Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/06 19:30 Bunyodkor 0-3 Neftchi
02/06 00:00 Borussiya D 0-2 Real Madrid
02/06 19:00 Andijon - Paxtakor
02/06 19:30 Nasaf - Lokomotiv
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

Murosa bilmas Vilyar yoki Ispaniya futboli rahbari qamaladimi?

Murosa bilmas Vilyar yoki Ispaniya futboli rahbari qamaladimi?

Baho:
+ | -

O‘tgan hafta Ispaniya futbol federasiyasi rahbari Janubiy Amerikada ishlayotgan o‘g‘li bilan birga hibsga olindi. Tabiiyki, bu voqea jahon futbol jamoatchiligi o‘rtasida katta shov-shuvga aylandi.

Hafta oxirida Ispaniyada mamlakat futbol federasiyasi prezidenti, 67 yoshli Anxel Mariya Vilyar qo‘liga kishan solindi. U bir qator jinoyatlarda ayblanmoqda - korrupsiya ishi, hujjatlarni soxtalashtirish, tashkilot mablag‘ini o‘zlashtirish va hokazo... E’tiborlisi, Anxel Vilyar qatori uning o‘g‘li Gorka Vilyar, shuningdek, tashkilot vise-prezidenti Xuan Pardon hamda Tenerife futbol federasiyasi bosh kotibi Ramon Buskga ham tegishli ayblovlar e’lon qilindi.

Anxel Vilyar haqida

Ushbu funksioner ispan futboliga uzoq 1988 yildan buyon rahbarlik qilayotgandi. Xususan, joriy yil may oyida, ya’ni yaqindagina Vilyarni hisob bo‘yicha 8-muddatga saylashgandi. Vilyar davrida Ispaniya termasi barcha ko‘tarilishlar va qulashlarni boshdan kechirdi. Deylik, Yevro-92 final bosqichiga chiqolmagan ispanlar keyinchalik misli ko‘rilmagan g‘alabalarni tantana qilishdi. Ayniqsa, 2008-2012 yillar oralig‘i juda omadli kelib, «qizil furiya» bu davrda 2 marta Yevropa chempioni bo‘ldi, jahon kubogi sohibiga aylandi. Qolaversa, mamlakatning turli yosh toifasidagi terma jamoalari tomonidan ham qoyilmaqom natijalar qayd etildi.

Sobiq futbolchi

Vilyar hisobida futbolchilik payti qo‘lga kiritilgan bittagina sov­rin bor. U 1973 yili 12 yillik qadrdon klubi -  «Atletik» (Bilbao) safida Ispaniya kubogi sohibiga aylangan. Yana 4 yildan so‘ng esa UYEFA kubogi finalida ishtirok etgan. Ispaniya terma jamoasidagi statistikasi esa kamtarona - atigi 22ta o‘yin. U maydonda asosan yarim himoya­chi vazifasini bajargan.

UYEFA boshqaruvini qo‘lga olishi mumkin edi

Ha, shunday, ammo o‘z nomzodini muddatidan oldin «o‘chirdi». Gap shundaki, Vilyar 2 yilcha avval JCH-2018 va JCH-2022ga mezbon tanlash jarayoniga bog‘liq ochilgan ish yuzasidan ko‘rsatma berishni xohlamadi va shu bilan o‘zi ham korrupsion mojaroga aralashib qoldi. Mishel Platini iste’foga chiqarilganidan keyin esa, shunchaki, UYEFA prezidenti bo‘lishga da’vogarlar qatorida turishni istamay, o‘z nomzodini qaytarib oldi.

Yevro-2016da mudrash

O‘tgan yilgi Yevropa chempionatida ispaniyalik arbob obro‘siga putur yetgani aniq. Chunonchi, u Ang­liya va Slovakiya termalari o‘rtasidagi o‘yin (0:0) payti ma’lum muddat mudrab o‘tirdi. Tabiiyki, Vilyarning «uyqu sahnasi» operatorlar nazaridan chetda qolmadi.

La-liga rahbariyati bilan murosasizlik

Vilyarning asosiy dushmanlaridan biri - bu Ispaniya professional futbol ligasi prezidenti Xavyer Tebas. Ular necha yildirki, sira murosa yo‘lini topolmayaptilar. Buning asosiy sababi ham tayin - Tebas «Real» fanati hisoblansa, Vilyar «Barselona» bilan yaxshi aloqada. Vaholanki, Anxel Mariya ispan futboli boshlig‘i sifatida barcha mahalliy federasiyalar rahbariyati bilan yaxshi aloqa o‘rnatishi shart edi.

O‘g‘li haqida ma’lumot

Gorka Vilyar - butun boshli KONMEBOL bosh direktori. U Lotin Amerikasidagi klub turnirlari televizion huquqini sotishga bog‘liq firibgarlikda ayblanmoqda. Aslida hammasi yarim yilcha oldin boshlangandi. Bundan tashqari, gumon qilinishicha, kichik Vilyar Shveysariyada kelishilgan o‘yinlarni tashkillashtirish bilan shug‘ullangan.

Noshud diplomat

Garchi Vilyar uzoq yillardan buyon yuqori lavozimni egallab turgan bo‘lsada, uni uncha yoqtirishmaydi. Deylik, tajribali funksioner noshud diplomat sifatida ko‘p tanqidga uchraydi. Umuman, u faoliyati davomida terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash, telehuquqlar savdosi, ayollar futboli va kelishilgan o‘yinlar yuzasidan ko‘plab mojarolarga yuz tutgan. Oddiy aytganda, ispan futboli ixlosmandlari Vilyardan qattiq zerikishgandi...

fikr

- Mariya Vilyar hattoki, VAR iborasi (videotakrorlar texnologiyasi) nimani anglatishini ham bilmaydi. Xavyer Tebas Ispaniya ligasi prezidenti.

- Gorka - Lotin Amerikasi futbolini boshqarayotgan mafiyaning miya markazi. U qonunbuzarliklarda oddiy ishtirokchi emas, balki bosh ijrochi shaxsdir. Qachonki, pulni o‘zlashtirish haqida so‘z ochilsa, gap aynan Gorka Vilyarga borib taqaladi». Xose Luis Chilavert (Paragvay terma jamoasi sobiq darvozaboni).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:31, 04.08.2017.
O'qildi: 2977 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.