Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Biz sen bilan Sirojiddin!

Biz sen bilan Sirojiddin!

Baho:
+ | -

Aslida bugun siz o‘qiyotgan voqeyliklar Sirojiddin Sayfiyev bilan intervyu uyushtirilib, 2015 yilda ommaga e’lon qilinishi lozim edi. Ammo Sirojiddinning iltimosi bilan, aniqrog‘i uning “Dinamo” klubi rahbariyatini insofga kelib, oylik maoshlari va mukofot pullarini berishga bo‘lgan ishonchi sabab hech bir ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmagandi. Ammo kuni kecha eshitgan noxush xabarimdan so‘ng Sirojiddin Sayfiyevning oyog‘i singanidan keyin boshidan kechirgan ayrim voqeyliklarni aytmasdan tura olmadim. Buning uchun oldindan Sirojiddin Sayfiyevdan uzr so‘rayman.

Sirojiddin meni kechiring! Siz boshingizdan kechirgan va kechirayotgan qiyinchiliklarni bugun ommaga e’lon qilish orqali “Dinamo” klubi rahbariyati tomonidan sizga nisbatan nohaqliklar qilganini aytmoqchiman. Bu holatni o‘qigan O‘zbekiston futbol federasiyasi, Professional futbol ligasi va boshqa aloqador tashkilotlar kerakli xulosani chiqarib oladi degan umiddaman.
Asli haqiqatni hamma bilishi kerak. Zora bugun to‘p tepib oila tebratayotgan har bir futbolchining boshiga jarohat deb atalmish og‘ir qismat tushishi, ularga ham boshqa klub rahbarlari nohaqlik qilmasligi uchun ham yozayapman bu voqeyliklarni. Zora shundan so‘ng “Dinamo” klubi rahbarlarining ozgina bo‘lsada vijdoni uyg‘onib qolsa. Agar rostdan ham vijdon bo‘lsa, albatta.
Sirojiddin Sayfiyev bilan “QING‘IR ISHNING QIYIG‘I” yoxud inqirozga yuz tutayotgan “Dinamo” va soxta “vedimostlar” haqida haqiqatlar” nomli maqolani yozish arafasida Toshkentda uchrashib, suhbatlashganman. Ushbu maqolada futbolchi jarohat olganidan so‘ng klub tomonidan hech qanday e’tibor bo‘lmayotganligi xususida to‘xtalib o‘tganman. Sirojiddin klub rahbariyatini insofga kelib qolishini uzoq vaqt kutdi. Hamon kutayapti.
2015 yilning 24 oktyabr kuni Oliy liganing 24-turida Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi kechgan o‘yin Sirojiddin uchun professional faoliyatidagi so‘nggi o‘yini bo‘ldi. O‘sha o‘yinda ham u “Dinamo” uchun borini berib o‘ynadi. Ammo 84-daqiqada sodir bo‘lgan o‘sha mashum voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Alam qiladigani shundaki, jarohatdan so‘ng tez tibbiy yordam mashinasida uni poytaxtdagi “Travmatologiya va ortopediya respublika ilmiy tekshirish instituti” shifoxonasiga olib kelishdi. Biroq futbolchining ortidan “Dinamo” klubi rahbariyatining biror bir rahbari bormadi.
– Oyog‘im singan. Og‘riqqa chiday olmayman. Operasiya bo‘lishini to‘rt soat kutib yotdim. Bu vaqt oralig‘ida klubning biror bir rahbari kelib holimdan xabar olish tugul, ahvoling yaxshimi deb so‘rb ham qo‘ymadi, deb aytib bergandi Sirojiddin Sayfiyev. Faqatgina o‘sha paytda jamoadoshim Zayniddin Tojiyev mening yonimda turdi. Buning uchun Zayniddin akaga katta raxmat aytaman.
Singan oyoqda to‘rt soat operasiya bo‘lishini kutish... Buni tasavvur qilishning o‘zi azob. Eng achinarlisi og‘ir ahvolda yotgan Sirojiddinning holidan klub rahbariyati nafaqat to‘rt soat ichida, balki undan so‘ng ham xabar olmagan. Xo‘sh, “Dinamo”ni boshqarayotgan bunday rahbarlarni kim deb atash mumkin?
– Operasiyadan so‘ng tursam, palatadagi shikafchada pul turibdi. Operasiyadan oldin otamga hech kimdan pul so‘ramang, klubdagi oyligimni bersa hamma xarajatlarga yetadi deb aytgandim. Ammo otamning qarshiligiga qaramay Artur Gevorkyan va boshqa ko‘plab futbolchilar sog‘ayib ketishim uchun pul tashlab ketishgan ekan, deb aytgandi Sirojiddin.
Anashunday qiyin ahvolda qolgan paytda klub Sirojiddin Sayfiyevning oyligi tugul, jarohat olganda to‘lanishi lozim bo‘lgan pulni ham bermadi. Unga ajratilgan sug‘urta pulini eshitib ochig‘i, kulishni ham yig‘lashni ham bilmay qoldim. Atigi 174 ming so‘m.
– Klubga oyligimni so‘rab kelganimda bosh hisobchi sizga sug‘urta puli chiqardik deb 174 ming so‘m yozilgan qog‘ozni ko‘rsatdi, deb eslagandi o‘sha vaqtda u. To‘g‘risi, bu gapni eshitib yig‘lab yuboray deganman. Sug‘urta pulingiz kerak emas, oyligimni bersangiz bo‘ldi deganman bosh hisobchiga. U bo‘lsa yana klub rahbariyatiga murojaat qilishimni aytgandi.
