Avstriyada futbol bo‘yicha shifokorlar o‘rtasidagi jahon chempionatining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Leogang shahri mezbonlik qilgan mundial (Morell Cup)da O‘zbekiston shifokorlar terma jamoasi ham munosib tarzda ishtirok etdi. Futbolchi-shifokorlarimiz chempionatning yarimfinaliga qadar yetib borib, kuchli to‘rtlikdan joy olishdi. Umuman olganda, jahon chempionatida yarim finalgacha yetib kelish ham yomon natija emas. Biz terma jamoa futbolchilaridan biri Kamoliddin Atabayev bilan suhbat qurdik.
- Jahon chempionatidagi ishtirok qanday amalga oshdi?
- Shifokorlar o‘rtasidagi mundial qariyb 20 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Unda futboli taraqqiy etgan mamlakatlarning shifokorlardan iborat termalari ishtirok etadi. O‘zbekiston jamoasi esa o‘z tarixida uchinchi bor ushbu musobaqada qatnashdi. O‘tgan yili jamoamiz 14-o‘rin bilan kifoyalangandi. Shunga qaramay, jahon chempionati tashkilotchilari termamizni bu galgi turnirga ham taklif etishdi.
- Bu jahon chempionati har yili o‘tkazilar ekanmi?
- Xuddi shunday. Endi kelasi yilgi mundial Chexiyada, 2019 yilgisi esa Meksikada o‘tkaziladi. Quvonarlisi, 2020 yilgi shifokorlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga Toshkent shahri mezbonlik qiladi. Musobaqa tashkilotchilari bu yilgi muvaffaqiyatli ishtirokimiz sabab chempionat mezbonligini O‘zbekistonga ishonib topshirishdi.
- O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar qanday saralab olindi? Tayyorgarlik qay tarzda olib borildi? O‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazildimi?
- Musobaqaga 6 oy mobaynida tayyorgarlik ko‘rdik. Yig‘inlarimiz poytaxtda tashkil etildi. Tayyorgarlikning yakuniy bosqichi Avstriyada o‘tkazildi. O‘zimizning tibbiyot sohasidagi jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik.
- Termamiz tarkibi faqat shifokorlardan iboratmi?
- Albatta. Bu jamoa 2007 yili Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi qoshida tashkil etilgan. Har yili shifokorlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy Nobel Cup turnirida ishtirok etadigan jamoalar orasidan iste’dodlilari termaga taklif etiladi. 2012 yilda Janubiy Koreya tibbiyotchilari termasi Toshkentga tashrif buyurgandi. O‘shanda ikki mamlakat shifokorlari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Bu jamoamizning ilk xalqaro o‘yini edi. Uchrashuvda koreyalik hamkasblarimiz 4:2 hisobida zafar quchishgandi. Janubiy Koreya shifokorlar jamoasini eslaganim bejiz emas, albatta. Aynan ular jahon shifokorlar futbol assosiasiyasiga biz haqimizda ma’lumot berishgan. 2014 yilda Vologda shahrida Rossiya jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 2:1 hisobida g‘alaba qozongandik. Mana shu o‘yin sabab jahon shifokorlar futbol assosiasiyasiga a’zo sifatida qabul qilinganmiz. 2015 yili Chexiya va Rossiya termalari tashrif buyurishgan. Toshkentda tashkil etilgan Hamdo‘stlik kubogida biz har ikkala mamlakat jamoalarini mag‘lub etib, chempion bo‘lgandik. Hozirgi termaning tashkil topishida Farhod Umarovning hissasi katta.
- Mundialdagi ishtirokdan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va mamlakat futbol federasiyasi mutasaddilarining xabari bormi? Yordam berishdimi? Formalarni qayerdan oldinglar?
- Biz O‘zbekiston shifokorlar futbol assosiasiyasini tashkil etish haqida siz aytgan ikki tashkilotga bir necha bor murojaat qilganmiz. Lekin har safar ham murojaatlarimiz javobsiz qoldirilgan. O‘FF tomonidan hech qanday reaksiya bo‘lmagan. Asosiy yordamni Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi ko‘rsatib kelmoqda. Buning uchun markaz bosh shifokori Shuhrat Hoshimovga minnatdorchilik bildiramiz. Terma jamoa futbolchilarini liboslar bilan ta’minlash, o‘tkaziladigan yig‘inlar va boshqa sarf-xarajatlarni shifokorlarimizning o‘zlari ko‘tarishyapti. Bugungi kunda asosiy muammomiz bu - O‘zbekiston shifokorlar futbol assosiasiyasini tashkil etish. Yuqorida aytib o‘tganimdek, 2020 yilgi jahon chempionati mezbonligi ancha bahs va munozaralardan so‘ng O‘zbekistonga ishonib topshirildi. Da’vogar davlatlar soni yetarlicha edi. Nasib qilsa, musobaqani yuqori saviyada tashkil eta olamiz.
- Shifokorlar termasi bosh murabbiyi Sergey Chigodayev «Bunyodkor» akademiyasida faoliyat yuritadi. Keyingi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishda tajribali mutaxassisga murojaat qilinadimi yoki shu murabbiy bilan ishlashda davom etasizlarmi?
- Uning o‘zi ishlaydi, zero Chigodayev futbolchilarni musobaqaga juda yaxshi tayyorlay oldi. Aslida, bu mutaxassis joriy yil termamizga bosh murabbiy etib tayinlangandi.
- O‘tkazilgan o‘yinlarga to‘xtalsak, yarim finaldagi Chexiya va bronza medali uchun kechgan o‘yindagi Shvesiya termalari bizdan kuchlimidi?
- Chexiya bilan uchrashuvda asosiy tarkibning ikki nafar o‘yinchisi maydonga tusha olmadi. To‘g‘ri, chexiyalik hamkasblarimiz bizdan bo‘y, gavda jihatidan ustunlik qilishdi. Lekin o‘yin borasida, uchrashuvda vaziyatlar yaratish bo‘yicha raqibga yon bermadik. Shvesiya termasiga qarshi kechgan o‘yin alohida mavzu. Biz 14 kishiga qarshi o‘ynashimizga to‘g‘ri keldi. Hakamlar yevropaliklar tomonida bo‘lishdi. 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lishimizga qaramay, hakam yo‘q joydan futbolchimizga qizil kartochka ko‘rsatdi. Shvesiyalik futbolchilar ikkinchi gollarini yaqqol o‘yindan tashqari holatda urishdi. Aksincha, bizning foydamizga 3ta yuz foizli penaltini berishmadi, hakamlar behudaga hushtak chalaverishdi. Braziliya va Buyuk Britaniya termalari anchadan beri mazkur turnirda qatnashib kelishadi. Bu borada tajribalari katta. Shunga qaramay, vaziyatlardan aniq va unumli foydalanganimiz uchun nomdor raqiblarni mag‘lubiyatga uchratdik.