Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Transfer mavsumida bozori chaqqon jamoalar

Transfer mavsumida bozori chaqqon jamoalar

Baho:
+ | -

Joriy yil transfer mavsumining asosiy voqealari oldinda ekaniga qaramay, ayrim jamoalar oldi-sotdi masalasida yuz millionlik dovonni ortda qoldirishdi.

E’tiborlisi, bozori chaqqonlar orasida Portugaliya klublari ko‘rinmayaptilar. «Benfika» bundan mustano, albatta. Marhamat, bozor faollari bilan tanishing.

«Lion» - 102 mln. yevro

Yirik kelishuvlar: Aleksandr Lakazett, «Arsenal»-53 mln. yevro; Korenten Tolisso «Bavariya»-41 mln. yevro.

Ha, chindan ham yetakchilar ro‘yxatini kutilmagan jamoa boshqarmoqda. Mavsumni bir maromda o‘tkazgan «Lion» YEL turnirida chorak finalga qadar yetib bordi.

Lekin «Nissa»ning ichki chempionatdagi shiddati lionliklarni YECHL yo‘llanmasidan mahrum etdi. Jamoa tarkibni salgina kuchaytirganida Fransiyaning uchinchi grandiga aylanishi mumkin edi.

Biroq ular ko‘pchilikni hayron qioldirishdi: bor-yo‘g‘i bir-ikkita xarid bilan tarkibni mukammal holatga keltirish o‘rniga yetakchi o‘yinchilarni sotib yubordi. Korenten Tolisso bilan Maksim Gonalon endi tarkibda yo‘q - ularsiz yarim himoya chizig‘i batamom barbod bo‘ldi, desak adashmasmiz.

Kris­tof Jale va Masey Ribus ham tarkibdan chiqib ketishdi. Vaholanki, ular himoya chizig‘ining ustunlari sanalishardi. Matyo Valbuena Turkiyaga yo‘l oldi. Aleksandr Lakazett xususida og‘iz ochmasak ham bo‘laveradi. Xullas, yetakchilar o‘rnini g‘o‘r yoshlar bilan to‘ldirgan jamoa maqsadini tushunish qiyin. Balki tezroq xaridni boshlash ma’quldir?

«Everton» - 103 mln. yevro

Yirik kelishuvlar: Romelu Lukaku, «MYU»-85 mln. yevro; Xerard Deulofeu, «Barselona»-12 mln. yevro; Tom Kleverli, «Uotford»-9 mln. yevro.

Hozir «Everton» o‘ta faolligi bilan hammani o‘ziga qaratmoqda. Jamoa ayni payt 100 mln.ga yaqin mablag‘ni yangi futbolchilar xaridiga sarfladi - Jordan Pikford, Devi Klassen va Maykl Kin endi «iriskalar» sharafini himoya qilishadi. Ueyn Runi esa ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Romelu Lukakuning transferi xarajatlarni asosiy qismini qopladi, yana Tom Kleverlini ijarada sinovdan o‘tkazgan «Uotford» sotib oldi. To‘g‘ri, bu yo‘qotishlar tarkibni biroz zaiflashuviga olib kelishi mumkin. Balki Ronald Kuman Runidan samaraliroq foydalanish maqsadida o‘yin uslubini o‘zgartirar?

«Roma» - 108 mln. yevro

Yirik kelishuvlar: Muhammad Saloh, «Liverpul»-42 mln. yevro; Antonio Ryudiger, «Chelsi»-35 mln. yevro; Leandro Paredes, «Zenit»-23 mln. yevro.

«Bo‘rilar» safidan sport direktori sifatida joy olgan Ramon Monchi «Sevilya»dagi faoliyati bilan nom qozongandi. U har yili yozda futbolchilarni risoladagidek pullab, bahorda yangi tarkibni shakllantirardi. Monchi Rimga «Roma»ning supermarket emasligini ta’kidlagan holda kelgandi.

