Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Borus - dunyoning eng bebosh darvozaboni

Borus - dunyoning eng bebosh darvozaboni

Baho:
+ | -
Bo'lim:

Bu yigit inson zotiga taalluqli bo‘lgan barcha ijobiy va salbiy xususiyatlarni o‘zida jamlagan. Bir qarasangiz, o‘z vatandoshlari va homilador ayolni Glazgodagi Elder-Parkda shirakayf bezorilar changalidan xalos etayotgan, boshqa kuni esa murabbiy bilan pivoxo‘rlik qilayotgan bo‘ladi. Taajjubki chekish va ichkilikdek zararli illatdan forig‘ bo‘la olmagan futbolchiga shunchaki o‘rtamiyona nashr­lar emas, La Gazetta Dello Sportdek obro‘li gazeta dunyoning eng mohir darvozabonlari uchligidan joy bergandi. Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, yuksak bahoga munosib ekanligini amalda isbotladi. Marhamat dunyoning eng bebosh darvozaboni bo‘lmish Artur Borus va uning faoliyati bilan tanishing.

Darhaqiqat, polshalik posbon Shotlandiyada o‘ta yorqin o‘yinlarni namoyish etgandi. Jumladan, 2007 yili avgustda bo‘lib o‘tgan «Spartak»­ka qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda aynan «Qirol Artur»ning mahorati evaziga «Seltik» YECHLdagi faoliyatini davom ettirgandi. Jamoalar tanaffusga yo‘l olgan paytda Artur Vladimir Bistrovga qarshi harakat qilgan jamoadoshi - Li Neylorning boplab ta’zirini bergan, hatto yuziga tarsaki tortib yuborgandi. Chunki aynan shu himoyachining bo‘shangligi oqibatida «Seltik» darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga kelgan. Borus tang ahvolga tushib qolgandi.

Jamoadoshlari bir amallab Neylorni ajratib olgan bo‘lsalarda, Artur anchagacha tinchlana olmadi. Xullas, Moskvadagi bellashuvni penaltilar seriyasigacha olib borgan darvozabon Titov hamda Kalinichenko zarbalarini qaytargach, muvaffaqiyatni qanot qoqayotgan qushcha harakatini tasvirlash orqali nishonlashga kirishdi. Chunki Roman Pavlyuchenkoning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza ustiniga tegib, ortga qaytgandi. Shundan so‘ng glazgolik muxlislar Borusni navbatdagi oliy unvon - «Avliyo darvozabon» taxallusi bilan taqdirlashdi. Ular polshalik posbonda qandaydir g‘ayri-tabiiy qudrat borligiga 100 foiz amin edilar. Qizig‘i, Arturning o‘zi ham buni inkor etmasdi: «So‘nggi paytlarda bolalik yillarim tushimga kiradigan bo‘lib qoldi. Go‘yo liftda 10-qavatga ko‘tarilayotgan bo‘laman. Shunda to‘satdan qandaydir jin paydo bo‘lib, meni quva boshlaydi. Baqirganimcha undan uzoqlashishga urinaman. Ammo u tezda yetib oladi. Menga ziyon yetkazmagan holda erkalab qitiqlaydi».

Sedlse Varshavadan 100 km. uzoqlikda joylashgan mittigina shaharcha. Sharqiy Yevropa an’analari asosida bunyod etilgan ko‘p qavatli o‘ylardan boshqa inshootlar bo‘lmagan bu maskanda yashash juda zerikarli. Xokkeychining o‘g‘li bo‘lgan Artur uchun zerikmaslikning agona vositasi sport bo‘ldi. Avvaliga basketbolga qiziqqandi. 9 yoshga chiqqanida akasi Xerbert bilan mahalliy «Pogon» FKning mashg‘ulotlariga tashrif buyuurdi. Qisqasi, futbol olamiga ajoyib darvozabonni hadya etgan ikki kishining biri - Xarbert bo‘ldi.

