Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Futbolchi va murabbiy o‘rtasidagi mojarolar

Futbolchi va murabbiy o‘rtasidagi mojarolar

Baho:
+ | -

Umumiy tushunchaga ko‘ra, murabbiylar uchun klub futbolida ishlashdan ko‘ra, terma jamoani boshqarish nisbatan qiyin. Bunga asos sifatida bir necha sabablarni keltirish mumkin. Misol uchun, tan olingan yulduzlarning milliy jamoa bosh murabbiyiga dangal qarshi chiqishlari tez-tez kuzatiladi. Ular asosan mamlakat bosh jamoasi boshlang‘ich tarkibidan chetda qolishgan payt darhol murabbiyga qarata «o‘q» ochishadi. «Sovetskiy Sport» gazetasi ayni shu holatga e’tibor qaratib, «Futbolchi bosh murabbiyga qarshi» ko‘rinishidagi eng «yorqin» janjallarni esga oldi.

Braziliya termasi: Romario - Mario Zagallo janjali

Afsonaviy «mitti» Braziliya termasining JCH-98 uchun topshirgan «zayavka»sidan chetda qolgach, bor zahrini qariya murabbiy Mario Zagalloga to‘kib-sochgandi: «Jarohat - bu Zagallo uchun mendan qutulish yo‘li, zo‘r bahona». Gap shundaki, Romario mundial startiga atigi 1 oycha vaqt qolganida jamoa mashg‘ulotlarida chindan ham, jarohatga yo‘liqqandi. Lekin futbolchi ertasi kuni darhol bayonot berib, jahon chempionatigacha to‘liq tiklanish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini aytadi. Biroq Braziliya milliy jamoasi bosh murabbiyi yakuniy tarkibni e’lon qilish oldidan Romario muhim o‘yinlargacha jarohatdan qutulolmasligini aytib, asosiy yordamchisi Ziko bilan maslahatlashgan holda, uning o‘rniga Emersonni jalb etishga qaror qilishganini bildiradi. Hujumchi bundan xabar topgani zahoti g‘azab otiga mingancha telekameralar oldida «sayray» boshlaydi.

Fakt. Jahon chempionati boshlangan vaqt Romario o‘z yurtida mashhur sanalgan «Gol» restoranini sotib oladi va uning hojatxonasi eshiklarini Zagallo va Ziko karikaturalari bilan bezaydi. To‘g‘ri, Zagallo keyinchalik futbolchini shu qilmishi uchun sudga beradi va jarayonda yutib chiqadi. Sud murabbiyga yetkazilgan ma’naviy zararni 1 million dollar miqdoridagi jarima bilan baholashdan tashqari,  karikaturalarni eshiklardan o‘chirib tashlash haqida hukm chiqaradi. Mag‘rur Romario esa shunchaki, hojatxona eshiklarini yangilab qo‘ya qoladi.

Angliya termasi: Joui Barton - Fabio Kapello janjali

2011 yilning kuzida Angliya terma jamoasi kadrlar muammosiga duch keldi. To‘g‘rirog‘i, Gollandiya milliy jamoasi bilan bo‘ladigan o‘rtoqlik o‘yini arafasida Stiven Jerrard va Jek Uilshir safdan chiqishdi, boz ustiga, Frenk Lempardning maydonga tushishi so‘roq ostida edi. Bunday holatda matbuot Joui Bartonni terma jamoa tayanch yarim himoyachisi roliga ideal nomzod sifatida ko‘rsatdi. Ammo o‘sha payt inglizlarga ustozlik qilgan qaysar Fabio Kapello boshqacha fikrda ekanligini istiholasiz bayon etdi: «Barton saviyali va yaxshi o‘yinchi, ammo u juda xavfli. Agar Joui o‘ynasami, mudom maydonda 10 kishi bo‘lib qolishdan cho‘chib o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Axir u qizil kartochka olish ustasi».  Joui bu gaplarga munosabat bildirishni paysalga solgani yo‘q: «Nima derdim, Kapello aslida qaydayligimni bilishi kerak. Shunday tasavvur uyg‘ondiki, u menga nafrat bilan qarayotgandek. Asl maqsadim bitta - Yevro-2012 va Olimpiadaga boradigan jamoa safidan joy olish. Agar bu o‘xshamasa, unda Kapello ishlatgan «Barton» va «yaxshi futbolchi» iboralarini uyg‘unlantirish bilan cheklanishimga to‘g‘ri keladi». Futbolchi yakunda terma jamoa tarkibiga kirmadi va bu safar yanada keskinroq izoh berishdan tiyilmadi: «Kapello shunchaki, meni Yevropa chempionatiga olib borishni istamadi. Nachora, endi Yevro-2012 o‘yinlarini televizor orqali tomosha qilaman. Hozir zarracha shubham yo‘q, Angliya termasi o‘z ishtiroki bilan hafsalamni pir qiladi - u chempionatdan hech vaqosiz qaytadi».

