Kirish Ro'yxatdan o'tish
17/06 18:00 Ruminiya 3-0 Ukraina
17/06 20:00 Lokomotiv - Dinamo
17/06 20:00 Olimpik 0-1 OKMK
17/06 21:00 Belgiya 0-1 Slovakiya
17/06 23:59 Avstriya 0-1 Fransiya
18/06 21:00 Turkiya - Gruziya
18/06 23:59 Portugaliya - Chexiya

Sergey Smorodin: "Raqobatlashishga tayyorman"

Sergey Smorodin: "Raqobatlashishga tayyorman"

Baho:
+ | -

Yaqinda o‘zbek futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 23 yoshli Sergey Smorodin Odessaning «Chernomores» klubi bilan shartnoma imzoladi. O‘tgan hafta ukrainalik jurnalistlar ushbu futbolchini suhbatga tortib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

— Aksentsiz gapiryapsiz. Shuningdek, ism-sharifingiz ham o‘zbekcha emas. Oilangiz qay tarzda O‘zbekistonga borib qolgan?

— Ikkinchi jahon urushi boshlanganda buvimning onasini Toshkentga evakuasiya qilishgan. Ota-onam aynan o‘sha yerda tanishib, turmush qurishgan. 1994 yili men tug‘ilganman. Oradan sakkiz yil o‘tib, singlim tug‘ildi.

O‘zbekistonda til borasida umuman qiynalmaganman. Mamlakatning ko‘p aholisi ruschada bemalol gaplashaveradi. Shuningdek, o‘zbek tilini ham bilaman. Balki aniq gapira olmasman, ammo barchasini yaxshi tushunaman.

— Futboldagi ilk qadamingiz haqida gapirib bersangiz?

— Otam mashg‘ulotlarga olib borganida sakkiz yoshda edim. U ishlaydigan tashkilotning ikkinchi ligada o‘z klubi bor edi. Shuningdek, bu jamoaning bolalar maktabi ham bo‘lgan. Dastlabki mashg‘ulotlarimni aynan o‘sha yerda o‘tkazganman.

— Darvozabonlar uchun odatiy savol. Nima uchun aynan shu pozisiyani tanlagansiz?

- (kuladi) Otam bilan turli o‘yinlarga borganmiz. Darvozabonlarning harakatlarini ko‘rib, shuni istaganman. Balki ularning qo‘lqoplari boshqalarda yo‘qligi ta’sir o‘tkazgandir. Qolaversa, kiperlar bo‘ylarining balandligi bilan ajralib turishgan.

Men bilan shug‘ullanadigan bolalar orasida eng bo‘ydori o‘zim edim. Shunga bo‘lsa kerak, murabbiy menga darvozani qo‘riqlashni topshirgan. Menga ham bu pozisiya yoqqan. Dadam himoyada o‘ynagani uchun darvozabonning yuki og‘ir bo‘lishini ko‘p aytgan va o‘zimni hujumda sinab ko‘rishimni ta’kidlagan. Ammo fikrimdan qaytmaganman.

— Aytgancha, ota-onangiz futbolchi bo‘lishingizga qanday munosabat bildirishgan?

— Yaxshi. Otam nafaqat futbol, balki boks bilan ham shug‘ullangan. Shunga bo‘lsa kerak, yetti yoshligimda qo‘l jangi seksiyasiga olib borgan. Qandaydir jang san’ati bilan shug‘ullanishimni istagan. Biroq meni ko‘proq futbol qiziqtirgan.

— Toshkentning «Bunyodkor» yoki «Lokomotiv» klublaridan birini tanlashingiz ham mumkin edi. Nima uchun aynan «Paxtakor»ga o‘tgansiz?

— 10 yoshligimda «Paxtakor» vakillari ota-onam bilan gaplashib, o‘z jamoalariga taklif qilishgan. Nafaqat o‘shanda, balki hozir ham shu klub maktabi mamlakatda eng yaxshisi hisoblanadi. «Paxtakor» akademiyasida o‘qish katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

— Futbol maktabdagi o‘qishlarga salbiy ta’sir o‘tkazmaganmi?

