Kirish Ro'yxatdan o'tish

Intervyu. Dani Karvaxal: Qalban «Madrid»ga tegishliman

Intervyu. Dani Karvaxal: Qalban «Madrid»ga tegishliman

Baho:
+ | -

«Qirollik klubi» o‘ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal Real Madrid Televisiun kanalida yo‘lga qo‘yilgan Campo de Estrellas ko‘rsatuvining birinchi mehmoni bo‘ldi. Bu bejiz emas, albatta. Chunonchi, madridliklar bu yigitga kelajak umidi sifatida qarashmoqda. Xullas, futbolchi teleko‘rsatuv doirasida asosan o‘zi haqida gapirib berdi. Ya’ni professional sportchi bo‘lib shakl­lanish jarayoniga bog‘liq voqealarni yodga oldi, shaxsiy hayotining ayrim jihatlariga to‘xtaldi.

Ilk qadamlar

- Esimda, maktabdagi darslar soat 9:30da boshlanardi, ammo men ancha ertaroq borardim. Maqsad - sinfga kirishdan oldin ozgina futbol o‘ynab olish. Tanaffus payti ham darrov maydoncha tomon yugurardim. Deylik, oshxonada biror marta uzoq ushlanib qolgan emasman. Har safar shosha-pisha ovqatlanib, oyimdan futbol o‘ynab kelish uchun ruxsat so‘rardim. Baxtimga, u meni tushunib, xohishimga sira mone’lik qilmasdi.

Tahsil jarayoni

- Hozirgi darajaga aynan ota-onam tufayli erishganimni g‘urur bilan tilga olaman. Ha, futbolga sira to‘ymasdim, ammo oilamiz qadriyatlariga biror marta bepisand qaragan emasman. Boshqacha aytganda, ota-onam o‘rgatgan qoidalarga to‘liq amal qilib, ular bergan tarbiyaga jiddiy yondashganman.  Ayni shunday munosabat o‘laroq, mashg‘ulotlardan belgilangan vaqtda uyga qaytardim hamda garchi yoqtirmasamda, dars tayyorlashni sira kechiktirmasdim.

Buning samarasi ham ko‘ringan, albatta. Hech yodimdan ko‘tarilmaydi, bir safar ingliz tili imtihonini a’lo baho - 9,75 ballga topshirganimda, mehribon onajonim shunchaki, lol qolgandi. Uning o‘sha vaqtdagi xursandchiligi hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Bu dunyoda onalarga quvonch bag‘ishlashdan ham yaxshiroq ish bormi o‘zi...?

Himoya vositasi

- Ko‘pincha tizzamni bog‘lagan holda o‘ynardim. Sababi oddiy: odatda uchrashuvlar chog‘i o‘zimni sira ayamasdim va ko‘pincha tizzam shilinardi yoki qandaydir jarohat orttirardim. Shu ko‘yi uyga qaytganimda, onam tizzamga maxsus himoya vositasini bog‘lab qo‘yardi. Aslida o‘zimga qolsa, uni yechib tashlardim, ammo oyim mashg‘ulotga borishimni taqiqlab qo‘yishidan cho‘chib, bunday qilmasdim.

Birinchi jamoa - «Lemans»

- Futboldagi ilk jamoam ancha raqobatbardosh edi. O‘sha vaqtdayoq himoyadan joy olgan va har qanday o‘yinga o‘ta jiddiy qarardim. Bir safar ota-onamni juda g‘azablantirganim xuddi kechagidek esimda. Chunonchi, o‘sha kuni durangga rozi bo‘lgandik. O‘yin davomida raqiblarga necha martalab aldanganim og‘ir botgan va buni ko‘tarolmay, shunchaki, maydondan chiqib ketgandim.

Boz ustiga, tribunada o‘tirgan ota-onam yoniga borib, alamimni to‘kib solganman: «Bo‘ldi, yetar, ketdik uyga...». Shunda otam bosiqlik bilan javob bergandi: «O‘g‘lim, agar o‘ynashni xohlamasang, mayli. Lekin bu o‘yin­ni oxirigacha tomosha qilmasligimizga sabab bo‘lolmaydi. Boshqa bolalar harakatlarini kuzatish ham maroqli...». Ochig‘i, uning bu qadar sovuqqon munosabati men uchun bir umrlik dars bo‘lgan. Professional futbolchi sifatida shakllanishimda ayni o‘sha javobning ahamiyati katta. Zero, shundan so‘ng ozgina qiyinchilik oldida taslim bo‘lmaslikni o‘rgandim.

