Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/05 00:00 Strasbur 2-1 Mets
13/05 00:00 Klermon 0-1 Lion
13/05 00:00 Nant 1-2 Lill
13/05 00:00 Monpelye 0-2 Monako
13/05 00:00 PSJ 1-3 Tuluza
13/05 00:00 Renn 1-1 Lans
13/05 00:00 Marsel 3-1 Loryan
13/05 00:00 Betis 3-2 Almeriya
13/05 19:00 Surxon 1-1 Dinamo
13/05 19:00 Nasaf 0-0 Bunyodkor
13/05 21:30 Lechche 0-2 Udineze
13/05 23:45 Fiorentina 2-1 Monsa
14/05 00:00 Aston Villa - Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv - OKMK
14/05 22:30 Osasuna - Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem - Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid - Alaves
15/05 01:00 Jirona - Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ

Futbol olamidagi qiziqarli faktlar

Futbol olamidagi qiziqarli faktlar

Baho:
+ | -

Futbolda ayrim jihatlar borki, undan o‘ziga xos mantiq qidirish shart emas. Shunchaki, taqdir taqozosi tufayli ayni vaziyat yuzaga kelgan. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

Osiyo kubogi bahslari dastavval mezbon mamlakatning bir arenasida o‘tkazilgan. Xususan, 1956 yili Gonkongdagi Hukumat stadioni, 1960 yili Seuldagi Xyochang, 1968 yili Tehrondagi Amjadiyeh (ayni paytdagi nomi Shahid Shirudi), 1972 yili Bangkokdagi Milliy (ayni paytdagi nomi Supxachalasay) arenalari, 1980 yili Al-Quvaytdagi Saboh Al Salim, 1984 yili Kallang (Singapur)dagi Milliy stadioni turnirning barcha bahslarini o‘zida qabul qilgan. 1960 yili Isroil 13ta o‘yinni 4ta inshootda o‘tkazganini ham eslatib o‘tish o‘rinli. 1976 yilda esa Eron jamoalarni Tabriz va Tehrondagi stadionlarda qabul qilgandi.

************

Bitta bahsda raqib darvozasiga 4 va undan ko‘proq gol urish borasida shu paytga qadar jami 26 marta o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatlarida ham o‘ziga xos qiziqarli holatlar ko‘zga tashlangan. Ya’ni, 1992 yili tashkillashtirilgan mamlakatimizning ilk chempionatida «Navro‘z» (hozirgi «Andijon») jamoasi tarkibida Furqat Esonboyev Andijon viloyatining boshqa bir jamoasi «Shahrixonchi» darvozasiga naq 5ta gol («penta-trik») urib, bir o‘yinda eng ko‘p to‘p kiritish bo‘yicha chempionatimiz rekordini qayd etgandi. Oradan 18 yil o‘tib, 2010 yilgi 19-milliy chempionatimizning 20-turida «Sho‘rtan» jamoasi tarkibida to‘p surgan Shahboz Erkinov «Olmaliq» darvozaboni Yuriy Xriyenkoni o‘z darvozasi to‘ridan to‘rt marta to‘p olib chiqishga majbur qilib, bir o‘yinda to‘rt va undan ko‘p gol urish natijasini qayd eta olgan navbatdagi futbolchi bo‘lgandi. Aksariyat muxlislarimiz Furqat Esonboyev va Shahboz Erkinovlar ota-bola ekanligidan xabari bor, albatta.

************

Milliy chempionatlarimiz tarixida bir o‘yinda bir futbolchining olti bora gol urish holati bir bora sodir bo‘lib, 2000 yilning kuzida «Buxoro» jamoasi vakili Ulug‘bek Baqoyev (ayni payt mazkur klub bosh murabbiyi!) Qo‘qonning «Temiryo‘lchi» jamoasi darvozasiga urgan gollari tufayli «geksa-trik» muallifi bo‘lgandi. O‘zbek klublarining xalqaro o‘yinlarida ham shunday holat bir marta ro‘y bergan, ammo o‘sha bahsda oltita gol urish raqib jamoa - Ukrainaning «Vorskla» klubi hujumchisi Ahmad Ramziyga nasib etgandi. Qizig‘i, raqibdan «geksa-trik» qabul qilib olgan jamoa «Buxoro» bo‘lgandi.

************

Afrikadagi ilk mundial - JAR-2010ga yo‘llanma beruvchi saralash bosqichlarida O‘zbekiston terma jamoasi bahraynliklarga ikki marta 0:1 hisobida yutqazgandi. Qizig‘i, Bahrayn poytaxti Manamadagi va Toshkentdagi gol ham bahraynlik aynan bir futbolchi - Mahmud Abdulrahmonning jarimadan yo‘llagan zarbasidan so‘ng terma jamoamiz darvozasidan joy olgan edi. Yanayam ajablanarli tomoni esa, o‘sha jarima to‘plarining har ikkisi ham himoyachimiz Anzur Ismoilovning bahraynlik A’lo Xubaylga ishlatgan qo‘polligidan so‘ng belgilangandi.

