Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Bahodir Nasimov: «Ansan» bilan yana bir yillik shartnomam bor, lekin...»

Bahodir Nasimov: «Ansan» bilan yana bir yillik shartnomam bor, lekin...»

Baho:
+1 | -

Janubiy Koreya K League Challenge (birinchi liga) divizionida mavsum yakunlandi. Xabaringiz bor, bu turnirda o‘zbekistonlik ikki futbolchi - Bahodir Pardayev va Bahodir Nasimov bir mavsum faoliyat olib borishdi.

Yakunda Pardayev to‘p surgan «Bucheon 1995» 10ta klub qatnashgan chempionatda beshinchi, Nasimovning «Ansan Griners» jamoasi esa 9-o‘rin bilan kifoyalandi. Bu klub o‘tkazilgan 36ta uchrashuvda 33 ochko jamg‘ardi.

«Ansan» 7ta o‘yinda g‘alabaga erishdi, 17ta mag‘lubiyat va 12ta durang qayd etdi. Nasimov Toshkentga qaytib kelgach, biz undan K League Challenge taassurotlari yuzasidan intervyu oldik.

- Bahodir, K League Challenge yakunlandi. Ortda qolgan mavsum jamoangiz uchun omadsiz keldi. Buning sabablari nimada?

- Men bunday fikrda emasman. Sababi, mavsum boshlanishi arafasida klub rahbariyati jamoamiz oldiga chempionatdagi o‘rin borasida alohida vazifa yoki maqsad qo‘ymagandi. Chunki jamoa yangi tashkil etilgan, aniqrog‘i, uning tuzilmasi o‘zgargan, tarkib ham optimal darajada emasdi. Bilasizmi, «Ansan» avvalgi mavsum ham birinchi ligada eng yuqori o‘rinni egallagan ekan. Lekin klubning nomi «Ansan Police» bo‘lgani uchun K-ligada o‘ynashiga ruxsat berilmagan. Shu bois ham u «Ansan Griners»ga o‘zgartirildi. O‘tgan yili klub tashkil etilganiga 20 yil to‘libdi. Aytmoqchi bo‘lganim, shundan keyin nafaqat jamoaning nomi o‘zgardi, balki tarkib ham butunlay almashdi. Shunga qaramay, mavsumni yomon o‘tkazdik, deya olmayman. To‘g‘ri, turnir jadvalida egallab turgan o‘rnimiz havas qiladigan darajada emas. Lekin o‘z holatimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, mavsum biz uchun omadsiz o‘tmadi. Debyutning o‘ziga yarasha plyuslari ham bo‘ldi.

- To‘g‘ri, ehtimol vazifa qo‘yilmagandir. Lekin futbolchilar va murabbiyning o‘zi ham yuqori o‘rinlar uchun kurashish orqali ko‘pchilikni o‘ziga qaratishi mumkin edi-ku!

- Ha, bu masalada fikringizga qo‘shilaman. Qo‘limizdan kelganicha harakat qildik, ammo yuqorida aytganimdek, tarkibimiz bu liga saviyasiga mos emasdi. Aksariyat futbolchilar ikkinchi diviziondan taklif etilgandi. Boz ustiga, biz o‘z o‘yinlarimizni himoyaviy taktika asosida tashkil qildik. Balki shu omil ko‘p durang qayd etilishiga sabab bo‘lgandir. Ishonchim komilki, kelasi mavsum natijalarimiz yaxshilanadi. Buning uchun tarkib kuchaytiriladi. Klub rahbariyati bu yil o‘ynagan 15 nafarga yaqin futbolchi bilan xayrlashishga ulgurdi. Endi ularning o‘rni tajribali o‘yinchilar hisobiga to‘ldiriladi va yangi mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yiladi.

- To‘rtta durangdan ko‘ra, 2ta g‘alaba va shuncha mag‘lubiyat yaxshi, deyishadi. Himoyadan o‘ynash bu murabbiyning ko‘rsatmasimi? Hujumchi sifatida ushbu taktikaga qanday munosabat bildirasiz?