«Santyago Bernabeu»ga ilk safar

- Stadionga ilk marta kirganimda, boshim gangib qolgandi. Bizga berilgan abonementga ko‘ra, eng yuqori tribunadan joy olganmiz. Unutilmas taassurotlar... O‘sha sayohat xotiramga abadiy muhrlangan. Rosti, eng yuqoriga ko‘tarilganimizdan keyin meni biroz hayajon bosgandi.

«Real»ga daxldorlik

- Hayotimdagi bir kun alohida o‘ringa ega. O‘shanda «Madrid»ning 100 yilligi munosabati bilan chiqarilgan klub futbolkasini sovg‘a sifatida qabul qilib olganman. Shuningdek, o‘z kuchimni «Qirollik klubi»da sinab ko‘rishim mumkinligini aytishgandi. Shunchaki, sehrli kun. Keyin «Madrid» tarkibida maydonga tushdim va birinchi o‘yin tugashi hamono oldimga shartnomani qo‘yishdi. Rosti, hammasi shu qadar tez rivojlanishini sira o‘ylamagandim.

Valdebebas sport shaharchasi

- Bir narsadan alohida g‘ururlanaman: menga Valdebebasdagi baza qurilishiga ilk ramziy g‘ishtni qo‘yish tadbirida qatnashish nasib etdi. Bu haqda chamasi bir hafta oldin ogohlantirishgandi. Zero, o‘sha payt «Alevin A» toifasidagi jamoa­da sardor sanalardim.  Bir o‘ylang, mening o‘rnimda Madrid «fabrika»sining xohlagan futbolchisi bo‘lishi mumkin edi. Eh, o‘shanda nechog‘li hayajonlanganimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Chunki nima qilishni bilmasdim. Xayriyatki, tadbir uzoqqa cho‘zilmagan va tezda yana ozod qushdek yengil tortgandim.

«Kastilya» sabog‘i

- «Madrid»ning bu filialidagi 2 yillik faoliyat men uchun kanteranoda o‘tgan eng yaxshi davrdir. O‘sha jamoada o‘ynagan yigitlar juda ahil-inoq bo‘lib, bu futbol maydonida ham yaqqol ko‘zga tashlanardi. Tarkibdagi aksariyat futbolchilarning professional darajaga yengilgina o‘tishganida aynan o‘rtamizda shakllangan qalin do‘stlik rishtalarining katta rol o‘ynaganiga zarracha shubha yo‘q.

Joze Mourinyo davri

- Eng alamli tomoni shuki, «Kastilya»da ma’lum muddat yetakchilik qilgan bo‘lsamda, Joze asosiy jamoada o‘zimni ko‘rsatishimga imkon bermadi. Vaholanki, shundan umidvor edim va birinchi urinishdayoq ishonchni oqlashga tayyor turgandim. Ha, «Madrid» tizimida 10 yil shug‘ullanib, o‘ynagandan keyin ham birinchi jamoa tarkibidan chetda qolish har qanday yigit ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Vaziyat o‘zgarmagach, shaxsiy agentim Xines Karvaxaldan qat’iy ohangda so‘radim: «Agar «Madrid» bilan shartnoma muddatini uzaytirsak, maydonga tushish imkoniyatim oshadimi yoki hozirgi holat davom etadi?»  Shunda u bu masalada aniq gap aytolmasligini ta’kidladi va Germaniyada o‘ynash varianti xususida o‘ylab ko‘rishimni tavsiya etdi. Chunonchi, bundesligada yetarli o‘yin amaliyoti hosil qilishim ehtimoli katta edi. Aslida «Madrid» bilan xayrlashishni sira xohlamagandim, ammo o‘yin amaliyotiga muhtojlik bois, ketishdan o‘zga chora qolmagandi.

