Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/11 01:00 Xetafe 2-0 Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik 0-1 Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon 3-0 Dinamo
23/11 17:30 Lester 1-2 Chelsi
23/11 18:00 Valensiya 4-2 Betis
23/11 19:00 Verona 0-5 Inter
23/11 20:00 Bornmut 1-2 Brayton
23/11 20:00 Arsenal 3-0 Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa 2-2 Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton 0-0 Brentford
23/11 20:00 Fulhem 1-4 Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko 2-1 Alaves
23/11 22:00 Milan 0-0 Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti 0-4 Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas 2-3 Malyorka
23/11 22:30 Jirona 4-1 Espanyol
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg - Surxon
24/11 16:30 Jenoa - Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona - Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna - Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton - Liverpul
24/11 19:00 Torino - Monsa
24/11 19:00 Komo - Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya - Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich - Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli - Roma
24/11 22:30 Leganes - Real Madrid
25/11 00:45 Lasio - Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao - Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze

Superliga 4-tur: faktlar, qahramonlar, iqtiboslar va boshqa turli ko‘rsatgichlar

Superliga 4-tur: faktlar, qahramonlar, iqtiboslar va boshqa turli ko‘rsatgichlar

Baho:
+ | -

FIFA kunlari yuzaga keltirgan qisqa tanaffusdan keyingi tur kichik «sensasiya» bilan boshlandi.

«Qizilqum»ning dastlabki 3ta o‘yini va natijasini nazarda tutsak, uning «So‘g‘diyona» maydonida g‘alaba qozonganini «sensasiya»ga mengzash mumkin, garchi Jizzax klubi ham mushkul ahvolda bo‘lsada.

Bu 4-turning yagona «sensasion» natijasi emas - ertasiga «Metallurg» Qarshida «Nasaf»ni qimmatli 2 ochkodan mahrum qildi, keyin AGMK amaldagi chempionni mavsumdagi ikkinchi mag‘lubiyatga «ko‘ndirdi».

1-KUN: ILK «XET-TRIK»

«So‘g‘diyona» - «Qizilqum» o‘yinining dastlabki 45 daqiqasida muxlislar  aytarli voqelik guvohiga aylanmadilar - sokin bo‘lim, sanoqli vaziyatlar... Tanaffusdan chiqish bilan esa Elguja Grigalashvili ushbu «jimlik»ka barham berdi: gruziyalik futbolchi o‘zining ajoyib reydiga mantiqiy nuqta qo‘ydi - 1:0.

Muhimi, shu asnoda o‘yindagi asosiy voqealar zanjiri bir-biriga ulandi. Ularning bosh qahramoni - aynan Grigalashvilining o‘zi. Aniqroq aytsak, Elguja uchrashuvning yakuniy qismida, qandaydir 2 daqiqa oralig‘ida yana 2ta gol urib, Superliga-2018 «xet-trik»lari hisobini ochib berdi.

Barchasi hal bo‘lib ulgurgan pallada esa Sardor Azimov «So‘g‘diyona»ning joriy mavsumdagi ilk golini yuzaga keltirdi. Xullas, Jizzaxda ikki jamoa ham turnir jadvalidagi ba’zi «0»larni yo‘qotdi - mezbonlar gollar ustuniga «1» raqamini yozib qo‘yishdi, mehmonlar esa g‘alaba qatoriga. Darvoqe, «Qizilqul» safarda «So‘g‘diyona»ni 7 yildan buyon yengolmayotgandi.

2-KUN: MAG‘LUB BO‘LMAGANLAR JANGIDA MAG‘LUB YO‘Q

«Buxoro»ning Toshkentda «Bun-yodkor»ni ancha qiynab qo‘yishi kutilgandi. Boshida taxminlar oqlanadigandek ko‘rindi - hisobni mehmonlar vakili - Marko Klisura ochdi. U 37-daqiqada yuzaga kelgan standart vaziyatdan unumli foydalandi.

Lekin Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari hisobdagi ustunlikni bo‘lim yakunigacha ham saqlab qololmadilar - «Bunyodkor» sardori Javlon Ibrohimov tanaffusga chiqish oldidan o‘rtadagi muvozanatni tiklab, ruhiy ustunlikni jamoadoshlari tomon og‘dirdi. Mirjalol Qosimov shogirdlari ikkinchi bo‘limda bu ustunlik samarasini amalda ham ko‘rishdi.

E’tiborlisi, keyingi 2ta golda ham Xurshid G‘iyosov va Filipp Rayevas bosh rolni bajarishdi. Avvaliga Xurshid serb hujumchisining uzatmasidan keyin Asilbek Omonovni ojiz qoldirdi, keyin esa unga chalqancha uslubda zarba yo‘llash imkoniyatini yaratdi.

Muhimi, Rayevasning chiroyli urinishi chiroyli gol bilan tugadi. Endi faktlarga kelsak, «Buxoro» poytaxtdagi o‘yinlarda «qaldirg‘ochlar» darvozasini ilk marta ishg‘ol qildi. Jamoa bungacha «Bunyodkor» maydonidagi  10ta uchrashuvda nafaqat gol urmagan, balki ochko ham olmagandi.

«Qaldirg‘ochlar»ga daxldor asosiy fakt ancha salmoqli: jamoa Superliga doirasidagi ilk 4ta o‘yindan 3tasini o‘z maydonida o‘tkazdi va ularni jami 48032 muxlis stadionda kuzatdi.

