Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Gvardiola - transferlar bo‘yicha ustasi farang

Gvardiola - transferlar bo‘yicha ustasi farang

Baho:
+ | -

Murabbiy Gvardiolaning tashabbusi bilan amalga oshirilgan transferlar salmog‘i deyarli bir milliard yevroga yetib qoldi.

Qizig‘i shundaki, xarajatlarni xush ko‘radigan mutaxassis narx-navolarning asossiz ko‘tarilib ketayotgani haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq gapiradi.

To‘g‘ri, bu borada Pep yolg‘iz emas – APL tarixidagi eng qimmatbaho xaridlarni (Pog­ba, Lukaku) amalga oshirgan Mourinyo ham, Saloh uchun «Liverpul»­ni o‘z tarixidagi eng yirik xarajatga majbur etgan Klopp ham kataloniyalik kasbdoshlari bilan hamfikr.

Xosep ham shu fikrni isbotlamoqchidek ikki kun ichida futbol tarixidagi eng qimmat himoyachilarni xarid qildi. Ortidan, Danilo uchun 30 «limon»dan voz kechdi.

Jamoatchilikka romantik nomi bilan tanilgan kataloniyalik mutaxassis yengil musiqalar muxlisi, she’rxonlikni xush ko‘radi, futbolda esa «tiki-taka» uslubini yoqtiradi. Uning taktikasini mutaxassislar hujumkor futbol deya noto‘g‘ri talqin qilishadi. Aslida Gvardiolaning maqsadi - har qanday raqibni to‘psiz qoldirish, holdan toydirish, sovuqqon va shafqatsiz uslub.

Pep ertak va mo‘’jizalarga ishonmaydi, aniq hisob-kitob bilan ish yuritadi, muntazam ravishda tarkibni kuchaytirish xususida qayg‘uradi. Neymar o‘rniga Gyotseni tiqishtirmoqchi bo‘lganlardan xafa bo‘ladi.

Ha mayli, bularni qo‘ya turaylik, «Barselona», «Bavariya» va «Man. Siti»dagi muvaffaqiyatlarining siri nimada? Tabiiyki, murabbiyning taktik topqirligining o‘zi kamlik qiladi. Xosepning hozirgacha amalga oshirgan transferlari hajmi milliardga yaqinlashib qoldi. Ana shu mablag‘ evaziga 45 nafar futbolchini o‘z jamoalariga jalb etdi. Marhamat, Gvardiola ijrosidagi eng qimmat transferlar o‘nligi bilan tanishing.

E’tibor berilsa, saralar reytingidagi eng past baho 37 mln.ga teng. Qizig‘i, o‘nlikdan atigi ikki nafar hujumchi - Ibragimovich va Vilya joy olishgan. Mazkur ko‘rsatkich ham mutaxassisning oldingi chiziq vakillariga ixlosi kuchli emasligini ko‘rsatadi.

Yetakchi beshlikning 3 nafari himoyachilar ekanligi o‘z-o‘zidan tushunarli - murabbiy «shaharliklar»ning qanot himoyasida jiddiy islohotlarni rejalashtirgan. Reytingdan joy olganlarning 4 nafari hozircha Gvardiola rahbarligida maydonga tushishga ulgurishmadi. Qolgan xaridlarning faoliyati murabbiyning transfer borasidagi ishlariga baho berish uchun yetarli.

Omadsiz transferlar

Ibragimovich «Barsa»da o‘z o‘rnini topolmadi. Stounz Manchesterdagi ilk mavsumini sust o‘tkazdi. Gyotse «Bavariya»ning yetakchi yulduziga aylanmadi. Fabregasni Xavi hamda Inyestaga munosib voris darajasiga olib chiqish rejasi barbod bo‘ldi. Duglas Kosta «Bavariya»da risoladagidek to‘p surolmadi, Aleksis «Barsa»ni tark etdi. Dmitriy Chigrinskiy esa o‘ta omadsiz transfer sababchisiga aylandi - ishonchni oqlamadi.

Shuningdek, Bravo, Nolito, Sinan, Kurt, Serdar Taski, Gleb, Kaseres, Keyrrison, Enrike va Afellayni ham ishonchni oqlamagan transferlar sirasiga kiritish mumkin. Xullas, 16ta bahsli transferga jami 374 mln. yevro ishlatildi. Gvardiola tomonidan ishlatilgan mlrd.ning 37 foizi kutilgan samarani bermadi. Noxush manzarani faqat arzon va o‘ta samarali transferlar evaziga yaxshilash mumkin.

Omadli transferlar

Xosepning  tashabbusi bilan amalga oshirilgan transferlarning bittasini hech ikkilanmay buyuk kelishuv deyish mumkin - murabbiy «Barselona»ning bo‘lajak prezidenti - Pikeni «MYU»dan atigi 5 mln. yevroga qaytardi! O‘tgan yili u Rulyani «shaharliklar» safiga qo‘shish uchun yanada ozroq - 4,7 mln. sarfladi. Shuningdek, murabbiy atigi 8,5 mln. yevro hisobiga «Bavariya»ni kuchaytirgan Kimmix bilan faxrlansa arziydi.

Biroq Maskeranoga ketgan 20 mln.ni ijobiy deyish qiyin - 2010 yil uchun bu salmoqli sarmoya. 25 mln.lik Tyago, undan 10 mln. ko‘proq bahoda «Barsa»ga kelgan Alvesh ham risoladagidek to‘p surdilar. Lekin mablag‘ shunga yarasha edi.