— Birinchidan, o‘qituvchilar bizga imkon berishgan. Ikkinchidan, murabbiyimiz o‘qishimizni alohida nazorat qilardi. Misol uchun, mashg‘ulotlarga kundalik daftarlarimizni olib kelardik.

Agar biror kishining bahosi past bo‘lsa, uni to‘g‘rilashga jo‘natardi. O‘zbekistonda 12 yillik bepul ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Shundan to‘qqiz yilini maktabda, qolgan uch yilini esa kollej yoki liseyda o‘tkazish imkoniyati mavjud. 7-sinfgacha o‘rta maktabda o‘qiganman.

Shundan so‘ng olimpiya zaxiralari sport internatida tahsil oldim. 9-sinfdan so‘ng o‘qishimni Olimpiya zaxiralari kollejida davom ettirdim.

— «Paxtakor» akademiyasidagi davringizda nimalar ko‘proq esda qolgan?

— «Viktor Bannikov kubogi»ning yubiley 10-turnirida kumush medallarni qo‘lga kiritganimiz yodimda. Bu musobaqa 2007 yili bo‘lib o‘tgandi. Musobaqadagi barcha uchrashuvlarda maydonga tushganman. Finalga qadar yetib borib, hal qiluvchi bahsda Kiyevning «Dinamo»siga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandik.

— Bolalar futbolidan o‘smirlar futboliga qanday o‘tgansiz?

— Akademiyani yakunlaganimdan so‘ng «Paxtakor»ning o‘rinbosarlar jamoasiga jalb qilishdi. 2012 yilni birinchi ligada ishtirok etadigan «Paxtakor-2»da o‘tkazdim.

— «Paxtakor»ning asosiy va o‘rinbosarlar jamoasida birorta ham o‘yin o‘tkazmay, «Andijon» taklifini qabul qilgansiz?

— «Paxtakor»ning asosiy tarkibida muntazam ravishda terma jamoaga chaqiriladigan ikki nafar darvozabon bor edi. Juda yosh bo‘lganim uchun ham asosiyga kirishim oson emasdi. 2013 yili birinchi ligaga tushib ketgan «Andijon» ijaraga olmoqchi bo‘lgan. Andijonliklar oliy ligaga qaytishni maqsad qilishgani tufayli ushbu jamoa taklifini qabul qilganman. Jamoaga uchinchi darvozabon sifatida qo‘shildim.

Dastlabki ikki turda asosiy posbon qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bosh murabbiy Azamat Abduraimov ikkinchi darvozabonni sinovdan o‘tkazishga qaror qildi. U ham bir-ikki uchrashuvda o‘zini ko‘rsata olmadi. Natijada menda imkoniyat tug‘ildi. Abduraimovga ishonchli o‘yinim ma’qul keldi va qolgan barcha uchrashuvlarda qatnashdim. Xullas, o‘sha mavsum oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik.

2014 yilgi mavsum oldidan «Andijon» «Paxtakor»dan meni sotib oldi. Lekin yosh darvozabonni asosiy o‘yinchiga aylantirishdan cho‘chib, tajribaliroq posbonni taklif qildi.

To‘g‘risi, biroz xafa bo‘ldim. Ammo mavsum oxirida yana asosiy tarkibga kirishga erishdim. Birinchi davradan so‘ng Abduraimovni lavozimidan ozod etishdi. Uning o‘rnini Orif Mamatkazin egallashiga qaramay, jadvalda pastga «sho‘ng‘ish» davom etaverdi. Rahbariyat uni ham ishdan oldi. Keyin Sergey Shevchenko keldi. Biroq baribir, meni asosiy darvozabon sifatida ko‘rishmadi.

