Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zidanning buyukligi nimada yoxud uning o‘yinchilar bobida omadi bormi?

Zidanning buyukligi nimada yoxud uning o‘yinchilar bobida omadi bormi?

Baho:
+1 | -

Fransuz futbolchisining inqilobchiga mengzalishi ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, lekin shunisi aniqki, u «Blankos» ichida ideal tizim yarata oldi!

«Real» uchinchi ming yillikda ilk bor eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda: YECHLda final kafolatlangan, La Ligada chempionlikka erishish uchun katta imkoniyat bor. Lekin jamoada hech qanday janjal, ultimatumlardan darak yo‘q, yechinish xonasidan ham fisqu-fasod isi chiqmay qo‘ydi. Hattoki Florentino Peres ham o‘zini binoyidek tutmoqda: uniing yakkayu yagona gunohi — Keylor Navasga nisbatan bo‘lar-bo‘lmasga bosim uyushtirayotgani bo‘lsa kerak.

«Real»da barqarorlik va samaradorlik davri aynan Zayniddin Zidanning jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishi bilan boshladi. 2016/17 yilgi mavsumdagi «Real» o‘zining bosh murabbiyiga juda o‘xshash: barcha kuch-g‘ayrat va hissiyotlar mikst-zonadagi bo‘lmag‘ur valdirashlarga emas, maydonda natijaga erishish uchun qaratilgan.

Nima bo‘lganda ham, «Real»ning o‘ta muvaffaqiyatli mavsumida Zizuning roliga yetarlicha baho berilmayapti.

Xo‘sh, Visente del Boske, Joze Mourinyu va Karlo Anchelotti orzu qilgan barqarorlikka fransuz mutaxassisi qanday qilib erishdi?

Avvalo shunisini anglash kerakki, Zidan innovator ham emas, yaratuvchi ham. Uni mablag‘larni aql bilan ishlatib, yanada boyigan ulkan boylikning merosxo‘ri sifatida qabul qilish kerak. Sirtdan qaraganda, Zizuning harakatlari ko‘zga tashlanmaydi, shu sababli vaziyatga chuqurroq nazar tashlash kerak.

«Real»ning asosiy «ko‘ziri» devlarga xos jismoniy holatidir: may boshlandi hamki, «Madrid»lik yigitlar «Bondyuel» reklamasidagi sabzavotlardan ham bardamroq. Bir qaraganda bu hol top-klub uchun tabiiydek, lekin «blankos»larning bardamligini tasdiqlab beruvchi uch omil borligini tilga olmasak bo‘lmaydi.

Birinchidan, mavsum klub uchun 9 avgust kuni (Evro-2016 finalidan bir oygina o‘tib) boshlangan, o‘shandan beri ular 54 ta uchrashuvda maydonga tushdi — bu juda og‘ir masofa, biroq «Real»da zarracha pasayish bo‘lgani yo‘q. Ikkinchidan, «Madrid» keraksiz turnirda ishtirok etish uchun Yaponiyaga — klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga uzoq va ezuvchi parvoz bilan borib keldi, lekin bu ham jamoada inqiroz vujudga kelishiga sabab bo‘lmadi. Uchinchidan, butun mavsum mobaynida «Real»da jamoaning jamiki o‘yinchilari jarohatlanib chiqishdi, lekin faqatgina Beyl inobatga olinmasa, ularning barchasi tuzalgach, darhol uz jismoniy formasini tiklab olishdi.

Ehtimol, bitmas-tuganmas kuch zaxirasi uchun Zidanga emas, jimsoniy tayyorgarlik uchun mas’ul murabbiyga tashakkur bildirish kerakdir, Zayniddin faqat rotasiya bo‘yicha eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilib turgandir? Ispaniya nashrlari fransuzning yondashuvini klubni «A jamoa» (Ronaldu, Modrich, Ramos va h.k.) va «B jamoa» (Isko, Xames, Morata, Asensio, Kovachich va boshqalar) ga bo‘lish, deb atashmoqda. Ularni birlashtiruvchi bo‘g‘in esa albatta, Marselo: «Real»da faqatgina uning o‘rnini to‘laqonli bosa oluvchi zaxira yo‘q.

