Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Axbor Imomxo‘jayev: "Nashr qilinadigan kitob ensiklopediya bo‘lishiga ishonaman”

Axbor Imomxo‘jayev: "Nashr qilinadigan kitob ensiklopediya bo‘lishiga ishonaman”

Baho:
+ | -

"Darakchi" gazetasining "Kecha va bugun" loyihasi qahramoni taniqli futbol sharhlovchisi, O‘zbekiston sporti faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor IMOMXO‘JAYEV.

O‘zbekiston televideniyesi tarixida o‘zbek tilida futbol uchrashuvini sharhlagan birinchi sport sharhlovchisi ortga nazar tashlab, umr va hayot yo‘lini yodga oldi...

"TUFISHGAN AKA-UKALARIMNING YO‘QLIGI ARMON"

— 1936 yil 19 fevralda Toshkent shahrida ishchi oilasida tug‘ilganman. Men otam Rustamxo‘ja va onam Xayrixonning ikkinchi turmushidan dunyoga kelgan farzandman. Otamning birinchi ayoli va onamning turmush o‘rtog‘i vafot etgan ekan. Otamning birinchi oilasidan uch o‘g‘li, onamning esa ikki qizi bo‘lgan. Farzandlar juda ahil-inoq o‘sganmiz. Lekin baribir tug‘ishgan aka-ukalarimning yo‘qligi armon bo‘lib qolgan. Bolaligimni xotirlaganimda, kichkina opam Sharifaxon o‘zi tarbiyachi bo‘lib ishlaydigan Qibraydagi bog‘chaga olib borishi ko‘z oldimdan o‘tadi. Ikkinchi jahon urushi yakunlanmagandi, yo‘lda jangga ketayotgan “Vatan uchun!” yozuvli o‘ttiztacha tanklarni tomosha qilardik. Tankchi tankdan boshini chiqarib, bizga qo‘l siltardi (ko‘ziga yosh oldi)...

"KATTA FUTBOLGA­ QO‘YGAN ILK QADAMLAR..."

— Men tug‘ilgan yili Yo‘ldosh Oxunboboyev ilk g‘isht qo‘ygan Shayxontohur tumanidagi 45-sonli o‘g‘il bolalar maktabiga o‘qishga borganman. Tadbirlar o‘tkazsak, qizlar maktabiga taklifnoma yuborardik va aksincha. Sinfdoshim taniqli kulgu ustasi Hasan Yo‘ldoshev o‘sha vaqtda rasm chizishga qiziqardi. Qo‘shni sinfdagi O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimov esa aktyorlikka ishtiyoqmand edi. Kuni kecha maktabimizda Ergash Karimov muzeyi ochilishi munosabati bilan sinfdoshlar yig‘ildik.

Maktabda eng qiziqqan fanlarim tarix va geografiya edi. Buning boisi tarix ustozim Osiyo Shokirova, geografiya fani ustozim Qobil Muhamedovning o‘z kasbining ustasi ekanida edi. Ilk kitobim “Futbol — quvonchim, dardim, faxrim” nashrdan chiqqanida Osiyo opaga olib borganimda, quvonch ko‘z yoshlari bilan duo qilgandi.

Yuqoridagi ikki fan qatori jismoniy tarbiya faniga ham muhabbat uyg‘ona boshlagan. Maktabimizda 8 va 10-sinflararo, 5 hamda 7-sinflararo futbol bo‘yicha chempionat o‘tkazilardi. Ustozimiz David Javadov ham 90-o‘rta maktab, ham bizni maktabda ishlagani bois ikki maktab o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazardi. Yuqori sinfdagi o‘quvchilar Xayrulla, G‘ani, Zokirxon, To‘lqin, Qulahmad, Mirzaahmad futbol o‘ynaganda nafaqat men, balki direktorimiz ham maroq bilan tomosha qilardi. Ular maktabni tamomlab ketishgach, biz o‘rinbosar bo‘lganmiz. Darvozabonlar Ahmad Ota­jonov, Ramziddin Zaynuddinov, himoyachilar Mirvohid Po‘latov, Erkin Shoahmedov, Kamol Obidov, Habibullo Aliyev, Mirvohid Qosimov va men. 9-sinf o‘quvchisi bo‘la turib, hatto 10-sinf yigitlarini ham futbolda yutardik. U vaqtda hozirgidek professional darajadagi sport kiyimlari, koptok bo‘lmasdi. Yuqori sinf o‘quvchilari Xayrulla va G‘ani aka “Spartak” maydoniga borishardi, men ham ularga ergashardim. Haftada uch marta murabbiy Albert Sodiqovning mashg‘ulotlariga qatnaydigan bo‘lganman. Bu katta futbolga qo‘ygan ilk qadamlarim edi. 1954 yilda maktabni tamomlaganman.

