Joriy yilning 3 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi. 7 iyun kuni mamlakatimiz sport jamoatchiligi Milliy olimpiya qo‘mitasida to‘plandi va mazkur hujjat hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi”ni hayotga tatbiq etish bo‘yicha fikr-mulohaza almashib olindi.
Kengashda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi Ahmadxodja Yunusxodjayev, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbanov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Alisher Sultanov qarorning dolzarbligi, o‘ziga xos jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Jumladan, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish, soha moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish davr talabi ekanligi e’tirof etib o‘tildi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi ayni muddao bo‘lishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, dasturda jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublari faoliyatini olimpiya, milliy va boshqa sport turlari kesimida reyting baholash tizimini joriy etish belgilangani ularning faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun o‘ziga xos poydevor bo‘lishi muqarrar.
Dastur doirasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2017-2021 yillarda jami 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, jumladan, 167 ta sport inshooti (90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasi)ni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlashga yo‘naltirilishi davlatimiz rahbariyatining ushbu sohaga nechog‘lik katta e’tibor berayotganining ifodasi deyish mumkin.
Shu bilan bir qatorda dasturni so‘zsiz bajarish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi kengash ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Vatanimiz sharafini nufuzli musobaqalarda munosib himoya qilgan sport yulduzlaridan jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida samarali foydalanish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamada sport boshqarmalari va federasiyalari vakillari, sport faxriylari va murabbiylar bilan bir qatorda Hasanboy Do‘smatov, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Iroda To‘laganova kabi mashhur sportchilar, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Shoakrom Isroilov, Sertifikasiyalash va kompyuterlashtirish markazi direktori Shavkat Sultanov, sport sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev va boshqalar so‘zga chiqishdi.
Dastur bandlari ijrosini ta’minlash borasida uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlar, hal qilinishi zarur muammolar ochiq muhokama qilindi, o‘ziga xos tavsiyalar va takliflar o‘rtaga tashlandi. Qaror va dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlar ommaviy sportni rivojlantirish uchun zamin yaratishi, dasturning amalga oshirilishi uchun barchamiz mas’ul ekanligimiz alohida ta’kidlandi. Bu boradagi sa’y-harakatlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tadigan arenalarda O‘zbekiston bayrog‘i baland hilpirashiga ko‘p bora shohid bo‘lib yurish uchun xizmat qilishi shubhasiz.