Qisqasi, «Bunyodkor» taqvim tufayli hozircha Superliganing eng ko‘p muxlis yiqqan klubi bo‘lib turibdi. Shuningdek, jamoa hali mag‘lubiyat ko‘chasiga kirmagan 3ta ishtirokchidan biridir.

Mag‘lub bo‘lmaganlarning yana 2tasi - «Nasaf» va «Metallurg» bu safar o‘zaro to‘qnash kelib, murosa ko‘chasida to‘xtadi. Kutilganidek, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi butun vaqt davomida ustunlik qildi, bekobodliklar esa bunga tartibli himoya va tezkor qarshi hujumlar bilan javob berishdi.

Aziz G‘aniyevga qoyil - «Nasaf»ning hamlalari samara beravermagach, yosh yarim himoyachi o‘zining «tashrif qog‘ozchisi»ga aylanib ulgurgan kuchli zarbasini ishga soldi va adashmadi. Xullas, Zafar Safoyev ham uning zambarak misoli «otilgan» to‘pini qaytarolmadi - 1:0.

Qarshiliklar ikkinchi bo‘limda ham o‘yin nazoratini qo‘ldan chiqarishmadi, ammo ularga vaziyatlardan foydalanolmaslik pand berdi. Andrey Shipilov shakllantirgan «Metallurg» vakillari esa sabr bilan ishlab, mezbonlarning xato qilishlarini kutishdi.

69-daqiqaga kelib, ular buning mukofotini olishdi - Suhrob Nurulloyev o‘z imkoniyatini ko‘kka sovurmadi (bungacha Zohid Abdullayev va Shahzod Shaymanovdaham imkoniyat tug‘ilgandi). Gol hammuallifi - Shahzod Shaymanov. Nurolloyev avvalgi turda ham «Metallurg»ning yagona golini o‘z nomiga yozdirib qo‘yganini eslatish joiz.

Darvoqe, G‘aniyevning goli «Nasaf» uchun «Metallurg» darvozasiga kiritilgan 70-to‘p bo‘ldi. Ro‘ziqul Berdiyev esa Qarshi klubini chempionat doirasida 155-marta maydonga boshlab tushdi.  

3-KUN: CHEMPIONGA YANA «TARSAKI»

Amaldagi chempion - «Lokomotiv» 4ta turda atigi 4 ochko oldi yoxud 8 ochko yo‘qotdi. Kim shunday bo‘lishini kutgandi? E’tiborli tomoni, «temir-yo‘lchilar» Olmaliqda oxirgi marta 2012 yili mag‘lublikni tan olishgandi.

Umuman, AGMK naq 11ta o‘yindan buyon «Loko»ni yengolmayotgandi. Mana, Viktor Kumikov jamoasi nihoyat, yoqimsiz an’anaga nuqta qo‘ydi. O‘rtadagi 3 ochko taqdirini 5-daqiqada urilgan tezkor gol hal qildi.

Bu vaziyatda Ignatiy Nesterov jarima maydoniga oshirib berilgan to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi va serbiyalik himoyachi Vladimir Bubanya «sovg‘a»ni rad etmadi. Hisob ochilgach, mehmonlar tabiiyki, hujum harakatlarini keskinlashtirishdi. Biroq AGMK asosan tartibli himoya evaziga ijobiy natijani saqlab qoldi.

O‘yinning o‘zi nisbatan qo‘pol kechganini ham aytish o‘rinli - 6ta sariq va bitta qizil kartochka bunga dalil. Xususan, Ikrom Aliboyev asablarini jilovlay olmay, Abduqahhor Hojiakbarovning yuziga urgani uchun maydondan chetlatildi. Aytish joiz, shu bilan AGMKning milliy chempionat oliy divizionidagi g‘alabalari soni roppa-rosa 100taga yetdi.

Olmaliqliklar bu marrani 284-o‘yinda zabt etishdi. Yana bir fakt: «Lokomotiv» faxriysi Marat Bikmayev Toshkent viloyati jamoasiga qarshi oxirgi 5ta o‘yinda maydonni golsiz tark etmagandi. Demak, uning ajoyib seriyasi uzildi.

Qo‘qonda ham nihoyat, mavsumning ochilish o‘yini o‘tkazildi. «Qo‘qon-1912» - «Navbahor» uchrashuvidan oldin tashkil etilgan marosim chinakam bayram tusini oldi. Ayniqsa, O‘zbekistonga futbol qanday kirib kelgani haqidagi sahna ko‘rinishi unutilmas bo‘ldi.

Ochilish marosimida  O‘FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov va Qo‘qon shahar hokimi Rahmatali Jalilov ishtirok etishdi. O‘yindan oldin «Qo‘qon-1912» klubi prezidenti Baxtiyor Tolipovga O‘FAning maxsus sovrini topshirildi. Uchrashuv esa yaqinda hayotdan ko‘z yumgan qanot hakami Vladlen Lushin xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi.

Maydonda ilk daqiqalardan shiddatli kurash bordi va yetarlicha xavfli vaziyatlar kuzatildi. Ammo muxlislar golni naq 76 daqiqa kutishdi.

