JCH-2018da OFK sharafini himoya qiluvchi jamoalar mohiyatan nimalarga qodir? Ulardan qanday natija kutsak bo‘ladi?
Eron va Avstraliya terma jamoalarida ko‘p narsa nisbatan oydin. Har holda, Karlush Keyrush va Bert van Marveyk boshqaruvidagi drujinalarning ayni holati va asl salohiyatini bugungi futbol ommasi yaxshi biladi.
Tabiiyki, Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni termalarining ishonchli ishtiroki ham avvalo, Osiyo futboli nufuziga xizmat qiladi.
Quyida ayni shu 3ta jamoa imkoniyatlari xususida so‘z yuritamiz. Eron va Avstraliya termalariga esa keyinroq yana alohida to‘xtalamiz.
BARQAROR «SAMURAY»
O‘tgan asrning 90-yillari oxirida Xiroshi Nanami va Xidetoshi Nakata Italiya tomonlarda o‘ynay boshlaganlarida, yapon futbolchilarining keng miqyosda va yoppasiga «ko‘hna qit’a»ga talpinishlari hali sezilgan emasdi. Qaysidir ma’noda aytsak, Nanami va Nakata yapon futboli bilan tanishtiruv missiyasini bajarishdi.
Yodingizda bo‘lsa, Yaponiya termasi ayni o‘sha vaqt KONMEBOL (Janubiy Amerika) a’zolarining bosh turniri - Amerika kubogida mehmon sifatida qatnashardi. Oradan ko‘p o‘tmay, yaponlar ayniqsa, Bundesligada juda ko‘payib ketishdi.
Hozirgi davrni esa yapon o‘yinchilari va mamlakat futboli uchun «o‘tish pallasi» sifatida atash mumkin. Hozir ham Yevropada yaponiyaliklar safi ancha keng. Muhimi, aksariyat «samuraylar» «ko‘hna qit’a» futbolida ildiz otib, yetarlicha tajriba to‘plashga ulgurishgan.
Boshqacha aytsak, endi ular yaraqlagan iqtidor emas, balki butun Yevropa ko‘z ostida bo‘lib turgan tajribali futbolchilar hisoblanishadi. Deylik, yakunlangan mavsum APLda to‘p surishgan Mayya Yoshida va Shinji Okazaki ma’lum darajada mashhurlar.
Vaqtida «MYU»da ham o‘ynagan Shinji Kagava esa jarohati tufayli anchadan buyon yaqqol ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lsa-da, «Borussiya» yetakchisi sifatida tanilgan. Shuningdek, Xiroki Sakai («Marsel»), Yoshinori Muto («Mayns») va Takeshi Inui («Eybar») kabi yigitlar ham yakunlangan mavsum barqaror ravishda to‘p surishdi.
Kechagi yetakchilar - Keysuke Xonda va Yuto Nagotomo tegishlicha Meksika hamda Turkiyaga yo‘l olishgach, e’tibor markazidan biroz tushib qolishdi, ammo ular milliy jamoada hamon asosiy rollarda.
Umuman olganda, Yaponiya termasi ancha tajribali jamoa. Misol uchun, tarkibida 8 nafar 30 yoshdan oshgan faxriy bor. 3 nafar futbolchi esa milliy jamoada 100ta o‘yin marrasini bosib o‘tgan. Bundan tashqari, hozirgi tarkibdagi 4 nafar futbolchi terma jamoa libosida 10tadan ko‘p gol urgan.
2018 yilning ilk 5 oyiga qarasak, «samuraylar» atigi 3ta o‘yinda maydonga tushishdi. Garchi jahon chempionatiga chiqolmagan jamoalar raqib sifatida tanlangan bo‘lsa-da, yaponlar bu o‘yinlarda ijobiy natija qayd eta olishmadi. Xususan, Mali termasiga qarshi kechgan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi (1:1).
Ukraina va Gana termalari bilan bahslarda esa mag‘lubiyatni tan olishdi - 1:2 hamda 0:2. To‘g‘ri, ushbu o‘yinlarda jamoaning bir qator yetakchilari maydonga tushishmadi, ammo salbiy natijalar oqibatida yaponlarni mundialga olib chiqqan bosniyalik murabbiy Vohid Xalilxojich iste’foga chiqarildi.
