini ushlash uchun qo‘ydim. Ba’zi hollarda inson tanasi karaxt holatiga tushib qoladi va bunda uni nazorat qilish qiyin bo‘ladi. Berkovesning og‘zini ochishga uringanimda esa bu oson bo‘lmasligini angladim. Ammo men taslim bo‘lmadim va jabrlanuvchi tilini yutib yubormasligi uchun qo‘limdan kelgan barcha narsani qilishga urindim. Vaqt esa o‘tib borardi. Boshqa futbolchilar ham yetib kelishdi va menga yordam berishga oshiqishdi. Hammamiz darvozabonni yon tomoni bilan yotqizib qo‘yishga kirishdik. Va, nihoyat, uning og‘zini ochishga muvaffaq bo‘ldik ham, posbon esa hatto qo‘limni tishlab oldi. Ammo bu endi muhim emasdi, muhimi unga tilini yutib yuborishga yo‘l qo‘ymadik. Bularning barchasi sanoqli soniyalarda ro‘y berdi. Posbon menga nimadir demoqchi ekanligini ko‘rgach esa, endi havotirga asos yo‘qligiga amin bo‘ldim, - deb xotirlaydi Kone.

Ko‘chilik tomoshabinlarning keyinroq tan olib aytishlaricha, o‘sha ko‘ngilsiz voqeaga qadar ular raqib jamoasi hujumchisini rosa mazax qilishgan, hatto uni «maymun» deb ham atashgan. Oradan 20 soniyaga yaqin vaqt o‘tar-o‘tmas Berkoves o‘ziga kelgach tribunalarni fanatlarning qarsaklari va shodon hayqiriqlari tutib ketdi.

Balkim kimlargadir Kone tavakkaliga ish tutganday ko‘rinar, ammo «Bogemians» shifokori Martin Vavra hujumchining o‘sha lahzalardagi hatti-harakatlarini maqtadi - hammasini soniyalar hal qiladigan pallada shifokorlarning jarima maydoniga yetib kelishlariga oz bo‘lsada vaqt ketishi aniq edi-da. «Men Useyn Bolt emasman», - tan olib aytadi Vavra, u ham butun maydon bo‘ylab yordamga oshiqqandi.

Himoyachilardan biri Martin Dostal esa minnatdorchilik ramzi sifatida Konening yelkasiga qoqib qo‘ydi. «Yaratganning yordamisiz dahshatli voqea yuz berishi aniq edi. Darvozabon o‘lishi mumkin edi, men esa nima qilish kerakligini bilardim. Bunday voqeaning guvohi ham bo‘lgandim».

Koneda medisina lisenziyasi yo‘q, ammo tajriba uning tarafida. Zero, futbolchilik hayotida inson hayotini ilk bor saqlab qolmayapti. Fransis 8 yildan beri to‘p suradi va hozirgacha 6 mamlakat klublarida o‘ynashga ulgurdi. 18 yoshida Tailandga kelgan futbolchi og‘ir vaziyatlarda o‘zini nechog‘li qo‘lga olishi mumkinligini ko‘rsata bildi. Aynan o‘sha yurtda yuqoridagi kabi ilk ko‘ngilsiz voqea yuz bergandi: sportzaldagi navbatdagi mashg‘ulotlar paytida jamoadoshi boshidan jarohat oldi.

- O‘shanda ham jabrlanuvchi tilini yutib yubormasligiga uringandik, o‘shanda ham qo‘limni tishlab olishgandi, - xotirlaydi Kone. - Shunga o‘xshash ikkinchi hodisa Afrikadaligimda - Togo uchun maydonga tushganimda sodir bo‘ldi. Do‘stim Ummonning «Al-Mussan» klubiga qaytishimdan avval ko‘rgazmali o‘yinda maydonga tushishimni so‘ragandi. Bahsda o‘yinchi boshi bilan darvozabonga to‘qnashib ketdi va yelkasi bilan yiqildi. Tilini chiqarish og‘ir bo‘lgandi - futbolchi hushini yo‘qotgan, butun tana esa karaxt ahvolda qolgandi. Hamma, jumladan shifokorlar ham oldimga kelib olishdi. Jabrlanuvchini ushlab turisharkan, men uning tilini chiqarishga urinardim. Yuqoridagi kabi uchinchi voqea esa (yana Afrikada) bundan 2 yil avval sodir bo‘ldi. Bularning barchasi g‘alati. Birinchi voqeadan so‘ng oyimni qo‘rqitib yubormaslik uchun unga hech narsa demadim. Ikkinchi ko‘ngilsizlikdan keyin esa barchaga aytdim, o‘shanda oyim bunday voqealar keyin ham davom etishini va men ehtiyot bo‘lishim kerakligini ta’kidladilar. Doimo ogoh bo‘lishim lozimligini, shunga o‘xshash birorta dahshatli voqea yuz berganda hech qachon qochib ketmasligim kerakligini uqtirdilar. «Boshqa birov kelib yordam berguniga qadar kutmaslik darkor», - dedilar oyim. Uchinchi voqea sodir bo‘lganida esa u kishi: «Men senga aytgandim-ku», - deyishni ham unutmadilar.