Terma jamoa bilan Iordaniyada yig‘inda edim. Darvozabonlar murabbiyi Boris Beloshapka «Tayyorgarlik ko‘r, keyingi turda maydonga tushasan», deb xabar jo‘natdi. Klub ixtiyoriga yaxshi kayfiyatda qaytdim. Debyutga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. O‘yinga bir kun qolganda, murabbiylar shtabi kutilmaganda moliyaviy muammolar tufayli iste’foga chiqdi.

Kuzda jamoani Edgar Gess qabul qilib oldi va menga ishonch bildirishini aytdi. Nihoyat, oliy ligadagi debyutim mavsum oxiriga kelib amalga oshdi. «Andijon» oxirgi o‘rinni egalladi. Ammo ligadagi jamoalar soni ortishi munosabati bilan quyi divizionga tushib ketmadi.

— 2015 yili qay tarzda «Neftchi»ga borib qoldingiz?

— Jamoa bosh murabbiyi Murod Ismoilov meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohlagan. O‘shanda Qozog‘istondan ham taklif olgandim. Ammo «Neftchi» yaxshigina pul evaziga meni «Andijon»dan sotib oldi.

Shuningdek, doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishimga va’da berdi. Jamoa bilan mavsumoldi yig‘inlarda ishtirok etdim. Lekin o‘rnimga «Rubin»dan Yevgeniy Cheremisinni taklif qilishdi. Shunday bo‘lsada jamoadan ketmadim. Ammo murabbiy boshqa fikrda ekan. O‘yin borasida 2015 va 2016 yillar mavsumini yo‘q deb hisoblasam ham bo‘laveradi. O‘ynaysan, deb ishontirishardi. Ammo faqat kubok o‘yinlarida maydonga tushirishgan.

— O‘zbek futbolini ichidan bilgan inson sifatida nima deya olasiz, o‘sish kuzatilyaptimi?

— Yurtimizda futbol rivojlanyapti, deb bemalol ayta olaman. Klublar ham yosh futbolchilarga ko‘proq ishonch bildirishmoqda. Iqtidorlilar boshqa mamlakatlardan takliflar olishmoqda. Misol uchun, «Bun-yodkor» hujumchilariga Rossiya klublari qiziqishmoqda.

— Ukraina futboli o‘zbek futbolidan nimasi bilan farq qiladi?

— Ukraina futboli Yevropanikiga yaqinroq. Bu yerda taktikaga jiddiy e’tibor qaratiladi.

— So‘nggi yillarda Ukrainada futbol darajasi biroz pasaydi. Legionerlar va yosh iqtidorlar ketib qolishmoqda. Jamoalar yo‘qolib ketyapti yoki moliyaviy imkoniyatlari ancha pasaymoqda. O‘zbekistonda moliyaviy masala bo‘yicha vaziyat qanday? Jamoalar qay tartibda kun kechirishadi?

— Ko‘p narsa mahalliy hokimiyat rahbarlariga bog‘liq. Neft va mobil aloqa kompaniyalari 5 yoki 6ta klubga homiylik qilishadi. Umuman olganda, jamoalarni moliyalashtirish jarayoni yomon emas.

— «Chernomores» varianti qanday paydo bo‘ldi?

— «Nefchi» bilan shartnomam borligi tufayli qishda boshqa ish joyi qidirmadim. Lekin omadim kelib qoldi. Turmush o‘rtog‘im bilan ta’tilni Kiyevda o‘tkazayotgandik. Odessa klubidan Yevgeniy Borovik ketdi.

Murabbiylar shtabi esa meni ko‘rikka taklif qilishdi. Mashg‘ulotlar va nazorat o‘yinlarida o‘zimni ko‘rsatishga intildim. Harakatlarim ma’qul kelgan shekilli, shartnoma taklif qilishdi. «Nefchi» bilan esa o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qildim.

— O‘zbekistondan ilk bora tashqariga chiqyapsiz. Qiyin bo‘lgandir?

