FIFA bosh kotibi Fotima Samura RT saytiga bergan intervyusida tashkilot faoliyatidagi eng so‘nggi o‘zgarishlarga to‘xtaldi va tanqidchilarni FIFAga bo‘lgan salbiy munosabatlarini o‘zgartirishga chaqirdi.
Mutasaddi xonim shuningdek, JCH-2018da nimalar kutayotgani, G‘arbdagi ayrim nashrlarda yozilayotgandek, Rossiyada muxlislar xavfsizligiga munosabat u darajada yomon emasligini aytdi.
«TANQIDCHILAR FIFAga BO‘LGAN MUNOSABATNI O‘ZGARTIRISHLARI KERAK»
— FIFA bosh kotibi sifatida joriy yil siz uchun qanday o‘tdi?
— U mazmunga boy tarzda kechdi. Mansabga o‘tirganimga 1,5 yil bo‘ldi va 100 yillik tarixga ega millionlar o‘yini bosh tashkiloti kotibligini ayol kishi egallaganining o‘zi futbolga bo‘lgan munosabat o‘zgarayotganidan darakdir.
Jahon aholisining teng yarmini nozik jins vakilalari tashkil etishini inobatga olsak, buning hayron qoladigan yeri yo‘q. Menimcha, 2016 yil fevralida boshlangan islohotlar FIFAda uzoq yillardan beri kutilayotgan o‘zgarishlar uchun tamal toshi bo‘ldi.
Jumladan, FIFA tarixida ilk bor faqat ayollar futboli bilan shug‘ullanuvchi alohida tizim yaratildi, shuningdek, tashkilot ayollarga alohida e’tibor qarata boshladi. Bir yillik faoliyatim yakuniga nazar tashlarkanman, bugunga kelib FIFA shtab-kvartirasida ayollar soni 53 foizga yetgani rostini aytsam, men uchun kutilmagan quvonchli hol bo‘lgani ham haqiqat.
Hozirgi tendensiyadan kelib chiqib, ayrim milliy federasiyalarda bosh kotib vazifasiga ayollar tayinlanmoqda. Demak, 2026 yilga borib, ayollar va erkaklarning huquqiy tengligi nafaqat FIFA, balki boshqa milliy federasiyalar tarkibida ham amalga tatbiq etiladi.
— FIFAdagi islohotlarga alohida to‘xtaldingiz. Sizningcha, jahon miqyosida sportning boshqa turlari rahbarlik tizimlarida ayollar sonining ortishi qanchalik muhim?
— Futbol - dunyoni birlashtiradi. Uni ayollar, qizlar va bolalar ham o‘ynashadi. Bu o‘yinni butun sayyorada yaxshi ko‘rishadi. Sport seksiyalarini rivojlantirib borarkan, FIFA o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishadi: o‘yinni rivojlantirib borish orqali, uning ommabopligiga erishadi.
Bugungi kunda futbol seksiyalari va ayollar futbolini moliyalashtirish erkaklar o‘rtasidagi chempionatlar hisobiga amalga oshirilmoqda. Bu borada avtonomlik haqida so‘z yuritilmayapti.
- Mazkur holatni o‘zgartirish uchun qanday chora ko‘rish lozim?
- Birinchidan, futbolni rivojlantirish yo‘lidagi «Forvard» dasturi orqali futbol assosiasiyalariga zarur vositalarni yetkazib, shu tariqa ularning ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarga mablag‘ yo‘naltirishlarini ta’minlash kerak.
Uzoq muddatli rivojlanish yo‘lida esa FIFAning barcha marketing dasturini qayta ko‘rib chiqib, ayollar futbolini har taraflama qo‘llab-quvvatlash, uning ommabopligini oshirish maqsadga muvofiq. FIFA bu borada tegishlicha chora-tadbirlarni ishlab chiqqan va yaqin yillarda uning samarasi ko‘rinadi, degan umiddaman.
— Siz bilan birga jahon futboli yulduzlari - Zvonimir Boban, Marko van Basten, Gari Linekerlar ishlashadi. FIFA tarkibida umrini futbolga bag‘ishlagan professionallarning borligi siz uchun qanchalik muhim?