Sirojiddin Sayfiyev kabi futbolchilar borligi uchun elning oldida ko‘kragini kerib yuradigan klub rahbarlarining “himmatini” qarang!!! Ularning bu qilmishlariga nima deb izoh yozishni ham bilmaydi kishi.
Sirojiddin bir yil davomida oylik maoshi va yutuq pullarini olish uchun juda ko‘p joyga murojaat qildi. Klub homiylari biz pulni to‘laganmiz desa, klub rahbarlari hali bizga pul tashlab bergani yo‘q deb aldab yurdi. U har safar Samarqandga kelganida klub huquqshunosi SH. Hotamovga, Hotamov klub vise-prezidenti F. Karimovga, u esa klubning sport direktori Rustam Istamovga, Istamov esa klub hisobchisiga, hisobchi esa yana klub rahbariga, klub rahbari esa futbolni qo‘llab quvvatlash fondi rahbari Baxtiyor akaga uchrashishini aytib, Sirojni Toshkent-Samarqand o‘rtasida “bo‘zchining mokidek” qilib qo‘ydi.
Afsuski, bugun futbolchilarni aldab orttirgan pullar evaziga uning isiga turolmaydigan bo‘lib qolganlar O‘FFni, O‘zPFLni va homiylarni aldagan holda hamon klubni boshqarib yotishibdi. Biroq, “Dinamo” klubi uchun jonini bergan futbolchi esa ming bir azobda. Bilmadim, bugun ular yana qancha samarqandlik futbolchilarning hayotini izdan chiqarar ekan.
“QING‘IR ISHNING QIYIG‘I” yoxud inqirozga yuz tutayotgan “Dinamo” va soxta “vedimostlar” haqida haqiqatlar" nomli maqolani yozish arafasida o‘sha vaqtda klubda to‘p surgan va oylik maoshlarini ololmay yurgan bir nechta futbolchilar bilan uchrashdim. Shu qatori Sirojiddin Sayfiyev bilan ham. O‘sha uchrashuvda asta-sekinlik bilan jarohati tuzalayotganligi, “Futbol-MED”da davolanayotganligini aytib berdi. Biroq, jarohat to‘liq yaxshilanayotganligiga ishonch hosil qilish uchun Germaniyaga borib kelishi lozimligini aytib o‘tdi. Ammo klub rahbariyati hamon pullarini bera olmaganligi uchun Germaniyaga boraolmayotganligini aytdi.
Bu vaqt oralig‘ida Sirojiddin Ignatiy Nesterov Germaniyaga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ketayotganini, unga rentgen qog‘ozlari bilan birga jarohat olgan vaziyatning videosi kerakligini, imkoni bo‘lsa o‘sha vaziyat tushirilgan jarayonni topib berishimni so‘radi. Tanish bilishlardan surishtirib, unga oyog‘i singan jarayonning videosi va rasmini yubordim. Shu topda his qildimki, futbolchining bu azoblarini “Dianmo” klubi rahbarlari hech qachon his qila olishmas ekan. Agar his qila olishganida unga yordam berishar edi. Afsuski, ular pul uchun insoniylikdan chiqib, manqurtga aylanib bo‘lishgan ekan.
Oylik maoshini olish maqsadida Toshkentdan Samarqandga kelgan Sirojiddin bilan har safar ko‘rishardik. Uchrashuvlarning birida u hamon pullarini ololmay halak bo‘lib yurganini, oxirgi chora sifatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga murojaat qilganligini aytib berdi. Aynan shundan so‘ng paytavasiga qurt tushgan “Dinamo” klubi rahbari unga oylik maoshi va mukofot pullarini berishni va’da qilishgan. Hatto aniq sanasini aytib o‘sha kuni barcha pullarini berishni aytishgandi. Aytilgan muddat uch-to‘rt marotaba o‘zgardiki, u pullarini ola bilmadi. Vaholangki, 2012 yilda futbolchining klub bilan tuzilgan shartnomasining 2.4-bandi va 2014 yilda tuzilgan shartnomasining 2.6-bandida futbolchi mashg‘ulot va o‘yin jarayonida jarohat olsa ish haqqi yuz foiz miqdorida to‘lab berilishi keltirib o‘tilgan.
Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng Sirojiddin bilan Samarqandga ko‘rishishga kelishdik. Toshkentdan yo‘lga chiqqanda to‘g‘ri viloyat futbol federasiyasiga kelishi va o‘sha yerda gaplashib olishishimiz lozim edi. Ammo u avval “Dinamo”ga, so‘ng men bilan uchrashishini aytdi.
U bilan uchrashganimda aytgan gapi ochig‘i meni hayron qoldirdi. Nahotki, klubga g‘alaba keltirganingda ko‘klarga ko‘tarilgan futbolchi jarohat olgandan so‘ng sariq chaqaga ham arzimay qolsa degan fikr o‘tdi xayolimdan.
- Farhod aka (u menga doimo shunday murojaat qiladi) Toshkentdan yo‘lga chiqqanimda taksiga beradigan puldan tashqari bor yo‘g‘i 2000 so‘m pulim qolgandi. Siz uchrashaylik degan taklifingizga avval “Dinamo”ga borib, so‘ng siz bilan uchrashishni aytdim. Sababi, agarda klub bu safar ham pulni bermasa, Samarqanddagi uyiga yetib olish uchun bor yo‘g‘i 2000 so‘m pulim qolgandi, deb aytgandi o‘shanda.
O‘sha kuni futbolchining baxtiga yuqori tashkilotga qilgan murojaatidan so‘ng “Navbahor” ustidan qozonilgan g‘alaba uchun ajratilgan mukofot pulini berishgan ekan.

