Umid Ahmadjonov boshchiligidagi ishchi guruh bugun Qashqadaryo viloyatida ekanligi, safar davomida “Muruvvat” bolalar uyi, Qarshi shahar olimpiya zaxiralari maktab-internati, yangi qurilayotgan sport inshooti, ko‘ptarmoqli suzish havzasi, “Markaziy” stadioni, “Nasaf” klubi bazasi va akademiyasida bo‘lganligi haqida xabar berib o‘tdik.
Kunning ikkinchi qismida viloyatda sport masalalariga bag‘ishlangan katta yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari, sport federasiyalari xududiy bo‘limlari rahbarlari, IBO‘SM va BO‘SM mas’ullari, sport faxriylari, sportchi va murabbiylar, bir so‘z bilan aytganda viloyat sport faollari ishtirok etishdi. Yig‘ilish davomida Qashqadaryo sportida ro‘y berayotgan holat, yuzaga kelgan muammo va kamchiliklar ko‘rib chiqildi.
"Biz sportimizni, O‘zbekiston bayrog‘ini Olimpiya o‘yinlarida eng yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishimiz kerak bo‘ladi. Barchamiz hamjihatlikda, aka-uka bo‘lib ishlamasak, bir-birimizni o‘zaro qo‘llab-quvvatlamasak, bir yoqadan bosh chiqarmasak o‘z maqsadimizga yetisha olmaymiz. Ayniqsa, polvonlar yurti Qashqadaryo viloyati sportchilari yordamida Olimpiadalarda ko‘plab oltin medallarni qo‘lga kiritishimiz mumkin. Yakkakurashlar bo‘yicha qanchadan-qancha polvonlar bor bu yerda. Ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, samarali foydalanmasak bo‘lmaydi" - deya kuyunib gapirdi Umid Ahmadjonov.
Yig‘ilish tanqidiy ruxda o‘tdi. Unda yuzaga kelgan ko‘plab muammolar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, Qarshi olimpiya zaxiralari maktab-internatida ishni tashkil qilishda ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Maktab-internat tizimidagi metodistlar malakasiz va sport turlarini mukammal bilmaydi. Kamiga, sportchilarning ovqatlanish jarayonida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilgan. Buning natijasida ular o‘zlari uchun yetarli kaloriyaga ega bo‘la olmaganlar. Tabiiyki, bu natijalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, maktab diyetologi o‘z sohasini yaxshi o‘zlashtirmaganligi, shuningdek, kurash, boks, yengil atletika, voleybol, dzyudo murabbiylari malakasi chempionlarni tarbiyalash uchun kamlik qilishi ta’kidlab o‘tildi. Shu va boshqa sabablar tufayli maktab-internati direktori Shodi Namozov o‘z lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, 2001 yildan beri faoliyat olib borayotgan "Qarshi ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internati suv xavzasi" direktori Shavkat G‘aniyev o‘zi boshqarayotgan sport inshooti haqida to‘liq ma’lumotga ega emasligi, vaqtida terma jamoaga nomzod bo‘lgan suzuvchilarga basseyn xizmatini shartnoma asosida taqdim etgani haqida ma’lumotlar chiqdi. Aftidan, davlat tomonidan qurilayotgan sport inshootlari terma jamoaga nomzod sportchilar ixtiyoriga bepul topshirilishi kerakligi unutib ko‘yilgan ko‘rinadi. Sportchilar manfaatiga xizmat qilishi lozim bo‘lgan ob’ektlarda bu kabi rahbarning faoliyat olib borishi xato degan xulosaga kelindi va SH.G‘aniyev ham yig‘ilishning o‘zida egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Majlisni davom ettirar ekan Umid Ahmadjonov ishtirokchilariga qarata shunday dedi: “Yana bir ustuvor vazifa. Har bir hududdagi maktabgacha ta’lim muassalariga sport federasiyalarining viloyat bo‘limlari kirib borishi va shu yoshdan ota onalarni, bolalarni sportga oshno tuttirishni o‘ylashi kerak. Ushu, boks, futbol murabbiylari bolani talashishsin. Nega u boksga ketib qolayapti, nega kurashga degan savolni berib eng sara, baquvvat bolalarni o‘zlariga jalb qilsinlar, ularni qiziqtirsinlar. Shunda raqobat bo‘ladi. Viloyat sportini shu tarzda tartibga solib, 1-2 yil kiynalsak xech nima qilmaydi. Eng muhimi bu borada mukammal tizimni ishlab chikish.
Har bir federasiya endi o‘nlab musobakalar o‘tkazishi kerak. U davrlar ortda qoldi, yiliga bittagina musobaqani o‘tkazib yuradigan paytlar. Qashqadaryoda shuncha sharoit bo‘la turib, ko‘plab sportchilar chet elma-chet el yuribdi. Mana kelsin Qashqadaryoga sportchilar. Sport inshootlari, suzish havzalarini ko‘rib havas qilasan kishi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan bunday sharoitlardan maksimal darajada foydalanishimiz lozim”.
Umid Mahamatdjanovich o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib bo‘lgach, navbat takliflarga berildi. Unda, BO‘SM murabbiylari, shuningdek ushu, shaxmat, yengil atletika federasiyasi vakillari va murabbiylari so‘z olib, o‘z takliflarini bildirdilar. O‘z navbatida barcha takliflar o‘rganib chikilishi, mavjud muammolarni yechish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishi haqida ma’lum qilindi.