Shunda ham avtogol - Darko Stanoyevich va Tomislav Payovich o‘rtasidagi tushunmovchilikdan so‘ng to‘p ikkinchisiga tegib, Botirali Ergashev darvozasi to‘riga tushdi. Shu tariqa «Navbahor» chempionatdagi ilk mag‘lubiyatga duch keldi, «Qo‘qon-1912» esa ochkolari sonini 6taga yetkazib qo‘ydi.

4-tur «Paxtakor» - «Neftchi» o‘yini bilan xotima topdi. Uchrashuv davomida sezilarli tashabbusga erishgan «sherlar» buni hisobda ham aks ettirishdi - 3:0. «Paxtakor»ga birinchi bo‘lim oxiridagi avtogol katta kuch bag‘ishlaganini aytish joiz.

Faktlar: Shota Arveladze jamoasi mavsumdagi ikkinchi yirik hisobli g‘alabani o‘z nomiga rasmiylashtirgan bo‘lsa, «Neftchi» 4ta turdan keyin gol quvonchini tuymagan yagona klub bo‘lib turibdi.

TUR QAHRAMONI - ELGUJA GRIGALASHVILI

Superliga hisobidan ilk «xet-trik» muallifi tur qahramoni maqomiga munosib emasmi? Agar u chempionat doirasidagi ilk 4ta o‘yinda loaqal 1 ochko olmagan jamoa g‘alabasini ta’minlasa-chi?

Ha, «Qizilqum»ning gruziyalik legioneri - Elguja Grigalashvili alohida e’tirofga loyiq natijaga erishdi. Boz ustiga, u «So‘g‘diyona»ga qarshi kechgan safar o‘yinining birinchi bo‘limida «sukut» saqlagan holda, tanaffusdan keyin ishga jiddiy kirishib, barchasini navoiyliklar tomon burib yubordi.

Grigalashvilining natijasi yana shunisi bilan ham ahamiyatliki, Superliga o‘yinlarida «xet-trik» u yoqda tursin, «dubl» ham qayd etilmagandi. Xullas, gruzin futbolchisi qaysidir ma’noda chempionatimizning yangi tarixiga kirdi...

TUR IQTIBOSLARI

- Birinchi bo‘limda himoyaviy o‘yin ko‘rsatdik, ikkinchisida esa hujumga ko‘proq o‘tdik va buning samarasi o‘laroq, 3ta gol urdik. Elguja Grigalashvili («Qizilqum» hujumchisi).

- «So‘g‘diyona»da kichik inqiroz bor. Yigitlarga oxirigacha kurashishgani uchun rahmat. Jamoaning salohiya-ti bor, ammo buni yuzaga chiqarolmadim. Yana bir bor uzr... Aleksandr Mochinov («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Bugun mag‘lubiyatga uchramasligimiz kerak edi. Ammo gol urolmasang, yutqazasan... Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi).

- Avval ham aytganman, futbolchilar qizlar bilan bemalol gaplashadilar, shunday ekan, yoshliklari qolibdimi? Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi).

- Ayniqsa, G‘aniyev va Hamrobekovdan xavfsiragandik. Bejiz emas ekan, G‘aniyev darvozamizga gol urdi. Bunda darvozabonimizni ayblash noo‘rin. Shunchaki, G‘aniyevning mahoratiga tan berish kerak. Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi).

- Bunday natijaga loyiq o‘yin ko‘rsatmadik, menimcha. Axir tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Shunisi alam qildi... Aziz G‘aniyev («Nasaf» yarim himoyachisi).

- Yana standart vaziyatdan gol urdik, endi o‘yin holatidan ham urishni boshlasak yaxshi bo‘lardi. Viktor Kumikov (AGMK bosh murabbiyi).

- 4ta tur o‘tdiki, hali gol urolmadik, bizga balki shijoat, ehtimol, mahorat yetishmayotgandir... Bahrom Haydarov («Neftchi» murabbiyi).

«SO‘G‘DIYONA» - «QIZILQUM» - 1:3 (0:0)

29 mart. Jizzax. «So‘g‘diyona» stadioni. 9380 tomoshabin.

Hakamlar: A.Risqullayev (Toshkent), R.Nugmanov (Toshkent), D.Saylavov (Toshkent).

Gollar: S.Azimov (88) - E.Grigalashvili (46, 85, 87).

«So‘g‘diyona»: 23. D.Hamroyev, 3. A.Isroilov (9. S.Azimov, 72), 4. E.Oripov, 5. F.Mirahmatov, 7. D.Odilov (99. N.To‘xtasinov, 46), 10. SH.Norxonov, 15. SH.Xolmatov, 19. A.Ziyovuddinov, 31. J.Abdumo‘minov, 33. T.SHamsiddinov, 77. I.Abdullayev (14. S.Meliyev, 79).

«Qizilqum»: 1. E.Jabborov, 7. N.Kamolov, 10. A.Sanoyev (18. S.SHodmonov, 34), 11. D.Usmonov (9. H.Abdualimov, 79), 14. F.Qambarov, 17. A.Gevorkyan, 21. M.Ubaydullayev, 23. SH.Jo‘rayev, 30. E.Grigalashvili, 44. M.Qosimov, 84. N.Yovanovich (8. A.Rustamov, 90+2).