— FIFA bosh kotibi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlaganimdan beri erishgan eng katta natijalarimizdan yana biri shubhasiz, bu kabi yulduzlarni tashkilot faoliyatiga keng jalb qila olganimizdir.
Aynan ularning yordami bilan FIFA o‘z g‘oyalarini maromiga yetkazmoqda, strategiyasini yanada yaxshilashga intilyapti. Tashkilotda mening o‘rinbosarim sifatida JCH-1998ning bronza medali sohibi Boban faoliyat olib boryapti.
U shuningdek, videotakrorlar tizimi amaliyotga joriy etilishiga ham mas’ul. Van Basten ham FIFAdagi mas’ul lavozimlardan birini egallagan. Ya’ni, u tashkilotning texnik direktoridir.
Yaqinda JCH-2018 tashkilotchilarining mundial o‘tadigan shaharlarda muxlislarga nima bera olishlari to‘g‘risidagi stendlari bilan tanishdim.
Guruh bosqichi qur’asi - bu aslo chempionat ochilishi emas, ammo unga ham jahonning turli mamlakatlaridan ko‘plab jurnalistlar tashrif buyurishdi.
Aynan shu narsa FIFAning yangi rahbariyati futbol dunyosida o‘zgartishlar qilishga tayyorligini yana bir karra isbotlaydi. Tanqidchilarning FIFAga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish payti keldi. Avvallari mutlaqo boshqa sohada ishlaganman va u yerda ham inson huquqlari ulkan ahamiyat kasb etardi.
FIFAning yangi nizomi uchinchi moddasida tashkilot bu jihatga alohida to‘xtalgan. Biz sayyoramizning futbolga katta qiziqish bildirmaydigan hududlariga millionlar o‘yinini olib kiryapmiz.
2017 yil boshida FIFAda inson huquqlari bo‘yicha kengash ish boshladi. Oktyabrda e’lon qilingan dokladda tashkilot ushbu masalada to‘g‘ri yo‘ldan ketayotgani ta’kidlandi.
Nihoyat, futbolni rivojlantirish barobarida aholi turmush tarzini sportning ushbu turi yordamida yaxshilash bilan shug‘ullanayotgan ommaviy tashkilotlarni rag‘batlantirish maqsadida maxsus mukofot ta’sis etdik. FIFA tobora o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda.
O‘ylashimcha, joriy moliyaviy sikl oxirida, yangi yilda hamma futbol rivojiga nechog‘li katta sarmoya kiritilayotganini ko‘rgach, tanqidchilarning ham bu boradagi fikrlari ijobiy tomonga o‘zgarsa, ajabmas.
Shuningdek, FIFA prezidenti e’lon qilgan strategiyani amalga tatbiq etish ham mening zimmamdagi asosiy vazifalardan biridir. Chunki tashkilot rahbari «FIFAga futbolni qaytarish»ga va’da bergan. Menimcha, bu borada biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz.
«AFRIKA TERMALARI JCH-2018da O‘ZLARINI YAXSHI TOMONDAN KO‘RSATISHADI»
— Sizning vataningiz termasi bo‘lgan Senegal o‘z tarixida ilk bor FIFA reytingida 23-o‘ringa ko‘tarildi. Pele ham 20-30 yil avval vaqtiki kelib, mundialda «qora qit’a» termalaridan biri g‘olib chiqishini aytgandi.
Agar ushbu taxminlar o‘zini oqlasa, FIFAdagi mas’ul vazifaga ta-yinlanishingizning ayni shu davrga to‘g‘ri kelishi chindan ham ramziy ma’no kasb etgan bo‘lardi-da...
— Afrika qit’asi vakillari mundialda 5ta kuchli terma bilan ishtirok etishadi. Senegal 2002 yilgi jahon chempionatida debyutini nishonlagan va chorak finalgacha yetib borgandi. O‘ylashimcha, bu natija ular uchun eng so‘nggi ijobiy ko‘rsatkich bo‘lib qolmaydi.