Hozirgi kunda “Dinamo” professional futbol klubi rahbariyati Sirojiddin Sayfiyevdan 2012 yilning noyabr oyi uchun 5 million, dekabr oyi uchun 5 million, “Dinamo” – “Mash’al” (2:0) va “Dinamo” – “Neftchi” (2:0) o‘yindagi g‘alabalari uchun berilishi lozim bo‘lgan 10 million, 2014 yilda esa klub tomonidan va’da qilingan va shartnomada ko‘rsatilgan 20 million ko‘tarma puli (pod’yomnie) va “Bunyodkor” – “Dinamo” (0:1), “Dinamo” – Qizilqum (2:1), “Dinamo” – “Andijon” (2:0), “Dinamo” – “Olmaliq” (2:1) o‘yinlarida erishilgan g‘alaba uchun ajratilgan 20 million so‘m, umumiy hisobda 60 million so‘mlik qarzi bor.
Odatda har yilning yakunida har bir tashkilotning bosh hisobchilari moliya boshqarmasiga xodimlarning oylik maoshlari, tashkilot ishlatgan mablag‘ va boshqa iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot topshiradi. O‘sha hisobotda mavjud kamchilik va qarzdorliklar bo‘lsa uning “otcheti” qabul qilinmaydi. Qiziq, “Dinamo” klubi bosh hisobchisi 2012 va 2014 yillardagi yillik hisobotni viloyat moliya boshqarmasidan qanday qilib tasdiqlatib olgan ekan? Axir o‘sha yillarda nafaqat Sirojiddinning balki boshqa futbolchilarning ham oylik maoshlari berilmagandiku? Hatto klub futbolchilari oylik maoshlari va mukofot pullari olish maqsadida O‘FF va O‘zPFLga ham bir necha bor murojaat qilib ham pullarini ololmagan ediku?
Klub rahbariyati 2017 yilning 1 mart kunida Sirojid Sayfiyevga yuqorida qayd etilgan qarzlarni to‘lab berishini va’da qilgan. Mana va’da qilgan muddatdan bir oy ham o‘tdiki haligacha uning pullarini berishni hayollariga ham keltirishmayapti.
Og‘ir ahvolda qolgan futbolchi to‘liq sog‘ayib ketishi uchun mablag‘ kerak. Shu maqsadda klubda qolib ketgan oylik maoshlari va mukofot pullarini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenning virtual qabulxonasiga murojaat qilmoqchi edi. 31 mart kuni virtual qabulxonaga yubormoqchi bo‘lgan shikoyat xatini tahrir qilib berish maqsadida menga yuborishini aytgandi. Afsuski, o‘sha kungi suhbatimizdan so‘ng Sirojiddin bilan boshqa gaplashish imkoni bo‘lmadi. 4 aprel kuni esa internet tarmog‘ida uning og‘ir xastalikka chalinganligini haqidagi noxush xabarni eshitdim.
Nahotki “Dinamo” klubi rahbariyati “o‘ziga xon ko‘lankasi maydon” bo‘lib qolgan bo‘lsa? Axir har yili klubga 5-7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladiku? Ajratilgan shuncha mablag‘ futbolchilarga berilmagan bo‘lsa, qayerga sarflangan? Birgina 2016 yilda viloyatimizda professional va ommaviy futbolni rivojlantirish uchun homiy tashkilotlar tomonidan tashabbus bilan o‘tkazilgan ommaviy hashar hisobidan 3668.3 million so‘m mablag‘ to‘plangan. Ushbu mablag‘ “Dinamo-plyus” professional futbol jamoasi, “Sherdor” birinchi liga futbol jamoasi, “Dinamo Wumen” ayollar futbol jamoasi hamda “Nafis” mini futbol jamoalarini qo‘llab-quvvatlashga sarflangan. (Ajablanarli jihati, 2016 yilda Birinchi ligada “Dinamo” klubi ishtirok etgan, “Sherdor” klubi esa Birinchi ligada ishtirok etmagan bo‘lsada, ikkinchi ligadagi ishtiroki uchun 150 million so‘mlik smeta qilgan. Ikkinchi liga jamoasi uchun shuncha pul-a. Bu haqida keyinroq).
