Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Dmitriy Adisman: «Har qanday holatda ham «Paxtakor»ga yangi stadion bunyod etiladi»

Dmitriy Adisman: «Har qanday holatda ham «Paxtakor»ga yangi stadion bunyod etiladi»

Baho:
+ | -

Xalq jamoasi nomini olgan «Paxtakor»da katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Jamoaning yangi rahbarlari klubni har tomonlama professional darajaga ko‘tarish, «Paxtakor»ning shonli davrini qaytarish borasida islohotlar olib borishmoqda.

Tez orada tarixiy ahamiyatga ega o‘yingoh o‘rnida zamonaviy, ko‘rkam, muhtasham stadion qad rostlaydi. Ayni paytda klub rahbariyati dunyoga mashhur qurilish kompaniyalari bilan muzokara olib boryapti. Taqdim etilgan loyihalar bir-biridan chiroyli bo‘lganligi sababli, «Paxtakor» xo‘jayinlari bir to‘xtamga kelishga qiynalishyapti.

Bu yerda sharqona me’moriy uslub ham inobatga olinyapti. Afsuski, jamoa OCHL «pley-off»ida Qatarning «Al-Garafa» klubiga imkoniyatni boy berib, guruh bosqichiga chiqa olmadi. Shunday bo‘lsada, «Paxtakor» oldiga qo‘yilgan oliy maqsadlar o‘z kuchida qoladi.

«Sherlar» joriy mavsumda «oltin dubl» qayd etishni maqsad qilishgan. Biz jamoa qarorgohida bo‘lib, «Paxtakor» klubi bosh direktori Dmitriy Adismandan eksklyuziv intervyu oldik.

- «Paxtakor»da yangi rahbariyat ishlayotgan bo‘lsada, jamoaning ko‘p yillik an’analariga sodiq qolindi, - deya so‘z boshladi D.Adisman. - Biz barchamiz «Paxtakor»ni xalq jamoasi sifatida bilamiz va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Faqat buning uchun yana xalqning mehrini qozonish, muxlislarni stadionlarga qaytarish lozim.

Ammo bu jarayon oson kechmaydi. Turli aksiyalar o‘z yo‘liga, futbolchilar chiroyli o‘yin namoyish etishsa, odamlar yana o‘yingohlarga qaytishadi. Yaqinda bir saytda «Paxtakor» rahbarlari oliy o‘quv yurti talabalarini majburan stadionlarga olib kelishga urinishyapti, degan noto‘g‘ri ma’lumot berildi.

Bu borada shuni aytishim lozimki, biz oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ins-titutlarda fan-zonalarni tashkil qilganmiz. Talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilyapti. Bu bilan ularda «Paxtakor»ga nisbatan muhabbatni yuzaga keltirishni maqsad qilganmiz. Nafaqat talabalar, balki muxlislar uchun ham o‘yindan oldin konsert dasturlari namoyish etilyapti.

Oz bo‘lsada, xalqimizning kayfiyatini yanada ko‘tarishga o‘z hissamizni qo‘shsak, asosiy maqsadimizga erishgan bo‘lamiz. Boshqa sport turlariga hurmatni saqlagan holda aytishim joizki, futbolda muxlislarni aldab bo‘lmaydi. Hozirda maydonda astoydil jon kuydirib harakat qiladigan futbolchilardan tarkib topgan jamoani shakllantirish yo‘lida ish olib boryapmiz.

Qolaversa, asosiy yo‘nalishimiz sifatida bolalarni ko‘proq futbolga jalb qilishga urg‘u qaratganmiz. Bolalar futbol bilan shug‘ullanish orqali sog‘lom turmush tarziga ham rioya qiladilar. Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat ham xuddi shunday.