************

World Soccer jurnali tomonidan tuzib chiqilgan eng chiroyli gollar ro‘yxatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1994 yili AQSHda bo‘lib o‘tgan XV jahon chempionatida urilgan gollar orasida eng chiroylisi Saudiya Arabistoni vakili Said al Ovayranga tegishli ekanligi oydinlashadi. O‘shanda osiyolik futbolchi Belgiya termasi darvozasini 5-daqiqadayoq ishg‘ol qilgandi. E’tiborli tomoni, golni o‘tkazib yuborgan yevropaliklar darvozaboni Mishel Pryudomm o‘sha mundial va mavsumning eng zo‘r darvozaboni deb topilgandi. Bu ikki futbolchi o‘rtasidagi bog‘liqlik shu bilan tugab qolmadi. Mishel Pryudomm 2011-2013 yillarda aynan al Ovayran butun faoliyatini o‘tkazgan Ar-Riyodning «Al-SHabab» klubiga bosh murabbiylik qildi.

************

Terma jamoalar o‘rtasidagi eng katta hisob sifatida 2001 yil 11 aprelda o‘tkazilgan Avstraliya-Amerika Samoasi bahsida qayd etilgan 31:0 natijasi e’tirof etib kelinadi. Futbol o‘yini to‘qson daqiqadan iborat ekanligini inobatga olsak, mundial-2002 yo‘llanmasi uchun kechgan o‘sha saralash bahsida avstraliyaliklar raqib jamoa darvozasini o‘rtacha hisobda har 3 daqiqada ishg‘ol qilaverishgandi. «Yashil qit’a» vakillari o‘yindagi gollar hisobini 10-daqiqada ochishgandi.

************

Eng yirik g‘alabasini 1998 yili Mo‘g‘uliston termasi ustidan qozongan (15:0) O‘zbekiston milliy jamoasi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyatiga 2000 yili Yaponiyaga qarshi bahsda uchragan. Endi e’tibor bering, yaponiyaliklarning ham eng yirik g‘alabasi 15:0 bo‘lib, bu natijaga (1967 yil) Filippinga qarshi bahsda erishishgan. «Kunchiqar yurt» vakillari eng yirik mag‘lubiyatni ham aynan Filippindan qabul qilib, o‘shanda (1917 yil) o‘z darvozalaridan 15ta gol o‘tkazib yuborishgandi.

************

Jahon chempionati maqomida o‘tkaziladigan musobaqalarning «Eng tez urilgan gol» nominasiyasida yuqori o‘rindagilari atay qilgandek bir davlatda bo‘lib o‘tgan musobaqada qayd etilgan. 2002 yil tashkil etilgan XVII mundialning uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsida turkiyalik Hoqon Shukur o‘yinning 11-soniyasidayoq raqib darvozasini ishg‘ol qilib, JCH tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylangan bo‘lsa, 2007 yil bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasidagi XII jahon chempionatida braziliyalik Fabinyo 9-soniyadayoq to‘p kiritib, kichik mundial tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylangandi. Har ikki golning ham aynan Janubiy Koreya stadionlarida urilganiga bir sabab topish qiyin.

************

O‘zbekiston terma jamoasi shu paytga qadar jami 6 marotaba Osiyo kubogi turnirida ishtirok etgan bo‘lsa, ularning dastlabki to‘rttasida xuddi kelishib olinganidek, «S» guruhiga joylashgan: 1996 yili BAAda tashkillashtirilgan XI Osiyo kubogini Suriya, Xitoy va Yaponiya terma jamoalari bilan «S» guruhida o‘tkazgan vakillarimiz oradan 4 yil o‘tib, Livan yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan XII qit’a birinchiligida ham guruh bosqichida Qatar, Saubiya Arabistoni va eski tanish Yaponiya bilan «S» guruhida yuzma-yuz kelishgan. 2004 yili Xitoy mezbonlik qilgan XIII Osiyo kubogi guruh bosqichini ham milliy jamoamiz «S» guruhida o‘tkazib, Iroq, Turkmaniston va eski tanishlardan biri Saudiya Arabistoni termalariga qarshi kuch sinashgandi. 2008 yili Pekinda o‘tajak Olimpiada o‘yinlari sababli muddati bir yil oldinga surilib, 2007 yili tashkillashtirilgan XIV Osiyo kubogida ham milliy jamoamiz qur’a natijalariga ko‘ra, yana «S» guruhidan joy egalladi. O‘shanda kvartetdagi raqiblar mezbon Malayziya, Xitoy va Eron termalari bo‘lishgandi. To‘g‘ri, Qatar mezbonligidagi XV Osiyo kubogida termamiz ushbu to‘rtlikdan joy olmagan bo‘lsa-da, musobaqaga yo‘llanmani saralashning aynan «S» guruhida qo‘lga kiritganligi tufayli an’anani buzilmagan, deyishimiz mumkin.

************

1984 yilgi va undan keyingi Osiyo kuboklarining hal qiluvchi final o‘yinlarida istisnosiz tarzda yo Saudiya Arabistoni yoki Yaponiya termalari ishtirok etib kelishyapti: 1984 yil - Saudiya Arabistoni, 1988 yil - Saudiya Arabistoni, 1992 yil - Yaponiya, 1996 yil - Saudiya Arabistoni, 2000 yil - Saudiya Arabistoni va Yaponiya (ular o‘zaro uchrashgan), 2004 yil - Yaponiya, 2007 yil - Saudiya Arabistoni, 2011 yil - Yaponiya. 2015 yilda bu ikki jamoa hatto yarim finalga ham yo‘l olisholmadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:11, 30.07.2017.
O'qildi: 12646 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.