Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sardor Rashidov: «Al-Jazira»ni tanlab, faoliyatimda burilish yasashni xohladim»

Sardor Rashidov: «Al-Jazira»ni tanlab, faoliyatimda burilish yasashni xohladim»

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular

Sardor Rashidov «Al-Jazira» bilan shartnoma tuzdi.

Kelishuv 2 yilga mo‘ljallangan. Ma’lumot uchun aytish kerak, «Jazira» shu yil dekabr oyida Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadi. Aynan shu holat ham Rashidovning ushbu jamoa taklifini qabul qilishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Qolaversa, Qatarning ikki klubi birlashishi natijasida Sardor o‘ynagan «Al-Jaish» faoliyatini to‘xtatgandi. Aslida hamyurtimiz ko‘plab jamoalardan chorlov oldi va yakunda aynan «Al-Jazira» libosini kiyishni ma’qul ko‘rdi. 

- Sardor, avvalo, «Al-Jazira» jamoasi bilan shartnoma tuzganingiz sabab, tabriklaymiz. Xo‘sh, bu variant qanday yuzaga keldi?

- «Al-Jazira» bosh murabbiyi va shaxsan klub prezidenti meni jamoa safida ko‘rishni istashdi. Bu birinchi qadamni tashlashimda muhim omil bo‘ldi. Qolaversa, «Al-Jazira»ning Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashishi ham tanlov bo‘yicha bir to‘xtamga kelishimni osonlashtirdi. Chunonchi, salohiyatimni dunyosining grand klublariga qarshi o‘yinlarda sinab ko‘rish xohishi kuchlilik qildi. Umuman, buning vaqti ham kelgandi. Yana bir tomoni, «Al-Jazira» yakunlangan mavsum BAA chempionati g‘olibiga aylandi. Xullas, hammasi bir bo‘lib, BAA klubi taklifini qabul qildim. Bundan bag‘oyat xursandman, albatta.

- Bilishimizcha, oldingizda boshqa variantlar ham bor edi. Deylik, Qatar klublaridan ham taklif olganingiz haqida o‘qidik? Ularni ham ko‘rib chiqqandirsiz...

- Yo‘q, ochig‘i, Qatarda qolishni istamadim. Zero, faoliyatimda burilish yasashni xohladim. Agar Yulduzlar ligasida qolganimda, hozirgi imkoniyatga ega bo‘lmasdim. Oddiy aytganda, o‘zimni boshqa chempionatda sinab ko‘rish istagi balandroq bo‘ldi.

- Umuman, «Al-Jaish»ning boshqa klub bilan birlashtirish qarorini qanday qabul qilishdi?

- Qatarning 2ta yetakchi klubini birlashtirish g‘oyasi mamlakat futbol federasiyasidan chiqqani aniq. Shaxsiy fikrim, bu unchalik to‘g‘ri qaror bo‘lmadi. Har holda, birlashishda ma’no ko‘rmayapman. Chunonchi, «Al-Jaish» OCHLda muvaffaqiyatli ishtirok etadigan Qatar klublaridan biri edi. Milliy federasiyaning ushbu qarori bilan chempionatdagi raqobatga ham ma’lum darajada putur yetadi, menimcha. Axir «Jaish» chempionlik uchun kurash olib boradigan 3-4ta jamoa qatorida gavdalanayotgandi. Endi esa «Al-Sadd» va yangi tuzilgan jamoa qoldi, xolos. Xulosam shuki, bu qaror Yulduzlar ligasi saviyasi pasayishiga olib keladi. Shu bois ham, Qatarda qolish variantiga ijobiy qaramadim.

- Shuningdek, BAAning yana bir klubi - «Al-Ayn»dan ham taklif olganingizni eshitgandik. Aytishlaricha, shaxsan Umar Abdulrahmon sizni o‘z jamoasi safida ko‘rishni istagan ekan.

- Ha, bu to‘g‘ri ma’lumot va uni tasdiqlayman. Bilishimcha, aynan Umar Abdulrahmon klub rahbarlariga meni xarid qilishni tavsiya etgan va ular nomzodimga qiziqib qarashgan. Lekin «Al-Ayn» kelasi mavsum OCHLda qatnashmaydi. Zero, jamoa BAA chempionatida atigi 4-o‘rinni egalladi.

- «Al-Jazira» bilan tuzilgan 2 yillik shartnomangiz bandlari haqida ma’lumot bera olasizmi? Uning moliyaviy jihatlari «Al-Jaish»nikidan yaxshiroqmi?

- Albatta ijobiy tomonga o‘zgarish bor. Shuning uchun taklifni qabul qilishda ortiqcha ikkilanmadim.

- «Al-Jaish»da 10-raqam ostida o‘ynadingiz. «Al-Jazira»da ham «10»ni tanlaysizmi yoki...?

- Afsuski, klubda bu raqamning egasi bor ekan - Muborak Bussufa. Bu futbolchi «Anji»da Odil Ahmedov bilan birga o‘ynagan edi. Darvoqe, men bilan birga mashhur Lassana Diarra ham «Jazira» a’zosiga aylandi.

- Xo‘sh, o‘zingizga raqam tanladingizmi?

- Hozircha yo‘q. Ochig‘i, raqamning alohida ahamiyati bo‘lmasa kerak.

- Klub tarkibiga qachon qo‘shilasiz?

- 14 iyul kuni.

- Demak, «Jazira» bilan hali to‘liq tanishmagansiz. Jamoa qarorgohi, stadioni...

- «Al-Jazira» bazasi masalasida qandaydir shubhaga o‘rin yo‘q. «Manchester Siti»da qanday sharoit yaratilgan bo‘lsa, «Jazira»da ham xuddi shunday. Chunki klub aynan «Manchester Siti» xo‘jayiniga tegishli.

- Alohida uy ajratishdimi?

- Bu masalani BAAga borgandan keyin hal qilamiz.

- Bosh murabbiyning sizdan umidi katta ekan. U bilan gaplashdingizmi?

- Hali ulgurmadim. Hozirda murabbiy ta’tilda. Dubayga borgach, albatta, alohida gaplashib olamiz.

- Arab diyorida sizni Krishtianu Ronalduga o‘xshatishadi. Bunga qanday qaraysiz?

- Shunday taqqoslashlarni eshitish yoqimli. Lekin futbolchi avvalo, o‘z nomi va o‘yin uslubiga ega bo‘lishi lozim. Xullas, men aynan shuni istayman.

- Ronalduning «Real»dan ketishi haqida xabarlar urchidi. Siz bunga ishonasizmi yoki hammasi oddiy gap-so‘z, shov-shuv ko‘tarishmikan?

- Kim biladi, balki haqiqatdir. Ispaniyadagi soliq tizimidan nafaqat Ronaldu, balki Messi ham aziyat chekayotgani haqida o‘qiyapmiz. Shu sabablimi, Krishtianu chindan ham, klubini almashtirmoqchidir. Menga qolsa, uning «Real»dan ketmagani yaxshi. Axir shunday taqdirda Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida u bilan to‘qnash kelishim mumkin.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:27, 07.07.2017.
O'qildi: 14590 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.