"DIREKTOR HAM, O‘QITUVCHI HAM, QOROVUL HAM O‘ZIM EDIM"

— Geografiya faniga qiziqqanim uchun O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirgandim, kutilmaganda imtihonga matematika qo‘shildi. Attestatimdagi 15 ta bahoning 5 tasi “3”, 5 tasi “4”, 5 tasi “5” baho. Aniq fanlarga hushim yo‘q-da (kuladi). Bir do‘stim “Tarix fakultetiga o‘qishga kirib, keyin boshqa fakultetga o‘tsang bo‘ladi”, deb o‘rgatdi, aytganini qildim. To‘rtta imtihonning uchtasidan besh, adabiyotdan “4+” oldim. Men qolib, ikkita to‘rt baho olganlar o‘qishga qabul qilindi. Xafa bo‘lganimni ko‘rgan dadam oldiga solib, akademik Sarimsoqovning oldiga olib kirdi. Shunda domla “Mening mehnat ta’tiliga chiqqanimdan foydalanishibdi. Qarshimda o‘tirgan shu olti abituriyentning hammasi “5” olgan, lekin o‘qishga qabul qilinmagan. O‘g‘lingiz shu baho bilan Toshkent Davlat pedagogika universitetiga kira oladi”, degan. Katta akam esa qo‘shimcha ikkita imtihon topshirib, o‘zi ishlaydigan ikki yillik pedagogika kollejiga o‘qishga kirishimni maslahat berdi. Qisqasi, ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, ham yetakchi mutaxassislikka ega bo‘ladigan shu kollej talabasiga aylandim. O‘qishni tamomlaydigan yilimiz 5-7-sinflarga jismoniy tarbiya o‘qituvchisi tayyor­laydigan kurs ochildi. Shu tariqa kollejni uchta mutaxassislik bilan tamomladim. Yo‘llanmaga ko‘ra Toshkent viloyati Mirzacho‘l tumanidagi 13-maktabga jismoniy tarbiya va fuqaro muhofazasi fanlaridan o‘qituvchi etib tayinlashdi. Hashar yo‘li bilan sport maydonlari qurdik. Shu vaqtgacha spartakiadada yuqori o‘rinni olmagan maktab bu gal ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘zim ham voleybol va o‘q otish musobaqasida qatnashgandim. Maktab direktorimiz mukofot o‘rniga nav­batdan tashqari bir hafta mehnat ta’tili berdi. Bir yildan so‘ng tuman Paxtakor jamiyati raisi lavozimiga o‘tkazishdi. Bir do‘stim “maktab staji institutniki bilan qo‘shilmaydi, dars soatlaringni qoldir”, deb maslahat berdi, shunday yo‘l tutdim. Bu orada harbiy xizmatga chaqirishdi. Ota-onam keksa bo‘lgani va oila boquvchisi ekanim bois harbiy xizmatdan ozod etildim. Stajim uzilib qolmasligi uchun viloyat Xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qilganimda, meni Ohangaron tumanida 12 ta xonadondan iborat “Janjal” qishlog‘ida joylashgan 7-maktab filialiga boshlang‘ich sinflar bo‘yicha ilmiy bo‘lim mudiri va o‘qituvchisi qilib tayinlashdi. Boshlang‘ich sinflarga dars berardim. Eng qizig‘i, direktor ham, o‘qituvchi ham, qorovul ham o‘zim edim (miriqib kuladi). Fevralda ishga borgan bo‘lsam, mayda ishni tamomlab, Toshkentga qaytdim. 1955-yil O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti ochildi. Hujjat topshirmoqchi edim, hay’at a’zolari “Voleyboldan olgan 3-razryadingizni yo bir hafta yoki bir yildan so‘ng yangilab keling, shunda stajingiz ham kuymaydi”, deyishdi. Shu tariqa Samarqand darvozadagi 13-maktabda bosh yetakchi bo‘lib ishlab turdim. Bir yildan so‘ng O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Futbol fakultetiga o‘qishga kirdim va to‘rt yil o‘qidim. Bu orada respublika miqyosidagi hakam, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi bo‘ldim. Keyin Zangiota tumanida 83-maktabda ish boshladim, futbol bo‘yicha to‘garak ochdik. Bir yildan so‘ng O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga ishga o‘tdim.

