Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Karlo Anchelotti: «Gattuzo «Milan»ni o‘z ortidan ergashtira olmoqda»

Karlo Anchelotti: «Gattuzo «Milan»ni o‘z ortidan ergashtira olmoqda»

Baho:
+ | -

«Milan»ning shonli tarixiga bevosita maydon va murabbiylar o‘rindig‘ida birdek katta hissa qo‘shgan Karlo Anchelotti «rossonerlar»ning hozirgi o‘yinlaridan xursand.

Italiyalik mutaxassis La Gazzetta dello Sport nashri jurnalistlari bilan suhbatni ko‘tarinki kayfiyatda boshladi: «Rino Gattuzo tuzgan «Milan»da aynan o‘zim boshqargan jamoaga xos belgilarni yaqqol ko‘ryapman va bu quvonarli hol».

- Don Karlo, ochig‘ini ayting: Gattuzoning «Milan» o‘yinini shunchalik tez yaxshi tomonga burishiga ishonganmidingiz?

- Bunga chin yurakdan umid bog‘lagandim, ammo ishonchim komil emasdi. Zero, jamoani mavsum davomida qabul qilganingda, katta muammolar va shubhalarga duch kelasan.

Rinoga tasanno - qiyinchiliklarni mardonavor bir yoqli qildi. Natijalarga qarasak, u futbolchilarni o‘z ortidan ergashtirish vazifasini yaxshi uddalamoqda.

- Tushunarliki, futbolchilarning murabbiyni qanday qabul qilishlari juda muhim.

- Albatta. Agar yigitlar sening g‘oyalaringga ishonishsa, natija o‘z-o‘zidan keladi.

- Demakki, «Milan»da Gattuzoga to‘liq ishonishmoqda...

- Ha, agar aksincha bo‘lganida, jamoaning ishlari o‘nglanmasdi. Umuman, Rino - haqiqiy qo‘mondon. Ko‘rinib turibdiki, yigitlar murabbiy uchun o‘zlarini o‘tga tashlashga ham tayyorlar - bu futbolda hal qiluvchi omillardan biri, xuddi hayotdagi kabi. Eng asosiysi, Gattuzo - «Milan» qalbi.

- Darhaqiqat, Gattuzoni juda yaxshi bilasiz. Xo‘sh, u murabbiy roliga o‘tgach, nechog‘li o‘zgardi?

- Tabiiyki, «Milan»ning barcha o‘yinlarini kuzatib boryapman. Jamoa g‘alaba qozonsa, o‘zim o‘ynagan va ishlagan davrdagi kabi quvonaman.

Rino o‘ta qisqa vaqtda barchasini to‘g‘rilab, ichki muhitni talab darajasiga keltirdimi, demak, unda mas’uliyat hissi yanada ortgan. Bir eslang, «Milan» mavsum boshida qanday ahvolda edi... To‘g‘ri, Gattuzo o‘ziga xos ustunlikka ega edi.

- Qanday ustunlikka?

- Asosiysi, u «Milan»da o‘ynagan va klub tarixidan yaxshi xabardor. Ya’ni Rino uchun jamoa ichida hech qanday sir yo‘q. Men boshqargan «Milan»ni olaylik, aynan Gattuzo jamoa ustuni hisoblanar va g‘oliblik falsafasiyu, o‘yin uslubining bosh targ‘ibotchisi rolini bajarardi.

Endi esa o‘sha g‘oyalarni donolik va xotirjamlik bilan yangi jamoaga singdirmoqda. Agar klub vakillari, Milan jamoatchiligi yagona kuchga aylanib, bitta yo‘nalishda harakatlansa, Gattuzo katta g‘alabalarni ta’minlay oladi. Bordiyu, klubda qandaydir ichki muammo yuzaga kelsa, natija bo‘lmaydi aslo.

- Qat’iyat, og‘ir mehnat va kuchli ehtiros - ko‘pchilik Gattuzo jamoasidan shularni kutgandi. Biroq murabbiy avvalo, chiroyli o‘yinni yo‘lga qo‘yishga urinmoqda.

- Kimdir yarim himoyada o‘ynagan va maydondagi qat’iyati bilan nom qozongan bo‘lsa, bu uning jamoasi ham albatta, shunday taassurot qoldirishi kerakligini anglatmaydi. Axir vaqtida darvozani qo‘riqlagan murabbiylar  11 nafar o‘yinchiga ham qo‘lqop tutqazib qo‘yishmaydi-ku.

Ha, Gattuzo maydonda jangchi edi va o‘ylaymanki, hozir ham shunday. Faqat murabbiylik uchun ko‘p o‘qigani, qolaversa, ishlagani, sohaning ma’lum qiyinchiliklariga duch kelib, tajriba orttirganini unutmaslik kerak. Xullas, Rino o‘z didiga mos futbolga tayanmoqda.

- Bigliya, Chalxanoglu va Suso sizga Pirlo - Zeedorf - Kaka uchligini eslatishmayaptimi?

- Keling, oshirib yubormaylik. Ha, bu o‘yinchilar saviyasiga gap yo‘q. Lekin ularning yaqin o‘tmishdagi ajoyib trio darajasiga chiqishlariga hali ancha bor.

Muhimi, Gattuzo futbolchilarning yuqori individual xususiyatlaridan unumli foydalanishga urinmoqda. Qaytaraman, bu jamoada o‘zim boshqargan «Milan»ga xos belgilarni ko‘ryapman. To‘g‘ri, Rino konsepsiyasida farqli tomonlari ham yo‘q emas.

- Unga qandaydir maslahat bera olasizmi?

