Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/03 15:35 Yaponiya - Saudiya Arabistoni
25/03 16:00 Xitoy - Avstraliya
25/03 16:00 Janubiy Koreya - Iordaniya
25/03 18:45 Indoneziya - Bahrayn
25/03 18:45 Qirg‘iziston - Qatar
25/03 21:00 Eron - O‘zbekiston
25/03 23:15 KXDR - BAA
25/03 23:15 Kuvayt - Ummon
25/03 23:15 Falastin - Iroq
26/03 01:00 Boliviya - Urugvay
26/03 05:00 Chili - Ekvador
26/03 05:00 Venesuela - Peru
26/03 05:00 Kolumbiya - Paragvay
26/03 05:00 Argentina - Braziliya

Timur Kapadze: «Agar chetlatish bo‘lmaganida osonroq g‘alabani qo‘lga kiritishimiz mumkin edi»

Timur Kapadze: «Agar chetlatish bo‘lmaganida osonroq g‘alabani qo‘lga kiritishimiz mumkin edi»

Baho:
+1 | -

Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi 7-turidan o‘rin olgan uchrashuvda O‘zbekiston Toshkentda Qirg‘izistonni kichik hisobda mag‘lub etdi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida murabbiyimiz Timur Kapadze ishtirok etdi.

— Xalqimizni g‘alaba va Navro‘z bayrami bilan tabriklayman. Ko‘proq gol urib, chiroyli g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Qirg‘iziston yaxshi himoyalandi. Muhimi g‘alabaga erishdik. Endi keyingi bahsga tayyorgarlikni boshladik.

O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Qirg‘iziston o‘n kishi bo‘lib qolganidan keyin o‘z o‘yinini o‘zgartirdi. Raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Teng o‘yinda balki osonroq g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Boisi, raqib ochilishga harakat qilardi.

— Masharipov sariq kartochkasi borligini bilardi. Bugun ogohlantirish olishdan ehtiyot bo‘lish kerakmidi?
— Ha, bu ham biz uchun navbatdagi boshog‘riq bo‘ladi. Yig‘indan oldin Aliqulovni yo‘qotdik. Mashg‘ulotda Oston oyog‘ida og‘riq his qildi. Futbolda shunaqasi bo‘lib turadi. Hamma narsaga tayyor turishimiz kerak. O‘yindan oldin sariq kartochkasi borlarga tushuntirgandik. Boshqa tomondan bu futbol. O‘yinchini ham tushunish kerak. Jaloliddinning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilamiz. Yig‘inga kelgan har bir o‘yinchiga ishonch bildiramiz.

— BAA Tehronda Eronga yutqazdi va oradagi ochkolar soni 6 taga yetdi. Bu holat yigitlarda keyingi o‘yin oldidan o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradimi?
— Eng asosiysi o‘zimiz g‘alaba qozondik va JCHga juda yaqinlashdik. Lekin hali oldinda o‘yinlar bor. Tehronda o‘yin oson bo‘lmaydi, ammo kerakli natijani qo‘lga kiritishga intilamiz.

— Shomurodov penaltini foydalana olmadi. So‘nggi paytlarda o‘zbek futbolchilari vaziyatdan foydalana olmayapti. Nega bunday bo‘lyapti? Muammo nimada?
— Bu muammo emas, ruhiy holat bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Eldor yaxshi tepdi, ammo darvozabon yaxshi qaytardi. Albatta, yirik hisobda g‘alaba qozonsak yaxshi bo‘lardi. Ammo biz shoshmasdan o‘ynadik. Raqib bizning darvoza oldida deyarli vaziyatni yuzaga keltira olmadi.

— Chetlatishdan keyin bir markaziy himoyachini olib, o‘rniga hujumkor futbolchini tushirsangiz bo‘lmasdimi?
— Albatta, himoyada ham ishonchli harakat qilishimiz kerak edi. Qanot himoyachilarimiz oldinga o‘itb harakat qilgani uchun hujumda futbolchilar yetarli edi. Agar markaziy himoyada ikki futbolchi o‘ynasa, maydon markazidagi futbolchilarimizdan biri, masalan, Otabek Shukurov ortga qaytib o‘ynashi kerak bo‘lardi. Men 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynashda davom etishni ma’qul deb topdim.

— Hozircha Katanes qo‘yib ketgan nisbatan soddaroq o‘yin uslubida o‘ynashda davom etyapsiz. Eronga qarshi o‘yinda o‘zingiz tayyorlab qo‘ygan "syurpriz"larni ko‘ramizmi?
— Bu sodda uslub emas, yaxshi uslub. Bu uslubda ham hujumkor o‘yin namoyish etish mumkin. Eronga qarshi o‘yingacha tayyorgarlik ko‘ramiz. Hammasini o‘ylab ko‘ramiz. Vaqt yetganicha kamchiliklar ustida ishlashga harakat qilamiz. "Ozodiy"da o‘ynash oson bo‘lmaydi. Natijani qo‘lga kiritish uchun barcha choralarni ishga solamiz.

— Penalti tepish bo‘yicha qanchalik ishlanyapti?
— Mashg‘ulotdan keyin futbolchilar qolib mashq qilishyapti. Bu narsani ko‘proq muhokama qiladigan bo‘lsak, bu futbolchilarga bosim yuklaydi.

Bugungi o‘yin biz uchun foydali bo‘ldi. Qirg‘izistonga qarshi o‘yinni tahlil qilib, futbolchilarga tushuntiramiz. Eronning o‘yinini futbolchilarga ko‘rsatib, tahlil qilib beramiz.

Eng asosiysi bugun g‘alaba qozondik va maqsadimiz sari yaqinlashdik. Barchamiz duoda bo‘lsak, nasib qilsa, Mundialga boramiz.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 00:08, 21.03.2025.
O'qildi: 6456 marta.
Fikrlar: 283 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.
MyCounter - счётчик и статистика

Топ рейтинг www.uz