Germaniya terma jamoasi Konfederasiyalar kubogi-2017 finalida g‘alaba qozondi. Nemislar musobaqalarga qanday tarkibda borishmasin, hamisha favoritlar qatorida bo‘lishadi. Buning siri nimada? «Sovetskiy sport» shuni tahlil qilishga urinib ko‘rdi.
Yaqindagina germaniyaliklar «Bundesfutbol borasida nima qilamiz?», deb boshlarini qotirishardi. Mahalliy mutaxassislarning ishonchlari komil edi: klub futboli bundesmanshaft bilan birga o‘sishdan to‘xtab qolgandi. O‘tgan o‘srning 90-yillari boshlarida sobiq GDRdan kelgan yangi qon allaqachon tugagandi. Yoshlar esa grandlarni qiziqtirmay qo‘yishgandi.
Buning ustiga jahon chempionati mezbonligiga oz qolgandi. Albatta, mamlakat terma jamoasi o‘z maydonida bo‘lib o‘tadigan mundialda sharmanda bo‘lmasligi talab etilardi. Mana, oradan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Vaziyat esa tubdan o‘zgarib ketdi. Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Germaniya termasining o‘rtacha yoshi 25ni tashkil qildi. Ulardan faqatgina Gana va KXDR terma jamoalari yoshroq edi. Buning sababi oddiy - mamlakatda 2002 yildan buyon «Futbol iqtidorlarini rag‘batlantirish milliy dasturi» ishlab kelmoqda.
Vaholanki, bu bir martalik emas ekan. Masalan, Yoaxim Lyov Konfederasiyalar kubogiga o‘rinbosarlar tarkibini olib keldi. Ular esa birorta mag‘lubiyatga uchramagan holda finalgacha yetib borishdi. Ammo buni o‘rinbosarlar deyish ham noo‘rin. Chunki Germaniyada bunday tushuncha yo‘q. Ayni paytda bundesmanshaft bosh murabbiyi terma jamoaga munosib 35-40 nafar futbolchiga ega. U yakuniy 23 nafar futbolchini ular orasidan tanlab olishga bosh qotiradi. Bizda esa, aksincha, yakuniy 23talik tarkibni to‘ldirish muammo.
Futbol maktablari tizimi
Germaniyada futbol maktablari oldindan ancha saviyali bo‘lgan. Unda bu islohot nima uchun kerak bo‘ldi?
Negaki, aqlli odamlar qo‘lga kalkulyator olib hisoblashni boshlashdi. Raqamlar ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Barcha kuchli maktablar klublar ixtiyorida ekan. Lekin ular terma jamoa uchun kadrlarni tayyorlab berishni to‘xtatishgandi. Shu bilan birga raqobatbardosh yoshlarning o‘sishi to‘xtab qolgandi. Xullas, Germaniya futbol ittifoqi rahbarlari klublar maktablari terma jamoa uchun kerakli bo‘lgan kuchli futbolchilarni tarbiyalay olmasligiga amin bo‘lishdi. Yuqori marralarni zabt etgan yulduzlar esa regional maktablardan chiqishgandi. Ballakning qayerdan chiqqanini bilasizmi? «Motor Karl-Marks-SHtadt» klubi. Birxoff-chi? «99|6 Essen». Lemann «Xaysingen»da, Yeremis esa «Motore» (Gerlits)da o‘ynagan.
Qaysidir futbolchilar kechroq yetilishgan. Misol uchun, Miroslav Kloze hech qachon yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarida o‘ynamagan.
