Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Pyer van Xoydonk: «Gollandiya termasida Sneyder yoki van Persi darajasidagi futbolchi qolmadi»

Pyer van Xoydonk: «Gollandiya termasida Sneyder yoki van Persi darajasidagi futbolchi qolmadi»

Baho:
+ | -

Gollandiya milliy jamoasi sobiq hujumchisi: «Shaxsan men JCH-2018ga chiqolmaganimiz uchun inglizlarni ayblayman...». Niderlandiya termasi qatorasiga ikkinchi marta xalqaro turnirdan chetda qolishga mahkum.

«Buning asosiy sababi shuki, mahalliy futbolchilarning kutilgan darajada o‘sishlariga yo‘l qo‘yilmayapti - Angliyaning boy klublari ularni erta kunda o‘z saflariga jalb etib, to‘g‘ri yo‘ldan adashtiryapti», - deydi «Feyenoord» faxri va Gollandiya terma jamoasi sobiq hujumchisi Pyer van Xoydonk.

U RT muxbirlari bilan suhbatda shuningdek, Germaniyada yo‘lga qo‘yilgan bolalar futboli tizimini alohida e’tirof etdi va 1998 yilgi mundialni yodga oldi. Chunonchi, van Xoydonk Fransiyada tashkillashtirilgan JCHda chakki taassurot qoldirmagandi.

«Gollandlar jismoniytomondan zamonaviy futbol talablariga tayyor emaslar»

— Niderlandiya milliy jamoasi Yevro-2016 saralashidagi omadsizlikdan so‘ng JCH-2018 yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritolmadi. Bunday muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi nima, sizningcha?

— Avvalo, aytish kerak, so‘nggi yillarda mamlakatimiz futbolida yuqori saviyali o‘yinchilar bosh ko‘tarishmadi. Ha, iqtidorlar bor, ammo elit guruhga mansub futbolchilar yo‘q.

Demoqchimanki, Aryen Robbendan keyin biror chin yulduz  bilan tanishmadik. Mana, JCH-2018 saralashida «pley-off» yo‘llanmasi Shvesiya termasiga boy berilganidan so‘ng Aryen ham xalqaro faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Shu tariqa bugungi milliy jamoa tarkibida Uesli Sneyder va Robin van Persi darajasidagi biror futbolchi qolmadi.

— Vaholanki, «Feyenoord» va «Ayaks» futbol akademiyalari butun dunyoda mashhur. Ularning vaqtida yetakchilarga munosib izdoshlar tarbiyalay olishmaganiga ishonish qiyin.

— Gollandiyalik futbolchilar hamisha texnik salohiyatlari, ishga yondashuvlari, to‘p bilan nozik muomala qilishlari va ijodkorlikka moyilliklari bilan e’tibor qozonishgan. Tan olish kerak, yurtimiz ko‘p yillar davomida jahon futboliga yuqori darajali o‘yinchilarni taqdim etib keldi.

Bor-yo‘g‘i 17 mln. aholiga ega mamlakatimizdan muntazam eng yuqori darajali futbolchilar yetishib chiqishganini hisobga olsak, sohada chindan ham, yaxshi natijalarga erishganmiz. Ammo ikkinchi tomondan qarasak, samarali tizim natijasida butun dunyoda bizga alohida e’tibor qaratishdiki, oqibatda eng yaxshi o‘yinchilarimiz erta kunda xorijga yo‘l olishdi.

Qolaversa, futboli rivojlangan aksariyat mamlakatlarda ish uslubimizni yaxshigina o‘zlashtirishdi. Germaniyani misol tariqasida ko‘rsatish mumkin. Yangi asr boshida ham nemislar yurtida futbolning umumiy ahvoli achinarli edi.

Keyin germaniyalik mutaxassislar Gollandiyaga kelib, o‘smirlar akademiyalarida yo‘lga qo‘yilgan tizim, bunda qanday uslubga alohida e’tibor qaratilayotganini puxta o‘rganishdi.