Yaponiya FA rahbariyati bunda mundial startiga juda kam vaqt qolganini ham hisobga olmadi. Shundan bilish mumkinki, Yaponiya termasi mundialda nomigagina qatnashmoqchi emas. Darvoqe, Akiro Nishino ham so‘nggi o‘yinda himoya markazini Makoto Xasebe va Yuto Nagatomoga ishonib topshirdi, ammo orqa chiziq ishonchni oqlolmadi, baribir.
Jarohatlanganlar orasida Daigo Nishi, Toshixi Aoyama, Yasuyuki Konno, Xiroshi Kiyotake, Yuki Kobayashi kabi yigitlar borligi achinarli. Deylik, Xiroshi Kiyotakedan umid katta edi. 1989 yilning 12 noyabrida tug‘ilgan hujumchi 13 yoshidan «Oita Trinita» jamoasida o‘zini ko‘rsata boshlagan va mavsum-2011da milliy jamoada debyut qilgandi.
2012 yili esa yosh Xiroshi Germaniyaning «Nyurnberg» klubi nazariga tushdi. Muhimi, yaponiyalik iqtidor Bundesligada o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi: 2 mavsumda «Nyurnberg»ning 64ta o‘yinida ishtirok etdi. 2014G‘2015 yillar mavsumi oldidan «Gannover»ga yo‘l olgan Xiroshi yana ikki mavsumdan keyin «Sevilya» safiga qo‘shildi, ammo Ispaniyada o‘zini ko‘rsatolmadi.
Muhimi, Kiyotake Yaponiya terma jamoasi tarkibida barqaror to‘p surmoqda. U ayniqsa, mundial saralashining ilk bosqichida juda yaxshi taassurot uyg‘otdi. Xullas, Xiroshi bo‘lajak mundialda Yoshinori Muto, Shinji Okazaki va Genki Xaraguchi kabi alohida nur sochish imkoniyatiga ega edi, ammo...
Yaponiya termasi qur’a natijasiga ko‘ra, «N» guruhiga tushgan. Bu kvartetda Kolumbiya, Senegal va Polsha termalari bor. Guruh tarkibiga qarasak, yaponlarda kamida avvalgi mundiallardagi eng yaxshi ko‘rsatkichlari (1G‘8 final)ni takrorlash uchun yaxshigina imkoniyat mavjud.
To‘g‘ri, «kunchiqar yurt» vakillari guruhdan chiqishsa, nimchorak finalda Belgiya yoki Angliya termasiga to‘qnash kelishlari ehtimoli katta. Ular mundialdagi ilk uchrashuvni 19 iyun kuni Saranskda kolumbiyaliklarga qarshi o‘tkazishadi.
Qizig‘i, yaponlar JCHdagi oxirgi uchrashuvlarida ham aynan Kolumbiya termasi bilan kuch sinashib, keyingi raund masalasini hal qilgan to‘qnashuvda imkoniyatni boy berishgandi. Demak, revansh olish imkoni bor.
KOREYSLARDA PASAYISHMI?
Aytish mumkinki, yakuni 2014 va 2018 yilga belgilangan sikllarda J.Koreya terma jamoasi o‘yinida pasayish ko‘zga tashlandi. Odatda qit’a miqyosida u qadar muammoga uchramaydigan koreyslar oxirgi saralashlarda yo‘llanma masalasini so‘nggi o‘yinlardagina hal qilishdi.
Qizig‘i, koreyslar har ikki safar Eron termasiga yutqazib, O‘zbekiston milliy jamoasidan ustun kelishdi. Umuman, saralash dovonidagi ishonchsiz o‘yinlar tufayli J.Koreya termasida JCH final raundi oldidan ikkinchi marta bosh murabbiy almashdi.
2017 yilning iyunida nursiz futbol oqibatida nemis mutaxassisi Uli Shtilike iste’foga chiqarildi va o‘rniga J.Koreya olimpiya jamoasi ustozi Shin Taye Yong tayinlandi.
Yangi murabbiy jamoa o‘yinini tubdan o‘zgartirolmadi, uning boshqaruvidagi keyingi 2ta bahs bir xil - 0:0 hisobida tugadi. Ammo koreyslar shunda ham guruhda 2-o‘rinni egallab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
Terma jamoa asosan milliy chempionatda to‘p suradigan futbolchilardan tuzilgan. To‘g‘ri, yarim himoya va hujum chizig‘ida Yevropaning kuchli 5ta chempionati klublarida tajriba to‘plashgan yigitlar bor. Bundan tashqari, Yaponiya elit divizionidan 5 nafar legioner jalb etilgan (ulardan ikkisi darvozabon).