Ya’ni, jamoada yetakchilarni sotib yuborish niyati yo‘qligini ma’lum qilgandi. Biroq amalda - Saloh va Ryudiger jamoani tark etishdi. Kostas Manolasning transferi so‘nggi bosqichda barbod bo‘ldi. Raja Nainggolan hozircha Rimda. Lekin amaldagi shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi.

Qizig‘i shundaki, yetakchilarni qo‘yib yuborgan mutaxassis tarkibni umidli yoshlar bilan to‘ldirdi - «Feyenoord» vakili Rik Karsdorp qit’aning bosh muammosi bo‘lib turgan o‘ng qanotni, «Sassuolo» a’zosi Lorenso Pellegrini esa markazni to‘ldiradigan bo‘ldi.

Ana shu muhim xaridlarga atigi 24 mln. yevro sarflandi, Maksim Gonalonni Monchi deyarli suv-tekin (4 mln.)ga xarid qildi. Mana buni omadli transfer deyish mumkin.

«Monako» - 110 mln. yevro

Yirik kelishuvlar:  Bernardu Silva, «Man Siti»-50 mln. yevro; Tyemue Bakayoko, «Chelsi»-40 mln. yevro; Valer Jermen, «Marsel»-8 mln. yevro.

May oyining oxirlarida futbolchilarni sotishga hech qanday ehtiyoj yo‘qligini ta’kidlagan knyazlik klubi o‘z yetakchilarini qo‘yib yubormoqda. Ehtimol, chempionlikka erishgan o‘yinchilar nufuzliroq jamoalarni ko‘zlashayotgandir? Boz ustiga, Dmitriy Ribolovlev hech kimni majburan ushlab turmasligini qayta-qayta ta’kidlagani ham rost. Har qanday ishda ham ma’lum bir me’yorga amal qilish kerak-ku. Silva bilan Bakayoko zafarli mavsumni bosh qahramonlari edilar. Agar Kilian Mbappe ham «Real»ga o‘tib ketsa, Jardim jamoa­ni qaytadan shakllantirishga majbur bo‘ladi. Qolaversa, Fabinyo ham xaridlar qurshovida. Ammo «Monako» sotish bilan birgalikda xaridda ham faol. Yuri Tilemans hamda Terens Kongolo markazni kuchaytira olishadi, «Barselona B»dan o‘tgan Jordi Mbuladan esa Bernardu Silvaning o‘rnini to‘ldirish talab etiladi. Yosh futbolchi dovdirab qolmasa, albatta.

«Benfika» - 113 mln. yevro

Yirik kelishuvlar: «Ederson», «Man Siti»-40 mln. yevro; Viktor Lindelyof, «MYU»-35 mln. yevro; Nelson Semedu, «Barselona»-35 mln. yevro.

Darhaqiqat, joriy mavsum Portugaliya jamoalari o‘z an’analaridan chekinishgandek, go‘yo. «Sporting» sotishdan ko‘ra xaridda faolroq, «Portu» esa UYEFAning MFP qoidasi bosimi ostida uzoq savdolashmasdan sotishga majbur bo‘lmoqda. Faqat «Benfika» portugaliyaliklarning «G‘olib hamma narsani sotadi» shioriga sodiq qolmoqda.

Kelishuvlardan olingan daromad bir-ikki nafar yorqin yulduzni xarid qilish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Biroq «burgutlar» yosh iqtidor sohiblarini izlab topishga urinishlari aniq. Hozircha birgina Filipp Krovinovichni «Riu Ave»dan 3 mln. yevroga sotib olishdi. Bu juda oz, albatta.

«Real» - 122 mln. yevro

Yirik kelishuvlar: Alvaro Morata, «Chelsi»-62 mln. yevro (turli bonuslardan tashqari); Danilo, «Man Siti»-30 mln. yevro; Xames Rodriges, «Bavariya»-10 mln. yevro (ikki yillik ijara).