Ogohlantirishlar: J.Abdumo‘minov (11), T.SHamsiddinov (27), F.Mirahmatov (41) - D.Usmonov (26), A.Gevorkyan (68).

Nazoratchi: D.Roman (Toshkent). Komissar: B.Oripov.

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Bugun g‘alaba qozonmasak bo‘lmasdi. Nihoyatda muhim 3 ochko oldik. Vaholanki, Boydullayev va Sidorovda jarohat bor edi, boz ustiga, Sanoyev birinchi bo‘limdayoq safdan chiqdi. Shunday yo‘qotishlarga qaramay, ijobiy natajaga erishganimiz - quvonarli holat.

Zero, yigitlar oxirigacha kurashishdi. O‘z o‘rnida, Navoiydan kelib, bizni qo‘llab turgan muxlislarga rahmat. «So‘g‘diyona» tarkibi yosh futbolchilardan iborat va o‘ylaymanki, klub hali o‘z so‘zini aytadi. Maqsadimiz o‘sha-o‘sha - har bir o‘yinda faqat g‘alabani ko‘zlash, muxlislarni xursand qilish. 

Elguja Grigalashvili («Qizilqum» hujumchisi): - Barchaga rahmat. Ayniqsa, murabbiylarimiz, futbolchilar va Navoiydan kelgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Birinchi bo‘limda himoyaviy o‘yin ko‘rsatdik, ikkinchisida esa hujumga ko‘proq o‘tdik va buning samarasi o‘laroq, 3ta gol urdik.

Aleksandr Mochinov («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Raqibni tabriklayman. Mehmonlar g‘alaba yo‘lida munosib harakat qilishdi. Odatda bunday holatda bosh murabbiy iste’fo haqida ariza yozadi. Boshqa nima de-yishim mumkin? Qisqasi, murabbiy aybdor - u jamoani o‘yinga yaxshi tayyorlay olmagan.

Shogirdlarimga o‘zaro tushunib o‘ynash, ishonch hissi yetishmayapti. Jamoa natija uchun o‘ynasa, futbol chiroyli chiqmaydi. Bugun chiroyli o‘yin bilan g‘alaba qozonishga urindik. Ammo o‘xshamadi. Gol urishimiz zarur vaziyatda qarshi hujumni o‘tkazib yubordik. Qaytaraman, barcha ayb menda, tarkib tanlashda adashdim.

O‘z maydonimizda 1:3 hisobida yutqazganimiz uchun muxlislardan uzr so‘rayman. O‘rnimga boshqa murabbiy kelsa, vaziyat o‘zgaradimi yoki yo‘q - buni bilmayman. Lekin yangilik olib kirsa kerak.

Umuman, «So‘g‘diyona»da kichik inqiroz bor. Yigitlarga oxirigacha kurashishgani uchun rahmat. Jamoaning salohiyati bor, buni yuzaga chiqarolmadim. Yana bir bor uzr...

«NASAF» - «METALLURG» - 1:1 (1:0)

30 mart. Qarshi. «Markaziy» stadioni. 14300 tomoshabin.

Hakamlar: SH.Qosimov (Toshkent), M.Majidov (Namangan), R.Fozilov (Namangan).

Gollar: A.G‘aniyev (33) - S.Nurulloyev (69).

«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 4. M.Karimov (14. SH.Muhiddinov, 73), 6. A.G‘aniyev, 7. O.Hamrobekov (18. B.Davlatov, 81), 20. I.Kenjaboyev, 22. I.Golban, 27. I.Rashidxonov, 31. S.Rahmatov, 55. S.Lukich, 77. J.Hasanov (10. B.Abduxoliqov, 69), 92. U.Eshmurodov.

«Metallurg»: 1. Z.Safoyev, 5. A.Otaxonov, 7. S.Nurulloyev, 8. SH.SHaymanov, 10. I.Isoqjonov, 15. Z.Abdullayev (9. Z.O‘rinboyev, 53), 16. J.Hasanov, 37. SH.Fayziyev, 55. A.Ismatullayev, 77. M.Isayev (17. J.Sohibov, 60), 88. A.Husinov (20. D.Ermatov, 85).

Ogohlantirishlar: M.Karimov (19), B.Abduxoliqov (84), I.Rashidxonov (89) - Z.Safoyev (90+3).

Nazoratchi: R.Serazetdinov (Toshkent). Komissar: S.Qudratullayev.

Andrey Shipilov («Metallurg» bosh murabbiyi): - Avvalo, «Nasaf» rahbariyatiga yaxshi qabul, ko‘rsatilgan hurmat va yaratib berilgan sharoitlar uchun katta tashakkur izhor etaman. O‘yin qanday natija bilan tugagan taqdirda ham, minnatdorchilik bildirardim, albatta.

Chunki bizga katta ehtirom ko‘rsatildi. Muhimi, bu yerdagi sharoitlar a’lo darajada. O‘yinga kelsak, qanday raqibga qarshi to‘p surishimizni oldindan tasavvur qilgandik. «Nasaf» ajoyib murabbiylar, kuchli va taniqli futbolchilarga ega. Jamoaning ko‘plab o‘yinchilari terma jamoalar safida to‘p surishadi.