O‘z o‘rnida biz bu islohotlarni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘z yo‘nalishimizda ishlashda davom etamiz. «Paxtakor»ning avvalgi shonli davrini qaytarishning bir qismi sifatida jamoaga Shota Arveladze bosh murabbiy sifatida taklif qilindi. Gruziyalik ushbu mutaxassis MDH mamlakatlari orasida katta obro‘ga ega. Futbolchi sifatida katta yutuqlarga erishgan.

Klub rahbariyati bosh murabbiylikka tavsiya etilgan nomzodlarni jiddiy ravishda o‘rganib chiqdi. Oxir-oqibat Arveladzening nomzodida to‘xtaldi. Uning uchta tilda bemalol gaplasha olishi, murabbiylik yo‘nalishida zamonaviy futboldan yaxshigina xabardor ekanligi, kreativ fikrlashi u bilan shartnoma imzolanishida asosiy omillar bo‘lib xizmat qildi.

Qolaversa, uning mentaliteti ham biznikiga juda yaqin, bir xil desa ham bo‘ladi. Mashg‘ulotlar yangicha texnologiyalar asosida o‘tkazilyapti. Har bir futbolchining tanasiga maxsus moslamalar o‘rnatiladi. Ushbu moslama mashg‘ulot chog‘ida futbolchilarning jismoniy holatlari haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etadi.

Shunga qarab, murabbiylar o‘yinchilarga yuklamalarni berishadi. Shuni alohida aytishim joizki, raqobatbardosh, kuchli jamoani shakllantirish uchun biroz vaqt kerak. Bir-ikki yil ichida bunga erishib bo‘lmaydi. Biz shunchaki yulduz-legionerlarni olib kelib natijaga erishishni istamaymiz.

O‘zimizning futbolchilarni yuzaga chiqarishimiz kerak. Bu bilan bizga legionerlar kerak emas, degan fikr yuzaga kelmasligi lozim. Xorijlik futbolchiga ehtiyoj bo‘lganligi uchun Ismoil Gonsalvesh bilan shartnoma imzoladik. Bunday o‘yinchilar mahalliy yoshlarning o‘sishlariga ham yordam berishadi.

- «Paxtakor» stadionida o‘tkaziladigan o‘yinlarning reklamasi talab darajasidami? Shahrimizning gavjum ko‘chalarida bannerlar yetarlicha joylashtirilganmi?

- Bu borada keng ko‘lamli ish olib boryapmiz. Marketing yo‘nalishida katta dastur ishlab chiqilgan. Shahar bo‘ylab ko‘plab bannerlar joylashtiriladi.

Bekatlar, shohko‘chalar, turli ommaviy axborot vositalari orqali uchrashuvlarning anonslari berib boriladi. Albatta, reklamaning hozirgi holati talab darajasida emas.

- Futbolimizda olib borilayotgan katta islohotlardan biri - oliy ligamizning Superligaga o‘zgartirilgani, jamoalar sonining 12taga qisqartirilgani bo‘ldi. Bu yangilikka munosabatingiz qanday?

- Mazkur yangilik amaliyotga tatbiq etilayotganida, yaxshigina munozaralarga sabab bo‘lgandi. Matbuotda turlicha fikrlar bildirildi. Ularning aksariyati salbiy edi. O‘FA rahbariyati yetakchi mutaxassislar bilan maslahatlashgach, yetakchi xorijiy davlatlar ish uslubini o‘rganganidan keyin ushbu qarorga keldi.

Hozirgi holatda Superligada 12ta jamoaning qoldirilgani ijobiy holat bo‘ldi. Keyingi mavsumlarda klublarning saviyasi oshib, keskin raqobatni yuzaga keltira olsa, ishtirokchilar soni tabiiy ravishda oshiriladi.

Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, oltita jamoaning o‘zaro bitta o‘ziga xos ligada chempionlik va sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishi juda ham qiziqarli bo‘ladi. Ishoning, kuchli oltilik uchrashuvlari muxlislarning e’tiboridan chetda qolib ketmaydi. Har bir o‘yin markaziy maqomda bo‘ladi. O‘FA futbolimizni yangi bosqichga olib chiqishga e’tibor qaratyapti.

