Angliyada «Bornmut» klubini ingliz «Barselona»si, uning yosh, lekin tajribasizlik o‘rnini tinimsiz izlanishlar bilan to‘ldirayotgan murabbiyi - Eddi Xauni mahalliy «Benazir» deya sharaflashmoqda. FootballHD.ru sayti ijodkorlari ushbu mutaxassis haqida quyidagi maqolani havola etishdi.
30ga chiqmay, butsalarini mixga ilgan paytida, Eddi oldinda qanday kelajak kutib turganidan batamom bexabar edi. Aksariyat sportchilar kabi u ham jarohat tufayli sevimli mashg‘ulotidan barvaqt xayrlashishga majbur bo‘ldi. Odatda, suyukli jamoadan ayrilish juda qiyin. Biroq Xauning baxtiga, bunday judolik alamini tatib ko‘rish nasib etmadi - 2006 yil dekabrda «olchalar» ustozi Kevan Bond o‘z shogirdini o‘ynovchi murabbiy lavozimiga taklif etdi. Shu tariqa u murabbiylik va menejment olamiga qadam qo‘ydi. Aniq maqsad sari intiladigan futbolchilik va murabbiylik sohalarining uyg‘un jihatlari ko‘p bo‘lsada, ular o‘rtasidagi tafovut ham sezilarli. Vaholanki, mutasaddilar murabbiydan ham, futbolchilardan ham qisqa vaqt ichida ulkan muvaffaqiyatlarni talab etishadi.
Xau saviyali futbolchi edi. Murabbiylik faoliyatining ilk kunlaridanoq buyuklik anqiy boshladi. Chindan ham, kimlardir uddaburon yetakchi rahbarligida zafarlarga erishadi, boshqalar esa dovyurak jangchilarini nurli manzillar sari yetaklashidan umidvor bo‘ladi. So‘nggi natijadan kelib chiqsak, Eddi Xau yo‘lboshchi bo‘lish uchun yaralgandek. Futbolchilik davrida «Din Kort»da qulay sharoitlarga ega emasdi. Aks holda, u jarohatidan to‘la-to‘kis qutulib, yana bir necha yil bemalol to‘p surardi. Afsuski, taniqli shifokor Richard Stedman ko‘rigidan o‘tish uchun AQSHga borganida vaqt o‘tib bo‘lgandi - noto‘g‘ri tashxis va muolajalar tufayli futbolchi sport formasini yo‘qotib ulgurgandi. Shu bois o‘z vaqtida Ronaldo va Alan Shirerga ikkinchi futbol faoliyatini hadya etgan shifokor Xauga yordam berolmadi. Futbolchi uchun asosiy ustunlik hisoblangan sakrash qobiliyatini tiklashning iloji topilmadi. Bo‘yi unchalik baland bo‘lmagan himoyachi esa aynan shu xususiyati evaziga talab darajasida o‘ynay olishini yaxshi bilardi. Asosiy «kuziri»dan judo bo‘lgach, Xau achchiq taqdirga tan berdi. Shu tariqa himoyachi ko‘p vaqtini maydonda emas, balki zaxira o‘rindig‘ini isitish bilan o‘tkazdi. Ana shu salbiy holat - «ortiqchalik»dan ham samarali foydalandi - jamoadoshlarining maydondagi harakatlarini chetdan turib kuzatdi, qayerda qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yayotganlarini qunt bilan o‘rgandi. Muhimi, Eddi maydon tashqarisidan jamoa o‘yiniga ta’sir o‘tkazish ko‘nikmasiga ega bo‘ldi. Taqdir taqozosi bilan 2009 yil yanvarda jamoa bosh murabbiyi Jimmi Kvinn iste’foga chiqarildi. Mutasaddilar o‘ylab o‘tirmay, sobiq futbolchiga murojaat qilishdi. O‘qimay uqqan mutaxassis yeng shimarib ishga kirishdi. Rejalashtirib qo‘ygan g‘oyalarini amalga oshira boshladi. Albatta, avvaliga jiddiy sinovlardan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. «Bornmut» moliyaviy muammolar girdobida qolib, jangovarlikni butunlay boy bergandi. Shu bois muxlislar undan hech narsa kutishmagandi. Jamoaning quyi divizionga tushib ketishiga oldindan ko‘nikma hosil qilishgandi. Yosh