- Xuddi shunday. Himoyadan o‘yin tashkil qilish - bu murabbiyning ko‘rsatmasi. Biz 5-2-3 taktikasiga tayangan holda o‘ynaymiz. Birinchi galda o‘z darvozamiz daxlsizligini saqlashga intilamiz. Vaziyat tug‘ilishi hamono qarshi hujumlardan foydalanishga urinamiz. O‘zim ham forvard pozisiyasida o‘ynamayman. Hech qaysi o‘yinda maydonga hujumchi vazifasida tushmadim. Murabbiy o‘ng va chap qanot yarim himoyasiga qo‘ydi. Ba’zida markazda ham to‘p surdim. Tezligimni inobatga olib, har bir uchrashuv oldidan himoyaga qaytib, jamoadoshlarimga yordam berishimni so‘radi. Bu esa menga mos kelmaydigan uslub. Ammo murabbiyning talabiga moslashishga harakat qildim.

- Mazkur holat sizga qiyinchilik tug‘dirmadimi? Chunki avval o‘ynagan jamoalaringizda hujumchi pozisiyasida harakat qilgansiz. Buni murabbiy bilarmidi? Yoki vaziyatdan chiqish uchun sizni yarim himoyaga qo‘ydimi?

- Yaxshigina qiyinchilik tug‘dirdi. Butun faoliyatim davomida hujumda o‘ynab, keyin birdaniga yarim himoya va himoyada harakat qilish oson emas. Bu narsa vaziyatdan chiqib ketish uchun qilingandi. Agar mavsum boshlanishi oldidan o‘tkazilgan yig‘in va uning doirasidagi nazorat o‘yinlarida meni himoyada sinab ko‘rishganida, balki hozir siz bilan bu mavzuni muhokama qilmayotgan bo‘lardik. Dabdurustdan shunday ko‘rsatma va vazifa berildi. Jamoaga yordamlashish maqsadida murabbiyning aytganlarini bajarishga majbur bo‘ldim. U «Yarim himoya va himoyada senga ishonyapman», derdi. O‘rta chiziqda o‘ynab, shuning barobarida mudofaada ko‘maklashish futbolchidan katta kuch talab qiladi. Shu o‘rinda aytishim kerak, J.Koreya klublari mashg‘ulotlarda asosiy e’tiborni jismoniy tayyorgarlikka qaratishadi. Shug‘ullanish jarayonida tinmay yuguramiz.

- J.Koreya chempionati sizga ma’qul keldimi yoki o‘zingizni biroz bo‘lsada noqulay his qildingizmi?

- Avvaliga moslashish qiyin kechdi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Birinchi galda - iqlim. Namgarchilik juda yuqori, havo o‘ta dim. Kuchli bosim ostida o‘ynaysiz. Qolaversa, mashg‘ulotlari o‘ta murakkab. Yuqorida ta’kidlaganimdek, asosiy e’tibor jismoniy holatga qaratiladi. Bitta mashg‘ulot ikki yarim, ba’zida uch soatdan oshiq davom etadi. Men bunga o‘rganmagandim. Oldin o‘ynagan jamoalarimda ko‘pi bilan ikki soat mashg‘ulot o‘tkazilardi. Boz ustiga, jismoniy mashg‘ulotlarga bu darajada ko‘p vaqt ajratilmasdi. Tinmay yuguramiz, krossga katta urg‘u beriladi. Shundan so‘ng 90 daqiqa o‘yinda umuman charchamaysiz. Xullas, boshida qiynaldim, buni tan olaman. Lekin vaqt o‘tishi bilan moslashdim.

- Maoshlarni vaqtida oldinglarmi? Bu borada muammo bo‘lmadimi?

- Moliyaviy masalada nolishga o‘rin o‘q. U yerda futbolchi faqat o‘yin haqida o‘ylaydi. Maoshlarni o‘z vaqtida berishadi. «Barchasi chiroyli futbol va futbolchi uchun» aqidasiga amal qilishar ekan. Bu jihatdan koreys klublariga havas qildim. Umuman, hamma yo‘nalishlarda ishlar professional darajada yo‘lga qo‘yilgan. Klub tuzilmasida bir kishi o‘nta ishga javob bermaydi. Hammaning o‘z vazifasi bor, har kim sidqidildan ishlaydi. Janubiy Koreya klublaridan o‘rganadiganlarimiz bisyor ekan.

- Shartnomangiz muddati yakunlandimi?

- Yo‘q. Mavsum avvalida «Ansan» bilan 2 yillik bitim tuzgandik. Ya’ni, 2018 yilning 31 dekabr kuni shartnoma muddati yakunlanadi. Kelishuvga ko‘ra, yana bir yil jamoa sharafini himoya qilishim kerak.