Mazkur yangiliklar sababli, stadionga tashrif buyurayotgan tomoshabinlar soni oshdi. Ayniqsa, vodiy, voha, Buxoro, Zarafshonda o‘tkazilayotgan bahs-larda stadionlar muxlislar bilan to‘lyapti. Namanganda «Navbahor» ishtirokida kechayotgan o‘yinlarda muxlislar stadion tashqarisida ham qolib ketishmoqda.

Aytmoqchi bo‘lganim, bu yangiliklarning futbolimiz uchun foydasi katta. Superligada hech qaysi jamoa bir zumgada xotirjam bo‘lolmaydi. Chempionat kuchli bo‘lganidan keyin terma jamoa ham shunga yarasha kuchayib boradi. Ko‘ryapsizmi, hammasi bir-biriga bog‘liq.

Yaqinda muhtaram Prezidentimizning «Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari e’lon qilindi. Yurtboshimiz millionlar o‘yiniga shu darajada e’tibor qaratayotgan ekan, demak, O‘zbekiston futbolining ertasi porloq.

- «Paxtakor»ning mavsumlar oralig‘ida olib borgan transfer siyosatidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- To‘g‘risini aytsam, unchalik to‘lmadi. Inobatga olinmagan ayrim jihatlar bor. Hozir biz akademiyani yana ham kuchaytirishga e’tibor qaratyapmiz. Bu borada yetarlicha kamchiliklarimiz bor.

Buni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Birinchi galda futbol o‘ynash uchun maydonlarimiz yetarli emas. Shu sababli ham klubimiz rahbarlari akademiyani takomillashtirish, futbol maydonlari sonini keskin ravishda oshirish bo‘yicha topshiriq berishdi.

Akademiyaga yangi direktor tayinladik. Shota Arveladzening o‘zi ham akademiya tarbiyalanuvchilarini kuzatib boradi. Uning tug‘ishgan ukasi Archi bu borada unga yordam beradi.

Yana bir yordamchisi Lazlo bir payt-lari Amsterdamning «Ayaks» klubida faoliyat olib borgan. Ushbu mutaxassislarning tajribasi ulkan va ularning bugungi mehnati ertaga o‘z mevasini berishiga ishonaman. Bizga aynan futbolga Yevropacha yondashish yetishmayapti.

- Ismoil Gonsalveshning transferi haqida nima deya olasiz?

- Murabbiylar ushbu futbolchining ishtirokidagi o‘yinlarni o‘rganib chiqishgan edi. Ismoil Turkiya va BAA mamlakatlaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimizda ishtirok etdi. Ushbu yig‘inlar doirasida 8ta nazorat uchrashuvi o‘tkazdik.

Murabbiylarning qarori bilan o‘yinlar 30 daqiqadan 4ta bo‘lim davom etdi. Ya’ni, bu orqali futbolchining chidamliligi, bugungi jismoniy holati ko‘zdan kechirildi. Barcha o‘yinlarda g‘alabaga erishdik. Raqiblar orasida «Partizan», «Vardar» kabi o‘z mamlakatining chempion jamoalari bor edi.

Aytmoqchi bo‘lganim, u darajada kuchsiz raqiblar bilan o‘ynamadik. Futbol jamoaviy o‘yin va tabiiyki, Gonsalveshning yangi muhit va jamoaga kirishib ketishi uchun ozgina vaqt kerak bo‘ladi.

- «Paxtakor» «Al-Garafa»ga imkoniyatni boy berib, OCHLning guruh bosqichiga chiqa olmadi. Klub rahbariyati ushbu mag‘lubiyatni katta yo‘qotish sifatida qabul qildimi? Umuman, OCHLsiz qolgan jamoa oldiga qanday vazifalar qo‘yildi?

