Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Alohida faxr tuyg‘usi yoki YECHLda g‘alaba qozongan murabbiylar haqida

Alohida faxr tuyg‘usi yoki YECHLda g‘alaba qozongan murabbiylar haqida

Baho:
+1 | -

Jahon fubolining klublar miqyosidagi asosiy turnirida qaysi mamlakat mutaxassislari o‘z jamoalarini ko‘proq yakuniy g‘alaba sari yetaklaganini bilasizmi?

Yevropa tashqarisidan kelgan murabbiylar hisobida ham «shalpangquloq» kubok bormi? Soccer.ru sayti ayni shu masalaga qiziqib, zafar quchgan ustozlar ro‘yxatiga alohida nazar tashladi.

Yevropa Chempionlar kubogi|CHempionlar Ligasi musobaqasi 62 marta o‘tkazilgan va ularda 14ta mamlakat vakili sanalgan murabbiylarga g‘alabani tantana qilish nasib etgan. Xo‘sh, bu borada Italiya murabbiylar maktabi oldindami yoki Ispaniyaniki?

Yana qaysi yurt vakillari o‘z murabbiylari natijalari bilan alohida g‘ururlanishlari mumkin? Tarix bo‘yicha 63-turnirning asosiy raundi starti yaqinlashayotgan ekan, ushbu savollar javobiga ko‘z yugurtirish ortiqchalik qilmasa kerak.

Italiya (11ta g‘alaba): Karlo Anchelotti (3 marta), Nereo Rokki (2 marta), Arrigo Sakki (2 marta), Jovanni Trapattoni, Fabio Kapello, Marchello Lippi, Roberto di Matteo

Italiyaliklarning oldinda ekanliklariga shubhangiz bormidi? Qarang, ular jami 11ta kubokka egalar. Boz ustiga, bu xirmonda 7 nafar mutaxassisning ulushi bor. Boshqa hech bir yurt shuncha g‘olib murabbiyi bilan maqtanolmaydi. Italyan murabbiylari 9ta g‘alabani jonajon mamlakatlari jamoalari bilan tantana qilishgan. Ya’ni faqat Karlo Anchelotti va Roberto di Matteo XXI asrda xorij klublarini shohsupaga yetaklashgan - tegishlicha «Real» va «Chelsi»ni. Karletto bu borada alohida o‘ringa ega - u 3ta «shalpangquloq» kubok sohibiga aylangan 2 nafar murabbiydan biridir (bunday natijaga birinchi bo‘lib, Bob Peysli erishgandi).

Ispaniya (10ta g‘alaba): Xose Vilyalonga (2 marta), Migel Munyos (2 marta), Visente Del Boske (2 marta), Xosep Gvardiola (2 marta), Rafael Benites, Luis Enrike

Reytingning ikkinchi qatori ispanlarga tegishli. Bu yurt vakillari italyanlarni izma-iz ta’qib etishyapti. Hozir o‘rtadagi farq minimal ko‘rinishda - 11:10. Ro‘yxatga qarasak, pireneyliklar «dubl»ni xush ko‘rishlari oydinlashadi. Harqalay, Xose Vilyalonga, Migel Munyos, Visente Del Boske va Xosep Gvardiola «ko‘hna qit’a» klub futbolidagi asosiy turnirda 2 martadan zafar quchishgan. Aytish o‘rinli, ular va Luis Enrike o‘z g‘alabalarini mahalliy grandlar - «Real» yoki «Barselona» vositasida rasmiylashtirishgan. Xullas, ispaniyalik 6 nafar g‘olib murabbiy orasida birgina Rafael Benites boshqa guruhga mansub. U chet el jamoasi- («Liverpul»)ni kubok sari eltgan yagona ispandir.

Germaniya (7ta g‘alaba): Dettmar Kramer (2 marta), Ottmar Xitsfeld (2 marta), Yupp Xaynkes (2 marta), Udo Lattek

Udo Lattek nufuzli sovrinni boshi uzra baland ko‘targan birinchi nemis mutaxassisi sanaladi, biroq buyuk murabbiy bitta g‘alaba bilan kifoyalanib qolgan. Uning hamyurtlari esa o‘z g‘alabalarini takrorlashga muvaffaq bo‘lishgan. Xususan, Dettmar Kramer ketma-ket 2ta turnirda zafar quchgani bilan maqtanishga haqli. Germaniyaliklar 7ta g‘alabadan 5tasini «Bavariya» bilan tantana qilishgan. Qizig‘i, g‘olib murabbiylarning har biri yutug‘ida Myunxen klubi ulushi bor. Ottmar Xitsfeld shuningdek, Dortmund «Borussiya»si bilan cho‘qqiga ko‘tarilgan. Yupp Xaynkes - «begona» drujinani shohsupaga olib chiqqan yagona nemis murabbiyi. U «Real»da omad qushini tutgandi. Darvoqe, 1998 yilgi o‘sha finalda «qaymoqranglilar» oxirgi mavsumda bo‘lgani kabi «Yuventus»ni yengishgan.