Fakt. Angliya futbolidagi eng yorqin Enfant terrible (janjalkash, murosasiz)lardan biri sanalgan Barton Angliya milliy jamoasi libosini atigi 1ta o‘yinda kiygan, xolos. Vaholanki, u Yevro-2012 arafasida «Nyukasl»da ajoyib mavsumni o‘tkazgandi. To‘g‘ri, shundan keyin «qarg‘alar» rahbariyati bilan mojaroga borib, «KPR» klubi safiga qo‘shilgandi.

Fransiya termasi: Samir Nasri - Didye Desham janjali

Jahon chempionati-2014 arafasida yuzaga kelgan eng shov-shuvli mojarolardan biri. Fransiya terma jamoasi ustozi Didye Desham so‘nggi pallada Samir Nasrini yakuniy «zayavka»dan chetda qoldirdi. U bu qarorini quyidagicha izohladi: «Nasri zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishga toqat qilolmaydi. Shunday holatda uning baralla e’tiroz bildirib, chor atrofga ayyuhannos solishi tayin. Jamoadagi muhitni barqaror ushlash uchun bunaqasiga yo‘l qo‘ymaslik zarur». Samir bunga bir kundan keyin javob berdi: «Shunday bo‘lishiga tayyor edim. Chunki Desham meni yoqtirmasligini oldindan sezgandim. Axir sen murabbiy bilan dildan gaplashishni xohlasang, biroq u o‘zini bundan olib qochsa, miyangda turli fikrlar charx uradi. Xullas, o‘zimni «aut»ga chiqishga ruhan hozirlaganimni yashirmayman. Albatta, murabbiyning qaroridan «shok» holatiga tushdim, ammo takror aytaman, voqealarning shunday rivojiga tayyor turgandim. Yana nima derdim? Uning qarorini hurmat qilaman. Murabbiy doimo haq, shuning uchun bu borada ortiqcha bahslashishimdan ma’no yo‘q».  Chempionatdan keyin esa Nasrining munosabati keskin o‘zgardi. Har holda, u murabbiyni «tuzlash»dan o‘zini tiyib turolmadi: «Desham - ikkiyuzlamachi va qo‘rqoq. U aslida insoniylik nuqtai nazaridan men bilan alohida gaplashib, o‘z qarorini tushuntirib berishi kerak edi». Desham esa sal keyinroq matbuot orqali Samirga o‘ziga xos maslahat yo‘lladi: «Terma jamoa mening qo‘l ostimda ekan, unda o‘ynashdan umid qilmay qo‘ya qol».

Fakt. Samirning Fransiya terma jamoasi tarkibiga kiritilmagani e’lon qilingach, bunga birinchi bo‘lib futbolchining qallig‘i Anara Atanes e’tiroz bildirgandi. U «Tvitter» orqali chiqishida hattoki, Deshamni haqoratlashgacha bordi. Shuningdek, milliy jamoa sha’niga ham bir qancha yoqimsiz «e’tirof»lar yog‘dirdi.

