Dembeleni «Barselona»ga sotib yuborgandan keyin ham «Borussiya» Dortmund Yevropaning eng jo‘shqin futbol dosh-qozonlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ha, jamoa noyob iqtidor sohibidan judo bo‘ldi. Lekin futbol borasida telbalardek fikrlaydigan fidoyi murabbiy - Peter Boshni topib oldi. Bosh bor joyda muammoga o‘rin yo‘q.
«Tajovuzkorlik» hamda «harakat» iboralarini asosiy qurol qilib olgan gollandiyalik mutaxassis muxlislarini infarkt holatiga solib qo‘yadigan qarorlarni xotirjamlik bilan qabul qiladi:
«Yo‘qotilgan to‘pni raqibdan qaytarib olish uchun «Barselona» uch soniya sarflaydi. Biroq biz «Barselona» emasmiz.
Shunday ekan, vazifamiz - to‘pni ikki soniyada raqibga qaytarish!» Ha, bunaqa ko‘rsatmalar faqat «tomi siljigan» kishilardan chiqishi mumkin. Lekin «Ayaks» aynan shu murabbiy rahbarligida o‘zining ikkinchi navqironligiga erishdi.
Boshning uslubi futbolchilardan yuqori jismoniy tayyorgarlikni, trenajyor zalida astoydil ter to‘kishni va oldingi chiziqning barcha pozisiyalarida samarali to‘p surish mahoratini talab etadi. Usmon Dembele aynan shu uslubga mos o‘yinchi edi. Ammo telefonini o‘chirib olgan holda g‘oyib bo‘lganidan keyin dortmundliklarning unga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgardi - Dembeleni kattagina mablag‘ evaziga pullab, o‘rnini o‘z tarkibidagi boshqa futbolchi bilan to‘ldirish.
«Borussiya» so‘nggi yillarda ajo-yib qoidaga qat’iy amal qilmoqda: «Agar jamoani yosh futbolchilar tark etsa, o‘rnini yanada yoshrog‘i bilan to‘ldiramiz». Kristian Pulishich endigina 19ga to‘ldi. Biroq hozirning o‘zida rekordlardan ulkan guldasta yasashga ulgurdi - «Borussiya»ning YECHLdagi eng yosh o‘yinchisi, YECHLda gol urgan eng yosh futbolchi, yevrokuboklardagi eng yosh amerikalik, bundesligada «dubl»ga erishgan eng yosh o‘yinchi... Ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Amerikalik xorvatning o‘zi esa pasport ma’lumotlariga e’tibor qaratishni xush ko‘rmaydi: «Yoshing nechada deb so‘raydigan kishilardan zerikdim. Men uchun buning ahamiyati yo‘q. Hozirning o‘zidan kurashga shay ekanligimni sezib turibman!» Kristian Pulishich faoliyatining asosiy mohiyati uning ummon ortidan kelib, «ko‘hna qit’a»da qayd etayotgan rekordlaridan ko‘ra nimaning evaziga shunday shunday natijalarga erishayotganligida. Kristianning otasi - Mark Pulishich o‘z vaqtida futzalda faoliyat yuritgan va Janubiy Amerikada yosh iqtidorlar yuksak texnika sirlarini shu ixcham maydonchada (5x5m) o‘rganishganini yaxshi bilardi. Kris 8 yoshda ekanligida Pulishichlar Michiganga ko‘chib o‘tishdi. Biroq Detroytda futzal ligasi mavjud emasdi, nima qilish kerak?
Katta Pulishich o‘z futzal ligasini ochishga qaror qildi - 3ta basketbol maydonchasini ijaraga oldi, darvozalarni o‘rnatdi, keyin jamoalarini tashkil etishdi. Mana shu ovoragarchiliklarning barchasi Kristian uchun, aniqrog‘i, uning yuksak texnika sohibi bo‘lishi uchun amalga oshirilgandi. «Mini-futbol texnikani maromiga yetkazib olishimga yordam berdi, cheklangan bo‘shliqda samarali o‘ynashga o‘rgatdi», - deydi Kris. Xullas, Mark Pulishichning o‘g‘li uchun chekkan aziyatlari zoye ketmadi. Biroq sobiq futzalchi va talabchan ota shu bilan cheklanib qolmadi, balki farzandini professinal futbolga to‘la tayyor bo‘lishi uchun har tomonlama toblashga intildi. Futbol bellashuvlarining oilaviy tahlili evaziga Kris 6 yoshli paytidayoq qaysi uzatmaning to‘g‘ri yoki xato ekanini ajrata oladigan bo‘lgandi. Mark hech qachon farzandining xohish-istagini cheklashga urinmagan: «Ayrim ota-onalar o‘yinlardan keyin farzandlarini faqat mevalar va suv bilan siylashadi. Kristian esa futboldan chips xaltasi bilan qaytishi mumkin».
Ta’til paytlarida ham Mark o‘g‘lini tinch qo‘ymasdi - malaka oshirish bahonasida Kris «Barselona», «Chelsi», «Vilyarreal», «Portu» va PSV akademiyalarida bo‘lib qaytdi. Katta Pulishich bu safarlardan farzandini qaysidir maktabga «tiqishtirishni» emas, balki uni qulay shart-sharoitlardan mahrum etish va musofirchilik qiyinchiliklariga bardosh berishga o‘rgatishni ko‘zlagandi. «Men Krisning notanish jamoada o‘zini qanday tutishini bilmoqchi edim» - deydi Mark.