"ILK SPORT SHARHLOVCHISI SIFATIDA RO‘YXATGA OLINGANMIZ"

— 1956 yilda “Paxtakor” stadioni qurildi, hasharga borardim. Shu yili “Paxtakor” jamoasi ham tashkil qilindi. Bu ikki voqea sabab, O‘zteleradiokompaniyada sport sharhlovchilari uchun uch bosqichli respublika tanlovi e’lon qilindi. Yigirma olti kishi qatnashib, tanlovdan ikki kishi: Roman Turpishev va men O‘zbekistondagi ilk sport sharhlovchisi sifatida ro‘yxatga olindik. Romanga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Albert Azaryan, menga O‘zbekiston xalq artisti Turg‘unoy Yunusxo‘jayeva ustozlik qilishgan. O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasining birinchi bosh muharriri, rus yozuvchisi Yulian Semenovning “Bahorning o‘n yetti lahzasi” kitobi tarjimoni — tog‘am Tuyg‘un Valiyevning ham menga ancha mehnati singgan. Qisqasi, 1961 yil televideniye qurilib jihozlangach, ilk bor ikkita sport sharhlovchisi: Roman Turpishev va Axbor Imomxo‘jayevning ovozi yangragan.

Futbol va “Quvnoq startlar” ko‘rsatuvlarini zimmamga olib, ko‘rsatuvlar tayyorlaganman. Televideniyeda sport sharhlovchiligidan bo‘lim mudiri, bosh muharrir darajasiga ko‘tarilganman. O‘zbekiston Futbol Federasiyasi ochilgach, u yerga ishga o‘tmoqchiligimni aytganimda televideniye rahbarlari bir oy muhlat so‘rab, “O‘rningizga odam topolsak, ruxsat beramiz”, deb sport sharhlovchiligiga tanlov o‘tkazib, o‘rinbosar topishgan (kuladi). Bu orada bir yil oliy ligada “Paxtakor” futbol jamoasi boshlig‘i bo‘ldim. “Paxtakor” halokatidan bir yil avval “Paxtakor-79”ga bag‘ishlangan telemarafon o‘tkazish uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Elbek Musayev va O‘zbekteleradiokompaniyasi rais o‘rinbosari Ubay Burxon “Axbor aka, televideniyega qayting!” deb turib olishgan, rad etolmaganman. Lekin nafaqaga O‘zbekiston Futbol Federasiyasidan chiqqanman.

80 yoshli yubileyimni o‘ziga xos tarzda o‘tkazdik, mini futbol turniri tashkil qildik. Avval nabira va jiyanlardan tashkil topgan jamoa to‘p surdi. Tanaffusda Muyassar Razzoqova, Kozim Qayumov, Boltaboy Toshmatov davrani qizitishdi. Keyin faxriylar jamoalari — "Tong" (Toshkent) - "Fartuna" (Samarqand) maydonga tushdi. Hammaga rasmim tushirilgan medallar topshirildi.

81 yoshga kirganimga qaramay, haftada uch marotaba futbol faxriylaridan tuzilgan “Tong” jamoasida hozir ham futbol o‘ynayman, hakamlik qilaman.