Akudji Yavavi Viktorin va otasi Kone Maxaman qadrdon Kot-d`Ivuarda internet orqali Konening harakatlarini kuzatib borishgandi. Otaning tan olib aytishicha, ular ko‘chaga aylangani ham chiqolmay qolishgan - atrofdagilar ularni o‘rab olishyapti-da o‘g‘lining hatti-harakatlarini muhokama qila boshlashadi. Ota-onalar farzandlarining ishi bilan g‘ururlanishadi.

Umuman olganda, butun hayoti va faoliyati davomida Kone bir qancha og‘ir damlarni boshidan kechirgan. Uning onasi Togodan, otasi esa Kot-d`Ivuardan va u ham shu yurtda o‘sib-ulg‘aygan. Yoshligi qisqichbaqalar tutish va mashinalar yuvish bilan o‘tdi - butsa xarid qilishning boshqa yo‘li yo‘q edi. Tez orada u mamlakat uchinchi divizionida g‘olib bo‘lgan yarim professional jamoaning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Doimo kumiri bo‘lgan Didye Drogbaga taqlid qilishga urindi, yuragi esa Angliya ishqi bilan yonardi. Biroq agenti faqatgina Tailand bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. «Men yosh edim, shuning uchun yangi mamlakat va madaniyatga ko‘nikishim uchun mehnat qilishimga to‘g‘ri keldi. Irqchilik masalasida u yerda ahvol og‘ir edi - men butun ligadagi yagona qora tanli edim va boshqalardan ajralib turmaslikning imkoni yo‘q edi».

Ummondan keyin Kone Portugaliyada - «Olyanensi»da va Vengriyada - «Gonvede»da to‘p surdi, so‘ng butun oilasi bilan Chexiyaga ko‘chib o‘tdi.

- Sen afrikalik, qora tanli bo‘lsang va shunday mamlakatda o‘ynasang - barchasi Fransiya yoki Belgiyadagiga nisbatan boshqacha bo‘lishi aniq. Biroq, hammasi yaxshi bo‘lib boryapti, lekin ayrim odamlarda irqchilik kayfiyati hamon saqlanib qolayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Maydondaligimda bularga ahamiyat bermaslikka urinaman, ammo bu juda qiyin. Irqchilikni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Afrikalik futbolchilarga qarata «qora» yoki «maymun» degan so‘zlarni qichqirib aytishayotganini eshitish og‘ir. Bu hayqiriqlar senga nisbatan aytilmas ekan, irqchilikni tushunish qiyin.

Nima qilish kerak, Bilmayman. Balki, so‘nggi voqealar yordam berar. «Bogemians» fanatlaridan ko‘plab xabarlar oldim. Ikki nafari hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali uzr ham so‘rashdi, nohaq ekanliklarini tushunib yetganliklarini aytishdi. Ular yurakdan gapirishganiga ishongim keladi.

Ayrim OAVlar darhol muxlislar fikrini bilishga oshiqishdi. Fanatlardan biri esa o‘yin vaqtida irqchilar orasiga tushib qolganini, bahs oxiriga borib esa barchalari bir bo‘lib Kone nomini faxr bilan aytishganini tan oldi. Boshqasi esa hujumchi bu voqea unga ko‘p narsani o‘rgatganligini, bu yerda gap birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish haqida bormayotganligini ta’kidlagan.

Forvard bularning barchasi quruq gap bo‘lib qolmasligiga ishongisi keladi va Angliyaga ko‘chib o‘tishni «orzu» qilishda davom etadi. U yerda esa yirik gavdali bo‘lgan, bo‘yi 1,89 metrlik futbolchi o‘zini ko‘rsatishiga ishonadi. «Dolichek»ni esa u qahramon sifatida tark etdi.

Berkoves tishlaridan ajralgan holda tunni kasalxonada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Agar Kone bo‘lmaganida barchasi boshqacha tugashi aniq edi. Golkiperning minnatdorchiligi ertasi kuni nashr qilindi, Konening o‘zi esa Pragani ziyorat qilishga borganida Berkoves uni birga tushlik qilishga taklif etdi. «O‘sha voqea meni g‘ururlanishga chorlaydi», - deydi Kone. - Ammo hammadan ham ko‘ra, o‘sha kuni o‘sha yerda bo‘lganimdan va yordam berganimdan Yaratganga shukronalar aytaman».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:58, 25.03.2017.
O'qildi: 6249 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.