murabbiy bor kuchini o‘zi uchun yaxshi tanish bo‘lgan soha - futbolga sarflay boshladi. Moliyaviy hamda salbiy masalalarni mutasaddilar ixtiyoriga havola etdi. Bosh murabbiylik lavozimini egallashi futbolchilar kayfiyatini ko‘tardi, ishlar yurisha boshladi. Natija ketidan natija kela boshlagach, muxlisu futbolchilar yuzida tabassum paydo bo‘ldi. Quyi divizionga tushib ketish xavfi ostida turgan jamoa nafaqat elitadagi o‘rnini saqlab qolish, balki yuqoriga ko‘tarilishni ham uddaladi. Biroq muxlislar yosh mutaxassisning muvaffaqiyatlaridan qanchalik quvongan bo‘lsalar, jamoaning kelajak taqdiri xususida shunchalik jiddiy xavotirga tushib qoldilar. Chunki Eddi Xauni o‘z jamoasiga jalb qilish istagidagilar ko‘paydi. Yosh murabbiy bir qator takliflarni rad etgan bo‘lsada, «Byornli»ning chorlovidan voz kecha olmadi - o‘zining eng yaqin maslakdoshi Jeyson Tindall bilan birgalikda «Tyorf Mur»ga yo‘l oldi. Yangi jamoada «Bornmut» muvaffaqiyatining takrorlanishidan mutasaddilar ham, muxlislar ham umidvor edilar. Xullas, «Byornli»da ishlar yurishmadi, Eddi ham u yerda uzoqroq ishlashni istamadi. Ustiga-ustak, kutilmaganda onasi Enn vafot etgach, ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Xau uni jonidan ortiq ko‘rar, og‘ir damlarda volidasi maslahatlariga quloq tutardi. Futbolda erishayotgan yutuqlarini onasiga bag‘ishlardi. Judolikdan so‘ng bor alamini ishdan olishga qaror qilgan mutaxassis yanada ko‘proq ter to‘kishga bel bog‘ladi. Natijada Angliyaning kelajagi porloq murabbiylari safiga ko‘tarildi. O‘ziga xos shafqatsiz qonun-qoidalarga ega bo‘lgan sport olamida faoliyat yuritish oson emas. Eddi «Bornmut»da kamdan-kam mutaxassislarga nasib qiladigan jihat - ishonchga ega bo‘ldi. Yosh mutaxassisga jamoani o‘z rejalari asosida tashkil etish, bosqichma-bosqich rivojlantirish imkoniyatini berib, murakkab muammolarni yo‘qotishda murabbiyga yordam qo‘lini cho‘zishdi. Oqibatda, «olchalar» APL a’zolari safidan joy olishdi. Xau esa haqli ravishda tumanli o‘lka Mourinyosiga aylandi. Tan olish kerak, ingliz futbolining oliy divizionida ham yosh murabbiy o‘zligidan voz kechmadi, Arsen Venger yoki Lui van Gal kabi daholar qarshisida qaltiramadi. Jamoa o‘z uslubini saqlab qolganligi va murosasiz musobaqa muhitiga tezda moslashib olganligini Xauning nomdor kasbdoshlari ham e’tirof etishmoqda. Bunday muvaffaqiyatning siri nimada? Eddi amerikalik Jon Vuden o‘gitlarini o‘zi uchun dasturilamal sifatida qabul qilgan. Basketbol jamoasi murabbiyining fikricha, ichki xotirjamlik faqat o‘z ishidan to‘la qoniqish hosil qilgan mutaxassislarda bo‘ladi. Ana shu aqidaga o‘zini ishontira olgan Xau malakasiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmadi, tanlagan uslubidan voz kechmadi. Stiv Maklaren va Alan Pardyudek tajribali mutaxassislarni «sindirgan» APLda «Bornmut» ham chiroyli, ham samarali o‘yin ko‘rsatish mumkinligini isbotlamoqda. Albatta, g‘alabalar osonlik bilan qo‘lga kiritilayotgani yo‘q: 4:3 hisobidagi yorqin zafarlardan keyin 1:5 ko‘rinishidagi alamli mag‘lubiyatlar ham uchradi. Ammo «Man Siti» va «Tottenxem» kabi grandlar «olchalar» himoyasini olchadek ezib tashlaganlarida ham Eddi