Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ko‘chadan kelgan futbol fabrikanti va uning «oltin» topilmalari haqida

Ko‘chadan kelgan futbol fabrikanti va uning «oltin» topilmalari haqida

Baho:
+ | -

U professional futbolchi sifatida maydonga tushmagan bo‘lsada, Lionda samarali mahorat maktabini yaratdi.

Afsonaviy Arrigo Sakkiga tegishli hikmat aynan shu mutaxassis faoliyatida o‘z tasdig‘ini topgandek, go‘yo: «Asl chavandozning o‘tmishi otniki kabi bo‘lmaydi!».

10 yoshida futbolga mehr o‘y­g‘ongan, lekin «Jerlan» muxlislariga tamoman notanish bo‘lgan Jerar Bonno 1983 yili «Lion» akademiyasiga bolalar murabbiyi sifatida tashrif buyurdi. Tabiiyki, «ko‘chadan kelgan» mutaxassisni kinoya bilan kutib olishdi. Biroq Jerar bunday sinovlarga tayyor edi. Mana 35 yildirki, «Lion» tizimida mehnat qilmoqda.

Shu davr ichida Yevropaning asosiy iqtidorlar maktabidan biri bo‘lgan «Tola Voloj» akademiyasida bosh skaut darajasiga ko‘tarildi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Yevropada «Barselona»dan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turgan mahorat maskani - «Olimpik»ni muntazam ravishda malakali yoshlar bilan ta’minlab kelmoqda.

Hozirda «Lion» darvozasini akademiyaning portugaliyalik tarbiyalanuvchisi - Matyo Gorjelen to‘ldira oldi. Himoya markazini kuchaytirishga Muxtor Diakabi doimo tayyor, markazda esa Ussam Auar ishonchli to‘p sura oladi.

«Bu futbolchi maydonda uchib yurgandek harakatlanadi. O‘yinni yaxshi his etadi, vaziyatga to‘g‘ri baho beradi. Kearkli payt sur’atni oishirishi yoki aksincha, to‘pni ushlab turishi mumkin», - deydi Bonno Ussam haqida. Chindan ham Auar-Jerar Bonno tomonidan kashf etilgan yirik javohirlardan biri.

Yosh iqtidor sohiblarini kashf etish sohasida 2000 yildan buyon ishlayotgan mutaxassis bebaho tajribaga ega bo‘ldi. Shuningdek, bu borada o‘ziga xos uslub yaratishga ham ulgurdi. Masalan, u tanlagan Auar ixcham gavdali, lekin o‘ta chaqqon harakat qiladi, yuksak texnika sohibi.

Fransiyadagi boshqa akademiya N~Golo Kantega o‘xshagan yirik muskulli, baquvvat yarim himoyachilarni afzal ko‘radilar. Bonno esa o‘zgacha fikrda: «Xavi-Inyesta juftligi etalon darajasiga ko‘tarilgach, barcha jamoalar «Barselona»dek o‘ynashga intila boshladilar. Vaholanki, bu xususiyat futbolchilarga yoshligidan singdirilishi lozim.

Bizning yarim himoyachilarimiz anchadan beri jismoniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha raqobatlasha olmaydilar. Baquvvat raqiblarga qarshi to‘p surish tajribasi ularni ildamroq harakat qilishga, to‘pni raqib bilan to‘qnashuv yuz berishidan avvalroq uzatishga o‘rgatadi».

Jerar Bonno shunga o‘xshash bir qator qoidalarga og‘ishmay amal qiladi. Jumladan, Xatem Ben-Arfaning «tomosha»laridan ke­yin mutaxassis injiq tabiatli yoshlardan butunlay voz kechadigan, yosh iqtidor sohiblarining odob-axloqini o‘qituvchilar bilan munosabatlaridan bilib oladigan bo‘ldi.

Akademiyada esa maktabda berilgan vazifalarni bir xil vaqt - soat 17:00dan boshlab bajarishni, tungi uyquga soat  22:00dan yotishni belgilab qo‘ydi. To‘g‘ri, Antoni Martial kabi boshqa shaharlardan keladigan tarbiyalanuvchilar kun tartibiga moslashish jarayonida biroz qi­yinchiliklarga duch kelishdi.

Ze­ro, «Lion» intizomni bo‘shashtirmadi. Akademiyaning boshqa o‘quv maskanlaridan farq qiladigan asosiy xususiyati - ishonchli va sermahsul hujumchilarni tayyorlash. Bonno davrida «Lion» maktabi Govu, Ben-Arfa, Benzema, Lyakazett, Gazzil, N~JiYE, Martial kabi yulduzlarni tarbiyaladi.