Demak, futbolchilar bor. Lekin ularni topish kerak. Natijada regional maktablar tizimi o‘ylab topildi. Buning uchun GFI 10 millionlab yevro sarflamoqda. Aytaylik, har qanday maktabga borish uchun bola 25 km.dan ko‘p yo‘l yurmasligi kerak. Agar bolaning iqtidori bo‘lsa-yu, ota-onasi yo‘l kira berishga qodir bo‘lmasa, bolaga maktabdan uyigacha avtobus uchun chipta beriladi. Barcha mashg‘ulotlar kunning ikkinchi yarmiga belgilanadi. Albatta, ikkita mashg‘ulot orasida ikki soat nazariy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ana shu ikki soat bolalar bilan maktab darsliklari bo‘yicha repetitorlar ish olib borishadi. Oradan besh, yetti yillar o‘tgach, repetitorlardan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Chunki futbol maktabiga qatnayotgan bola maktab fanlaridan ham yaxshi o‘qishni boshlagandi. Ular ongiga «Sportchining yomon o‘qishi mumkin emas», degan tushuncha joylashtirilgandi. Mamlakatda esa ota-onalar farzandlarini sport maktablariga berish jarayoni tezlab ketdi.
Dastur bo‘yicha 390ta baza qurishgan. Dastlabki yiliyoq bunday maktablarga 11dan 17 yoshgacha bo‘lgan 22 ming nafar bola qabul qilindi. Ular bilan 1200 nafar murabbiy ish olib bordi. Ammo xorijlik mutaxassislar taklif etilmagan. Shundoq ham Germaniyada futbol murabbiylari yetarli bo‘lgan. Endi ular uchun ish ko‘paygandi.
Bu gigant tizimni Germaniya futbol ittifoqining 30 nafar koordinatori boshqaradi. Ular bazalarga tashrif buyurib, hammasi qanday ish olib borayotganini tekshirib turishadi.
Bu qancha turadi?
«Iqtidorlarni rag‘batlantirish dasturi» uchun Germaniya futbol ittifoqi bir yilda o‘rtacha 10 million yevro sarflaydi. Albatta, bu katta summa. Ammo federasiyaning shunga yarasha homiylari bor. Aynan ular bu mablag‘ning ko‘p qismini to‘lashadi.
Klublar uchun pullar
XXI asr boshlarida bundesliga asosan televideniyedan olinadigan daromad evaziga yashardi. Lekin 2002 yili Leo Kirxning mediaxoldingi inqirozga yuz tutdi. Natijada klublar quruq qolishdi. Kirxning o‘rnini egallashga hech kim shoshilmasdi. Oqibatda klublar xarajatlarni kamaytirishga o‘tishdi. Legionerlardan voz kechib, mahalliy yosh futbolchilarga e’tibor kuchaydi. Masalan, 2003 yili shu yo‘lni tutgan «Shtutgart» ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘shanda jamoa safida hali tanilib ulgurmagan Timo Xildebrand, Kevin Kurani, Andreas Xinkel, Aleksandr Gleb kabi futbolchilar o‘ynashardi. Keyinchalik boshqa klublar ham shu modelni takrorlashga o‘tishdi. 2006|2007 yillar mavsumiga kelib Germaniyada legionerlar limitini bekor qilishdi. Chunki endi buning keragi ham yo‘q edi. Klublar xorijdan arzon ishchi kuchini xarid qilishni to‘xtatishgandi. Faqatgina aniq bir reja asosida kuchli legionerlarni sotib olishni boshlashdi. GFI esa bunga qarshilik qilmadi.
Germaniya klublarining moliyaviy holatlari yaxshilanganiga ancha bo‘ldi. Buning ustiga bundesliga Yevropaning eng serdaromad ligasiga aylandi. «Nimaga APL emas?», deb so‘rashingiz mumkin. To‘g‘ri, Angliya klublarining daromadlari ancha katta. Lekin tumanli albiondagi jamoalarning aksariyati ziyonga ishlaydi. Germaniyada esa daromad xarajatdan ko‘p. Maoshlar ham katta emas. Misol uchun, Angliyada futbolchi Germaniyaga qaraganda 1,5-2 baravar ko‘p haq oladi.
Klublarga kimlar egalik qiladi?
