Kirish Ro'yxatdan o'tish
11/01 00:45 Lasio - Komo
11/01 01:00 Rayo Valyekano - Selta
11/01 18:00 Alaves - Jirona
11/01 19:00 Empoli - Lechche
11/01 19:00 Udineze - Atalanta
11/01 20:15 Valyadolid - Betis
11/01 22:00 Torino - Yuventus
11/01 22:30 Espanyol - Leganes

Futboldagi eng ahmoqona jarohatlar

Futboldagi eng ahmoqona jarohatlar

Baho:
+ | -

«Hamburg» yarimhimoyachisi Nikolay Myuller og‘ir jarohatga yuz tutishidan atigi bir necha soniya oldin bundesliga startidagi gol quvonchini tuydi.

Ha, Germaniya yuqori divizionining yangi mavsumi shiddat bilan boshlandi: 1-tur doirasidagi o‘yinlardayoq bir qator yorqin voqealar kuzatildi. Misol uchun, doimiy favoritlar - «Bavariya» va «Borussiya» D. klublari o‘z muxlislarini chiroyli g‘alaba bilan siylagan bo‘lsa, avvalgi mavsum kashfiyoti - «RB Leypsig» Gelzenkirxen safaridan quruq qaytdi.

Biroq 1-turning asosiy voqeasiga grandlarning daxli yo‘q. Umuman, bunga «yorqin» ta’rifini ishlatish ham nojoiz. Axir gap kulguli jarohat haqida ketyapti.

Xullas, «Gamburg» va «Augsburg» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv taqdirini mezbonlar yarimhimoyachisi Nikolay Myuller tomonidan urilgan yagona gol hal qildi. Bittagina gol, demak, oddiygina o‘yin, faqat...

... Faqat shunisi borki, Nikolay yoxud ruslar ta’biri bilan aytganda, Kolya tushmagur 8-daqiqadagi samarali harakatidan shunday hovliqdiki, golni nishonlash chog‘i oddiy elementar xatoga yo‘l qo‘ydi. U havoga sakragancha bir necha marta aylandi va ...«erga qo‘nish»da oyog‘ini qayirib olib, burchak to‘pi bayroqchasi ustiga yiqildi. Bir qarashda, arzimas «qulash», ammo «Gamburg» tibbiy xizmati ma’lum qilishicha, jamoa yetakchisining old tizza bo‘g‘imi jiddiy shikastlangan. Klub vakillarining dastlabki taxminlariga ko‘ra, futbolchi endi chamasi 7 oy maydonga tusholmaydi. Ha, «Falokat oyoq ostida» maqoli bejiz paydo bo‘lmagan.

Nikolay Myullerga alohida to‘xtalsak, u doimo tezkor harakatlari bilan ajralib turgan. Boshqacha aytganda, uning asosiy ustunligi aynan tezlikdir. Avvalgi mavsum «Gamburg»ning 24ta o‘yinida ishtirok etgan yarimhimoyachi 5ta gol urishdan tashqari, 3ta samarali uzatmaga mualliflik qilgandi. Aytish o‘rinli, gamburglik muxlislar 2014 yildan buyon Nikolayni alohida qadrlashadi. Zero, u bir safar jamoani bundesliga bilan xayrlashish qismatidan saqlab qolgandi. To‘g‘rirog‘i, «Gamburg» mavsum-2014|2015da omadsiz o‘ynagan va yakunda «o‘tish bahsi»da qatnashishiga to‘g‘ri kelgandi. Xullas, «Karlsrue» bilan «duel»ning ikkinchi qismi (javob uchrashuvi)da aynan Myuller tomonidan 115-daqiqada urilgan gol gamburgliklar joniga oro bo‘lgandi.

Aytgancha, vaqtida «Bavariya»da o‘ynagan nemis darvozaboni Mikael Rensing ham bir safar juda g‘alati holatda jarohatga yo‘liqqandi. U shunchaki, butsalari ipini bog‘lash maqsadida omadsiz egilgan va ko‘ngilsiz jarohat tufayli 2ta mas’uliyatli o‘yinni o‘tkazib yuborgandi. Eng qiziqi, «Bavariya» rahbariyati o‘shanda hazilnamo bayonot bilan chiqqandi: «Nachora, endi alohida bir kishini Rensingga biriktirib qo‘yamiz va u faqat butsa bog‘ichi bilan shug‘ullanadi». «Gamburg» va Myuller holati esa ancha jiddiy. Xo‘sh, gamburgliklar qanday yo‘l tushishlari kerak?

