O‘FF hamda PFL tomonidan olib borilayotgan yangicha ishlash tizimiga, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabat bildirayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar qatorida futbolimiz faxriylari ham borligi quvonarli. O‘zbek futboli jurnalistikasi otaxoni, taniqli sharxlovchi, Respublika toifasidagi hakam, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Axbor Imomxo‘jayev ham o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:
- O‘zbek futbolini yuz yoshda desak, shuning yarmi bilan birga umr kechirayotganimdan, yarim asrdan beri yurt futboli bilan birga nafas olayotganimdan mamnunman. Futbolimiz, ayniqsa, mustaqillik yillarida chinakam o‘zligini topdi. Osiyo va Jahonning rasmiy musobaqalarida mustaqil ishtirok etar ekan, kim aslida kimligini, o‘zbek futboli ham nimalarga qodir ekanligini isbotlab kelmoqda. To‘g‘ri, milliy termamiz hali Jahon chempionatining finaliga chiqa olgani yo‘q, ammo “Mundial” bizga begona emas. O‘smirlarimiz, yoshlarimiz bir necha bor Jahon chempionatining “mazasini totib” ko‘rishdi, jahon ommasi shuurida iliq taassurot qoldira olishdi. Ravshan Ermatov esa nafaqat Osiyo yoki MDH davlatlari orasida, balki butun dunyo bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini boshqarish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Nasib qilsa, endi navbat milliy termamizga ham kelganga o‘xshaydi. Bunday deyishimga sabab, yangilangan tarkibdagi O‘zbekiston futbol federasiyasida amalga oshirilayotgan islohotlardir.
O‘FFda turli davrlarda turli o‘zgarishlar, o‘ziga xos islohotlar qilinganligiga, futbolimiz rivojiga ozmi-ko‘pmi ta’sirini ko‘rsatganligiga guvoh bo‘lganman. Ammo bu galgisi barchasidan tubdan farq qildi. Oddiy misol, klublarning 16tadan 12tagacha qisqartirilganligi va musobaqa o‘tkazish tartibiga ham jiddiy, keskin o‘zgartirishlar kiritilganligi. Buni chinakam ravishda ishga professional yondoshish sifatida qabul qilmoq kerak. E’tibor bering, avvallari turnir jadvalida kimlar nechanchi o‘rinni egallashi hatto chempionat boshidanoq ma’lum bo‘lardi. Jadvalda yuqori o‘rinlardagi jamoalar bilan quyidagilar o‘rtasidagi o‘yinda kim yutishi emas, hatto natija qanday ko‘rinishda bo‘lishi, to‘plar nechanchi daqiqalarda kiritilishigacha oldindan “bashorat” qilinardi. Endichi, maydonda rosmana jang ketadi. Har bir jamoa har bir ochko uchun jon olib, jon beradi. Eng yomoni, chetdagilar emas, balki jamoa rahbarlarining o‘zlari totalizar degan o‘yinda mablag‘ topish uchun o‘z futbolchilarini mag‘lub bo‘lishlarini ta’minlaganliklarini endi-endi eshityapmiz. Bu nima degani, undaylarni nafaqat futboldan haydash, balki jazolash ham kerak. O‘FF manashu kabi odatga aylanib borayotgan chirkin harakatlarni ham fosh qilayotganligi, bu bilan boshqalarni ham “ko‘zini ochayotganligi” quvonarli.
Milliy terma jamoamiz nima uchun Jahon chempionatiga chiqa olmayotganligining sabablaridan yana biri futbolchilarimizning jismoniy jihatdan mukammal emasligida edi. Mana endi PFL tomonidan ishlab chiqilgan Reglamentga asosan ular o‘z ustilarida ishlashga majbur bo‘lishadi. Avvallari endigina porlagan futbolchi turli yoshdagi terma jamoalarga chaqirildimi, tamom, u yulduzga aylanardi. Oshna-og‘aynisi ko‘payardi, choyxonalar boshlanardi. Qarabsizki, mashg‘ulot ikkinchi “planda” qolardi. Lekin asosiy tarkibda baribir maydonga tushaverardi, negaki u yulduz edi-da. Menimcha, endi bularning bariga barham beriladi. Futbolchi PFL tomonidan tadbiq etilayotgan, xalqaro talablar doirasida ishlab chiqilgan normativlarni topshirmaguncha tarkibga kiritilmasligi ayni muddao bo‘ldi.
Yana bir gap. Kuni kecha O‘FF saytida tashkilot rahbari Umid Ahmadjonovning bir guruh futbolchilarni umrbod futboldan chetlatgani haqida xabar e’lon qilindi. Tushunaman, futbolsiz qolgan futbolchilarga qiyin bo‘ladi. Lekin ular misolida qanchadan-qancha qing‘irliklarning, g‘irromliklarning oldi olinadi. Yoshini kichraytirgan, xujjatlarni soxtalashtirgan futbolchilar kammi bizda, kerak bo‘lsa barcha klublarda, hatto terma jamoalarda ham topish mumkin. Bunda faqat futbolchining o‘zi aybdormi, yo‘q, uning birinchi yo ikkinchi murabbiylari, hatto ota-onalarida ham gap ko‘p. Kelgusida shularga ham e’tibor berilsa yanada maqsadga muvofiq bo‘lar edi.