Shu tariqa «Lion» bir o‘q bilan ikki quyonni ovlaydigan bo‘ldi. Birinchi o‘ljani Bonno quyidagicha izohladi: «O‘z vaqtida hujum chizig‘i «Lion»ning shunchaki bir bo‘lagi edi. Endi vaziyat o‘zgardi. Ochig‘ini aytganda, saviya­li hujumchisi bo‘lgan jamoa haqida ko‘proq gapiriladi».

Ikkinchi o‘ljaga esa jamoaning sobiq sport direktori Bernar Lyakomb asos solgan. Aynan uning tashabbusi bilan «Olimpik» bozordagi tayyor, lekin qimmat hujumchilarni xarid qilishdan voz kechdi.

Buning o‘rniga o‘z hujumchilarini tarbiyalashga ko‘proq e’tibor qarata boshladi. Shu tariqa muayyan mablag‘ tejab qolindi. G‘o‘shimchasiga, so‘nggi 10 yil ichida jamoa ikki nafar top-hujumchini risoladagidek bahoda pullab, daromadni akademiya rivojiga sarfladi.

G‘izig‘i shundaki, «Lion» himoyachilar tarbiyalashga ongli ravishda e’tibor qaratmaydi. 2008 yili Klod Pyuel akademiya mutasaddilaridan bu borada ruxsat olib, harakat qilib ko‘rgandi. Uch yil ichida atigi bir himoyachini asosiy tarkibga olib chiqolmadi.

Bonno Fransiyaning asosiy akademiyasi bo‘lgan Klerfontenga uyushtirgan safarini quyidagicha xotirlaydi: «2003 yilda tug‘ilgan bolalar o‘rtasidagi tanlovda yosh iqtidor sohiblari yetarli edi. Lekin 1200 nafar nomzod orasidan 12 nafar himoyachini tanlab olish ham ko‘plik qiladi.

Fransiyalik bolakaylarning 70 foizi hujumkor o‘yinchilar. Agar 1- va 2-divizion jamoalari tarkibiga e’tibor bersangiz, fransiyalik markaziy himoyachilar juftligini deyarli uchratmaysiz». «Lion»ning hozirgi tarkibi mutaxassis fikrini to‘la tasdiqlaydi: himoya markazida sobiq qanot himoyachisi va braziliyalik legioner to‘p surmoqda.

Uchinchi markaziy himoyachi Muxtor Diakabi esa sobiq hujumchi. «Lion» skaut xizmatining sa’y-harakatlari evaziga tezkor va hujumkor jamoaga aylandi. Bonno esa 20 kishilik guruhi bilan izlanishni davom ettirmoqda. Albatta, xatoliklardan hech kim kafolatlangan emas, ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi.

Jumladan, qahramonimiz ham o‘z faoliyati davomida ikki marta yanglishdi: Antuan Grizmann 14 yoshida har kuni «Lion» bilan mashq qilardi. Jamoaning to‘laqonli a’zosiga aylanishini kuta-kuta zerikdi. «O‘sha davrda uning pozisiyasida 3 nafar o‘yin­chi - Lyakazett, Grenye va Taferdan umidimiz katta edi.

Mana shu bizning ulkan xatoyimiz bo‘ldi. Bu chinakam tarixiy xato edi», - deydi Bonno. Darhaqiqat, Antuandan ustun qo‘yilgan Yannis Tafer hozirda Shveysariyaning «Sankt-Gallen»­i­da to‘p surmoqda. E’tibordan chetda qolgan Grizmann esa «Atletiko» va Fransiya terma jamoasining yetakchi hujumchisi.

O‘zining ikkinchi xatosi - Nabil Faqirni 15 yoshida qo‘yib yuborganligini Bonni uch yildan keyin to‘g‘riladi: «Nabil uchun uning jamoasiga 1000 yevro to‘lab, kerakli lisenziya­ga ega bo‘ldik. Endi u 1-divizionda porlamoqda!». Agarda Jerar Bonno akademiyaga tashrif buyurganida, uni qabul qilmagan bo‘lishardi.

Mutasaddilar hozirda yoshlar tarbiyasini «Lion»ning sobiq o‘yinchilariga topshirishgan. Bu borada rahbariyatga e’tiroz yo‘q - ular yetarli o‘yin tajribasiga ega, uzatmalarni amalga oshirish va pozisiya tanlash kabi ko‘plab nozik jihatlarni namoyish etish orqali shogirdlariga ko‘mak berishlari mumkin.

Bundan tashqari, bosh jamoaning sobiq ustozi Remi Gard va amaldagi ustoz Bryuno Jenezio ham akademiya orqali o‘tishgan. Bu mantiqan to‘g‘ri qaror. Ammo ana shu imperiyaga ko‘chadan kelgan kishining asos solganligi biroz ajablanarli.

A.ISROILXONOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 20:59, 29.03.2018.
O'qildi: 5303 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.