Angliya (7ta g‘alaba): Bob Peysli (3 marta), Brayan Klaf (2 marta), Toni Barton, Jo Fegan

Inglizlar «shalpangquloq» kubokni yutish masalasida nemislar bilan teng ko‘rsatkichga egalar. Yuqorida ta’kidlandi, Bob Peysli turnirda 3 marta zafar quchgan ilk murabbiy sanaladi. Keyinchalik uning natijasi Karlo Anchelotti tomonidan takrorlandi, ammo rekordni yangilash hech kimga nasib etganicha yo‘q. Afsonaviy Brayan Klaf «Nottingem»ni 2 bora aql bovar qilmas darajada kubok sari boshlagani bilan alohida o‘ringa ega. Toni Barton «Aston Villa» vositasida o‘z nomini tarixga bitgan bo‘lsa, Jo Feganga xuddi Peysli kabi «Liverpul»dagi ishi muvaffaqiyat keltirgan. Angliyalik murabbiylar faqat mahalliy jamoalar bilan zafar qichishgan. Yana bir tomoni, ularning g‘alabalari 1977-1984 yillardagi 8ta mavsum oralig‘iga to‘g‘ri kelgan. Bu orada faqat Ernst Xappel «Gamburg» bilan inglizlar «to‘da»siga kirish uddasidan chiqqan, xolos.

Gollandiya (5ta g‘alaba): Rinus Mixels, Gus Xiddink, Yoxan Kroyff, Lui van Gal, Frank Raykaard

Gollandiya g‘olib murabbiylar soni bo‘yicha Germaniya va Angliyadan oldinda - 5 nafar. Bulardan birgina Gus Xiddink «Barselona»da ishlamagan, Yoxan Kroyff va Frank Raykaard esa aynan kataloniyaliklarni yevrofutbol cho‘qqisiga olib chiqishgan. Afsonaviy Rinus Mixels va Lui van Gal esa Ispaniyaga yuzlanishdan oldin «Ayaks»ni shohsupaga ko‘tarishgan. Gus Xiddinkka kelsak, u murabbiylikdagi debyut mavsumida PSV bilan kichik mo‘’jiza yaratgandi.

Argentina (4ta g‘alaba): Luis Karnilya (2 marta), Elenio Errera (2 marta)

Yevropadan tashqaridagi mamlakat vakillaridan birgina argentinaliklar Chempionlar kubogini zabt etishgan. Boz ustiga, bu yurtning 2 nafar fuqarosi 2 martadan zafar quchgan. Luis Karnilya turnirning boshlang‘ich davrida «Real» vositasida g‘alaba nashidasini surgan bo‘lsa, Elenio Errera oradan qandaydir 5 yil o‘tgach, «Inter» bilan «dubl» qayd qilgan. Xullas, oxirgi yarim asrga qarasak, yevropalik mutaxassislargina chempionlik maqomini olishyapti.

Shotlandiya (4ta g‘alaba): Jok Steyn, Mett Basbi, Aleks Fergyuson (2 marta)

Shotlandiya uchun kubok hisobini ochib bergan Jok Steynni alohida maqtash joiz. U 1967 yili «Seltik» bilan «sensasiya» ko‘rsatgandi. Keyingi mavsumda esa ser Mett Basbi «Manchester Yunayted»ning kubok yutishini ta’minlagan. Umuman olganda, «qizil iblislar» Chempionlar kubogidagi natijalari uchun avvalo, shotland mutaxassislaridan minnatdor bo‘lishlari kerak. Zero, klub muzeyidagi yana 2ta «shalpangquloq»da ser Aleks Fergyuson qo‘li bor.