— Albatta, uyni sog‘inaman. Ammo bu kabi yaxshi takliflar har kuni ham uchrayvermaydi.

— Bundan oldin Odessada bo‘lganmisiz?

— Yo‘q. Lekin rafiqam Krivoy Rogdan. U Kiyevda yashardi. O‘tgan yili turmush qurganmiz. Ayni payt Odessada birga yashayapmiz.

— Sobiq jamoalaringiz bilan solishtirganda, «Chernomores»ning infratuzilmasi qanday?

— «Paxtakor»ning bazasi yomon emas. Lekin «Chernomores»ning bazasi Toshkentda bo‘lganida, mamlakatdagi eng yaxshilaridan biri bo‘lardi.

— Birinchi jamoada ikki nafar ukrainalik golkiper bor. Sizdan asosiy tarkibga kirish va legioner sifatida ulardan kuchliroq bo‘lish talab etiladi. Bu holat sizni xavotirga solmayaptimi?

— To‘g‘risini aytsam, yo‘q. Taklif tushgan kuni bu haqda o‘ylagandim. Har holda Ukrainada darvozabonlar maktabi ancha kuchli. Lekin mashg‘ulotlar paytida barcha shubhalar yo‘qolib ketadi. Shunday ekan, raqobatga tayyorman.

— O‘zingizni kuchli tarafingiz qaysi deb hisoblaysiz?

— Eng muhimi - tajriba to‘plashim kerak. Qolgani o‘z-o‘zidan kelaveradi.

— Savoldan ustalarcha qochdingiz.

— (kuladi) To‘g‘risi, bunday savollarni yoqtirmayman. Kuchli tarafimni aytib, maqtanmoqchi emasman. Kuchsiz tarafimni bilaman. Lekin uni oshkor qilish niyatim yo‘q. Bu borada murabbiy bilan ishlayapmiz. Asta-sekinlik bilan optimal formaga kirib boryapman.

— Bo‘yingiz balandligini hisobga olsak, to‘pga chiqishlarni kuchli tarafingiz, deb hisoblasak bo‘ladimi?

— Mashg‘ulotlar tufayli bu borada o‘zimni erkin his qilaman.

— Nima uchun 30-raqamni tanladingiz?

— Bu mening sevimli raqamim. Hattoki, «Andijon»da ham tanlovim shu bo‘lgan.

— Aytgancha, bir necha yil oldin «Chernomores»da hamyurtingiz to‘p surgan. Kimligini bilasizmi?

— Eslay olmayapman. Kim edi?

— Maksim Shaskix. U bilan shaxsan tanishmisiz?

— Bir necha bor ko‘rishganmiz, salomlashganmiz, shu, xolos. Bizda u - afsona. Lekin hozirda o‘zbekistonlik futbol muxlislari ko‘proq Vitaliy Denisovga e’tibor qaratishadi. U bilan shaxsan tanishman. Vitaliy «Dnepr»da o‘ynagan paytlari haqida gapirib bergandi.

— O‘zbekistonning yoshlar jamoalarida qancha o‘ynagansiz?

- Ilk marta 14 yoshligimda O‘zbekiston termasiga chaqirishgan. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalari safida o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etganman. 2009 yili Malayziyada saralash bahslarida qatnashib, Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganmiz.

2010 yili U-16 Osiyo chempionati Toshkentda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda finalda KXDRga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni olgandik. 2011 yili esa Meksikada bo‘lib o‘tgan U-17 jahon chempionatida qatnashganmiz. O‘shanda ko‘pchilik imkoniyatlarimizni past baholagandi, lekin biz chorak finalgacha chiqqanmiz. Mazkur musobaqaga ikkinchi darvozabon sifatida borganman.

— «Chernomores»dagi maqsadlaringiz qanday?

— Bu yerdagi yaxshi o‘yinlarim bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanning e’tiborini qozonmoqchiman.

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:42, 31.03.2017.
O'qildi: 6509 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.