o‘z yo‘lidan qaytmadi. Natijada qaro tunlar ortidan yorug‘ kunlar kelib, «Bornmut» ko‘chasida quyosh charaqlay boshladi. «Stemford Brij»da «Chelsi» ustidan erishilgan g‘alaba (1:0) murabbiy va uning shogirdlari kuchiga kuch qo‘shganiga shubha yo‘q. Oradan 12 kun o‘tgach, Joze Mourinyo ishsiz qoldi, uning Angliyadagi laqabdoshi bu paytda uch oylik mag‘lubiyat va duranglardan so‘ng ilk marta zafar zavqidan mast edi. O‘sha tarixiy bellashuvda «Bornmut»ning yetakchi o‘yinchilari - Kallum Uilson, Tayron Mings, Tommi Elfik va Make Gradel maydonda bo‘lishmagandi. Jamoada hamjihatlik va ahillik hukmron bo‘lsa, ayrim yetakchilarning yo‘qligi ham bilinmaydi. E’tiborli jihati shundaki, hozirda «olchalar» APL ishtirokchilari orasida boshqalardan ko‘ra ko‘proq va samaraliroq yuguradigan jamoa bo‘lib turishibdi. Xau o‘z shogirdlarini iloji boricha raqib jamoa maydonchasi yaqinida kurashishga o‘rgatdi. Natijada Saymon Frensis, Stiv Kuk va Adam Smit APLning samarali himoyachilari safida borishmoqda. O‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra, jamoa kamtarin 16-pog‘onadan joy olgandi. Bu - o‘tkir syujetli ssenariy emas, uni «Lester» parvoziga ham qiyoslab bo‘lmaydi. Fakt shuki, «Bornmut» debyutni muvaffaqiyatli yakunladi. Garchi o‘tkazib yuborilgan gollar yetarli bo‘lsada, jamoa yorqin o‘yin namoyish etdi. Shu o‘rinda yosh murabbiyning o‘yin paytida dadil qaror qabul qila olishini ham alohida ta’kidlash lozim. Masalan, o‘tgan mavsumning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan bahsda Xau jamoasi o‘z maydonida «Liverpul»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berayotgandi. Shunda murabbiy Rayan Freyzerni «jang»ga tashladi. Buni qarangki, ikki daqiqadan so‘ng shu futbolchi jamoasi uchun penalti ishlab berdi, keyin Stiv Kukning goliga assistentlik qildi. Shu tariqa jangovar durang qayd etildi. Ertasiga Freyzerning surati gazeta va saytlar sahifalarini bezadi. Muvaffaqiyatda Xauning ulushi ham kam emasdi. Axir raqibning zaif jihatlarini aniq topa olgan murabbiy Freyzer va Afobeni maydonga tushirmaganida, mezbonlar mag‘lub bo‘lishlari aniq edi. Hozirda bu kabi dadil qarorlar kam uchramoqda. Aytishlaricha, Eddi Xau uchun ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q. U arzimas ikir-chikirlarga ham jiddiy yondashadi, mashg‘ulotlarga hammadan oldin kelib, barcha shart-sharoitlarni sinchiklab tekshiradi. Shogirdlari dam olayotgan paytda murabbiy yangi rejalar ustida bosh qotiradi, kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini qidiradi. To‘g‘ri, Eddi o‘ta qisqa vaqt ichida sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Agar faoliyatini shu zayl davom ettirsa, top klublardan taklif olishi aniq. Hozirda Xauni Arsen Vengerning vorisi sifatida e’tirof etishmoqda. Londonda ham muvaffaqiyat qozonishiga shubha yo‘q - poytaxt klubining imkoniyatlari «Bornmut»nikidan bir necha barobar yuqori. Qolaversa, Angliya terma jamoasida ham anchadan beri malakali, tashabbuskor va serg‘ayrat murabbiyga ehtiyoj bor. Xullas, Eddini oldinda o‘ta nurafshon, shu bilan birga, xavotirli istiqbol kutmoqda. Chunki u murabbiylik uchun juda yosh - hali qirqqa ham chiqqani yo‘q!