- Unga amal qilasizmi yoki bosh-qa rejalar bormi?

- Hozircha aniq rejalarim yo‘q. Ta’tilni Samarqandda, ya’ni oila a’zolarim davrasida o‘tkazyapman. Klub rahbariyati meni qo‘yib yubormoqchi emas. Ehtimol, J.Koreya elitasidagi klublar yoki boshqa xorij davlati jamoalaridan taklif tushsa, balki o‘ylab ko‘rarman. Lekin hozircha kelasi mavsum bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilmadim. Bor e’tiborimni hordiq chiqarish va yangi mavsumga kuch to‘plashga qaratyapman.

- Bu masalada klub rahbariyati bilan gaplashdingizmi? Nima de-yishyapti, rejalarini oshkor qilishdimi?

- Mavsum yakunlanganidan keyin futbolchilarga ruxsat berildi. Shu bois hali klub rahbariyati bilan uchrashganim yo‘q. Agar boshqa kuchliroq chempionatlardan jamoa topa olmasam, shartnomaga amal qilib, «Ansan»da yana bir yil o‘ynayman. Aks holda, klubimni almashtiraman.

- Bosh murabbiy bilan munosabatlaringiz yaxshimi? Uning o‘zi jamoada qolarkanmi?

- Ha, qoladi. Bilishimcha, uning klub bilan 3 yillik shartnomasi bor. Jamoa rahbarlari ham ushbu mutaxassisga ishonch bildirishyapti. Kelasi yili o‘zi ishlashini bilgani uchun ham 15 nafar futbolchi bilan xayrlashdi. Chempionatning oxirgi o‘yinidan keyin yonimga kelib, «Senga ishonch bildiryapman, kelasi mavsumda ham birga ishlaymiz», dedi. Navbatdagi chempionat o‘yinlariga tayyorgarlik boshlanaversin-chi, ke-yin qolgan masalalarni ko‘rib chiqaveramiz.

- Jamoangiz ixtiyoriga qachon qaytib borasiz? Yangi mavsum taraddudi qaysi payt boshlanar ekan?

- Hozircha aniq kunini aytishmadi. Lekin bilishimcha, 20 dekabrdan mashg‘ulotlarga kirishiladi. Dastlabki ikki haftaga mo‘ljallangan yig‘inda mahalliy futbolchilar ishtirok etishadi. Men rejaga ko‘ra, Yangi yil bayramini uyda o‘tkazib, 3 yoki 4 yanvarda Janubiy Koreyaga yetib boraman.

- Ungacha jismoniy holatingizni ushlab turish uchun mashg‘ulotlarda qatnashasizmi?

- Samarqandga qaytib kelganimdan keyin 14 kun hordiq chiqardim va o‘tgan hafta oxirlarida yana shug‘ullanishni boshlab yubordim. Hozircha yengil mashqlarni bajaryapman. Asosan kross, ya’ni yugurishga e’tibor qaratyapman. Janubiy Koreya klubidagi jismoniy holatga mas’ul murabbiyimiz har bir kun uchun alohida mashg‘ulot rejasini yozib bergan. Shu asosda shug‘ullan-yapman. J.Koreyaga qaytganimdan ke-yin esa haqiqiy tayyorgarlik va kuchga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar boshlanadi (kuladi).

- Janubiy Koreyadan qaytganingizdan keyin oliy liganing birorta o‘yinini stadiondan kuzatdingizmi? Taassurotlar qanday?

