Iker Kasilyasning otasi Xose Luis maktab o‘qituvchisi, onasi Karmen Fernandes esa uy bekasi bo‘lgan.
"Tug‘ilishim bilanoq meni futbolchi bo‘ladi deb niyat qilishgan ekan.
Dadam hatto tushlarida ham meni “Real”ning libosida ko‘rarkan. Men uning orzusini amalga oshirdim. Bu kulgili tuyulishi mumkin, lekin men chiroyli yiqilishni bilardim. Bu esa, darvozabonlar uchun muhim”, — deb xotirlaydi Iker bolaligini.
“Real”ning futbol maktabiga uni otasi olib keladi. U o‘shanda 6 yoshda edi. Bolalarga mo‘ljallangan kategoriyalardan o‘tgach, u o‘sha paytda yoshlar bilan ishlagan hozirda afsonaviy Visente Del Boskening qo‘liga tushadi.
Uni birinchi marta asosiy jamoa bilan o‘ynash uchun 16 yoshida taklif etishadi. Avvaliga zaxira o‘rindig‘ida o‘tirgan Iker keyinchalik o‘zini ko‘rsatadi. Ilk o‘yinlarida hayajon kuchlilik qilib, durang natijalar ko‘rsatgan Iker keyin o‘zini qo‘lga oladi. “Umrimda birinchi marta "Barselona"ga qarshi "Kamp Nou" stadionida to‘p tepganimdan keyin, endi bu hayotda hech narsadan qo‘rqmasam ham bo‘ladi, deb o‘zimni qo‘lga olganman”, deydi Kasilyas.
“Kasilyas “Real”ning vijdoni edi”
Iker hamkasbi Janluiji Buffonni o‘zining kumiri deb hisoblaydi va juda hurmat qiladi. Kasilyasning o‘zi ham xuddi Buffon kabi bir qancha xislatlarga ega: chaqqon va sezgir, eng qiyin vaziyatlardan ham to‘pni chiqara oladi, darvozada to‘g‘ri pozisiya tanlay biladi, yakkama-yakka kurashda ishonchli o‘yin ko‘rsata oladi. Bundan tashqari oyog‘i bilan ham yaxshi o‘ynaydi: u bir necha o‘n metrga yaxshi pas bera oladi. Uni tez-tez televideniye va radioga suhbatga chaqirib turishadi. “Ba’zida dastxat so‘rab talpinayotgan muxlislarning ko‘pligidan qo‘rqib ketaman, keyin yaqindagina o‘zim ham shular qatorida edim, ularning umidini puchga chiqarishga haqqim yo‘q deb o‘ylayman”, deydi Iker.
Hamkasblarining bari bir ovozda Iker Kasilyasni odamshavanda, mas’uliyatli, ko‘ngli toza, “Real”ning vijdoni edi, deya ta’riflashadi.
Janjal bilan boshlangan muhabbat tarixi
Iker Kasilyas rafiqasi Sara Karbonero bilan kayfiyati yo‘q paytda tanishadi.
Ya’ni Sara Karbonero ismli reporter qiz Konfederasiya kubogi-2009 matchini yoritgani kelgandi. O‘shanda amaldagi chempion — Ispaniya terma jamoasi yarim finalda kutilmaganda AQSHga o‘yinni boy beradi. O‘yindan keyin intervyu berishga rozi bo‘lgan Iker g‘azablangan reportyor qizdan eshitadiganini eshitadi. Sara jahl ustida jamoaning o‘yini va futbolchilariga yaxshigina “baho” berganini jimgina tinglagan Kasilyas bir og‘iz gapirmay, o‘girilgancha kiyinish xonasiga kirib ketadi.
Buni qarangki, janjalkash bo‘lsa-da, reportyor qiz Kasilyasning ko‘nglidan joy oladi. Shu sabab g‘azabi bosilgach, haqiqiy erkakcha yo‘l tutib, katta guldasta olib qizdan kechirim so‘ragani boradi.
Lekin uni hayron qoldirib Sara gulni ham, uzrini ham qabul qilmaydi.
Qizning anchagina qaysarligi Ikerga yoqib qoladi va shu kundan boshlab toki Sara uning uzrini qabul qilmaguncha har kuni unga ajoyib guldasta yubora boshlaydi. Oxiri gullarni qo‘yishga joy topolmay qolgan Sara futbolchini kechiradi.
Shundan keyin matbuotda ularning birgalikda tushgan suratlari paydo bo‘la boshlaydi. Bu chiroyli juftlikka muxlislar ikkalasi uchun bitta —«Karbonilyas» degan laqab qo‘yib olishadi.
Dunyoning eng yaxshi darvozaboni va eng chiroyli reportyorining to‘yi
Sara nafaqt sport jurnalisti balki model va teleboshlovchi ham. U FHM versiyasiga ko‘ra dunyoning eng chiroyli reportyori deb tan olingan. Tabiiyki, dunyoning eng yaxshi darvozaboni bilan tanishgan qizning karyerasi yanada gullab-yashnaydi. Intervyu berishni yoqtirmaydigan Kasilyasdan va “Real”ning futbolchilaridan eksklyuziv intervyu olish huquqi aynan unga beriladi.
Sara bu huquqni qo‘lga kiritgandan keyin u haqda “karyera uchun hech narsa toymaydi” deganlar ham bo‘ldi lekin bu hech narsani o‘zgartirmadi, aksincha u “Real” va Ispaniya terma jamoasi matchlarini yoritishda davom etdi.
Ko‘p o‘tmay boshqa gap chiqadi. 2010 yildagi Jahon chempionatida Shveysariyaga qarshi o‘yinda Kasilyas jiddiy xatoga yo‘l qo‘yadi, natijada Ispaniya 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ladi. Matbuot bu mag‘lubiyatni jiddiy muhokama qilib, o‘sha epizodda Kasilyas yaqin atrofda bo‘lgan dugonasiga qarab chalg‘idi”, deya darvozabonni ayblashadi. G‘azab otiga mingan ishqibozlar Sara chempionat matchlarida ishlamasin, deb talab ham qilishadi.
Lekin mundialning keyingi o‘yinlarida Kasilyas mo‘’jiza ko‘rsatadi va o‘z tarixida birinchi marta Ispaniya jahon chempioni bo‘ladi.
Kechagina Kasilyani qoralagan muxlislar endi uni olqishlab shodiyona qilishadi.
Hammasi yaxshi edi-yu, lekin Iker o‘zini oila rishtalari bilan bog‘lashga shoshilmasdi. Bu haqda jurnalistlarga ham aytganidan keyin Sara yana makr ishlatadi u “De Xea eng yaxshi davrozabon” “Jerard Pike eng chiroyli futbolchi” kabi fikrlari “bilib-bilmay” aytib qo‘yadi va nishonga tegadi. Shundan so‘ng tez orada eng chiroyli reportyor va eng yaxshi darvozaboning to‘ylari bo‘lib o‘tadi.
To‘yga tuhfa sifatida Iker Saraga 5 ta yotoqxonasi bor, narxi 2,6 mln yevro bo‘lgan uy sovg‘a qiladi. To‘yga hamma keladi-yu lekin Krishtianu Ronaldu bilan uning o‘sha paytdagi sevgilisi Irina Sheyk taklif etilmaydi.
Ispaniya matbuoti Sara Karboneroni Irina bilan taqqoslayverib, ularning munosabatlarini buzishgandi.
2014 yilning boshida Kasilyas ota bo‘ladi va o‘g‘liga Martin Kasilyas-Karbonero deb ism qo‘yishadi.