Ikkinchisi - murabbiy Yozef Topchevski bo‘lib, Borusni dast­avval hujum chizig‘ida sinab ko‘rgandi. Tez orada Arturdagi yuksak reaksiya va tuproqqa qorishishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq qarorni o‘zgartirishga majbur etdi. Aka-uka Boruslar tashqi ko‘rinish bo‘yicha o‘xshash bo‘lsalar-da, Xerbert o‘ta qaysar, Artur esa itoatgo‘y, yuvosh tabiatli edi. Shu bois onasi - Yadviganing azaliy orzusini ro‘yobga chiqarishni Xerbert cho‘rtkesarlik bilan rad etdi. Ukasi esa ona istagiga ko‘ra «Xodovyasi» raqs to‘garagiga qatnay boshladi. Ilk mashg‘ulotga onasi hamrohligida borgan Borus bir qator raqslarni o‘zlashtirdi. Keyinchalik «Pogon» tarkibiga qaytdi. U paytda tengdoshlari ikki yosh toifasini ortda qoldirishgandi. 13 yoshli Artur o‘zining dastlabki xalqaro musobaqasini Daniyaning Xyorning shahrida o‘tkazib, turnir g‘olibligini qo‘lga kiritgandi.

16 yoshli Borus «Pogon» tarkibidan joy olib, jamoasi kabi klublarga qarshi maydonga tusha boshladi. Bu yo‘l bilan tirikchilik qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydigan buvisi qistovi bilan yengil avtomobillar chilangari ixtisosi bo‘yicha o‘qishga kirdi. Ma’lum muddatdan so‘ng yana «Pogon»ga qaytdi. Ikki yil o‘tgach, yosh darvozabonga omad kulib boqdi - Varshavada taniqli «Legiya»ga qarshi maydonga tushdi. Raqib hujumchilarini bartaraf etgan Artur Polsha grandi murabbiylarining e’tiborini tortdi. Yarim yildan keyin poytaxt klubi bilan Sisiliya yig‘iniga yo‘l oldi. Lekin «Legiya» tarkibidan joy olish Borusga nasib etmadi.

Asosiy posbon lavozimi Gjegoxi Shamotulski tomonidan band etilgan, Voysix Kovalevskining raqobatini sindirish ham oson emasdi. Oqibatda Artur 1,5 yil zaxirada yurdi, keyin «Dolsan» klubiga ijaraga berildi. «Surgun»dagi 10-15ta uchrashuvdan keyin poytaxtga qaytgan kiper bir necha yildan keyin «Legiya» ramziy termasidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi. Artur Borus Shotlandiyaga futbolchi sifatida emas, shunchaki sayyoh bo‘lib borganida ham «Reynjers»ning ashaddiy raqibiga aylanishi hech gap emasdi - protestant va katolik dini vakillari azaldan chiqisha olishmagan. «Ko‘hna firma» nomi bilan mashhur bo‘lgan «Seltik»-«Reyn­jers» qarama-qarshiligining asosiy kuchi ham diniy ziddiyatning mahsuli: «Seltik» - katoliklar klubi, «Reynjers» esa - protestantlarniki.

Tabiiyki, Borus ham «Reynjers»ga qarshi ilk uchrashuvdayoq chinakam dushmanga aylandi. Raqib muxlislari sektori qarshisida ularni cho‘nqintirgandek qilgan harakati uchun Shotlandiya prokuraturasi tomonidan 500 yevroga jarimaga tortildi. Mojaroga Vatikan ham aralashdi: «Endi Shotlandiya ham odatiy diniy harakatni jinoyat deb qabul qiladigan mamlakatga aylandi».

Borusning aybdor ekanligini video orqali isbotlashning iloji bo‘lmadi, u «Reynjers» muxlislarining og‘zaki ko‘rsatmalariga asosan nohaq jazolangani oydinlashdi. Shu tariqa Artur ham ashaddiy g‘animga aylandi. Tribunadan yog‘ilayotgan haqoratlarga e’tibor bermaslikka odatlandi. Faqat bir marta o‘zini oqlashga urinib ko‘rdi: «Xo‘p, o‘rta barmog‘imni ko‘rsatganim odobsizlik deylik. Unda oila a’zolarim sha’niga aytilayotgan haqoratlar nima? Bu odobdan-mi?».

Avstriya-SHveysariya maydonlarida o‘tkazilgan Yevropa chempionatida Artur Borus juda ishonchli o‘ynadi. Natijada «o‘lik» to‘plarni qaytarishga erishgan polshalik darvozabonni germaniyalik va avstriyalik kasbdoshlarimiz «o‘zga sayyoralik» taxallusi bilan siylashgandi. Futbolchi esa «Yuventus»ga o‘tishi xususidagi mish-mishlarni hazil aralash inkor etardi: «Bitta jamoaga 2ta Buffonning nima keragi bor?». Albatta, maydonda u o‘ta quvnoq va hozirjavob yigit edi biroq stadionni chuqur o‘yga tolgan holda tark etardi. Buning sababi esa faqat Artur va Polsha terma jamoasining bosh murabbiyi Leo Benxakkerga ma’lum edi...