Xullas, o‘ta kuchli raqibga qarshi o‘ynadik. Bunday bahslarda ochiq futbolga tayanish juda xavfli. Umuman, bugungi durang biz uchun g‘alabaga teng. To‘g‘ri, uchrashuvning dastlabki bo‘limida o‘z kuchimizga ishonch hissi yetishmadi. Lekin ilk daqiqalarda yaxshi himoyalandik. To‘g‘risi, ayniqsa, G‘aniyev va Hamrobekovdan xavfsiragandik.

Bejiz emas ekan, G‘aniyev darvozamizga gol urdi. Bu yigit mazmunli harakatlari bilan ko‘zga tashlanmoqda. Mana, bugun ham ustalik bilan darvozamizni nishonga oldi. Bunda darvozabonimizni ayblash noo‘rin, shunchaki, G‘aniyevning mahoratiga tan berish kerak.

Muhimi, ikkinchi bo‘limda faollikni oshirdik, tanaffusda yigitlarga kerakli ko‘rsatmalar berganimiz samarasi ko‘rindi. Ha, raqib bizga nisbatan kuchliroq o‘ynadi. Biz esa bexato himoyalandik, qolaversa, ko‘p vaziyatlarda darvozabonimiz mahoratini ishga soldi. 

Suhrob Nurulloyev «Paxtakor»da qo‘l ostimda shug‘ullangan. Uning kelajagiga ishonaman. Shuning uchun ham Suhrobga katta ishonch bildiryapman. U «Paxtakor»-dagi kuchli raqobat sabab, zaxirada qolib ketayotgandi.

Suhrob Nurulloyev («Metallurg» yarim himoyachisi): - Birinchi navbatda, bugun jamoamizga dalda berib turgan muxlislarimizga tashakkur izhor etaman. Ularning ko‘maklari bilan kuchli raqibdan ochko olishga erishdik.

Shuningdek, yigitlar ham maydonda ahillik ko‘rsatishdi. Keyingi o‘yinlarda ham ijobiy natijalar bilan muxlislarni quvontirishdan umidvormiz.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Butun uchrashuv nazoratimiz ostida o‘tdi. Ammo himoyadagi birgina xato muhim ochkolarni yo‘qotishimizga olib keldi. Tajribali himoyachilarimiz bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymasliklari kerak edi.

Yo‘q, futbolchilarga e’tirozim yo‘q. Ammo ochko yo‘qotganimiz alamli. Umuman olganda, yigitlarimiz yomon o‘ynashmadi. Yana nima derdim, endi oldimizda turgan muhim o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Cheran o‘yinga hali to‘liq tayyor emas. U safimizga kechagina qo‘shildi. Bu futbolchining maydonga tushmagani ham sezildi. O‘ylaymanki, u navbatdagi o‘yinda bizga yordam bera oladi.

Albatta, «Piruzi»ga qarshi uchrashuv haqida o‘ylamasligimizning iloji yo‘q. Ammo bugungi tarkib va taktikani tanlashda navbatdagi o‘yinni nazarda tutmaganmiz. Zero, har bir uchrashuv muhim. Abduxoliqovni boshlang‘ich tarkibga kiritmaganimizga sabab shuki, u oxirgi vaqtda umuman dam olmasdan maydonga tushmoqda.

Shuningdek, boshqa yigitlarimizda ham shu holat - ketma-ket o‘yinlar xohlaymizmi - yo‘q, futbolchilarni toliqtirib qo‘yadi, baribir. Ammo keyingi o‘yinga yaxshi tayyorlanamiz, muxlislarimiz ijobiy natija kutishyapti axir. Demakki, ularni quvontirish uchun maydonga tushamiz.

Aziz G‘aniyev («Nasaf» yarim himoyachisi): - O‘yinga astoydil shaylangan edik. Bunday natijaga loyiq o‘yin ko‘rsatmadik, menimcha. Axir tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Shunisi alam qildi...

«BUNYODKOR» - «BUXORO» - 3:1 (1:1)

30 mart. Toshkent. «Bunyodkor» stadioni. 15421 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent), A.Rasulov (Toshkent), J.Saidov (Toshkent).

Gollar: J.Ibrohimov (44), X.G‘iyosov (72), F.Rayevas (90+2) - M.Klisura (37).

«Bunyodkor»: 32. S.Sultonov, 2. R.Ashurmatov, 4. A.Komilov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 9. SH.Nurmatov (99. F.Rayevas, 65), 11. M.Toshmatov, 18. S.Sobirxo‘jayev (28. D.Umirov, 80), 20. M.Sulaymonov, 30. X.G‘iyosov, 44. M.Qosimov (3. I.Qobilov, 88).

«Buxoro»: 30. A.Omonov, 3. B.Omonov, 5. M.Klisura, 7. A.Amanov, 8. S.Qutiboyev, 9. N.Umurov (27. R.Hasanov, 46), 10. SH.Salomov, 11. S.SHixov, 14. B.Nasimov (22. SH.Erkinov, 70), 16. A.Filiposyan, 86. A.Ibragimov (55. R.Berdimurodov, 46).

Ogohlantirishlar: A.Komilov (39), S.Sobirxo‘jayev (59), X.G‘iyosov (80) -  N.Umurov (5), A.Filiposyan (28).

Nazoratchi: S.Najafaliyev (Toshkent). Komissar: A.Frolov. 