Yana Angliyaga solishtirsak. U yerda klublarga oligarxlar egalik qilishadi. Agar jamoaning ishlari orqaga ketsa, hamisha yordam beradilar. Shu bois ham inglizlar yangi futbolchilarni xarid qilishda to‘xtab turishmaydi.
Germaniya qonunlariga muvofiq, klublarga bir kishi egalik qila olmaydi. 50 foizdan oshiqroq aksiya «sport jamiyatlari»ga tegishli bo‘ladi. Ya’ni shu jamoa muxlislariga. Rus oligarxi yoki arab shayxi nemis klubini sotib ololmaydi.
Ammo bu qoidani chetlab o‘tishning bir yo‘li bor. Investor kompaniya nazorat paketni qo‘lga kiritishi mumkin. Faqat buning uchun shu klubga kamida 20 yil yordam bergan bo‘lishi lozim.
Shu bois ham «Bayer» va «Volfsburg» klublariga yirik kompaniyalar egalik qilishadi. Qolgan klublar esa yuqoridagi qoidalar asosida yashashadi.
Bordi-yu klub moliyaviy inqirozga yuz tutsa, hech kim yordam bermaydi. Shu bois ham jamoalar bunday holatga tushib qolmaslik uchun harakat qilishadi.
Yaqinda bundesligada Hasan Ismaik va RedBull paydo bo‘ldi. Birinchisi iordaniyalik milliarder, Arabtec qurilish kompaniyasi egasi. U «Myunxen-1860» klubi aksiyalarining 49 foizini 18 million yevroga sotib olgan. Uning pullari klubni bankrotlikdan qutqardi. Ismaikning maqsadi nazorat paketiga egalik qilish. Hozircha bu borada jiddiy urinishlar qilmadi.
Nemis futbolining asosiy antagonisti RedBull hisoblanadi. Avstriya kompaniyasi «RB Leypsig» klubini «dunyoga keltirdi». Bu korporasiya Avstriya va AQSHda o‘z klublariga ega. Sportga qilinadigan xarajatlar borasida faqatgina Adidas, Nike va Coca-Coladan keyingi o‘rinda turadi. Ammo RedBull ni homiylik kamroq qiziqtiradi.
2006 yili kompaniya Leypsigning «Zaxsen» klubiga nomini olib yurishi uchun tilla tog‘larni va’da qilgandi. Garchi bu jamoa to‘rtinchi divizionda o‘ynasada, fanatlar bunga qarshilik qilishgan. Futbol ittifoqi esa klublarda kompaniyalar nomi bo‘lmasligini aytdi. Natijada RedBull buning o‘zgacha yo‘lini topdi. Shu orqali «RB Leypsig» tug‘ildi. RB - RasenBallsport yana maydonda to‘p o‘ynash degani, RedBull emas. Brendni futbol jamoasiga aylantirishda Leypsigdan uzoqda bo‘lmagan «Markranshtedt» klubi yordam berdi. Bu jamoa 5-divizionda to‘p surardi. Ular qo‘shilishga rozi bo‘lishgan.
«Bavariya» - bundesfutbol lokomotivi
«Bavariya» Germaniyadagi sport va moliyaviy tarafdan ham eng yirik klub hisoblanadi. Ushbu sport jamiyatining 225 ming nafar a’zosi bor.
Ayni paytda klubning 24,9 foiz aksiyasi Germaniyaning uchta yirik kompaniyasiga tegishli: Adidas, Allianz sug‘urta kompaniyasi va Volkswagen avtokonserni tarkibiga kiruvchi Audi kompaniyasi.
Allianz «Bavariya»ning 8,3 foiz aksiyasi uchun 110 million yevro to‘ladi. Shuningdek, jamoa shu kompaniya nomi aks etgan «Alyans Arena» stadionida o‘ynaydi. Qolaversa, jamoa ko‘p yillardan buyon asosiy homiysi - Adidas kompaniyasi liboslarini kiyadi.