Manfaatli transferlar xususida gap ketganda, negadir «Real» kam tilga olinadi. Vaholanki, «Qirollik klubi» anchadan buyon o‘z futbolchilarini risoladagidek baholarda o‘z vaqtida sotishni o‘rganib olgan. Serdaromad transferlar hamda byudjetning qudratini hisobga olsak, jamoa istagan yulduzni osongina xarid qilishi mumkin.

Biroq jiddiy zarurat mavjud emas. Hatto Kilian Mbappeni sotib olishga ham mutasaddilar ikkilanishmoqda. Xames va Morata endi tarkibda emas, fransiyalik futbolchiga ma’lum miqdorda o‘yin amaliyotini va’da qilish mumkin. Bundan tashqari, Zidan jamoasi hech bo‘lmaganda qanot himoya chizig‘ini to‘ldirishi lozim.

Chunki Teo Ernandes o‘ng qanotda o‘ynamaydi. Nahotki, mutaxassis Karvaxal o‘rnini to‘ldirish uchun birgina Xesus Valyexoning o‘zi yetarli, deb hisoblayotgan bo‘lsa? Balki «Real» yana qandaydir xaridni amalga oshirar?

Ro‘yxatdan chetda qolganlar

«Sevilya». Albatta, Monchi saralagan yulduzni sotish uchun abjir savdogar bo‘lishi shart emas. Hozircha jamoa 80 millionlik sotuvni amalga oshirdi.

«Tottenxem». Londonliklar hozirgacha hech qanday xaridni amalga oshirishmadi. Jamoa Nabil Bektolib, Klinton N~JiYE, Federiko Fasio va Kayl Uoker (chinakam jiddiy yo‘qotish)lar evaziga 80 mln. yevro to‘plashdi. Endi «taqachilar»dan saviyali qanot himoyachisini sotib olish talab etiladi. Umuman, zaxira o‘rindig‘ini imkon qadar uzaytirish zarar qilmasdi.

«Yuventus». Leonardo Bonuchchini 42 million yevro evaziga «Milan»ga majburan qo‘yib yuborgan «keksa senyora» yetakchilarga yaqinlashgan bo‘lsada, sotuvdan tushgan daromad 100 mln.ga yetmadi. Qolaversa, jamoa xaridlarga mablag‘ ayamayapti. Klub an’analaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, gap pulda emas.

«Portu». Bor-yo‘g‘i 62 mln.ga ega bo‘lish - yozni behuda o‘tkazish bilan barobar. Lekin ikkinchi tomondan, ana shu kamtarona savdoni o‘ziga xos abjirlik natijasi, deyish mumkin. Boisi, «Portu» UYEFAning sinchkov nazorati ostida Andre Silva hamda Ruben Neveshni o‘ta qisqa vaqt ichida sotib ulgurdi.

Shu o‘rinda Portugaliya klubining transfer borasidagi daromadlari xususida qiziqarli faktga to‘xtalib o‘tish joiz - oldi-sotdilardan keladigan daromadlar bo‘yicha faqat «Shavish» klubi salbiy ko‘rsatkichga ega. Jamoa yangi o‘yinchilar xaridiga tushumdan ko‘ra 350000 yevro ko‘proq sarfladi. Boshqa barcha jamoalar ijobiy ko‘rsatkichga ega.

«Xall Siti». Futbolchilar sotuvidan 29 mln. jamg‘ardi. Sluskiy jamoasi bu borada chempionship yetakchisi. Aslida sotuv borasida emas, xaridda peshqadamlik qilganida murabbiy uchun yaxshiroq bo‘larmidi? Qizig‘i shundaki, eng sara o‘yinchilarini duch kelgan xaridorga sotib yuborayotgan «Xall Siti» o‘rtoqlik uchrashuvida «Benfika»dan ustun keldi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:09, 10.08.2017.
O'qildi: 7037 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.