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - Bugun mag‘lubiyatga uchramasligimiz kerak edi. Ammo gol urolmasang, yutqazasan... Birinchi bo‘limda qulay vaziyatdan foydalanolmaganimiz ko‘p narsani hal qildi.

«Bunyodkor»ni g‘alaba bilan tabriklayman. E’tibor berdingizmi, har bir o‘yinda tarkibimiz o‘zgarmoqda. Mag‘lubiyat muayyan bir futbolchiniki emas, butun jamoaniki... 

Shavkat Salomov («Buxoro» yarim himoyachisi): - «Bunyodkor»ni tabriklashdan o‘zga choram yo‘q. Birinchi bo‘limda ko‘p holatda raqibga imkoniyatni boy berdik. Ha, tanaffusdan keyin yaxshi o‘ynadik, ammo 200 foizli vaziyatdan gol urolmadik. Mezbonlar esa yo‘q joydan gol urib ketishdi...

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Yigitlardan minnatdorman. Ular joriy mavsum chiroyli o‘yin ko‘rsatishmoqda. Menimcha, stadionga kelgan muxlislar achinishmadi. Birinchi bo‘limda juda faol harakatlandik.

Hattoki, gol qo‘yib yuborganimizdan keyin ham futbolchilar shoshilishmadi va bu o‘z samarasini berdi. Ikkinchi 45 daqiqalikda ikki jamoa ham 3 ochko uchun kurashdi. O‘ylaymanki, haqli ravishda g‘alaba qozondik.

«Buxoro» tarkibida tajribali futbolchilar bor, bizdagi yigitlarda malaka kamroqdir, ammo ular ham yosh emaslar. Avval ham aytganman, futbolchilar qizlar bilan bemalol gaplashadilar, shunday ekan, yoshliklari qolibdimi?

Aytgancha, kecha Ravshan Ermatovning JCH-2018da ishlashi haqida rasman xabar berildi. Unga jamoamiz nomidan omad tilaymiz. O‘zim milliy jamoa bilan uzoq safarga borib keldim - Senegal va Marokash termalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdik.

Bunday o‘yinlar ko‘proq bo‘lishi kerak. Tarkibdagi barcha yigitlarga imkoniyat berildi. Ishlar shunday davom ettirilsa, Osiyo kubogiga yaxshi holatda yetib boramiz.

Xurshid G‘iyosov («Bunyodkor» yarim himoyachisi): - G‘alaba qozondik, kayfiyat zo‘r. Murabbiy tanlagan taktikaga amal qilyapmiz va bu natija bermoqda. Har bir o‘yindan oldin gol urishni niyat qilaman, shukrki bunga erishyapman ham.

AGMK - «LOKOMOTIV» - 1:0 (1:0)

31 mart. Olmaliq. AGMK stadioni. 8430 tomoshabin.

Hakamlar: A.SHukrullayev (Toshkent), S.Hakimov (Samarqand), SH.Kamarov (Samarqand).

Gol: V.Bubanya (5).

AGMK: 33. P.Matyash, 3. A.Hojiakbarov, 4. X.Muxtorov, 10. SH.Norbekov (22. A.Abdullayev, 85), 13. L.To‘rayev (5. D.Jo‘rayev, 74), 15. V.Bubanya, 19. V.Kasminin, 21. G‘.G‘ulomov, 23. Y.Jokich, 24. J.Guseynov, 87. V.CHemirtan (9. Z.Polvonov, 70).

«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 5. K.Maxaradze, 6. Nivaldo (14. A.Omonov, 80), 7. S.Abdullayev, 9. I.Aliboyev, 10. M.Bikmayev, 15. S.Mirzayev (27. S.Rashidov, 88), 19. H.G‘ofurov (77. D.Turopov, 65), 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 28. SH.Muhammadiyev, 33. O.Zoteev.

Ogohlantirishlar: X.Muxtorov (26), G‘.G‘ulomov (55), SH.Norbekov (62), A.Hojiakbarov (90+4) - I.To‘xtaxo‘jayev (54), M.Bikmayev (80).

Chetlatish: I.Aliboyev (90+4, L.).

Nazoratchi: F.Abdullayev (Toshkent). Komissar: L.Qo‘chqorov.

Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Tezkor gol o‘yinning borishiga jiddiy ta’sir qildi. Ha, keyinchalik to‘liq tashabbusga erishdik, biroq AGMK butun jamoa bo‘lib himoyalandi.

Bunday zich himoyani yorib o‘tish esa oson emas. Aslida yigitlar chakki o‘ynashmadi, imkon boricha kurashishdi. Ammo omad raqibga kulib boqdi. Afsus, chempionatda ketma-ket ikkinchi marta yutqazib qo‘ydik...

Viktor Kumikov (AGMK bosh murabbiyi): - Har bir o‘yinda eng muhimi - natija. Bugun futbolchilar bor kuchlarini sarflashdi. Aytish mumkinki, yuzaga kelgan kichik tanaffus ham bizning foydamizga ishladi.

Ya’ni kamchiliklar ustida ishladik. Asosiysi, bugun himoyada xatoga yo‘l qo‘ymadik. O‘ylaymanki, o‘yinimiz vaqt o‘tishi bilan shakllanib boraveradi. Yana standart vaziyatdan gol urdik, endi o‘yin holatidan ham urishni boshlasak yaxshi bo‘lardi.