— Terma yetakchilaridan biri, Angliyaning «Liverpul» klubida porlayotgan Sadio Mane Senegalning o‘sha mundialdagi muvaffaqiyati butun qit’ada futbolga bo‘lgan qiziqishni orttirganini ta’kidlagandi.
Demak, Afrika mamlakatlari yoshlari uchun bu o‘ziga xos namuna bo‘lgan?
— Shuni unutmaslik kerakki, Afrika vakillari Yevropaning eng yaxshi jamoalarida to‘p surishadi. O‘z-o‘zidan milliy jamoa uchun klubdagidan ham yorqinroq o‘yin ko‘rsatishadi.
Ishonchim komilki, 2018 yilgi mundialda Afrika termalari kutilganidan ham a’lo natijalarga erishadilar.
- O‘zingiz biror marta futbol yoki futzal o‘ynashni xohlamaganmisiz?
- Yoshlik paytlari o‘ynaganman, ammo hozir yoshim o‘tib qolgan va to‘p surish to‘g‘ri kelmasa kerak. Shunga qaramay, hamisha yosh o‘yinchilar, jumladan, qizimni ham bu borada to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
U 14 yoshda, futbolni juda yaxshi ko‘radi, o‘zi ham o‘ynaydi. Uning rejalarini amalga oshirishda hamisha yordam berishga tayyorman.
«ROSSIYA MUXLISLARNI QUCHOQ OCHIB KUTIB OLADI»
— Rossiya sayyoramizdagi eng katta futbol musobaqasini o‘tkazishga hozirlanyapti. Sizningcha, mundial mezbonlarining mazkur musobaqadagi muvaffaqiyati qanchalik muhim va siz ulardan nimalar kutyapsiz?
— 2017 yil yozidagi Konfederasiyalar kubogi Rossiyadagi mundial qay darajada o‘tishini ko‘rsatdi. Ayniqsa, mahalliy hokimiyat vakillarining mazkur musobaqani tashkillashtirishdagi o‘ta kuyunchakliklari meni hayratda qoldirdi. Samimiy qabuldan esa boshim osmonga yetdi.
— Turnir davomida sizni o‘ta hayron qoldirgan narsa nima bo‘ldi?
— Rossiyaga ilk bor 2016 yil iyulida tashrif buyurgandim. Albatta, Afrika qit’asining barcha vakillari kabi menga bo‘lgan o‘zgacha munosabatni kutdim, ammo shu bilan birga, atrofdagilarning o‘zim tug‘ilgan qit’a va undagi odamlar to‘g‘risidagi fikrlarini boyitishga harakat qildim.
O‘shandan beri Rossiyada yana kamida 20 marta bo‘ldim va biror marta ham irqchilik munosabatlariga duch kelmadim. FIFA faoliyati haqida so‘zlab berish uchun qayerga bormayin, hamma joyda iliq munosabat guvohiga aylandim.
Konfederasiyalar kubogi musobaqasi doirasida Qozonda o‘tgan tadbirlarda ham turli din vakillari juda yaxshi kutib olindi. Mazkur musobaqa finali o‘tgan Sankt-Peterburg xotiralari esa bir umr yodimda qoladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib ta’kidlaymanki, Rossiya to‘g‘risida yozilayotgan salbiy fikrlar reallikka zid. Bunga ishonch hosil qilish uchun 2018 yili ushbu mamlakatga tashrif buyurish kerak.
- Barcha futbol ishqibozlariga murojaat etish imkoni tug‘ilsa, ularga nima derdingiz?
- Jahon chempionatiga keling. Juda ajoyib va qiziq bo‘ladi. Turnirga mezbonlik qiladigan shaharlarda xavfsizlik kafolatlanadi, bu borada barcha choralar ko‘rilgan. Katta madaniy xilma-xillikka ega mamlakat bilan tanishasiz.
Rossiyaga jahonning 32ta eng kuchli termalari tashrif buyurishadi va bir oy davomida butun sayyoraning diqqat-e’tibori aynan mundialga qaratiladi.
Shunday ekan, jahonning turli nuqtalaridan kelgan ishqibozlarni iliq qarshi oladigan mamlakatni kashf etish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmang.
I.OBIDOV tayyorladi