Portugaliya (3ta g‘alaba): Artur Jorje, Joze Mourinyo (2 marta)

Artur Jorje xuddi Gus Xiddink kabi Rossiyada ham ishlagan. U garchi SSKAni qisqa muddat boshqargan bo‘lsada, ancha samarali faoliyat olib borgandi. Portugaliyalik Chempionlar kubogini golland hamkasbidan bir yil burun yutgan - «Portu»da. Joze Mourinyo ham CHLdagi ilk g‘alabasini aynan «ajdarlar» bilan nishonladi. «Benazir» oradan bir necha yil o‘tgach, «Inter»ni yuksaklikka ko‘tarish asnosida «dubl»ni rasmiylashtirdi.

Ruminiya (3ta g‘alaba): Shtefan Kovach (2 marta), Emerik Eney

Bu har kimni-da hayron qoldirishi mumkin: Ruminiya futboli murabbiylar maktabi chinakamiga g‘ururlanishi mumkin. Axir rumin mutaxassislari asosiy turnirda 3 marta bosh sovrin sohibiga aylanishgan. Shtefan Kovach o‘tgan asrning 70-yillari «Ayaks»da Rinus Mixels o‘rnini egallagan va klubni ketma-ket 2 marta Chempionlar kubogi g‘olibiga aylantirgan. Emerik Eney esa aslida etnik vengr, ammo u aynan Ruminiyada futbolchi va murabbiy sifatida shakllangan. Qolaversa, uning muvaffaqiyati ruminlar uchun muhimroq ham. Axir Eney o‘tmishdoshi Kovachdan farqli o‘laroq, mahalliy jamoa - «Styaua»ni Yevropa taxtiga ko‘targandi.

Vengriya (2ta g‘alaba): Bela Guttmann (2 marta)

Sharqiy Yevropaning yana bir mamlakati vakili «Benfika»ni 2 marta Chempionlar kubogi g‘olibiga aylantirib, «Real»ning ilk davrdagi 5 yillik hukmronligiga chek qo‘ygandi. Aytishlaricha, Gutmann keyinchalik noo‘rin munosabat tufayli Portugaliya klubini qarg‘igan va unga asosan «burgutlar» 100 yil davomida yevrokubok nimaligini bilmasliklari lozim. Eng qizig‘i, hozircha shunday bo‘lyapti.

Avstriya (2ta g‘alaba): Ernst Xappel (2 marta)

Ernst Xappel - Chempionlar kubogini 2ta jamoa boshqaruvida yutgan ilk murabbiy. Shuningdek, diqqatga sazovor tomoni shuki, u «Feyenoord»ni 1970 yili g‘alaba sari yetaklagan bo‘lsa, «Gamburg» bilan naq 13 yillik tanaffusdan keyin zafar quchgan. To‘g‘ri, Yupp Xaynkesning muvaffaqiyatlari o‘rtasidagi tafovut bundan ham katta - 15 yil.

Fransiya (2ta g‘alaba): Zayniddin Zidan (2 marta)

Fransiyaning futbolda ham ilg‘or ekanligiga shubha yo‘q. Fransiyalik mutaxassislar Yevropa va jahon chempionatlarida buyuk natijalar qayd etishgan. Biroq mamlakat murabbiylik sexi yaqin-yaqingacha ham Chempionlar kubogidagi yutuqdan chetda edi. Mana,  buyuk chempion - Zayniddin Zidan katta sahnaga chiqishi bilan bu kemtikni to‘ldirdi. Qolaversa, u «Real»ni ketma-ket 2 marta shohsupaga olib chiqib, zamonaviy turnir - CHL tarixida yangi sahifa ochdi. Binobarin, bungacha CHLda biror jamoa chempionlik unvonini himoya qilish uddasidan chiqqan emasdi.

Serbiya (1ta g‘alaba): Lyubko Petrovich

1991 yili «Srvena Zvezda» Chempionlar kubogini o‘ziga bo‘ysindirdi - sof «sensasiya». Umuman, Lyubko Petrovich faoliyatining cho‘qqisi ham aynan shu g‘alaba bilan bog‘liq.

Belgiya (1ta g‘alaba): Raymon Gutals

Chempionlar Ligasida zafar sharobini tatib ko‘rgan Fransiyaning yagona jamoasi - «Marsel» Belgiya murabbiylik maktabidan minnatdor. Chunonchi, «xalq jamoasi» aynan shu yurt fuqarosi yordamida olamshumul natijaga erishgandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:16, 23.08.2017.
O'qildi: 6695 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.