- Doxadagi mag‘lubiyatning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Bu bahona emas. Hisobda ortda qolayotgan paytimizda ham raqib darvozasini ishg‘ol qilish uchun yaxshigina imkoniyat yuzaga keldi.

Afsuski, Simichga bu vaziyatda yakuniy zarbani berish uchun aniqlik yetishmadi. Darvozamizga penalti belgilangan holat bo‘yicha ham bahs-lashsa bo‘ladi. Futbolchilar to‘pga baravar sakrashgandi.

Endi bu hakamning vijdoniga havola. Men referining harakatlarini muhokama qilmoqchi emasman. Agar birinchi bo‘limdagi vaziyatlarni golga aylantirganimizda, tanaffusdan keyin ishimiz ancha yengillashardi.

Bundan tashqari, «pley-off»ning bitta uchrashuvdan iboratligi ham bahsli holat. Bitta o‘yin bo‘lganidan keyin baribir mezbon jamoaning ustunligi yuzaga keladi.

Mezbon jamoa muxlislarining qo‘llab-quvvatlashi bilan ham kerakli natijaga erishib olishi mumkin. Shunday bo‘lsada, «Paxtakor»ning rejalari o‘zgarmaydi. Biz OCHLni yutishni maqsad qilganmiz. Lekin buning uchun birinchi galda OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz kerak.

Joriy  mavsumda chempionlik unvonini qo‘lga kirita olsak, kelasi yili to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichidan bahslarga kirishamiz.          

- «Paxtakor» o‘yingohining buzilishi va uning o‘rniga yangisining qurilishi haqida gap-so‘zlar bo‘lgandi. Stadion masalasida qanday yangiliklar bor?

Jamoabuyilgimavsumnihozirgio‘yingohdao‘tkazadimi? Yangi stadion qurilishi qachonga mo‘ljallanmoqda?

- Stadion masalasida hozircha aniq ma’lumot bera olmayman. Bizda juda ham ko‘p loyihalar bor. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan qurilish kompaniyalari o‘z xizmatlarini taklif qilishgan.

Ular orasida Germaniya, Avstriyadan tashqari, Rossiyadagi JCH-2018 stadionlarini bunyod etgan kompaniyalar ham bor. «Bunyodkor» stadionini qurgan kompaniya ham bizga murojaat qilgan. Stadion ikki yarusli va 30000 muxlisga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Ikki yil davomida qurilish ishlari davom etadi. Bizga ma’qul kelayotgan loyihalar yetarli, lekin ulardan faqat bittasini tanlash kerak. Yangi stadion loyihasi tasdiqlansa, u holda shu yilning o‘zidayoq qurilish ishlari boshlab yuboriladi.

Har qanday holatda yangi o‘yingoh bunyod etiladi. Ixtiyorimizda «Jar» stadioni ham bor. Biz bemalol ushbu stadionda uy uchrashuvlarini o‘tkazaveramiz. Bu borada hech qanday muammo bo‘lmaydi. O‘z vaqtida bu stadionda JCH saralash o‘yinlari, OCHL uchrashuvlari o‘tkazilgan. Barcha talablarga to‘liq javob beradi.

- G‘alaba doimo futbolchiniki, mag‘lubiyat esa murabbiyniki bo‘lib kelgan. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, murabbiy bilan qancha muddatga shartnoma imzolangan va uning oldiga aniq vazifa qo‘yildimi?

- Shota Arveladzening oldiga birinchi galda chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Yuqorida aytganimdek, yangilanayotgan «Paxtakor»ning loyi-hasi bir-ikki yillik emas. Bos-qichma-bosqich amalga oshirib boramiz.

Shota olib borayotgan murabbiylik ishi bizga ma’qul kelyapti. U o‘zini bu yerda uyidagidek his qilyapti. O‘ylaymanki, Shota Arveladze bilan birgalikda hali oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishamiz.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:51, 03.04.2018.
O'qildi: 9375 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.