Qisqasi, ana shu sa’y-harakatlar tufayli Pulishich Yevropa futboliga har tomonlama puxta tayyorgarlikka ega bo‘lgan holda keldi. Dortmundda tirishqoq, yengilishni xush ko‘rmaydigan, toblangan, irodali o‘yinchilarni xush ko‘radilar. Kris Yurgen Klopp davrida ham «Borussiya» yig‘inida qatnasha boshlagandi. U murabbiyga shu qadar yoqib qolgan ediki, 1,5 yildan keyin ustozi «Liverpul»dan taklif yubordi. Tomas Tuxel ham Pulishichning mahoratiga yuksak baho bergandi. Peter Bosh esa shogirdlarini oshkora maqtashga odatlanmagan - bu ularning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tuxel Pulishichni kamtarin futbolchi sifatida ta’riflagan bo‘lsada, Kris o‘z ustunliklari xususida gapirishni yoqtiradi: «Men jismoniy tayyorgarlik, tezkorlik, to‘p uchun kurashish borasida hech kimdan qolishmaslikka harakat qilaman. Doimo bahslashish uchun raqib futbolchisi tomon intilaman».
To‘g‘ri, barcha kasbdoshlari kabi Kristian ham barcha yakkakurashlarda g‘olib chiqavermaydi. Lekin tezkor harakatlari, intiluvchanligi bilan raqiblarini shoshirib qo‘yadi, xato qilishga majbur etadi. «Borussiya»dagi ilk golini ham aynan shu izlanuvchanligi oqibatida amalga oshirgandi. Uning ikkinchi ajoyib fazilati - oldingi chiziqning barcha nuqtalarida samarali to‘p sura olish. Futbolchidagi shiddatkorlik Boshning 4-3-3 uslubiga ham juda mos. O‘tgan yili murabbiy «Ayaks»da Bertran Traoredan sof hujumchi pozisiyasida foydalangan, keyin o‘ngroqqa o‘tkazgandi. Uning o‘rnini esa Kasper Dolberg bilan to‘ldirgandi. «Borussiya»da ham xuddi «Ayaks»dagi kabi hujumchilar muntazam harakatda. Pulishich «Bavariya» darvozasini markazdan tezkor reyd evaziga ishg‘ol etdi, «Volsfburg» posbonini esa o‘ng qanotdan zarba berish bilan dog‘da qoldirdi, «Gerta»ga qarshi bahsda u asosan so‘l qanotda o‘ynadi.
Qo‘shimchasiga, Kristian Dembelening ayrim ijobiy xislatlarini yaxshi o‘zlashtirib olgan. Jumladan, dribling va to‘pni qabul qilish uchun bo‘sh hududlarda «ochilish» fazilatlarini. 5-6 nafar raqibni aldab o‘tish Pulishichga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Boshning uslubiga moslashish shunchalik xayrli kechmoqdaki, Kris mustaqil hayotga kirib qolganini sezishga ham ulgurmayapti. 2,5 yil o‘g‘lining yonida bosh-qosh bo‘lib turgan Mark Pulishich endi uni yolg‘iz qoldirdi. Bu ham farzand tarbiyasining navbatdagi bosqichlaridan biri, albatta.
Odatda Pulishichga o‘xshagan futbolchilar hozircha millionlar «kumir»lariga aylanib ulgurishgan. Boisi, ularda tojlar ham, nufuzli sovrinlar ham yo‘q. Biroq Kristian bundan mustasno: 18 yoshida u AQSHning eng mashhur sportchisi darajasiga ko‘tarildi. Bu faqat boshlanishi. Missiyasini dunyoning turli hoyu-havaslari band etmagan noyob iqtidor sohibi «Borussiya»dan ketishni hatto xayoliga ham keltirmayapti. Bu uning o‘zi uchun ham, jamoa uchun ham ayni muddao. Shu ketishda Pulishich yorqin yulduzlarning biriga aylanishi aniq. Hozircha faqat raqiblari unga qo‘shimcha bosh og‘rig‘i bo‘lishyapti. Bu ham uning foydasiga.
O‘tgan mavsumdagi Rur derbisida «Shalke» bosh murabbiyi Markus Vaynsirl Pulishichni qo‘riqlashni Sead Kolashinasga topshirgandi. O‘shanda bu «yurish» o‘z samarasini bergan va «Borussiya» Dortmund-«Shalke» qarama-qarshiligida hisob ochilmagandi. Biroq hozir Kristian avvalgidan ham samaraliroq to‘p surmoqda. Ehtimol, raqiblar hozircha unga yetarli e’tibor qaratishmayotgandir?
Ha, po‘latdan pishiqroq deya ta’riflashgan qahramonimizning kichik bo‘lsada muammosi bor. Lekin bu futbolga aloqador emas: «Mening «kumir»larim Jastin Biber. Tug‘ilgan kunimda uning konsertiga tushmoqchiman», - degandi Kristian o‘zining 18 yoshini nishonlash arafasida. Biz va barcha futbol muxlislari uchun uning yashil maydondagi faoliyati san’atga bo‘lgan qiziqishidan ko‘ra muhimroq. Nima dedingiz?...