Germaniya tajribasi

- Ayniqsa, ota-onamdan uzoqlashish qiyinchilik tug‘dirdi. Hammasi hal etilgach, Dyusseldorfda yashashni ma’qul ko‘rdim. Chunki bu shaharda sobiq jamoadoshim bor edi. U bilan birga bo‘lsam, zerikmasligimni o‘ylagandim, ammo sog‘inch hissi azob berdi, baribir. Xayriyatki, vaqti-vaqti bilan do‘stlarim mehmonga borib turishdi. Aks holda, qanday chidardim, bilmadim... U yerdagi uyim ancha kichik edi, shunga qaramay, qancha mehmon borsa ham vaqtni mazmunli o‘tkazardik. Bir safar do‘stlarimni paelya (guruchli ispancha taom) tayyorlaydigan restoranga boshlab borganimda, muassasa xodimlarini hattoki, biroz ter bosgandi (kuladi).

Qaytish vaqti

- Tabiiyki, Madridda «Bayer» tarkibidagi o‘yinlarimni diqqat bilan kuzatib borishgan va ko‘rinishidan, hamma harakatlarimdan qoniqish hosil qilgan. Keyinroq «Real» vakillari meni kechki ovqat uchun restoranga taklif etishdi. Shunda jamoa transferimni qayta sotib olish harakatiga tushganini tushundim. Darhaqiqat, restoranda aynan o‘ylaganimdek, yangi shartnoma masalasida so‘z ochildi.

Tan olaman, o‘sha vaqt harchand urinmayin, yuzimdagi tabassumni yashirolmadim. Chunki qalban hamon «Madrid»ga tegishli edim. Xullas, qaytish borasida aslo ikkilanganim yo‘q. Taqdimot marosimini qanday kutganimni aytmaysizmi? Keyin oilamni baxtiyor holda ko‘rib, omadli yigit ekanligimga to‘la amin bo‘ldim. Oddiy aytganda, eng katta orzum amalga oshgandi va shu sabab, ehtiroslarni jilovlay olmadim.

«Qirol kubogi»-2014

- Bu men uchun ilk jiddiy sovrin. Garet Beylning o‘sha fantastik yurishi esdan chiqishi mumkinmi? Boz ustiga, finalda «Barselona»dan ustun kelgandik va bu muvaffaqiyat ahamiyatini 2-3 baravar oshirib yuborgandi.

Bobosi o‘limi

- Ruhiy tomonlama o‘ta og‘ir damlar... Bobom hayotdan ko‘z yumishidan oldin bir necha oy klinikada yotdi va bu otam uchun murakkab sinov edi. Bobom «Valensiya»ga qarshi o‘yinimizga bir kun qolganida vafot etdi. Buni inobatga olgan bosh murabbiyimiz menga qo‘shimcha ta’til berishga tayyor ekanligini bildirdi. Asosiysi, «Santyago Bernabeu»da bobom xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqlanganini butun umr unutmayman.

Lissabon zafari

- 90}3-daqiqada urilgan o‘sha gol o‘yinda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi: u tufayli Chempionlar Ligasi kubogini raqibga bermasligimizni to‘liq angladik. O‘shanda g‘irt telbadek tinmay baqirganimni o‘ylasam, biroz uyalib ketaman qaysidir ma’noda. Lekin ikkinchi tomondan qarasak, ehtiroslarni bosish imkonsiz edi. Axir  «Madrid» bungacha naq 12 yil davomida CHLda g‘alaba qozonolmagandi.

Milan finali

- Finalga talab darajasida tayyor bo‘lish maqsadida ancha oldin yuklamalarni sekin-asta oshirib borgandim. Afsuski, voqealar bosh-qacha rivojlandi: har bir to‘pga teginishdan so‘ng boldirimda kuchli og‘riq sezdim. Xususan, 18-daqiqadagi og‘riqdan yig‘lab yuborishimga sal qoldi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa o‘yinni davom ettirolmasligim va Danilo mendan ko‘ra, ko‘proq naf keltirishi mumkinligini tushundim. Yana jarohat sabab, Yevro-2012dan ham chetda qolishimni anglagan edim. Eh, naqadar og‘riqli zarba....

Superkubok

- Futbol doimo senga ikkinchi imkoniyatni ham beradi. Hozir bunga o‘zim ham ishonolmayman, o‘sha o‘yin arafasida oyog‘im barmoqlari qavarib ketgan va shu sabab, maydonga ataylab teshilgan butsalarda tushgandim. Qarangki, shu holatda uchrashuv oxirida gol urishga muvaffaq bo‘ldim...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 21:40, 12.04.2017.
O'qildi: 5696 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.