- Bemalol. Faqat aytganlarimga quloq tutish-tutmaslik uning o‘ziga havola. Murabbiyning kuchi aynan chetdan yangraydigan fikrlarni tahlil qilish asnosida to‘g‘ri xulosa chiqarishida.

- Xo‘sh, taktik maslahatingiz...

- Bitta eski maqol bor: «Agar sovuqni sezsang, darhol o‘ranib ol». Buni futbol tiliga oddiy o‘girish mumkin: «Agar to‘p sening jamoangda bo‘lsa, raqib o‘z rejalarini amalga oshirolmaydi». Ehtimol, maslahatim sodda tuyular, ammo futbolning tamal qoidasi shu.

- «Milan» asosan 4-3-3 taktik chizmasi bo‘yicha o‘ynamoqda. Bunda qanot o‘yinchilari tez-tez hujumorti hududiga talpinishadi. Aynan shu manzara siz amalga tatbiq etgan «archa»ni eslatmoqda.

- To‘g‘ri, lekin farq ham yo‘q emas. Har holda, Chalxanoglu va Suso harakat nuqtai nazaridan Zeedorf va Kakaga o‘xshamaydilar. Xullas, shunchaki, mohiyat bir xil - maydon markazini nazorat qilish, yagona o‘tkir hujumchiga imkoniyat yaratish.

- O‘z o‘rnida aytish kerak, Gattuzo maydon chetida turib, futbolchilarga sira tinchlik bermayapti. Sizningcha, u bu borada biroz oshirib yubormayaptimi?

- Uning tabiati shunday - baqirmasdan turolmaydi. Agar o‘zini boshqacha tutsa, Gattuzoligi qoladimi? Tan olaylik, murabbiyning maydon chetida jazavaga tushishi ham futbol chiroyini ochadi.

- Hozir Gattuzodan katta natijalar kutishayotgani aniq. Murabbiyda yuqori ishonchni yo‘qotib qo‘yish xavfi yo‘qmi?

- Umid qilamanki, bunday xavf ehtimoli ancha past. Zero, Rinoni yaxshi bilaman - u hech qachon muayyan yutuqlar bilan cheklanib qolmaydi. Deylik, futbolchilik davrida alohida texnik qobiliyati bilan ajralib tursada, mashg‘ulotlarda o‘z ustida ishlashdan charchamasdi.

Bitta o‘yin davomida Zeedorf, Kaka yoki Inzagiga necha marta baqirishini hisoblashga sabrim chidamasdi. Qisqasi, mudom jamoani o‘z ortidan ergashtirardi, yigitlarning bo‘shashishlariga aslo yo‘l qo‘ymasdi. Ishoning, Rino hech qachon mag‘lublikni tan olmaydi va har kuni terga botib ishlashga tayyor turadi.

Shubham yo‘q, ayni payt «Milan»da har bir g‘alabadan so‘ng darhol keyingi o‘yinni o‘ylashga odatlanishgan. Tushunarliki, Gattuzo ham futbolda hammasi birdaniga o‘zgarib ketishi mumkinligini yaxshi biladi. G‘alaba qozonsang - balli, yutqazsang - ... O‘ylaymanki, Rino barchasini hisobga olib ishlamoqda.

- Qiziq, «Milan» joriy mavsum yakunida CHL yo‘llanmasini qo‘lga kirita olarmikan?

- Jamoa buning uchun hozirgi maromni yo‘qotmasligi kerak. Lekin keling, Gattuzoga bosim o‘tkazmay turaylik. Zero, «Milan»ning nechog‘li yuqorilashi boshqa da’vogarlar natijasiga ham bog‘liq.

Demakki, «rossonerlar» «Roma», «Lasio» yoki «Inter»ning har bir ochko yo‘qotishidan unumli foydalanishlari shart. Unutmaylik, jamoa mavsum boshida misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga yuz tutgandi. Endi esa uning CHLga chiqish-chiqmasligi haqida gapiryapmiz. Shuning o‘zi «Milan»ning katta yutug‘i, menimcha.

- Sizningcha, «rossonerlar» birinchi navbatda, «Inter»ni ta’qib qilishlari kerakmi yoki Rim klublarini?

- Eh, jamoa mavsumning qolgan qismida «Inter»dan o‘zib ketishni uddalasa, qoyilmaqom ish bo‘lardi. Biroq bu juda mushkul. Bilamizki, «neradzurralar»da ulkan muammolar bor va klub ularni Chempionlar Ligasiga qaytish orqali bartaraf etishni ko‘zlamoqda. Shu ma’noda aytsam, «Milan» uchun «Roma» va «Lasio»ga e’tibor qaratish ma’qulroq.

- Yakunda sizga qo‘shimcha imkoniyat: Rinoga alohida murojaat yo‘llashingiz mumkin.

- Hozirgacha aloqalarimiz uzilmagan, ikkimiz tez-tez uchrashib turamiz. U menga xuddi tug‘ishgan ukamdek bo‘lib qolgan. Axir futbolda ko‘p dovonlarni birga bosib o‘tib, unutilmas voqealarni boshdan kechirganmiz. Lekin imkoniyat berilgan ekan bundan foydalanaman, albatta:

«Rino, sening muvaffaqiyating - bu mening muvaffaqiyatim. Asosiy maslahatim shuki, maqtovlarni tabiiy ravishda qabul qil, ammo ularni tezda unut. Ya’ni shirin so‘zlarga chalg‘ib qolma aslo. Yodingda tut - bugun seni ko‘klarga ko‘tarayotganlar ertaga ozgina sabab tug‘ilishi bilan ayovsiz tanqid qilishlari hech gap emas».

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:07, 03.04.2018.
O'qildi: 1992 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.