Nahotki har yili homiy tashkilotlar tomonidan tashabbus bilan o‘tkazilgan ommaviy hashar hisobidan “Dinamo” klubiga ajratiladigan milliardlab mablag‘lardan birgina futbolchining oylik maoshi va mukofot pullarini berish qiyin ish bo‘lsa? Agar u jarohat sabab faoliyatini erta tugatmaganida o‘sha ololmay qolgan pullaridan boshqa futbolchilar kabi kechib yuborarmidi?
U andisha qildi. Andishani otini qo‘rqoqqa chiqargan klub rahbariyati uning peshona terisi bilan topgan pullarini berish o‘rniga “otangga bor, onangga bor” qabilida hamon ovora qilmoqda. Uning og‘ir ahvolini eshitgan bo‘lsada, futbolchining mehnati evaziga topilgan pullarini berishni hayoliga ham keltirgani yo‘q.
Sirojiddin Sayfiyev haqida eshitgan kechagi xabar meni karraxt ahvolga soldi. Qadrdon akadek bo‘lib qolgan inson bunday holga tushib qolganiga hamon ishonmayapman.
Internet tarmog‘i orqali futbolchini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biz sen bilan Siroj” aksiyasi o‘tkazilayotgan ekan. Bu tashabbusga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan “Lokomotiv” klubiga tasannolar aytsa arziydi. Aslida esa, “Dinamo”dan shunday tashabbusni kutgandim. Futbolchi bilan bo‘lib o‘tgan shuncha voqealardan so‘ng tushunib yetdimki “Dinamo”dan bunday tashabbusning chiqishi amri mahol. Bu tashabbus bo‘lganida o‘sha vaqtning o‘zida amalga oshirilar edi. Klub mutasaddilaridan bir iltimosim bor, mayli futbolchi uchun hech qanday aksiya o‘tkazmang, biroq uning halol topgan 60 million so‘mlik mehnat haqqini to‘lab bering! Shuning o‘zi klub tomonidan katta aksiya bo‘ladi. Chunki, bugun unga bu pullar suv va havodek zarur!
Sirojiddin Sayfiyev – millionlab futbol muxlislari bugun siz bilan! Biz sizni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz! Sizning og‘ir ahvolga tushub qolgan klub rahbarlariga ham qilmishlari uchun javob beradigan kunlari ham bordir. Millionlab futbol ishqibozlari sizni sog‘ayib ketishingiz uchun duodamiz!

Farhod NORBO‘TAYEV


P/S: Sirojiddin Sayfiyevni og‘ir kunlarida yolg‘izlatib, hatto bir bora bo‘lsada holidan xabar olmagan “Dinamo” klubi rahbarlariga bir gap. Siz homiy tashkilotlarni aldab, milliardlab mablag‘larni futbolchilarga berish o‘rniga o‘z nafsingiz yo‘lida ishlatib yuboryapsiz. Bu gunohingiz uchun qirq yil tuya so‘yib xalqqa osh bersangiz ham birovning haqqi evaziga halol inson bo‘la olmaysiz. Nafsning qullariga Iskandarning ochiq qo‘llari ham ibrat bo‘la olmaydi.

Manba: norbutayev.blogspot.com
Kiritildi: 15:45, 05.04.2017.
O'qildi: 14694 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.