«Manchester Yunayted»ning sobiq yarim himoyachisi Andrey Kanchelskis «Sovetskiy sport» nashriga bergan intervyusida Leonid Sluskiyning Angliyadagi faoliyati haqida so‘z yuritdi.
- Leonid Sluskiyning «Xall»dagi faoliyatini kuzatib boryapsizmi?
- Unchalik emas. Qaysidir o‘iynlarni ko‘rdim. Ayrimlarini esa ko‘rolmadim. «Xall»ning turnir jadvalining oxirlarida borayotganini bilaman. Boshqa tarafdan «Xall» rahbariyati nimani kutgandi? Sluskiydan qandaydir mo‘’jiza kutganmidi? Yoki uni Abramovich tavsiya qilgan. Hammasi «Chelsi»dagidek bo‘ladi deb o‘ylaganmi?
- Oxirgi o‘yinda jamoa durang o‘ynadi. Ungacha esa ikkita o‘yinda umumiy hisobda 1:7 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Sakkiz turdan so‘ng mutaxassisning ishi borasida biror-bir xulosaga kelsa bo‘ladimi?
- Menimcha, hali erta. Uning jamoani noldan boshlaganini inobatga olamiz. Uning uchun yangi mamlakat, yangi mentalitet. Tilni tez o‘rgandi. Lekin ko‘p bo‘lmadi. Menimcha, yarim yildan so‘ng bir xulosaga kelsa bo‘ladi. Shuningdek, uning o‘zi ham «Xall» SSKA emasligini tushunishi kerak. Moskva jamoasining tarkibi kuchli edi.
Klubda terma jamoa o‘yinchilari ko‘p. «Xall»da esa buyuk yulduzlar yo‘q. Aynan shunday jamoalarda murabbiylik xislatini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Rossiyada unga «Ura!» deb qiyqirishgan.
Bu yerda esa professionalligini yana bir bor isbotlashi kerak. Uning ayrim intervyularini o‘qidim. U yoki bu narsalar borasida e’tiroz bildiribdi. Hammasiga atrofdagilar aybdormi?
Yoki Angliya uning uchun futbol mamlakati emasmi? Shunday bo‘lsa, Afg‘onistonga borib ishlasin. Balki o‘sha yer uning uchun futbol mamlakatidir. Aynan o‘sha yerda natijaga erishishi mumkin.
- Sluskiy muntazam ravishda Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan jamoadan ketishi kerakmidi?
- Balki vaziyatni o‘zgartirishni istagandir. SSKAdan keyin ancha vaqt ishlamadi-ku. Endi esa murabbiylik tajribasini tiklab, o‘z nomini qaytarishi kerak. Rossiyadagi g‘alabalarni tezda unutib yuborishadi. Chempionshipda o‘ynash juda qiyin. Chunki barcha jamoalar bir xil. Balki Sluskiy xato qilgandir. Yana bilmadim. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin u yaxshisi, biror-bir futbol mamlakatini topsin.
- Natijaga qaramay, «Xall» muxlislari uni yoqtirishadi. Bunga qanday izoh berish mumkin?
- Angliya — katta futbol an’analariga boy mamlakat ekanligini tushunish lozim. U yerda muxlislar ham bardoshlilar. Bir nechta mag‘lubiyatdan so‘ng ular murabbiyni bizdagi kabi yerga urishmaydi.
O‘zimdan misol qilib aytishim mumkin. Tumanli Albionda muxislar natijadan ko‘ra chiroyli va yorqin o‘yinni ko‘proq qadrlashadi. «Manchester Yunayted» ham avvaliga natija ko‘rsatmagan.
Biroq fanatlar bizni baribir yoqtirishardi. Agar Sluskiyning «Xall»i ham shunday o‘yin namoyish qilsa, uni ham yoqtirishadi.
- Angliya matbuotida yaqin orada Sluskiyning iste’foga chiqishi haqida yozishdi. Shunga ishonasizmi?
- Shamolsiz daraxtning uchi qimirlamaydi. Uni iste’foga chiqarishlari hech gap emas. Futbolda bu odatiy hol. Bizning mamlakatda esa bu ancha rivojlangan. Birinchi davra yakunlanmasdanoq iste’folar ko‘payib ketdi.
- Agar uni iste’foga chiqarishsa, murabbiylik faoliyatiga ziyon yetadimi? Angliyada yana bir klub topishiga ishonish qiyin. Rossiyada esa hech kim kutmayapti...
- Rossiyada hamisha o‘ziga ish topa oladi. U o‘ziga yarasha nom qozongan, bir necha bor mamlakat chempioni bo‘lgan. Boshqa tarafdan, qaysi klubni boshqarishi so‘roq ostida.
Ja’farali tayyorladi