Mohiyat shundaki, «A jamoa»dagi tegib bo‘lmaydigan yulduzlar asosiy o‘yinlarda maydonga tushishadi, «B jamoa»dagi nomzodlar esa Zidan katta o‘yinlarda hechqursa zaxiradan maydonga tushirib turishi uchun shartli «Sporting»larning burnini yerga ishqalashadi. Oddiy gap bilan tasvirlanganda, juda mantiqli va jo‘yali ko‘rinadi, biroq avval bu o‘ta jo‘n tizim faqat virtual futbol menejerlarida ish berardi. Hayotda ertami-kechmi hamma narsada adolatsizlikni ko‘ruvchi norozi vaysaqilar paydo bo‘lar, alal-oqibatda o‘zlariga ajratilgan fursatda ham barcha narsani barbod qilib, jamoa yuzini yerga qaratar edi.

Zidan fenomenining noyobligi shundaki, «B jamoa»ga u «Real»ning sovrinlar qo‘lga kiritishida ular naqadar muhim ekanligini tushuntira oldi. Bu yo‘lda qurbon faqat Alvaro Morata bo‘lishi mumkin, lekin hatto u ham joriy mavsumda «Madrid»ga ulkan foyda keltirmoqda: La Ligada o‘ynagan 1166 daqiqasi mobaynida ispan hujumchisi 13 ta gol urib (Krishtianudan keyin ikkinchi), 4 bor assistentlik qilgan. Madridliklarning hammasi ham shunday: hattoki ko‘p foydalanilmayotgani uchun achchiqlanib, qo‘llarini chalishtirgancha zaxira o‘rindig‘ida sotib yuborilishini kutishi mumkin bo‘lgan Isko ham tin olmayapti.

Natijada, Zidan bir-biriga ko‘nikkan (tajriba tufayli), quvvatlangan (kuchli ichki raqobat tufayli) va o‘ta chidamli brigadaga ega bo‘ldi va ular ikkinchi bor ketma-ket Yevropaning eng kuchli jamoasi bo‘lish sari dadil odimlashmoqda.

Bugungi «Real»ning haqiqiy kuchi tartibli, keskin va aqlli «Atletiko»ga qarshi o‘yinda ayniqsa, butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. «Hindular» o‘yinning boshida qattiq dovulga duchor bo‘lishlarini bilishardi, «Madrid» o‘yin oxirida ezg‘ilab tashlashi mumkinligi ham anglashardi, lekin bu ularni qutqara olmadi: «Visente Kalderon»da endi Chempionlar ligasi madhiyasi o‘rniga dafn marshini qo‘yib yuboraverishsa ham bo‘laveradi.

«Real»dan nafratlanuvchilar Ziddanni doim unga omad kulib boqishida ayblashadi, lekin bunday bayonotlar alahsirashdan boshqa narsa emas. «Madrid» so‘nggi 10 daqiqa ichida 22 ta gol urgan (Evropada eng ko‘p), burchakdan oshirilgan zarbadan 10 ta to‘p kiritilgan (Ispaniyada birinchi o‘rinda) va jarima zarbasidan 9 bor darvoza ishg‘ol etilgan (La Ligada eng yaxshi ko‘rsatkich). O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, omad deganlari hech qachon bunday hajmda taqdim etilmaydi, lekin Zayniddinga inson intellektini sinash yoqsa kerak.

«Menga shunchaki o‘yinchilar bobida omad kulib boqqan», — deya sharhlaydi Zidan o‘z muvaffaqiyatlarini, bir vaqtning o‘zida jurnalistlar va muxlislarning befahmlik darajasini sinovdan o‘tkazayotgandek. Miyasi joyida bo‘lgan insonlar uning bu so‘zlarini quyidagicha talqin qilishadi: Zizu barcha resurslardan oqilona foydalanib, yengilmas «Real»ni yaratdi.

Qolganlar esa turli saytlarga kirib, Zidanning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ekanligi, «Madrid» Krishtianusiz hech narsa emasligi, unga hakamlar goh maxfiy va goh ochiqdan-ochiq yordam qo‘lini cho‘zishi, o‘sha hakamlarni esa o‘z-o‘zidan, yaramas Florentino Peres bo‘g‘zigacha pul tiqqani haqida sharhlar yozish bilan band bo‘lishadi. 

Manba: kun.uz
Kiritildi: 21:46, 03.05.2017.
O'qildi: 10742 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.