Nabi Keytaning sotib olinishi «qizillar» tarixidagi eng qimmat transfer hisoblanadi. Xo‘sh, bu xarid o‘zini oqlarmikan?
Odatda, Yevropa klublari transfer oynasi yopilishiga sanoqli kunlar qolganda faollashishadi. «Liverpul» joriy yilning yozida 3 o‘yinchini sotib oldi - Muhammad Saloh, Dominik Solanke va Endryu Robertson uchun jami 47 mln. funt sarfladi.
Yaqinda esa, «qizillar» «RB Leypsig» yarim himoyachisi Nabi Keytaning transferi masalasidagi muzokaralar nihoyasiga yetganini ma’lum qilishdi. Gvineyalik futbolchi «Liverpul» safiga 2018 yilning yozida qo‘shiladi.
Mazkur transferda bir qancha detallarni e’tiborga olish kerak. Birinchidan, ingliz klubi shartnomadagi tovon pullari haqidagi moddani faollashtiryapti - uning miqdori 48 mln. funt va shu tariqa mersisaydliklar o‘z transfer rekordlarini ortda qoldirishmoqda. Yana bir jihat, «Liverpul»da Keyta 8-raqamda o‘ynaydi - bu belgi avval jamoa afsonasi Stiven Jerrardga tegishli edi.
Angliyada har bir futbolchini OAVlar va futbol ekspertlari birday kuzatib borishadi. Bundan tashqari, 22 yoshli yarim himoyachi muxlislarning katta bosimi ostida qolishi ham aniq.
Keyta muammolardan faqat yaxshi o‘yin ko‘rsatish orqaligina chiqib ketishi mumkin. Buni uddalay olishiga esa «Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopning ishonchi komil.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, bundesligada birgina mavsum o‘tkazgan futbolchining xaridi uchun sarflangan kattagina mablag‘ o‘zini oqlarmikan? Solishtirishda hammasi ma’lum bo‘ladi.
Agar «Liverpul»ning hujumdagi harakatlariga nazar tashlasak, u holda Keytaning ko‘plab ijobiy xislatlari bilan bo‘lg‘usi jamoadoshlaridan ustun turishi oydinlashadi.
2016|2017 yillar mavsumida bundesliga bahslarida Nabi 8ta gol urib, 7ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Keyta driblinglarga o‘tishdan aslo tortinmaydi.
Misol uchun, Sadio Mane - o‘tgan mavsum yakuni bo‘yicha «Liverpul»ning eng yaxshi driblingchisi har bir bahsda o‘rtacha 2,5ta aldab o‘tish natijasini ko‘rsatdi.
Keytada esa bu ko‘rsatkich 2,7taga teng. Mazkur natija maydon markazi vakiliga tegishli ekanini yodda tutsak, u tayanch zonasida ham yomon o‘ynamasligi ma’lum bo‘ladi.
Nabi Keyta o‘yinni ajoyib tarzda olib boradi, to‘p oshirishdagi aniqlik bo‘yicha esa faqatgina Jordan Xendersondan ortda, xolos.
Ammo gvineyalik foydasiga ishlaydigan yana bir fakt bor: Xendersonning ko‘plab to‘p oshirishlari yaqin masofaga uzatiladi. Keyta esa to‘pni burchakda turgan jamoadoshi tomon aniq oshira biladi.
Aynan shu ko‘rsatkichlari bilan Nabi yuqorida nomlari tilga olingan uchlikka solishtirganda, Kloppning hujumkorlik uslubiga ideal darajada mos keladi.
Qolaversa, gvineyalik o‘yinchi himoyada ham juda faol va oshirilgan to‘plarga egalik qilishda raqiblaridan ancha tezkor - bu borada hatto tayanch zonasida o‘ynaydigan Xendersondan ustunroq: bir o‘yinda 2,6ga qarshi 1,7. Bu «Chelsi» yarim himoyachisi N~Golo Kantening ko‘rsatkichidan ham yaxshiroq.
Gvineyalik «Liverpul» sardoridan farqli ravishda kamdan-kam hollarda raqiblariga aldanadi. Shuning uchun Keyta murakkab holatlarda jamoadoshini qo‘llab yuborishi mumkin.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, «Liverpul» rahbariyati ajoyib xariddan quvonsa arziydi - axir Nabi Keytadek futbolchining safga qo‘shilishi jamoani yanada kuchaytiradi.
Faqatgina bu ishni kelgusi yilda emas, hozir amalga oshirish kerak edi. Yozgacha u shunday o‘yin ko‘rsatadimi yoki yo‘q, aniq javob berish mushkul.
MA’LUMOT UCHUN
Nabi KEYTA
Kim? «Liverpul»ning bo‘lg‘usi o‘yinchisi.
Qaysi klublarda o‘ynagan? «Red Bull Zalsburg» (Avstriya), «RB Leypsig» (Germaniya).
Ampluasi: markaziy yarim himoyachi.
Laqabi: Afrikalik Deku.
O‘ziga xos tomonlari: har ikki oyog‘ida aniq zarba beradi, sifatli dribling egasi, individual o‘yinchi.