Shu tariqa tizimni nemis futbolida tatbiq etishdi. Biz esa xorij akademiyalarida sportchilarni qanday tayyorlayotganlari bilan hattoki, qiziqmadik. Oddiy aytganda, zamonaviy talablarni e’tiborsiz qoldirdik.

— Demak, golland futbolidagi muvaffaqiyatsizliklarning asosiy omili - rivojlanishni istamaslik, shundaymi?

— Agar o‘z ishing ideal va betakrordek tuyulsa, tamom, beixtiyor izlanishdan to‘xtaysan. Ya’ni ishni yuqori baholashing, o‘zingga haddan ortiq ishonishing ertami-kech pand beradi, baribir. Aslida yigitlarimiz hozir ham munosib to‘p surishyapti, ammo ular jismoniy tomondan zamonaviy futbol talablarini to‘liq bajarishga tayyor emaslar.

— Ha, xorijning ko‘plab klublarida gollandiyalik yosh futbolchilarga nisbatan qiziqish juda baland. Buning natijasida mahalliy futbolchilar milliy chempionatda uncha ko‘p o‘ynamayaptilar. Xo‘sh, katta mablag‘ning golland futboliga ta’siri nechog‘li muammo?

— Jahon, xususan, klublar futbolida yirik mablag‘ aylanayotganining ta’siri salbiy, darhaqiqat. Bu ayniqsa, biz uchun dolzarb muammo. Deylik, yosh iqtidorlar avvallari mahalliy klublarda yetarli amaliyotga ega bo‘lishardi.

Agar kimdir chamasi 3-4 yil davomida Eredivizionda barqaror to‘p surib, yetakchi roliga chiqsagina uni avtomatik ravishda Angliya, Ispaniya yoki Italiya klublariga sotishardi. Eng muhimi, shartnomada futbolchining yangi jamoada doimiy amaliyotga ega bo‘lishi haqida maxsus band o‘rin olardi.

— So‘nggi yillarda bu borada nima o‘zgardi?

— Hozir xorij klublari futbolchini yoshligidayoq xarid qilishga urinmoqda. Buning sababi oddiy: 1-2 yil sabr qilinsa, uning transfer narxi keskin ko‘tarilib ketishi mumkin. Eng yomoni, iqtidorli yigitni sotib olgan jamoa uni darhol nisbatan kuchsizroq klubga ijara kelishuvi asosida yuboradi - tajriba to‘plashi uchun.

Ha, gollandiyalik futbolchilar Angliyaning har qanday klubida katta pul topishlari mumkin. Aytgancha, vaqtida «Nottingem Forest»da o‘ynashdan bosh tortganman va inglizlar meni haligacha ayblashadi. O‘z o‘rnida, men Gollandiya termasining Yevro-2016 va JCH-2018ga chiqolmaganida aynan inglizlarni aybdor, deb bilaman.

— Fikringizni kengroq tushuntirsangiz...

— Gap shundaki, APL klublari yosh iqtidorlarimizni erta kunda sotib olib, ularning o‘z vatanlarida professional darajada rivojlanishlariga imkon bermayapti.

Albatta, yosh iqtidor taniqliroq jamoa safiga qo‘shilar ekan, darhol asosiy tarkibda maydonga tushish haqida o‘ylaydi. Amalda esa boshqacha... Bu yerda bitta ijobiy jihat bor: futbolchi katta maosh olishi mumkin, ammo...

— Demoqchisizki, iste’dodlarning xorijga talpinishlari Niderlandiya futbolining asosiy muammosi...

— Hozirgi holat futbolimiz zarariga ishlayotgani aniq. Xorij jamoalari Gollandiya ligasi darajasini ko‘tarishga qodir o‘yinchilarni turli yo‘llar bilan olib ketishyapti.

— Eshitgandirsiz, «Chelsi» tizimida hozir chamasi 50 nafar futbolchi bor ekan.

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:46, 30.01.2018.
O'qildi: 2074 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.