"FUTBOLIMIZNING 100 YOSHIGA MUNOSIB SOVFA"

— Kunlarning birida “Sharq” nashriyoti bosh muharriri Ahror Ahmedov kitob yozishni maslahat berdi. 1988 yili “Assalom, Olimpiada” nomli kitobimni chop etishmagach, qo‘lim yozishga bormay qolganini aytdim. Lekin ruhlantirdi, natijada “Futbol — quvonchim, dardim, faxrim”, “Maftuningman futbol”, “O‘zbegimning Mirjaloli” nomli kitoblarim nashrdan chiqdi. Bir kuni O‘zbekiston Futbol Federasiyasi prezidenti Mirabror Usmonov “Hozirgi avlod Gennadiy Krasniskiy va Birodar Abduraimovni tanimayapti. Yaqinda futbolimiz 100 yoshga to‘ladi. Shu bois ular haqida kitob yozsangiz”, deb qoldi. Shu kunlarda kitobning rus tilidagi tarjimasi “Moi vospominaniya o slavnix predstaviteley futbolnogo veka” yakuniga yetay deb qoldi. O‘zbek tilidagi “Asl futboldagi asl qadrdonlarim haqida” deb nomlangan kitobda futbol tarixi 1912 yilda Qo‘qonda tashkil qilingan “Musulmonlar” jamoasidan boshlangan, hozirgi avlod futbolchilaridan Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov ham kiritilgan. Jami 237 nafar futbolga aloqador odamlar haqida batafsil ma’lumot yozilgan. Bu kitob futbol ensiklopediyasi bo‘lib qolishiga ishonaman!

"BIR KO‘RISHDAGI MUHABBAT"

— Rafiqam Faridaxon bilan uzoqroq qarindosh edik. Ilk bor uyiga borganimda, deraza artayotgan ekan. Ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zdim va ikkalamiz ham qo‘limizni qattiq siqib qo‘ydik. O‘shanda yuragim jiz etgan, bu — bir ko‘rishdagi muhabbat edi! 1958 yil 12 avgust kuni Faridaxon bilan oila qurganmiz. Otam yangicha to‘y o‘tkazishga ruxsat bermagan, eskicha qilganmiz. Bir kuni ikkinchi qizim Madinaga dugonasi “Otang­ni maqtayverasan, atlas ko‘ylakdagi chiroyli ayol bilan kinoga kirib ketayotganini ko‘rdim”, debdi. Qizim “Har yili 12 avgust kuni otam onamni uchrashuvga chaqirib, sovg‘a-salomlar bilan xursand qilishni an’anaga aylantirgan”, deya javob bergan. 1979 yil 11 avgustda “Paxtakor” jamoasi halokatga uchragach, har yilgi an’anadan voz kechganmiz. 2007 yil Qarshining “Sevinch” qizlar jamoasi Ukrainaning “Belichanka” jamoasi bilan ikki haftalik o‘quv mashg‘ulotiga ketayotganida meni ham birga olib ketishgan. Jamoa rahbari Abdurahman Yumangulov bilan “Paxtakor” halokatga uchragan Kurilovka o‘rmoniga borganmiz. Shukr, o‘sha yerni ko‘rish orzuim amalga oshgan (ko‘ziga yosh oldi).

2009 yil 3 yanvarda rafiqam qandli diabet xastaligi bilan olamdan o‘tdi. O‘sha yili 15 mayda 70 yillik yubileyini o‘tkazmoqchi edik... Ishonsangiz, haligacha yo‘qligiga ko‘nikolmaganman (ko‘ziga yosh oldi).

Baxtli turmushimizdan ikki o‘g‘il, uch qizning ota-onasi edik. Kichik qizim Oliaxon 30 yoshida jigar xastaligi bilan olamdan o‘tgan, uch farzand qolgan.

15 nabira, 11 ta evaramiz bor. O‘g‘illarim Abror, Zafar va nabiram Diyor, kelinim Umidaxon — izdosh­larim, bu baxtim! Shuningdek, aziz tengdoshlarim Dilbar Abdurahmonova, Botir Zokirov, Qahramon Dadayev, Akmal Azizxo‘jayev, Erkin Vohidov, To‘lqin Tojiyev, Galina Melnikova, Guram Daraseliya, To‘ti Yusupova bilan faxr­lanib yuraman.

Manba: darakchi.uz
Kiritildi: 19:11, 14.09.2017.
O'qildi: 8020 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.