- Jamoa avvalgi o‘yinlarda qarshi hujumlardan unumli foydalanolmagandi...

- Xitoyliklarda ajoyib naql bor: «Vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi, bugungi kun bilan yashash kerak». Biz ham o‘sha o‘yinlarni unutdik, lekin xatolarni obdon tahlil qildik.

- «Lokomotiv» asosiy tarkibini OCHL o‘yiniga saqlagandek tuyulmadimi? Har holda, Diyor Turopov va Sardor Rashidov zaxiradan o‘yinga qo‘shilishdi...

- Menimcha, jamoaning asosiy tarkibi shu. Misol uchun, Turopov asosan zaxiradan maydonga tushmoqda, Rashidov ham hamisha boshlang‘ich tarkibda emas.

Vladimir Bubanya (AGMK himoyachisi): - O‘yinga yaxshi tayyorlangandik va oxirigacha kurashdik. Birinchi bo‘limda biroz qiynalganimiz rost. Muhimi, ijobiy natijani saqlab qoldik.

«QO‘QON-1912» - «NAVBAHOR» - 1:0 (0:0)

31 mart. Qo‘qon. «Markaziy» stadioni. 12278 tomoshabin.

Hakamlar: H.Ro‘ziyev (Toshkent), O.Abduvosilov (Toshkent), S.SHoyusupov (Toshkent).

Gol: T.Payovich (76-avt.).

«Qo‘qon-1912»: 1. O‘.YUsupov, 5. G‘.Komilov, 7. J.Hasanov (96. M.Hasanov, 46), 10. J.Siddiqov, 19. S.Berdiyev (9. N.Otaqo‘ziyev, 74), 22. M.Xolmuhammedov, 23. A.Merzlyakov, 29. I.Taran (17. Q.Ro‘ziyev, 46), 55. D.Gojkovich, 65. M.Milich, 95. M.Spremo.

«Navbahor»: 1. B.Ergashev, 6. O.O‘runov (15. A.Allaniyozov, 82), 9. D.Jabborov, 10. A.Turg‘unboyev, 12. N.Inyas (8. A.No‘’monov, 72), 19. M.G‘ofurov, 21. A.Aliyev, 24. D.Hoshimov, 32. J.Mehmonov (17. S.Sulaymonov, 78), 33. T.Payovich, 44. D.Stanoyevich.

Ogohlantirishlar: G‘.Komilov (90+2) - J.Mehmonov (54), D.Hoshimov (86).

Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent). Komissar: M.Saidqosimov.

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Jangovar o‘yin ko‘rdik. Har ikki jamoa vakillari shiddatli futbol namoyish etishga harakat qilishdi. Afsuski, birinchi bo‘limda hujumchimiz qulay vaziyatdan foydalanolmadi. Uchrashuv oxirlarida esa himoyadagi tushunarsiz xato qimmatga tushdi. Bu - futbol.

O‘yin yakunlanishiga 15 daqiqacha qolgan vaqt maydonga yana bir hujumchi tushirdik. Menimcha, Ayubxon No‘’monov faollikni oshirdi. Lekin himoyadagi holat... Murabbiy qaysi payt aynan kimni maydonga tushirishni sezishi kerak. Bugungi mag‘lubiyatga o‘zimiz sababchimiz. Aybni birovdan qidirish yaramaydi. Umuman, durangga mos o‘yinda ochkosiz qoldik...

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - O‘yin shunday kechishini oldindan bilib, jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Xususan, «Navbahor»ning himoyaga alohida e’tibor qaratishi e’tiborimni tortgandi. Bugun muxlislarimizga chinakam bayram ulashganimizdan xursandman. Yigitlarga rahmat - o‘zlarini sira ayashmadi.

Ayniqsa, qisqa uzatmalar orqali aniq o‘ynashgani yoqdi. To‘g‘ri, bunga osongina erishganimiz yo‘q. Futbolda zaxira juda muhim. Zero, muayyan pallada tezkorlikni oshirish aynan zaxirachilarga bog‘liq. Bugun ham ushbu masalada o‘z prinsipimga sodiq qoldim va bu samara berdi.

Javohir Siddiqov («Qo‘qon-1912» yarim himoyachisi): - O‘yin tomoshabop chiqdi. Muxlislarimiz stadionda ajib muhitni yuzaga keltirib, kuchimizga kuch qo‘shishdi. Bunday tinimsiz qo‘llab-quvvatlashga javoban g‘alaba tortiq etmasak ham bo‘lmasdi.

«PAXTAKOR» - «NEFTCHI» - 3:0  (1:0)

31 mart. Toshkent. «Paxtakor» stadioni. 15023 tomoshabin.

Hakamlar: A.Asimov (Toshkent), R.Serazetdinov (Toshkent), A.Usmonov (Toshkent).

Gollar: A.Isroilov (45-avt.). M.Simich (46), J.Masharipov (64).

«Paxtakor»: E.Suyunov, A.SHorahmedov (F.Sayfiyev, 66), K.Tojiyev, M.Simich, V.Kozak, R.Griffits, A.Ahmedov (D.Rahmatullayev, 84), J.YAxshiboyev, T.Bezerra (J.Iskanderov, 86), J.Masharipov, I.Gonsalvesh.