Irlandiya termasi: Roy Kin - Mik Makkarti janjali

Irlandiya terma jamoasi 2002 yili Yaponiya va J.Koreya maydonlarida tashkillashtirilgan jahon chempionatida ishtirok etdi. Irlandlar mundialga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini koreyslar yurtida olib borishdi. Biroq tez orada Irlandiya futbol federasiyasi va Mik Makkarti boshqaruvidagi murabbiylar shtabining ekipirovka hamda tibbiy jihozlar masalasini talab darajasida hal qilmagani oydinlashdi. Jamoa shug‘ullangan maydonning esa kartoshka dalasidan farq­lanmasligi aytildi. Xullas, birinchi kungi mashg‘ulotdayoq 2 nafar futbolchi jarohatga yo‘liqdi. Natijada murosasiz xarakteri bilan tanilgan Roy Kin bosh murabbiyga sharoitlar masalasida e’tiroz bildirdi. Makkarti garchi barchasini tezda ijobiy hal etishga va’da bergan bo‘lsada, futbolchilar yana o‘sha maydonda ishlashga majbur bo‘lishdi. Oqibatda Kin ro‘yxotirlikni bir chetga surib, jahon chempionatiga qanday shart-sharoitlarda hozirlik ko‘rishayotgani haqida oshkora intervyu berdi. Bundan achchiqlangan Mik Makkarti jamoani yig‘ib, Royni vatan uchun o‘ynashni xohlamayotganlikda aybladi. Qaysar futbolchi esa o‘z javobini shaxsiy avtobiografiyasida yozdi, o‘ta qo‘pol tarzda: «Mik, sen jahannam o‘tida yonishga munosibsan. Chunki g‘irt yolg‘onchi va iflos echkisan. Seni yaxshi futbolchi o‘rnida ko‘rmasdim, murabbiylikda ham noshudligingni bildim. Shunchaki, iflos badbasharasan. Jahon kubogi o‘zingga siylov. Sen bilan ishlashimning yagona sababi - bu jonajon mamlakatim milliy jamoasiga menejerlik qilayotganing». Bunday betgachoparlikdan so‘ng Roy Kinning terma jamoa lagerini tark etishi va uyiga qaytishiga to‘g‘ri keldi. U keyinchalik ham Makkartini tinch qo‘ygani yo‘q: «Mik davrida o‘yin bobida ko‘p narsa o‘zgardi, biroq tashkilotchilik oqsadi. Deylik, sharoitlar havaskorlik darajasida qolaverdi. Bizni tashlandiq mehmonxonalarga joylashtirishlari, «shudgor»da shug‘ullanishga majbur etishlari va munosib sport kiyimlari bilan ta’minlolmasliklariga jimgina qarab, yolg‘ondan kulib yurishdan charchadik». To‘g‘ri, Roy oradan ma’lum vaqt o‘tib, biroz «yumshadi» va afsuslanishini yashirmadi: «O‘sha jahon chempionatida ishtirok etmaganimni o‘ylab, haligacha qattiq siqilaman. Agar menga bittagina orzumni amalga oshirish imkoniyati taqdim etilsami, u albatta, Osiyo mundialiga bog‘liq bo‘lardi».

Fakt. Roy Kin shuncha gap-so‘z va mojarolarga qaramay, roppa-rosa 2 yildan so‘ng milliy jamoa safiga qaytdi. Ya’ni Mik Makkarti iste’foga chiqishi hamono yana irlandlar bosh jamoasi libosida ko‘rinish berdi.

Fransiya termasi: David Trezege - Raymon Domenek janjali

Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Raymon Domenek 2008 yilgi Yevropa chempionati arafasida  hujumchi David Trezege xizmatlaridan voz kechdi. U o‘z qarorini futbolchi Italiya «V» seriyasida to‘p surayotgani bilan izohladi. Natijada «Yuventus» vakili maxsus matbuot anjumani tashkillab, murabbiyni rosa «tuzladi»: «Domenek terma jamoa tarkibini tuzishda nomzodlarning klub futbolidagi natijalari va saviyalarini inobatga olishini aytishdan charchamasdi. Albatta, juda-juda xafaman. Afsuski, murabbiy nega bunday yo‘l tutganini tushuntirmadi. Umuman, «Yuve» ustozlari ham bu masalada hech narsani anglamaganlarini aytishdi. Domenek hattoki, mahsuldor o‘ynayotganimga ham qaragani yo‘q». Yevropa birinchiligi fransuzlar uchun o‘ta omadsiz yakunlanganiga qaramay, Raymon Domenek o‘z lavozimida qoldi va bu holat Trezegening milliy jamoa ustoziga yana «hujum» qilishiga asos berdi:  «Amaldagi murabbiyning saviyasi Fransiya terma jamoasini munosib boshqarishga yetmasligini hamma birdek tushunib turibdi, biroq afsuski, hech narsa o‘zgarayotgani yo‘q. Birov millionlab fransuzlar fikrini inobatga olmayapti, chunki Domenek kimsan Mishel Platini himoyasi ostida! Bunga sabab bitta - Platini munosib saviyaga ega Didye Desham bilan yaxshi munosabatda emas».

Fakt. Domenek shu voqealardan keyin yana 2 yil bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritdi, Trezege esa Fransiya bosh jamoasi libosini qayta kiygani yo‘q. Aytgancha, Raymon Domenekning murabbiylik qobiliyati va futbolchilar bilan munosabat o‘rnatish ishiga Erik Kantona antiqa baho bergandi: «Gap Lyudovik XVI davridan buyon Fransiya termasini boshqargan eng noshud mutaxassis haqida ketmoqda».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:13, 11.07.2017.
O'qildi: 7081 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.