- «Dinamo»ning «Neftchi» va «Lokomotiv»ga qarshi o‘tkazgan ikkita o‘yinini bevosita stadionda tomosha qildim. Taassurotlarim yaxshi. Janubiy Koreyada bo‘lgan paytimda ham oliy ligamizni kuzatib bordim. Jamoalarning turnir jadvalidagi joylashuvi bilan doimiy ravishda, har bir tur yakunlanganidan keyin tanishib chiqardim. Men uchun bu jarayon juda qiziq. Jonli efirda olib berilgan ayrim o‘yinlarni internet orqali ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Janubiy Koreya birinchi divizioni saviya borasida bizning oliy ligadan kuchli. Buni ortiqcha ikkilanishsiz aytishim mumkin. Ikki mamlakat jamoalarini har tomonlama solishtirib ko‘rdim. Tan olish kerak, klublar infratuzilmasi, yaratilgan sharoitlar, tartib-intizom, muxlislarning stadionlarga tashrifi, futbolchilar haq-huquqlarining ustun turishi va boshqa ko‘plab jihatlarda J.Koreya jamoalarining ustunligi ko‘zga tashlanib qoladi. Oliy ligamizning kuchli beshligidan joy olgan jamoalargina Janubiy Koreya birinchi divizioni klublari saviyasiga mos kelishlari mumkin. Qolgan ishtirokchilarimiz haqida bunday fikr bildira olmayman. Joriy yil «Lokomotiv», «Nasaf», «Paxtakor» va «Bun-yodkor» kutilganidek yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Ishonchim komilki, kelgusi mavsumda ham aynan mana shu to‘rtlik chempionlik uchun kurash olib borishadi va yakunda dastlabki to‘rtta o‘rin ular tomonidan band etiladi. J.Koreya chempionatida esa unday emas. Oldindan hech bir jamoani favorit sifatida ko‘rsata olmaysiz.

- Siz uchun qadrli bo‘lgan «Dinamo» klubining oliy ligadan tushib ketishi qattiq ta’sir qilgandir?

- Albatta, ona shahringiz jamoasining bu holatda elitani tark etishi kimga ham yoqardi?! Menimcha, PFL shoshilinch qaror qabul qildi. Zero, chempionat yakunlanishiga to‘rtta tur qolganda bunday to‘xtamga kelinishi noto‘g‘ri. Hech qaysi mamlakat chempionatida kuzatilmagan holat bo‘ldi. Shu jihatdan PFLning qarorini oqlamayman. Bunday o‘zgarishlar mavsum yakunlanganidan so‘ng amalga oshiriladi. Chempionat tugaganidan keyin jamoalar ogohlantirilib, «Kelasi yili elitada 12ta jamoa qoladi, shunga qarab harakat qilinglar», deyilganida ishga professionallarcha yondashilgan bo‘lardi. Hozirgi holat hech qaysi prinsip, ya’ni tamoyillarga to‘g‘ri kelmaydi. Oliy liga ishtirokchilari sonini birdaniga 12taga tushirish ham to‘g‘ri emas. Menimcha, dastlab 14ta qoldirib, keyingi mavsum yana ikkitaga kamaytirilganida, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda PFLning reglamenti ham buzilmasdi va tabiiyki, bundan hech bir jamoa ozor chekmasdi. Hozirgi holatda e’tirozlarning bo‘layotgani o‘rinli, deb o‘ylayman. Chempionat tugashiga to‘rtta tur qolganda qabul qilingan qaror turnir jadvalining o‘rtasida borayotgan klublarni ham esankiratib qo‘ydi. Birgina «Dinamo» misolida gapiradigan bo‘lsam, aynan so‘nggi to‘rtta turda jamoani qiyin o‘yinlar kutib turgandi. Chempionlik uchun kurashayotganlardan ochko tortib olishning deyarli iloji yo‘q edi. «Neftchi» haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Albatta, farg‘onalik futbolchilardan farqli ravishda «Dinamo»ga alamliroq bo‘ldi. Zero Samarqandning bosh jamoasi birinchi davrani yuqori saviyada o‘tkazgandi. Hal qiluvchi bosqichda esa Oleg Tyulkin shogirdlarining o‘yinida keskin pasayish kuzatildi. «Neftchi»da vaziyat biroz boshqacharoq bo‘ldi. Muvaffaqiyatsiz ishtirok sabab murabbiylar almashdi. Lekin yakunda bu o‘zgarishlar ham shonli jamoaning 55 yilligi nishonlanayotgan yilda «Neftchi»ning oliy ligada qolishi uchun kamlik qildi. Xullas, bir so‘z bilan aytganda, PFL tomonidan oliy liga klublari uchun biroz adolatsiz qaror chiqarildi. To‘g‘ri, bu o‘zgarishlarning futbolimizga qanchalik foyda keltirishini vaqt ko‘rsatadi. Agar jamoalar sonining qisqarishi sifatga ishlasa, bundan futbolimiz yutadi. Balki mazkur o‘zgarish sabab o‘tkinchi o‘yinlarga barham berilar. Aytishadi-ku, har bir yangilik yaxshilikka, deb.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:43, 10.12.2017.
O'qildi: 2786 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.