Fevral oyining oxirlarida angliyalik 31 yoshli bokschi Skott Uestgart faoliyatidagi navbatdagi jangni o‘tkazdi. Yosh bokschi Dek Spellmen ustidan g‘alaba qozonsa o‘z vaznida Angliya chempionligiga da’vogar bo‘lishi mumkin edi...
Uestgart boks bilan juda kech, 23 yoshidan shug‘ullana boshladi. Darhol o‘z oldiga ikkita aniq vazifa qo‘ydi: professionalga aylanish va Angliya chempioni bo‘lish. To‘rt yil ichida professional boksda 10 ta jang o‘tkazgan Skott ularning yettitasida g‘alaba qozondi.
Spellmenga qarshi bahs juda og‘ir kechdi: har ikkala bokschi ham og‘ir zarbalarni o‘tkazib yubordi va bir necha bor nokdaun holatiga tushishdi. Uestgart o‘ninchi raundda ringga quladi. U o‘ng tomondan kelgan zarbani o‘tkazib yuborgan edi. Cho‘kkalab qolgan sportchi referining hisobini eshitdi va turib jangni davom ettirdi. Yana 20 soniya va jang nihoyasiga yetishi kerak edi. Nihoyat bong chalindi, Uestgart hakmlarning qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi – 95:92. Biroq ko‘rinishidan g‘alabadan xursand emasdek edi. Bu ajablanarli hol, chunki u orzusiga yetishiga bir qadam qolgandi, xolos. Skott qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi, raqibiga minnatdorchilik bildirdi va intervyu berish uchun ringdan pastga tushdi. Uning yuzida hech qanday quvonch alomati yo‘q edi.
Jurnalist bilan suhbatda ham Skott o‘zini g‘alati tutdi. Qandaydir noqulaylik yuzaga kelayotgandek edi. Uning so‘zlari qovushmasdi, xuddi og‘ir ish kunidan keyin kuchli og‘riq sezayotgandek yuzlarini tinimsiz ishqalardi.
«Men boksni yaxshi ko‘raman. U bilan dunyo darajasidagi bokschiga aylanish uchun emas, balki shunchaki rohatlanish uchun shug‘ullanaman. Shou uyushtirganimizdan judayam xursandman. Menga boks tushish, yutish yoki mag‘lubiyatga uchrashdan qat’i nazar zalga borib shug‘ullanish yoqadi».
Bu Uestgartning intervyudagi so‘nggi so‘zlari edi. Intervyudan keyin Skott kiyinish xonasiga borib, shifokoriga boshi og‘riyotganidan shikoyat qiladi va hushidan ketadi. Uni tezda gospitalga olib ketishadi.
Shouning qolgan janglari darhol bekor qilindi. Shu jamladan, «Birmingem» va «Xall»ning sobiq futbolchisi Kertis Vudxausning jangi ham. Shouni bunday vaziyatda davom ettirishning iloji yo‘q edi. Skott Uestgart keyingi kuni Sheffild gospitalida o‘ziga kelmay vafot etdi. O‘limga miyaga qon quyilishi sabab bo‘lgan edi.
Sportchining onasi Rebekka Uestgart Angliya janubidagi Prudxo shaharchasidan o‘g‘li yotgan gospitalga shoshildi. U Skott bilan dahshatli voqea sodir bo‘lganini bilardi, ammo so‘nggi daqiqalargacha mo‘’jiza sodir bo‘lishini kutdi.
Sportchining vafotidan so‘ng shifokorlar onaga kutilmagan yangilikni aytishdi: Skott o‘limidan oldin uch marta o‘z familiyasini donorlar ro‘yxatiga qo‘shgan ekan. Rebekka o‘g‘li bekorga bunday qilmaganini tushundi va uning sog‘lom ichki organlarini boshqa insonlarga ko‘chirib o‘tkazishga rozi bo‘ldi.
«Shifokorlar bokschining ichki organlari yetti kishining hayotini saqlab qolganini e’tirof etishdi. U hayotligida doim kuchsizlarning tarafini olardi, barchaga birday yordam berardi. U shunchalik mehribon, baxtli va dovyurak ediki, o‘limidan so‘ng ham shu ishini davom ettirdi. Odamlar faqatgina bokschi Uestgartni emas, balki ajoyib insonni eslab yurishlarini xohlayman, – deydi onasi. – Skott birinchi maoshidan menga magnitofon sotib olgan edi. U doimo meni xursand qilishga intilardi. Men uni boshqa ko‘ra olmasligimga ishona olmayapman».
Fojiadan ikki hafta o‘tib, «GoFundMe» xayriya aksiyasida ko‘ngillilar Uestgart oilasiga 9 ming funt sterlingdan ortiqroq ehson qilishdi. Biroq bokschining onasi pul haqida o‘ylagani yo‘q. U o‘g‘li o‘limidan keyin ham kimlargadir yordam berayotginidan xursand.
«Gospitalga kelgach, uni o‘pdim va qo‘limni yuragiga qo‘ydim. U juda kuchli edi. Hozir ham o‘ylayapman: uning yuragini kim olgan bo‘lsa ham omadi kelgan».
Donkasterdagi fojiadan so‘ng boksni umuman taqiqlash yoki sportchilar xavfsizligini kuchaytirish masalasi ko‘tarib chiqildi. Bokschining onasi esa, judolik qanchalik og‘ir bo‘lmasin, har qanday taqiq va cheklovlarga qarshiligini bildirdi.
«Bu sport yoshlar uchun ko‘p narsani anglatadi. Boks ularni to‘g‘ri yo‘lda ushlab turadi. Ishonchim komil, Skott ham xuddi shunday o‘ylardi».