Shuningdek...

Myuller va Rensingdan tashqari, yana bir qator o‘yinchilar futbol maydonidagi jiddiy to‘qnashuv emas, ahmoqona xatti-harakat tufayli ma’lum muddatga safdan chiqishgan.

Federiko Marketti («Lasio»). Rim klubi darvozaboni jamoadoshi Alessandro Matrini gol urgani bilan qutlash uchun hujumchi tomon yugurib, o‘zini uning ustiga tashlagan. Buning natijasida bel paylari uzilgan va zaxiraga chiqqan.

Vitaliy Dyakov («Rostov»). Turkiyaning «Sivasspor» jamoasi himoyachisi «Rostov»da o‘ynagan vaqti «Amkar»ga qarshi o‘yinning 90-daqiqasida gol urgach, shunchalik qattiq baqirganki, buning oqibatida ...jag‘i «ishdan chiqqan». Ya’ni futbolchi og‘zini qayta yopolmay qolgandi - jag‘i cho‘zilib ketgan. Boz ustiga, Vitaliy hushini ham yo‘qotgandi.

Pavel Pogrebnyak («Spartak»).Vaqtida rus futboli umidi sifatida e’tirof etilgan hujumchi mashg‘ulot payti to‘p ortidan reklama devori tomon yugurib, uning oldidagi katta beton handaqqa tushib ketgan. To‘g‘ri, Pogrebnyak 3 metrli chuqurdan bus-butun chiqqandi, shunchaki, oddiy shilinishlar va 1-2ta g‘urrani hisobga olmaganda, albatta.

Mario Gomes («Shtutgart»). Germaniyalik mashhur hujumchi ilk klubi - «Shtutgart»da juda noqulay holatga tushgandi. Xullas, o‘yinlardan birining ilk bo‘limi yakunlanishi arafasida Gomes kichik to‘qnashuvdan so‘ng maydonga yiqilgach, klub shifokorlari yordamga oshiqishadi. Mario esa shunchalik g‘azablanganidan dori-darmon solingan metall jomadonchaga musht urib, qo‘lini sindirib olgandi.

Stiv Morrou («Arsenal»). 1993 yil. Kubok finali. «Kanorirlar»ga g‘alaba keltirgan gol muallifi - himoyachi Stiv Morrou. Odatga ko‘ra, londonlik futbolchilar o‘yin qahramonini yelkalariga mindirib olishadi, biroq ko‘p o‘tmay, uni yerga tushirib yuborishadi. Xullas, shu ehtiyotsizlik oqibatida Morrouning o‘mrov suyagi sinadi va mavsum uning uchun ancha barvaqt tugaydi.

Yovan Tanasiyevich («Dinamo» M.). Chernogoriyalik himoyachi «Dinamo»ning mashg‘ulot o‘yinida gol urib, uni Tyerri Anri uslubida nishonlamoqchi bo‘ladi. Ya’ni maydonda tizzasi bilan «suza» boshlaydi, ammo muvozanatni ushlay olmay, maydon chetidagi avtomatik suv quyish kraniga uriladi. Aniqrog‘i, boshi yorilgandi.

Fernando Moryentes («Real»). «Madrid»ning goleador hujumchisi aslida o‘z gollarini doimo kamtarona va tartibli tarzda nishonlagan. Fernando bu borada ortiqcha sakramasdi, «suzmasdi», ammo u antiqa jarohatlanish bobida hammadan o‘zib ketgan. Xullas, hujumchi o‘yin vaqti maydonda past uchgan chayka (baliqchi qush)ni quvishga urinib, qo‘llarini baland ko‘taradi. Qushga esa bunday munosabat yoqmaydi va u futbolchining qo‘lini bir necha marta cho‘qiydi. Ushbu «havo hujumi»dan so‘ng Moryentes tibbiy yordamga ehtiyoj sezgandi - shifokorlar qush cho‘qqan joylarni tikishdan o‘zga chora topolmaydilar.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:38, 02.09.2017.
O'qildi: 5880 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.