Jamoa sardori 6 yildan buyon APLda muntazam to‘p surib kelayotgan «Suonsi» yetakchilaridan biri Ki Sun Yongdir. U maydon markazini boshqaradigan va kerak payt jarima maydoni ichida ham xavf tug‘dira oladigan ijrochilar toifasidan. Eng yorqin yulduz haqida gap ketganida, xayolimizga avvalo, Son Xyun Min keladi.
Ma’lumot uchun aytish kerak, u 2011 va 2015 yilgi Osiyo kubogi va JCH-2014da gol urgan. 25 yoshli futbolchi «Tottenxem» safida juda samarali mavsumni o‘tkazdi. Xususan, APL va YECHLda birdek yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.
Hujumlarni chap qanot orqali rivojlantirish va jarima maydoni ichida vaziyatlar yaratish asosan shu futbolchi zimmasiga yuklatiladi. Umuman, yarim himoya bugungi J.Koreya termasining eng kuchli chizig‘idir. Koreyslarda o‘yin intizomi o‘ta yuqori. Ular ayni shu omil hisobiga ancha-muncha raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatishlari mumkin.
Jamoa safida porlashi kutilayotgan futbolchi: Li Sun Vu. 20 yoshli hujumchi milliy jamoa safida 28 may kuni Gonduras termasiga qarshi kechgan bahsda debyut qildi. U 85 daqiqa davomida markaziy hujumchi sifatida juda yaxshi taassurot uyg‘otdi. Li Sun 1998 yilning 6 yanvarida Suvon shahrida tug‘ilgan va «Inchxon Yunayted» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
2011 yili, ya’ni 13 yoshida «Barselona» skautlari nigohiga tushdi va La Masiya maktabiga qabul qilindi. Kataloniyadagi 6 yillik tahsil uning futboldagi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etgani, shubhasiz. Li Sun 2017 yili «A» seriyasi vakili «Verona»ga 1,5 mln. yevro evaziga transfer qilindi.
Lekin «Barselona» yangi mavsum oldidan futbolchini qaytib sotib olish huquqiga ega. 20 yoshli yigitcha «Verona» tarkibida 14 marta maydonga tushdi va 6 may kuni «Milan» darvozasiga gol ham urdi. Umuman, Li Sun J.Koreyaning turli yosh toifasidagi jamoalarida o‘ta faol.
Misol uchun, o‘smirlar termasi uchun 13ta, yoshlar jamoasida esa 7ta gol muallifiga aylandi. Yosh iqtidor milliy jamoa o‘yiniga qo‘shilib ketishda ham uncha qiynalmasa kerak. U xuddi Son Xyun Min kabi chap qanot hujumchisi rolini bajaradi.
Lekin murabbiy boshqa variantlarni sinab ko‘rishni istasa yoki hujumda yangi va tezkor ijrochiga ehtiyoj sezsa, bemalol yosh futbolchiga tayanishi mumkin. Shu ma’noda aytsak, Li Sun Vu bo‘lajak JCHda o‘zgacha porlasa, ajabmas.
Janubiy Koreya termasi JCH-2018ning eng murakkab guruhlaridan biriga tushdi. Koreyslar «F» kvartetida amaldagi jahon chempioni Germaniya, shuningdek, Shvesiya va Meksika terma jamoalari bilan kuch sinashishadi. Dastlabki o‘yin 18 iyun kuni Nijniy Novgorodda shvedlarga qarshi kechadi.
Koreyslar keyin Rostovga yo‘l olib, 23-sanada meksikaliklar bilan bahslashadilar. Oxirgi tur uchrashuvi J.Koreya termasining azaliy raqiblaridan biriga aylangan buntestimga qarshi bo‘ladi. Bir qarashda, jamoa nimadandir umid qilish uchun dastlabki 2 turda kamida 4 ochko olishi kerak.
SAUDLAR TAYYORMI?
S.Arabistoni terma jamoasining 12 yillik tanaffusdan so‘ng mundialga qaytishi mamlakatda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Eng qizig‘i, arablar butun saralash siklini terma jamoa bilan bosib o‘tgan gollandiyalik mutaxassis Bert van Marveykni iste’foga chiqarishdi.
