Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

O‘FF va PFL qanday ishlashi kerak?

O‘FF va PFL qanday ishlashi kerak?

Baho:
+ | -

12 sentyabrdan keyin O‘FF tepasiga kim kelishi borasida oz bo‘lsa ham tasavvurga ega emasman. Oyna ortida katta ishlar allqachon boshlanib bo‘lganiga ishonaman, albatta. Federasiya kattagina tashkilot, unga oddiy bir mutaxassisni rais qilib bo‘lmaydi. Bunda prezident tashkilotga pul topa oladigan, mablag‘ chaqira oladigan kuchga ega bo‘lmog‘i juda muhim.

Biroq haqiqat shundan iboratki, pul hamma narsani ham hal qila olmaydi. Va shunday bo‘lgani ham yaxshi. Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning bolasi gapirsin deydigan zamon emas bu. G‘arbning yangi millioner va milliarderlariga e’tibor bersangiz, ularning ko‘pi oddiy oilalardan chiqqan va ilmi, bilimi evaziga katta muvaffaqiyatga erishgan. Bunda ular ajdodlari meros qoldirgan boylikka yoki hukumatning har yo‘sinda qo‘llab-quvvatlashiga qarab qolmagan, barchasini o‘zi “0” dan boshlab, tez orada katta ildizga aylangan odamlardir.

Mayli, O‘FF tepasiga keladigan odam boyroq, qulochlari kengroq, panjasini cho‘zsa, uncha-muncha tog‘ning uchiga yetadigan bo‘lsin. Biroq u eshitishni, tinglashni bilsin, qaror chiqarishdan oldin bu boradagi tajribalarni o‘rgansin, soha mutaxassislariga quloq tutsin. Bizda g‘alati bir qarash bor, futbol mutaxassisi bo‘lmagan odam, futbolni tushunmaydi, deb ishontirmoqchi bo‘lishadi. To‘g‘ri, qaysidir jurnalist yoki oddiy bir PRmen futbol qanday o‘ynalishini o‘sha mutaxassislari kabi tushunmaydi. Futbolchining kunlik rejimi qanday bo‘lishi kerak, u qancha yuguradi, yurak urishi daqiqasiga qay holatda qanday bo‘ladi, jismoniy tayyorgarlikda nimalar muhim — shu kabi masalalarda biz futbol mutaxassislarining oldiga tusha olmaymiz. Va umuman, jurnalistlar shunga o‘xshash ishlarga aralashayotgani ham yo‘q. Biroq tashkilotchilik, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida futbol qanday boshqarilmoqda, uning muvaffaqiyatlari qaysi faktorlarga suyanib turibdi kabi masalalarda o‘zbek futboli o‘z mutaxassislari bilan maqtana olmaydi. Nega? Chunki ular o‘qigan maktab ancha eskirdi, zamonaviy yoshlar esa til bilishi, axborot oqimi bilan suzishi va har qanday ma’lumotni olishdagi tezkorligi bilan o‘sha mutaxassislarni ortda qoldirdi deb, bemalol ayta olaman.

O‘FFning bugungi kundagi eng katta xatosi ham aslida shu. Uni katta tog‘ suyab turgan bo‘lsa-da, asosiy ish yurituvchilari o‘smay qolgan, bilim darajasi cheklangan, yangiliklardan uzluksiz xabardor bo‘lmaydigan va kezi kelganda, shaffoflikdan ko‘ra, sirlilikni qadrliroq biladigan odamlardir. PFLni olasizmi, terma jamoalar markazinimi, hattoki o‘sha “ishonch shari”ni Xalqaro press-klubda qabul qilib olgan shaxsnimi, ahamiyati yo‘q, mana shular futbolni hozirgi ahvolga olib kelishdi. Sizningcha, PFL mablag‘ yo‘qligidan shu ahvolga kelib qoldimi? Yo‘q, shunchaki uni o‘z sohasining ustasi boshqarmadi yillar davomida. Magomedovning futbolchiligi oldida shlyapamni yechaman, uning murabbiylikdagi bilimlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, demak u yashil maydon uchun kerakli shaxs edi. Bizning siyosat esa uning kabi insonni kabinetga qamab qo‘ydi va siz natijasini ko‘rib turibsiz. PFLda pul bor, har yili klublardan kelib tushadigan badal pullari evaziga tashkilotchilikni qiyqirib qilib yuborish mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoqlar nima ekanini tushuntirib bera olmaydigan, omma, jurnalistlar, futbol jamoatchiligi qaysi dard bilan yashayotganini his qilmaydigan odamlar unga bir nima bera olmaydi.

Terma jamoalar markazi borasida ham xuddi shu kabi. Biz Argentina, Braziliya va Kosta-Rikaga taklif yubordik deb kerilishni biladigan odamlar qo‘liga qarab qoldik. Vaholanki taklif yuborishdan osoni yo‘q. Internet orqali men Shakiraga sevgi izhor qilib maktub yuborishim ham mumkin, nimasi qiyin? Biroq biz normal kelishuvlarni o‘tgan vaqt davomida deyarli ko‘rmadik. Kerak-kerakmas sayohatlarga pul sarfladik, terma jamoa o‘yinlari arafasida chipta sotishni qoyil qoldik. Markazni boshqargan odam qaysidir ma’noda futbol mutaxassisi kim uchundir. Lekin u zamonaviy futbolning qaysi unsurlarini o‘zida qo‘lladi sizningcha? O‘tgan vaqt davomida biz nimada oldinga qadam tashladik, nimani o‘zgartirdik?

O‘FF vise-prezidenti kabinetida nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishini kimdir biladimi? Men uncha bilmayman, xatlarni qabul qilib oladi va imzo chekadi adashmasam. Ularni o‘rganib chiqib, javoblar qaytaradi. Xullas, kotibiyat ishlari bilan mashg‘ulligi bor. Ammo o‘tgan davr davomida futbolning oldingi siljishi yo‘lida uning qanday xizmatlari bor? Hech qanday! Bugun u qilayotgan ishni istalgan odam tadbiq qilib chiqishi mumkindek.

Biz istayotgan narsa shuki, ming qulochli odam kelmasin, qarorlar hech qachon bir kishigagina tegishli bo‘lishi kerak emas. Jamoatchilik fikri o‘rganilishi, mutaxassislar tinglanishi va direktorlar kengashini eslatib yuboradigan byuroning yakdil fikri o‘qib eshittirilishi chiroyli. Hayot shunday, o‘sha qulochli odam ko‘rmay qolayotgan kichik masala, oddiy bir insonning qarashlaridan chetda qolmasligi mumkin. Ko‘pchilik fikrida xatoliklar kamroq bo‘ladi, muhokama mavjud kamchiliklarni ochib tashlaydi va hokazo. Toki biz bugungi futbol siyosati bilan davom etar ekanmiz, futbolning ertasi bo‘lmaydi. Agar kimdir rivojlanish faqat terma jamoaning mundialga chiqishi bilan o‘lchanadi deb o‘ylasa, ma’zur tuting, biz sizlar bilan emasmiz. Futboldagi natija o‘z yo‘liga, biz shaffof, hurmatli va ishonchli tashkilot orzusidamiz.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 14:54, 16.09.2017.
O'qildi: 4343 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.