«Neftchi»: V.Mirniy, I.SHoyqulov (J.Kimsanov, 46), S.Ermatov (E.Mamasoliyev, 76), O.Ahmadjonov (A.Abdulhaqov, 54), A.Maxstaliyev, A.YUsupov, H.G‘ofurov, A.Isroilov, D.Mamatov, A.Agaliyev, D.Tursunov.

Ogohlantirishlar: A.SHorahmedov (21), J.YAxshiboyev (89) - D.Tursunov (19).

Nazoratchi: K.Smirnov (Qarshi). Komissar: R.CHernikov.

Bahrom Haydarov («Neftchi» murabbiyi): - O‘yinni yaxshi boshladik. Uchrashuvga tayyorlab qo‘ygan rejamiz ham bor edi. Biroq imkoniyatlardan foydalanolmadik. Birinchi bo‘lim oxiridagi gol esa rejamizni buzib yubordi.

Boz ustiga, tanaffusdan chiqishimiz bilan raqib yana bitta gol urdi. Agar hisob ochilmagan vaqt vaziyatlardan samara chiqara olganimizda, o‘yin mutlaqo bosh-qacha kechardi. 4ta tur o‘tdiki, hali gol urolmadik, bizga balki shijoat, ehtimol, mahorat yetishmayotgandir...

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Hozir har bir o‘yin murakkab. Bugun sifatli futbol ko‘rsatdik, menimcha. Yanada yaxshiroq o‘ynay olishimizni ham bilamiz. 3ta gol urgan holda, darvozamizni daxlsiz saqlab qoldik. Qolaversa, ko‘plab vaziyatlarni yuzaga keltirdik.

Yangi futbolchilar sekin-asta jamoa o‘yiniga moslashishmoqda. Bugun Yaxshiboyev, Bezerra, Masharipov va Gonsalvesh o‘zaro tushunib yaxshi harakatlanishdi. Bu yigitlar qancha ko‘p o‘ynashsa, o‘zaro ishonch va tushunish darajasi ortib boradi. Abdurahimov va Iskanderovni ham ular qatoriga qo‘shish mumkin.

Mashg‘ulotni to‘xtatib, futbolchilarga nimanidir tushuntirish oson, ammo o‘yindagi holatlar tabiiy ro‘y beradi. Muhimi, xavfli hujumlarimiz soni ko‘paymoqda. Demak, turdan-turga yaxshiroq ko‘rinishga kirib boraveramiz.

TUR STATISTIKASI

O‘yin: 6, Gol: 15  (o‘rtacha: 2,5)

Tomoshabin: 74832 (o‘rtacha: 12472)

Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Bunyodkor» - «Buxoro» (15421)

Mezbonlar g‘alabasi: 4, Mehmonlar g‘alabasi: 1, Durang: 1

Yirik hisobli g‘alaba: 1(«Paxtakor» - 3:0)

Eng  sermahsul o‘yinlar:  «So‘g‘diyona» - «Qizilqum», «Bunyodkor» - «Buxoro» (4tadan gol)

Ogohlantirish: 26 (o‘rtacha: 4,33...), Chetlatish: 1 (0,16...)

Eng «qo‘pol» o‘yin: AGMK - «Lokomotiv» (6ta «sariq» + 1ta «qizil») 

Penalti: -, «Dubl»: -, «Xet-trik»: 1(E.Grigalashvili, «Qizilqum»)

Avtogol: 2 (T.Payovich, «Navbahor»; A.Isroilov, «Neftchi»)

1 Bunyodkor               4          3          1          0          6-2       10

2 Paxtakor                4          3          0          1          7-2       9

3 Nasaf                     4          2          2          0          6-3       8

4 Navbahor               4          2          1          1          4-2       7

5 Qo‘qon-1912            4          2          0          2          3-2       6

6 Metallurg              4          1          3          0          3-2       6

7 Buxoro                    4          2          0          2          6-6       6

8 Lokomotiv             4          1          1          2          4-4       4

9 AGMK                      4          1          1          2          4-5       4

10 Qizilqum             4          1          0          3          4-8       3

11 Neftchi                 4          0          2          2          0-4       2

12 So‘g‘diyona              4          0          1          3          1-8       1

TO‘PURARLAR:

Elguja Grigalashvili («Qizilqum») - 3ta

Bobur Abduxoliqov («Nasaf») - 2ta

Slavko Lukich («Nasaf») - 2ta

Xurshid G‘iyosov («Bunyodkor») - 2ta

Suhrob Nurolloyev («Metallurg») - 2ta

Aziz Turg‘unboyev («Navbahor») -2ta (1ta - pen.)

Ismoil Gonsalvesh («Paxtakor») - 2ta (2ta - pen.)

Yovan Jokich (AGMK) - 2ta (2ta - pen.)

KELGUSI O‘YINLAR. 5-TUR

5 aprel (payshanba)

18:00 «Neftchi»  - AGMK

20:00 «QizilQum»  - «Bunyodkor»

6 aprel (juma)

18:00 «Buxoro» - «Paxtakor»

20:00 «Metallurg»  - «So‘G‘diyona»

7 aprel (shanba)

18:00 «Lokomotiv»  - «Qo‘Qon-1912»

20:00 «Navbahor»   - «Nasaf»

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 20:11, 02.04.2018.
O'qildi: 3609 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.