Rasmiy sabab sifatida arablarning yozda Yaponiya va BAA termalariga yutqazishgani ko‘rsatildi, ammo murabbiyning o‘zi vaziyatni boshqacha izohladi: «Albatta, mundialga jamoa bilan birga borishni niyat qilgandim, axir ayni shu maqsadda ish boshlagandim-ku. Ammo hech kim menga qanday ishlashni o‘rgatmasligi kerak.
Muvaffaqiyatdan so‘ng g‘alabamiz xo‘jayinlari ko‘payib ketdi. Hamma terma jamoa haqida gapirar va bu yutuqda asosiy ishni o‘zi bajarganini aytib maqtanardi. Hattoki, yo‘llanma qo‘lga kiritilgach, jamoa murabbiylar shtabidagi bir qator yordamchilarimni ishdan olishdi. Bunga chidab bo‘lmasdi».
Vaholanki, bu murabbiy 2010 yili Gollandiya terma jamoasini mundial finaliga yetaklagandi. Oradan bir oy o‘tib, argentinalik Edgardo Bausa yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirildi. U kelgani hamono barchasini tubdan o‘zgartirishga kirishdi. Biroq van Marveyk tuzgan o‘yin tizimi buzilishiga qarshi chiqqan jamoa yetakchilari bilan kelisholmay qoldi.
Xullas, bir necha mag‘lubiyatdan so‘ng Bausaga javob berib, jamoaga Xuan Antonio Pissini olib kelishdi. Bu murabbiy Chili terma jamoasi bilan jahon chempionatiga chiqolmay, dashnomlar ostida qolgandi. Van Marveyk esa, saralashda aynan saudlardan orqada qolib, «pley-off»da o‘ynashga majbur bo‘lgan Avstraliya termasini boshqaradigan bo‘ldi.
Terma jamoa asosan «Al-Hilol» va «Al-Ahli» vakillaridan iborat. Bu ikki klub so‘nggi yilarda Osiyo arenalarida omadsizlikka uchramoqda. Umuman, Saudiya termasining asosiy kuchi sifatida yarim himoya e’tirof etiladi.
Zero, Navaf al Obid va Fahad Muvallad kabi hujum boshlashga usta ijrochilar salohiyati chakki emas. Mamlakatda ko‘pchilik Yahyo al Shehriyga ham katta umid bilan qaramoqda. Yakunlangan mavsum ijara asosida «Leganes» safida to‘p surgan 27 yoshli vinger 1990 yilning 26 iyun kuni Dammamda tavallud topgan.
Ayni payt terma jamoaning yetakchilaridan biri sanaladi. Yahyo 2009 yildan buyon mamlakat bosh jamoasida bir maromda o‘ynab kelmoqda. U aynan o‘sha yili «Al-Nasr» libosini kiyib, 100tadan ortiq o‘yinda qatnashdi. Milliy jamoa safida esa 8ta gol urishga ulgurdi va bu borada bugungi jamoaning 4-raqamli to‘purari sanaladi.
Chap qanot vingeri vazifasini ado etuvchi al Shehriy shuning barobarida raqiblar hujumlarini buzish bilan ham shug‘ullanadi. Har holda, saudlar JCH-2018da Urugvay va Rossiya termalariga qarshi o‘yinlarda hujumga o‘tish uchun u qadar ko‘p imkoniyatga ega bo‘lmasalar kerak.
Bo‘yi atigi 164 santimetrga teng futbolchida start tezligi juda yuqori. U Ispaniyada maydonga deyarli tushmagan bo‘lsa hamki, o‘yin sur’atini boshqarish bo‘yicha yaxshigina saboq oldi.
Saudiyaliklar JCH-2018 ochilish marosimidan so‘ng «Lujniki»da Rossiya termasiga qarshi maydonga tushadilar. Mundialning ilk o‘yini butun dunyo ko‘z o‘ngida bo‘lishi tabiiy.
Ikki raqibning uslubi esa tamomila boshqa-boshqa. «A» guruhida yana Misr va Urugvay termalari bor. Arablar 2-3-turlar o‘yinlarini tegishlicha Rostov va Volgograda urugvayliklar hamda misrliklar bilan o‘tkazishadi. Ayniqsa, «arab derbisi» katta qiziqish uyg‘otishi, shubhasiz.
Bunda o‘sha pallada jamoalarning imkoniyatlari qanday bo‘lishi ahamiyat kasb etmaydi. Muhammad Salohning mundialga borolmasligi xususidagi ilk xabarlar Saudiya futboli rasmiylaridan chiqqanini izohlash uchun futbol mutaxassisi bo‘lish shart emas...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.