Gvardiola faoliyatida Braziliya plyajlaridagi qandaydir notanish iqtidor sohibini Neymar darajasiga olib chiqqan hollar kuzatilmagan. Albatta, Vilya, Vidal, Jezus kabi o‘yinchilar Pep rahbarligida yuksak saviyani namoyish etishdi. Ammo ularning baholari ham (30-40) aynan shunday samarani taqozo etardi. 50 mln.lik Sane ham shu toifadan.

E’tiborli jihatlardan yana biri shundaki, Gvardiola erkin agent maqomidagi o‘yinchilarga deyarli e’tibor qaratmaydi. Xose Pinto - murabbiy faoliyatidagi kamdan-kam istisno.

Shuningdek, Pep tarkibni tekinga kuchaytirgan, ya’ni akademiya tarbiyalanuvchilari bilan ham maqtana olmaydi. To‘g‘ri, u «Bavariya» «boss»lari amalga oshirgan kelishuvni o‘z hisobiga yozishi mumkin. Robert Levandovski Madriddan Myunxenni afzalroq ko‘rganida Gvardiolani nazarda tutmagandi. Buning isboti sifatida polshalik hujumchi 9 daqiqa ichida «poker»ga erishganida kataloniyalik murabbiy yuzidagi taajjubni ko‘rsatish mumkin.

Gvardiolaning transfer faoliyati fakt va raqamlarda

Jahon futboli tarixida atigi uch nafar murabbiy o‘z faoliyati davomida bir milliard va undan ko‘proq mablag‘ni transferlarga sarflashgan. Ish staji ancha yuqori bo‘lgan Fergyuson hamda Vengerning xarajatlari yig‘indisi ham bu ko‘rsatkichdan ancha kam.

Milliardlar ro‘yxatida yetakchilik qilayotgan Joze Mourinyo hozirga qadar bir milliard 387 mln. yevroni xaridlarga sarfladi. Ikkinchi o‘rinda Karlo Anchelotti - bir milliard 131 mln. yevro.

Dovondan oshish arafasida turgan Gvardiola hisobidagi mavsumlar sonining ozligi bilan kasbdoshlaridan ajralib turadi. «Benazir» hammasi bo‘lib 96ta kelishuvni amalga oshirgan, har bir futbolchi uchun o‘rtacha 14,6 mln. sarflangan. Karlo hisobidagi xaridlar soni 81ta (o‘rtacha 13,9 mln.), «Romantik» esa 46 nafar o‘yinchiga 21 mln.dan sarflagan.

Bahosi 10 mln.dan yuqori bo‘lgan kelishuvlarni oladigan bo‘lsak, 29 nafar yangi futbolchi uchun Xosep 920 mln. yevrodan voz kechgan. O‘rtacha xarajatlar 31,7 mln. yevro. Murabbiylik faoliyatidagi dastlabki transferni Gvardiola 2007 yili amalga oshirgan - himoyachi David Korkolesni 500000 yevroga «Barselona B»ga qabul qilgandi. Hozirda 32 yoshli futbolchi «Rasing» sharafini himoya qilmoqda, Pep esa futbol tarixidagi eng qimmat himoyachi - Mendini o‘z jamoasiga jalb etdi.

«Barselona»da Gvardiola yangi o‘yin­chilar xaridiga 341 mln. sarfladi, har bir mavsum uchun o‘rtacha 85 mln. yevro. «Bavariya»dagi ko‘rsatkich - 203 mln. (o‘rtacha 67 mln. yevro). «Manchester Siti»da esa 453 mln. har bir o‘yinchiga o‘rtacha 28,3 mln. yevrodan, yozgi transferning o‘zida 226,5 mln.! Jamoani shakllantirish uchun bir yilda yarim milliard­dan voz kechdi.

46ta kelishuvning 16tasi anchagina bahsli, o‘zini oqlash gumoni ostida bo‘lgan transferlar ham yo‘q emas. Qisqasi, Xosepning tashabbusi bilan amalga oshirilgan kelishuvlarning 374 mln.ligi 3ta badavlat grandlarga qanday samara keltirishi noma’lum.

Sarf- xarajatlarni ular qo‘lga kiritgan sovrinlar soniga taqsimlasak, 21ta sovrinning o‘rtacha qiymati 74 mln.ga tengligi oydinlashadi. Bu borada Xosepning ko‘rsatkichi Vengernikiga yaqin. Ser Aleks esa har bir sovrin uchun o‘rtacha 16,1 mln. sarflagan. Demak, samaradorlik bo‘yicha shotlandiyalik mutaxassis yetakchi.

«Man.Siti»ning yangi himoya qo‘rg‘oni uchun Gvardiola 257 mln. sarfladi. Qiyoslash uchun oladigan bo‘lsak, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya yoki Albaniya kabi davlatlar harbiy mudofaa ehtiyojlariga bundan ancha oz mablag‘ ishlatishadi. Xullas, «shaharliklar» himoya chizig‘ining xavfsizligini ta’minlash ko‘pgina mamlakatlar harbiy xavfsizligi xarajatlaridan qimmatroq. Arab shayxlarining harakatlar samarasi yangi mavsumda bo‘y ko‘rsatsa, ajabmas.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:00, 12.08.2017.
O'qildi: 9185 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.