Eron U-15 bosh murabbiyi Muhammad Yavariy: «CAFA U-15 championship” musobaqasi biz uchun katta tajriba maydonidir»
“CAFA U-15 championship” musobaqasida ishtirok etayotgan terma jamoalar bosh murabbiylari bilan suhbat uyushtirishda davom etamiz. Bugungi mehmonimiz Eron U-15 terma jamoasi bosh murabbiyi Muhammad Yavariy.
- Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston – Eron o‘yini haqida fikringizni bilmoqchi edik.
- Ushbu o‘yin ikkala terma jamoa uchun ham musobaqa davomidagi eng yaxshi o‘yinlardan biri bo‘ldi. G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq, shijoat Eron terma jamoasida ko‘proq bo‘lganligi sababli omad bizlarga kulib boqdi. Bu bizning tinimsiz mehnatimiz mevasi deb o‘ylayman. O‘zbekiston terma jamoasi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi va men bu jamoani musobaqadagi eng kuchli terma jamoalardan biri deb hisoblayman.
- Barchaga ma’lumki Eron terma jamoasi Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi va muntazam turli musobaqalarda ishtirok etadi. O‘sha musobaqalar orasida Eron terma jamoasi uchun “CAFA U-15 championship” musobaqasining ahamiyati qanday?
- Joriy yil hisobidan “CAFA U-15 championship” turniri biz uchun uchinchi musobaqa hisoblanadi. O‘zbekistonga kelgunga qadar biz Qatarda va Armanistonda tashkil qilingan xalqaro musobaqalarda ishtirok etdik. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan musobaqaga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu musobaqa biz uchun judayam ahamiyatga ega. Chunki Osiyo doirasida tashkil qilinadigan musobaqalarda biz xohlasak-xohlamasak Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston yoki Afg‘onistonga qarshi to‘p surishimizga to‘g‘ri keladi. Ular bilan o‘yinlarda orttirgan tajribamiz kelgusi o‘yinlarda ham albatta asqotadi. Shu sababli ham bu musobaqani Eron terma jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega deb ayta olaman.
- Yuqorida O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikringizni aytib o‘tdingiz. Aytingchi qolgan raqiblar qay darajada sizlarga qarshilik ko‘rsata olishyapti?
- Barcha raqiblarga qarshi o‘yinlar biz uchun finalga xos bo‘lgan kayfiyatda o‘tyapti. Agar har bir raqibga alohida to‘xtaladigan bo‘lsam, Afg‘oniston terma jamoasini olaylik. Ularda juda ham yaxshi jamoa shakllangan. Ular mehnat qilishdan to‘xtamasalar kelajakda ajoyib natijalarni qayd etishlariga ishonchim komil. Tojikiston terma jamoasi ham chiroyli o‘yinlarni namoyish qilmoqda. O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikiston mening nazarimda Turkmaniston hamda Qirg‘izistonga nisbatan ancha mazmunli o‘yinlarni namoyish qilishmoqda va bu ular to‘plagan ochkolar sonidan ham ma’lum. Qirg‘iziston va Turkmanistonda ozgina tajriba yetishmayotgani sezilib qolmoqda.
- Eron terma jamoasi barcha o‘yinda g‘alaba qozonib turnir jadvalida yetakchilik qilib turibdi. Bu holat oldindan ularda chempionlik tuyg‘usini uyg‘otib so‘nggi turda jamoaning zarariga xizmat qilib qolmasmikin?
- Yo‘q. Bolalarning ruhiyatida bunday kayfiyat mavjud emas. Bizlar har bir o‘yindan keyin o‘sha o‘yindagi ijobiy natijalarni unutamiz va aksincha o‘yindagi kamchiliklarni bartaraf etish borasida bosh qotiramiz.
- “CAFA U-15 championship” tashkilotchiligi borasida ham fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
- Avvalambor tashkilotchilik haqida gapirib o‘tsam. O‘zbekistonda o‘tayotgan musobaqa juda ham a’lo darajada tashkil qilinibdi. O‘zbeklarning naqadar mehmondo‘st xalq ekanligini biz samolyotdan tushgan zahotiyoq his qildik. Bizga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar yuksak darajada. Musobaqa tashkiliy qo‘mitasiga ozgina takliflarim mavjud. Birinchisi, keyingi musobaqalarda mashq uchun ajratilgan maydonlar mehmonxonaga yaqinroq joydan tanlansa, bolalar uchun ancha yengillik bo‘lar edi. Ikkinchi taklifim, o‘yinlar 2 kunda 1 marta emas, 1 kun o‘yin 2 kun dam tizimida o‘tkazilsa futbolchilarimizning tiklanishi uchun ham yaxshi bo‘lar edi. Boshqa e’tirozlarimiz mavjud emas.
- Samimiy suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.
- Rahmat. Ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Manba: www.ufa.uz
Kiritildi: 09:14, 30.07.2018.
O'qildi: 2455 marta.
Fikrlar: 1 ta.