21 yoshli paytida Artur Katarjina ismli qiz bilan tanishib, uni Shotlandiyaga olib ketdi. 2008 yil iyunda yosh oila to‘ng‘ich farzandini kutayotgandi. Bir oy avvalroq Katarjina buyumlarini yig‘ishtirib, uyiga qaytib ketdi: «Bunday hayot jonimga tegdi». Katarjina ruhshunos bo‘lib, Borusni ruhiy xasta va ichuvchi, deb hisoblardi. Shu bois, tug‘ilajak farzandini noqobil otadan himoya qilmoqchi bo‘lgandi. Biroq o‘g‘lining ota mehridan judo bo‘lishi haqida o‘ylamadi. Sho‘rlik Artur Yevro davrida murabbiylar shtabidan ruxsat olib, Polshaga yo‘l oldi, ko‘z yorayotgan rafiqasining yonida bo‘ldi, hammasi izga tushib ketishiga ishontirishga urindi. Oxir-oqibat, to‘ng‘ich farzandi bilan ko‘rishib turish uchun Varshavadagi 5 xonali o‘yini xatlab berdi. Zero har bir uchrashuv uning uchun azobga aylandi. «O‘g‘limni sayrga olib chiqqanimda qaynonam bizni kuzatib yurardi. Aftidan, qochib ketadi deb, qo‘rqishgan bo‘lishsa kerak.

To‘g‘ri, men ichib turardim, lekin xotinimning asossiz janjallari ko‘proq ichishimga sabab bo‘lardi», - deydi Borus. Oilaviy mojarolar darvozabon faoliyatiga jiddiy zarar yetkazdi. Natijada ichkilik uning yaqin do‘stiga aylandi. 2008 yil avgustda terma jamoa Ukrainaga, Artur esa hasratini dardlashish uchun qadrdoni - Dariush Dudka huzuriga yo‘l oldi.

Tongga yaqin ichkilikdan qizarib ketgan futbolchi jamoadan chetlatilgani haqidagi xabarni oldi. Oradan uch oy o‘tgach, tizzasidan jarohatlanib, uyga qamalib oldi - endi bor alamini sigareta va ichkilikdan olishdan boshqa chora qolmagandi. Aksiga olib, terma jamoaga qaytgan posbonni Shimoliy Irlandiyaga qarshi bahsda navbatdagi omadsizlik kutib turgandi: himoyachi Mixal Jevlakov to‘pni unga uzatgandi. To‘p kichik ko‘lmakka tushganidan keyin yo‘nalishini o‘zgartirib, darvozadan joy oldi. Ana shu kutilmagan avtogol Polshaning mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi. Shundan keyin Artur oldiga maqsad qo‘ydi: «Chekish, ichishni tashlashim, 20 kg.ga ozishim kerak».

O‘g‘lini tushkun kayfiyatdan olib chiqish uchun Vladislav Glazgoga yo‘l oldi. Ota-bolaning hamkorlikdagi harakatlari samara berib, kiper yana futbolga qaytdi. Qo‘shimchasiga, Sara ismli qiz bilan tanishib, turmush qurdi. Hozir 2 nafar farzandning otasi. Futbolchilik faoliyati ham asta-sekin izga tushdi. Sinisha Mixaylovichning «Fiorentina»sida ko‘p o‘ynamagan bo‘lsada, «Bavariya»dan taklif oldi. Ammo o‘z odatiga ko‘ra uni rad etdi: «Bitta jamoaga 2ta Noyerning nima keragi bor?!» Shu tariqa chempionshipga yo‘l olgan posbon hozirda «Bornmut» safida APLda to‘p surmoqda. Yaqinda Ibragimovichning «nuqta»dan yo‘llagan zarbasini qaytardi. «Qirol Artur»ning nav-batdagi orzusi - qachondir «Legiya» tarkibida maydonga tushish!

Artur Borus

Kim: «Bornmut» darvozaboni

Qaysi jamoalarda o‘ynagan: «Legiya», «Seltik», «Fiorentina», «Sautgempton».

2016|2017 yillar mavsumidagi natijasi: 27ta o‘yin, 51ta gol o‘tkazib yuborgan.

Xobbisi: «Reynjers» muxlislari jig‘iga tegish.

Do‘stlari: «Seltik» muxlislari

Dushmanlari: «Reynjers», Frantishek Siuda, Eyden Makgidi.

Kiritildi: 10:43, 09.04.2017.
O'qildi: 8001 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.